O‘zbekistonlik muxlislar Muhammad Alini eslamoqda

Сурат манбаси, Getty Images

Published

Markaziy Osiyo ommaviy axborot vositalari ham jahon boks qiroli Muhammad Ali vafoti munosabati bilan qator maqolalar e‘lon qilganlar.

Mashhur bokschining o‘limini aksariyat ommaviy axborot vositalari, xususan O‘zbekiston veb-saytlari keng yoritganlar.

Bu xabar ijtimoiy tarmoqlarda ham qizg‘in muhokama qilinmoqda.

O‘zbekistonlik internet foydalanuvchilar Muhammad Alining 1978 yil iyun oyida o‘sha paytda sobiq Ittifoq tarkibidagi O‘zbekistonga tashrif buyurganini eslaganlar.

Ular Muhammad Alining Samarqandda tushgan suratini bo‘lishib, "shunday buyuk insonning mamlakatlariga tashrif buyurganidan faxrlanganlar.

Jumladan, Uz.24.uz veb-sayti o‘zining Feysbukdagi sahifasida Muhammad Alining suratini joylashtirib, "Keling Muhammad Alining 1970 yillar oxirida Toshkent va Samarqandga kelganini eslaymiz", deb yozadi.

O‘zbek shou biznesining Instagramda faol a‘zolari ham Muhammad Alining suratlarini qo‘yishgan va ulardan birida "Albatta biz barchamiz Allohga tegishlimiz va unga qaytamiz", deb izoh qoldirilgan.

"Joying jannatda bo‘lsin, afsona", deyiladi Feysbukdagi "Priznavaysya Uzbekistan" guruhida chop qilingan postda.

"U o‘zi bilan boksning sirlarini olib ketdi, tinch yot bizning afsonamiz", deydi unga izoh qoldirgan Behruz Uzbekov .

Aksariyat foydalanuvchilar yirik yo‘qotish bo‘lganini aytganlar.

Islom targ‘ibotchisi

Сурат манбаси, AFP

Ijtimoiy tarmoqlarning bir qancha foydalanuvchilari Muhammad Alini Islom dini targ‘ibotchisi sifatida yuksak baholashgan.

Feysbukdagi “Dobro pojalovatь v Uzbekistan" guruhi a‘zosi Muzaffar Mirzayev "Muhammad Ali shubhasiz Amerika xalqi orasiga Islom dinini tushuntirgan va targ‘ib qilganlardan biri bo‘ldi", deb ta‘kidlaydi.

Jahon boksi qiroli sifatida tilga olinadigan Muhammad Ali 74 yoshida olamdan o‘tgan.

Muhammad Alining o‘limi ortidan, dunyoning o‘nlab nomdor bokschilari, turli sohaning taniqli insonlari, minglab sport muxlislari ta‘ziya bildirganlar.

Alining oilasi barchaga rahmat aytib, marhum uchun duo qilishlarini so‘ragan.

Shuningdek, Alining oilasi yakshanba kuni chiqargan murojaatga ko‘ra, "marhum bilan dunyodagi har bir kishi vidolasha oladi".

Xabar qilinishicha, dafn marosimida AQSh sobiq prezidenti Bill Klinton va taniqli Hollivud aktyori Billi Kristallar nutq irod qilmoqchilar.

Payshanba kuni dastlab tor doiradagi dafn marosimi o‘tkazilib, unda Muhammad Alining oila a‘zolari va yaqinlari ishtirok etishadi.

So‘ngra asosiy marosim 20 ming insonni sig‘dira oladigan KFC Yum Center o‘yingohida bo‘lib, vidolashuv to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiya qilinadi.

10 iyun, juma kuni marhum vatani Kentukki shtatining Luisvil shahridagi "Keyv Xill" qabristonida tuproqqa beriladi.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring.