Durov ishi: Endi Telegram nima bo‘ladi? Rossiya, O‘zbekiston va mintaqada bahs

Surat manbasi, AFP via Getty Images/BBC (kollaj)
Telegram asoschisi Pavel Durovga qarshi Rossiyada terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilishi va uning "terroristlar va ekstremistlar" ro‘yxatiga kiritilishi nafaqat Rossiyada, balki Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham qizg‘in muhokama qilinmoqda.
Chunki Telegram bugun O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va mintaqaning boshqa davlatlarida nafaqat muloqot vositasi, balki yangiliklar, biznes va davlat idoralari uchun muhim axborot platformasiga aylangan.
Shu bois ko‘pchilikni bir savol qiziqtirmoqda: Pavel Durovga qarshi ish Telegram kelajagiga ta’sir qiladimi?
Qisqa javob shuki, hozircha yo‘q. Ammo bu voqealar platformaning kelajagi haqida muhim savollarni kun tartibiga chiqardi.
Ishning mohiyati nimada?
Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) 29 iyul kuni Pavel Durovga terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashish moddasi bo‘yicha sirtdan ayblov e’lon qildi va uni xalqaro qidiruvga berish jarayoni boshlanganini ma’lum qildi.
FSB talqiniga ko‘ra, Telegram ma’muriyati terrorchilikka aloqador deb hisoblangan ayrim chatlar, kanallar va botlarni o‘z vaqtida o‘chirmagan.
Rossiya maxsus xizmati, ayniqsa, "Dayvinchik" nomli tanishuv botini misol qilib keltirgan.
Iddao qilinishicha, ushbu servis orqali ayrim yoshlar noqonuniy faoliyatga jalb qilingan.
FSB ma’lumotiga ko‘ra, Telegram rahbariyatiga bu haqda murojaatlar yuborilgan, biroq zarur choralar ko‘rilmagan.
Oradan bir kun o‘tib, 30 iyul kuni Rosfinmonitoring Pavel Durovni "terroristlar va ekstremistlar" ro‘yxatiga kiritdi.
Shu bilan birga idora bu qaror Telegram kompaniyasiga emas, shaxsan Durovga nisbatan qabul qilinganini ta’kidladi.
Nega bu muhim?
So‘nggi o‘n yillikda Telegram oddiy messenjerdan global raqamli platformaga aylandi.
Bugun millionlab odamlar axborotni aynan Telegram kanallari orqali oladilar.
Ko‘plab davlat idoralari, ommaviy axborot vositalari va bizneslar ham o‘z auditoriyasi bilan shu yerda muloqot qiladi.
Markaziy Osiyoda bu bog‘liqlik yanada kuchli.
Masalan, O‘zbekistonda aksariyat vazirlik va idoralar rasmiy Telegram kanallariga ega.
Ko‘plab mustaqil jurnalistlar va blogerlar uchun ham aynan Telegram asosiy platforma hisoblanadi.
Shu sababli Telegram asoschisiga qarshi har qanday huquqiy harakat avtomatik ravishda platformaning kelajagi haqidagi xavotirlarni kuchaytiradi.
O‘zbekistonda aksariyat vazirlik va idoralar rasmiy Telegram kanallariga ega. Ko‘plab mustaqil jurnalistlar va blogerlar uchun ham aynan Telegram asosiy platforma hisoblanadi.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
Hozircha Telegram xavf ostida emasmi?

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Hozircha Rossiyaning o‘zi ham Telegram platformasini ekstremistik yoki terroristik tashkilot, deb e’lon qilgani yo‘q. Ayblovlar faqat Pavel Durovga qaratilgan.
Bu huquqiy nuqtai nazardan katta farqdir.
Kompaniya asoschisiga qarshi ish ochilishi kompaniyaning o‘ziga qarshi chora ko‘rilganini anglatmaydi.
Shuning uchun ayni paytda Telegram kanallarini yuritish, xabar almashish, videolar va postlar joylashtirish, Premium xizmatidan foydalanish kabi imkoniyatlar o‘zgarishsiz qolmoqda.
Boshqacha aytganda, Markaziy Osiyo foydalanuvchilari uchun Telegram ishlashda davom etmoqda va uning huquqiy maqomi o‘zgarmagan.
Telegram bosim ostida qoladimi?

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Plaftorma bosimlar tahdidiga duch kelishi ehtimolini butunlay rad etib bo‘lmaydi.
FSB bayonotlari Rossiya hokimiyati bilan Telegram o‘rtasidagi munosabatlar yana taranglashganini ko‘rsatmoqda. Agar kelajakda tergov doirasi kengaysa yoki ayblovlar kuchaytirilsa, bosim alohida shaxsdan kompaniyaning o‘ziga ham o‘tishi mumkin.
Biroq bunday stsenariyning amalga oshishi qator murakkab oqibatlarni keltirib chiqaradi.
Birinchidan, Telegram Rossiyaning o‘zida ham davlat idoralari faol foydalanadigan platformalardan biri hisoblanadi.
Ikkinchidan, messenjerni to‘liq taqiqlash yoki unga qarshi keskin choralar ko‘rish millionlab foydalanuvchilarga ta’sir qiladi.
Uchinchidan, bunday qarorlar xalqaro darajada ham katta rezonans keltirib chiqaradi.
Shu sababli ekspertlarning bir qismi yaqin vaqtda Telegram taqiqlanishi ehtimolini past, deb baholamoqdalar.
Ya’ni Durovga qarshi ish hozircha Rossiyadagi ichki huquqiy jarayoni bo‘lib qolmoqda.
Ayni ishning oqibatlari Markaziy Osiyodagi foydalanuvchlarga qanday ta’sir qilishi ehtimoli hali tadqiq qilingani yo‘q.
Biroq bugun mintaqada axborot maydonining katta qismi yagona xususiy platformaga bog‘lanib qolganini ko‘rish mumkin.
Agar kelajakda Telegram bilan bog‘liq xalqaro huquqiy yoki siyosiy muammolar kuchaysa, davlatlar, media tashkilotlar va blogerlar auditoriya bilan muloqot qilishning muqobil kanallarini ham rivojlantirishga majbur bo‘lishlari mumkin.





























