O‘zbekiston va mintaqada g‘alla hamda un arzonlaydimi?

Olma-ota viloyatidagi g‘alla o‘rimi

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Olma-ota viloyatidagi g‘alla o‘rimi
Published
O'qilish vaqti: 4 daq

Yangi bozor izlayotgan Rossiya bug‘doyi Markaziy Osiyo bozorida un va boshqa un mahsulotlari narxini yanada arzonlashtirib yuborishi mumkin. Ammo Qozog‘iston g‘allakorlari xavotirda.

Rossiyaning arzon bug‘doyi ularning mintaqadagi, jumladan O‘zbekistondagi asosiy bozorida raqobatni kuchaytirishi mumkin.

Chunki Qozog‘iston eksport qilayotgan bug‘doyning katta qismi aynan O‘zbekistonga boradi.

Maqola BBC Monitoring tahlili asosida tayyorlandi.

Qozog‘iston 2025/26 marketing yilining dastlabki 11 oyida 8,3 million tonna bug‘doy eksport qildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15,7 foiz ko‘p va mamlakat tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Shu eksportning qariyb 78 foizi Markaziy Osiyo davlatlariga to‘g‘ri kelgan. O‘zbekistonning o‘zi Qozog‘iston bug‘doyi eksportining 60 foizini qabul qilgan. O‘zbekistonga yetkazib berish hajmi bir yilda 40 foizga oshgan.

Qozog‘istonning Afg‘onistonga bug‘doy eksporti ham 2,6 barobar ko‘paygan.

Ammo ayni paytda Rossiyadan Qozog‘istonga bug‘doy importi keskin oshgan.

2025 yil sentyabridan 2026 yil iyuligacha Qozog‘iston Rossiyadan 1,92 million tonna bug‘doy import qilgan. Bu bir yil oldingi shu davrga nisbatan qariyb olti barobar ko‘p.

Qozog‘iston G‘alla ittifoqi bu raqam yil oxiriga borib 2,05 million tonnaga yetishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Nega Rossiya bug‘doyi arzonlashmoqda?

BBC
Agar an’anaviy iste’molchilarimiz arzonroq Rossiya bug‘doyini tanlasa, bizning bug‘doyimizga talab qolmaydi.
Yevgeniy Karabanov
Qozog‘iston G‘alla ittifoqi tahlil qo‘mitasi rahbari (Batafsil: bbc.com/uzbek)
Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Muammoning asosiy sababi — Rossiya va Ukraina g‘allasining jahon bozorlariga chiqish yo‘llaridagi o‘zgarishlar.

Qora dengiz va Azov dengizi orqali eksport qilish jiddiy qiyinlashgani sababli Rossiyada katta miqdorda bug‘doy to‘planib qolmoqda. Bu esa ishlab chiqaruvchilarni yangi bozorlar izlashga majbur qilyapti.

Qozog‘iston G‘alla ittifoqi tahlil qo‘mitasi rahbari Yevgeniy Karabanovning aytishicha, Rossiyada eksport imkoniyatlarining qisqarishi bug‘doy narxini juda past darajaga tushirgan.

Masalan, Rossiyaning Rostov viloyatida to‘rtinchi navli bug‘doy bir tonnasi taxminan 6 ming rubl — qariyb 31,5 ming tengega taklif qilinmoqda.

Qozog‘istonda esa xuddi shunday bug‘doy 85–90 ming tenge atrofida turadi.

Ya’ni ikki mamlakatdagi narx o‘rtasida deyarli uch barobar farq bor.

Karabanovning ta’kidlashicha, Rossiyada g‘alla eksporti uchun imkoniyatlar cheklangani sababli narx yana tushishi mumkin.

Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, agar Qora dengizdagi logistika tiklanmasa, Rossiyada taxminan 25 million tonna, Ukrainada esa yana 10 million tonna bug‘doy eksport yo‘lini topa olmasligi mumkin.

Bu jami 35 million tonna g‘alla uchun yangi bozor kerak bo‘ladi degani.

Ularga eng yaqin bozorlardan biri esa Markaziy Osiyo.

Asosiy xavf — O‘zbekiston kabi bozorlarni yo‘qotish

Bozor

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK

Muammo faqat Rossiya bug‘doyining Qozog‘istonga kirib kelishi bilan cheklanmaydi.

Qozog‘istonlik ekspertlarning xavotiriga ko‘ra, Rossiya endi Qozog‘istonning an’anaviy eksport bozorlarida ham unga raqobatchi bo‘lishi mumkin.

Bu bozorlar qatorida O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Afg‘oniston bor.

"Agar an’anaviy iste’molchilarimiz arzonroq Rossiya bug‘doyini tanlasa, bizning bug‘doyimizga talab qolmaydi", — degan Karabanov.

Bu, ayniqsa, O‘zbekiston uchun muhim.

Chunki O‘zbekiston Qozog‘iston bug‘doyining eng yirik xaridori hisoblanadi. Qozog‘istonning 2025/26 marketing yilidagi bug‘doy eksportining 60 foizi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Shuning uchun Rossiyaning arzon g‘allasi Qozog‘iston bozoridan ko‘ra, uning O‘zbekistondagi ulushiga kuchliroq ta’sir qilishi ham mumkin.

Boshqacha aytganda, Qozog‘iston fermerlari nafaqat o‘z mamlakatidagi arzon Rossiya bug‘doyi bilan, balki O‘zbekiston bozorida ham Rossiya mahsuloti bilan raqobatlashishiga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Qozog‘iston fermerlari uchun nima xavf bor?

Qozog‘iston bug‘doyi Rossiyanikidan ancha qimmat.

Ekspertlar bu farqni fermerlar uchun jiddiy muammo deb hisoblamoqda. Chunki Qozog‘istonda bug‘doy yetishtirish xarajatlari yuqori bo‘lgan bir paytda, Rossiyada eksport yo‘llari muammosi tufayli juda arzon g‘alla paydo bo‘lmoqda.

Karabanov bu masalani fermerlarning "super foydasi" haqida emas, balki ko‘plab xo‘jaliklarning keyingi mavsumgacha yetib olish-olmasligi haqidagi masala deb atagan.

Agar fermer o‘z hosilini munosib narxda sota olmasa, u keyingi ekish mavsumi uchun urug‘, yoqilg‘i, o‘g‘it va boshqa xarajatlarni qoplashda qiynalishi mumkin.

Qozog‘iston G‘alla ittifoqi esa vaziyatni hatto «eng yomon stsenariy» deb baholagan.

Qozog‘iston himoya choralarini kuchaytirdi

Qozog‘iston hukumati Rossiya g‘allasi oqimiga qarshi choralarni allaqachon kuchaytirgan.

27 iyuldan mamlakat bug‘doy importiga olti oylik cheklov joriy qildi. Avtomobil, suv va temir yo‘l orqali bug‘doy olib kirish taqiqlangan.

Ayrim istisnolar bor: masalan, temir yo‘l orqali bug‘doyni parrandachilik korxonalari, donni qayta ishlash zavodlari, litsenziyalangan elevatorlar va davlatning Oziq-ovqat shartnoma korporatsiyasi manziliga olib kirishga ruxsat berilgan. Ammo qayta ishlash va parrandachilik korxonalari uchun kiritilgan bug‘doyni ichki yoki tashqi bozorda qayta sotish mumkin emas.

Tranzit yuklariga esa taqiq tatbiq etilmaydi.

Qozog‘iston G‘alla ittifoqi yanada qattiqroq nazorat choralarini, Rossiya g‘allasining Qozog‘iston orqali Markaziy Osiyoga tranzitini cheklashni va ichki bozorda narxlarni qo‘llab-quvvatlash uchun davlat xaridlarini taklif qilmoqda.

Ammo Qozog‘istonning eksporti hamon baland

Shunga qaramay, hozircha Qozog‘istonning g‘alla eksportida keskin pasayish kuzatilmayapti.

2025/26 marketing yilining dastlabki 11 oyida mamlakat 8,297 million tonna bug‘doy eksport qildi. Bu yillik rejalashtirilgan 8,8 million tonnani tashkil etuvchi eksport hajmining 94,3 foiziga teng.

Demak, bir tomondan Qozog‘iston rekord miqdorda bug‘doy eksport qilyapti.

Ikkinchi tomondan esa uning eng muhim bozorlariga arzon Rossiya g‘allasi kirib kelmoqda.

Bu qarama-qarshilik Qozog‘iston g‘alla sektori oldidagi asosiy muammoni ko‘rsatadi: gap faqat qancha bug‘doy yetishtirishda emas, balki uni qaysi bozorga va qanday narxda sotish mumkinligida.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Qozog‘iston uchun eng muhim masala esa O‘zbekiston kabi an’anaviy bozorlarini saqlab qolish bo‘lishi mumkin.

Ayni paytda Rossiyaning o‘z g‘allasi uchun yangi bozorlar izlayotgani, Qora dengizdagi logistika bilan bog‘liq muammolar davom etayotgani va Rossiyaning yangi hosili bozorga chiqishi bilan arzon taklif yana ko‘payishi mumkinligi haqida xavotirlar bor.

Jahon bozorida ham bosim kuchaymoqda. BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil avgust oyida jahon oziq-ovqat narxlari 2022 yil oxiridan beri eng yuqori darajaga chiqqan. Qora dengiz mintaqasidagi urush va savdo-logistikadagi uzilishlar g‘alla bozoridagi xavflarni kuchaytirgan.

Shunday qilib, Qozog‘iston hozir g‘alla eksportida tarixiy natija qayd etayotgan bo‘lsa-da, uning eng katta bozorlaridan biri — O‘zbekiston uchun Rossiya bilan raqobat yangi bosqichga chiqishi mumkin.

Bu esa Markaziy Osiyoda nafaqat bug‘doy narxi, balki fermerlarning daromadi, un bozori va mintaqaning oziq-ovqat xavfsizligiga ham ta’sir qilishi mumkin.