O‘zbekiston: Kuchli shamol daraxtlarni qulatib, odamlarni gaz, svetsiz qoldirishgacha bordimi – yomg‘ir bugun ham yog‘ishi kutilmoqda

O‘zbekistondagi kuchli shamol oqibatlari

Surat manbasi, rasmiy

Surat tagso‘zi, O‘zbekistondagi ayrim yirik internet nashrlari dushanba kungi kuchli shamol bir qator hududlarda daraxtlar qulashi, tomlar va boshqa konstruktsiyalar shikastlanishiga olib kelgani haqida yozishgan. Ammo yetkazilgan talafot ko‘lamiga hozircha to‘xtalishmagan.
Published
O'qilish vaqti: 5 daq

Vaziyatga hatto mas’ul vazirliklar, hokimliklar e’tibor qaratishdi.

Nima bo‘ldi?

O‘zbekistondagi kuchli shamol oqibatlari

Surat manbasi, rasmiy

Surat tagso‘zi, Toshkentda daraxtlar singani, viloyatlarda esa ayrim elektr uzatish tarmoqlarida nosozliklar bo‘lgani, ayrim iste’molchilar elektr ta’minotidan vaqtincha uzilgani, gaz tarmoqlariga ham shikast yetganiga oid xabarlar olingan.

Xabarlarga ko‘ra, kecha, 18 may kuni poytaxt Toshkentda yog‘ingarchilik va kuchli shamollar yuz bergan.

Noqulay ob-havo mamlakatning boshqa hududlari, jumladan, Samarqand, Surxondaryo, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida ham kuzatilgan.

Toshkentda daraxtlar singani, viloyatlarda esa ayrim elektr uzatish tarmoqlarida nosozliklar bo‘lgani, ayrim iste’molchilar elektr ta’minotidan vaqtincha uzilgani, gaz tarmoqlariga ham shikast yetganiga oid xabarlar olingan.

Mas’ullar, jumladan, Surxondaryo viloyatining besh tumanida gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatilgan.

Yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan ham Favqulodda Vaziyatlar vazirligi va ham Energetika vazirligi bildirishnoma bilan chiqqan.

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi o‘zining bildirishnomasini Toshkent vaqti bilan kechki 18:28 da chop etgan.

Vazirlik o‘sha vaqtni nazarda tutib, ushbu holatlar natijasida jarohat olgan fuqarolar to‘g‘risida xabarlar kelib tushmaganini bildirgan.

Noqulay ob-havodan ziyon chekkani aytilayotgan viloyatlardan jarohat olganlar borligi yoki yo‘qligiga oid ma’lumotlar ham halicha ko‘zga tashlanmaydi.

Kuchli shamol yetkazgan bor moddiy talafot ko‘lamiga oid rasmiy tafsilotlar ma’lum emas.

O‘zbekistondagi ayrim yirik internet nashrlari dushanba kungi kuchli shamol bir qator hududlarda daraxtlar qulashi, tomlar va boshqa konstruktsiyalar shikastlanishiga olib kelgani haqida yozishgan.

Ammo yetkazilgan talafot ko‘lamiga hozircha to‘xtalishmagan.

Kuchli shamollar oqibatida mamlakat bo‘ylab jami qancha daraxt qulaganiga oid raqamlar ham shu soatlarda e’lon qilinmagan.

Xabarlarga ko‘ra, Termizda chang tufayli havo ifloslanishi darajasi ham oshgan.

Ayrim viloyatlarda kuchli yomg‘ir yog‘ib, daryo va soylarda suv sathi ko‘tarilgan, yirik do‘l yoqqani ham kuzatilgan.

Shamolning kuchi aks etgan tasvirlar o‘sha soatlarning o‘zidayoq ijtimoiy tarmoqlarga ham chiqib ketgan.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Vaziyat nazorat ostidami?

O‘zbekistondagi kuchli shamol oqibatlari

Surat manbasi, rasmiy

Surat tagso‘zi, Vazirlik odamlarni kuchli shamol vaqtida ehtiyotkor bo‘lish, daraxtlar, yengil konstruktsiyalar hamda reklama vositalari yaqinida to‘planmaslikni ham so‘rab qolgan.
O‘zbekistondagi kuchli shamol oqibatlari

Surat manbasi, rasmiy

Surat tagso‘zi, Zarar ko‘rgan hududlarda elektr va gaz ta’minoti to‘liq qayta tiklangani yoki yo‘qligi ham shu soatlarda ma’lum emas.
Elektr ta’minotidagi nosozliklarni bartaraf etish jarayoni

Surat manbasi, rasmiy

Rasmiy xabarlarda aytilishicha, Toshkent shahar favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va tegishli xizmatlar tomonidan hududlarda vaziyat nazoratga olingan.

Tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish ishlariga kirishilgan.

Vazirlik odamlarni kuchli shamol vaqtida ehtiyotkor bo‘lish, daraxtlar, yengil konstruktsiyalar hamda reklama vositalari yaqinida to‘planmaslikni ham so‘rab qolgan.

Bunday ogohlik bilan Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati ham chiqqan, aholini simlarning uzilishi, daraxtlarning qulashi ehtimolidan hushyor bo‘lishga chaqirgan.

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida daraxt qulab, bir mashinaga zarar yetganiga oid xabarlar rasman tasdiqlangan.

Tuman hokimligi fuqarolar orasida jabrlanganlar yo‘qligini bildirgan.

Shu bilan bog‘liq biror bir korhol yuz bersa, aholi murojaat qilishi uchun telefon raqamlarini ham ilova qilgan.

O‘zbekiston Energetika vazirligi esa, noqulay ob-havodan ziyon chekkan viloyatlarda nosozliklarni bartaraf etish va iste’molchilarning elektr ta’minotini qayta tiklash uchun zarur choralar ko‘rilayotganini ma’lum qilgan.

Ayni paytda Surxondaryo viloyatida ham avariya holatini bartaraf etish ishlari olib borilayotgani, holatlar bartaraf etilganidan so‘ng gaz ta’minoti bosqichma-bosqich tiklanishini ma’lum qilgan.

Ammo vazirlik noqulay ob-havo qancha odamni qancha vaqt elektr ta’minoti va gazsiz qoldirganiga oid ma’lumotlarni hozircha e’lon qilmagan.

Zarar ko‘rgan hududlarda elektr va gaz ta’minoti to‘liq qayta tiklangani yoki yo‘qligi ham shu soatlarda ma’lum emas.

Vazirlikning ayni bildirishnomasi Toshkent vaqti bilan kechki soatlarda chop qilingan.

Bugungi vaziyat borasidagi so‘nggi tafsilotlar esa vazirlik Telegram kanalida hozircha ko‘zga tashlanmaydi.

Yaqinda kuchli yomg‘irlar poytaxt Toshkent va mamlakatning ayrim boshqa hududlarini qanday ahvolda qoldirgani ham ijtimoiy tarmoqlarda keng e’tibor topgan mavzulardan biriga aylangandi.

Bugun, seshanba kuni ham O‘zbekistonda yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda.

Aytilishicha, ayrim hududlarda shamol 20−22 metr/sekundgacha kuchayishi mumkin.

Mintaqada yoz kirishiga sanoqli haftalar qolayotgan paytda kuzatilayotgan bu kabi ob-havo sabablariga oid chiqishlar hozircha ko‘zga tashlanmaydi.

O‘zbekiston rahbari bundan avval Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini o‘tkir his qilayotganligini e’tirof etgan.

Shavkat Mirziyoyev o‘zining yuqori minbarlardan qilgan chiqishlarida iqlim o‘zgarishlari bugungi kunning asosiy tahdidiga aylanib bo‘lganligini ham ta’kidlagan.

Mintaqa va iqlim o‘zgarishi

O‘zbekistondagi bozorlardan biri

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, 40 millionga yaqin aholisi bilan O‘zbekiston mintaqaning eng yirik davlati bo‘ladi.

Markaziy Osiyo shundoq ham kambag‘allik, ishsizlik va korruptsiya anchayin dolzarb muammoligicha qolayotgan, kuzatuvchilar nazdlarida, ijtimoiy portlash xavfi nisbatan yuqori mintaqa bo‘ladi.

Aksariyat mintaqa davlatlarining iqtisodi asosan qishloq xo‘jaligiga asoslangan, aholisining aksariyati chetda mehnat muhojirligida band, tirikchiligi asosan shuning orqasidan o‘tadi.

Markaziy Osiyo aholisining umumiy soni 80 milliondan ortadi, hududi kattaligi jihatdan Yevropa Ittifoqinikiga yaqin, yaqin-yaqingacha urushlar ichida bo‘lgan va qariyb besh yildirki, muvaqqat hukumati xalqaro hamjamiyat tomonidan rasman tan olinmayotgan Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘onistonga chegaradosh.

Ammo hosildor yerlari va suvi kam, suv ustidan urush kelib chiqishidan xavotirlar oshkora bildirilgan, havosining ifloslanishi, qurg‘oqchilik va sahrolashish tobora kuchayishi ehtimoli allaqachon jiddiy tashvishlarni uyg‘otib bo‘lgan, millionlab aholisi ekologik migrantlarga aylanishiga oid bashoratlar yangrab bo‘lgan mintaqa.

Deyarli qurib bitishi insoniyat tarixidagi eng yirik ekologik fojega qiyos berilgan Orol dengizi ham Markaziy Osiyo - O‘zbekiston va Qozog‘iston hududida joylashgan.

40 millionga yaqin aholisi bilan O‘zbekiston mintaqaning eng yirik davlati bo‘ladi.

Шавкат Мирзиёев
rasmiy
Mintaqada havo haroratining oshishi jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘pdir. So‘nggi yillarda favqulodda issiq kunlar soni ikki marta ortgan...
Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston prezidenti (batafsil: bbc.com/uzbek da)

Shavkat Mirziyoyev, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining so‘nggi yillarda Dubayda bo‘lib o‘tgan anjumanlaridan birida ham barchaning e’tiborini mintaqaga tortgan.

O‘zbekiston prezidenti o‘shanda iqlim muammolari barqaror rivojlanish yo‘lida eng asosiy tahdidga aylanib ulgurganini aytgan.

U bu xavf-xatarlar hatto dunyo geosiyosiy arxitekturasiga ham ta’sir ko‘rsatayotganligini ta’kidlagan.

Iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari Orol fojeasi tufayli Markaziy Osiyoda ayniqsa sezilayotganini qayd etgan.

O‘zbekiston prezidenti o‘shanda tilga olib o‘tgan faktlarga tayanilsa:

  • Mintaqada havo haroratining oshishi jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘pdir. So‘nggi yillarda favqulodda issiq kunlar soni ikki marta ortgan, muzliklar maydonining uchdan bir qismi erib yo‘qolgan.
  • Mintaqa hududida tuproq yemirilishi jarayonlari 30 milliondan ziyod aholi turmush tarziga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Kuchli chang va qum bo‘ronlari odatiy holga aylanib bormoqda.
  • Ichimlik suvi taqchilligi, havo ifloslanishi, bioxilma-xillik yo‘qolishi, qishloq xo‘jaligida hosildorlikning keskin pasayishi kabi muammolar tobora avj olmoqda.
  • Shavkat Mirziyoyev shunday derkan, global xavflar keng mintaqada xatarli nuqtaga yetib kelayotgani bilan ham ogohlantirgandi.

O‘zbekiston prezidentining ham Dubay va ham Bokudagi chiqishlari tafsilotlaridan ma’lum bo‘lishicha, "Yashil" iqtisodiyotga o‘tish va uglerod neytralligiga erishish O‘zbekistonning ustuvor strategik vazifasi bo‘lib qoladi.

Shavkat Mirziyoyev Bokuda O‘zbekiston umumiy farovonlik va uzoq muddatli "yashil" taraqqiyot yo‘lida ochiq muloqot va amaliy sheriklikka doim tayyor ekaniligini bildirgan.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti global iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini birgalikda yengib o‘tish maqsadida qator tashabbuslarni ham ilgari surgan.

Jumladan, iqlim tufayli yo‘qotish va zararlarni baholash bo‘yicha xalqaro markaz ta’sis etish taklifi va BMT shafeligida Daryo ekotizimlarining butunligi va ekologik xavfsizligini ta’minlash sohasida majburiyatlar to‘g‘risidagi Deklaratsiyani ishlab chiqish tashabbusini ilgari surgan.

Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston rahbari atrof-muhit ifloslanishi bilan bog‘liq xatarlarni qisqartirish va transchegaraviy suv resurslari masalalarida yagona yondashuvlar ishlab chiqish zarurligini ham qayd etgan.