Josuslar, strategiyalar va boy berilgan imkoniyatlar: 9/11 saboqlari nega hanuz dolzarb

2001 yil, 11 sentyabrda yuz bergan hujum.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, 2001 yil, 11 sentyabrda yuz bergan hujumga 25 yil bo‘ldi.
    • Author, Frank Gardner
    • Role, BBC xavfsizlik masalalari muxbiri
  • Published
  • O'qilish vaqti: 8 daq

Hukumatning birinchi vazifasi, o‘nlab yillar davomida sanoqsiz rahbarlar ta’kidlaganidek, o‘z aholisini himoya qilishdir. 2001 yil 11 sentyabrda AQSh bu vazifani bajara olmagani yaqqol namoyon bo‘ldi. Razvedka ma’lumotlari mavjud edi, ammo, afsuski, hech kim ularni o‘z vaqtida bir-biri bilan bog‘lay olmadi.

AQShga qilingan hujumlar keyinchalik 9/11 nomi bilan tanildi va ularga berilgan javob bilan birgalikda XXI asrning dastlabki ikki o‘n yilligida tashqi siyosat, xavfsizlik va razvedka siyosatiga butun bir avlod uchun o‘z tamg‘asini qoldirdi.

2001 yil 11 sentyabrda «Al-Qoida»ning xami-syuitsidchilari o‘g‘irlab olingan samolyotlarni Jahon savdo markaziga urishtirgan paytda men Yaqin Sharq byurosidagi xizmat safariimni yakunlayotgan edim. Falastinlik taksi haydovchisi meni Quddusning g‘arbidagi qarag‘ayzor tepaliklar orqali Tel-Avivdagi Ben-Gurion aeroportiga olib borayotgan edi. Birdan u mashina radiosining ovozini balandlatdi.

— Amerikada katta bir voqea sodir bo‘ldi, — dedi u.

U mubolag‘a qilmagan edi. O‘sha kuni 2 977 kishi halok bo‘ldi.

Hujumlar hech qayerdan paydo bo‘lmagan edi. Markaziy razvedka boshqarmasi — MRB 2001 yildan ancha oldin «Al-Qoida» tarmog‘i va uning Saudiya Arabistonidan surgunda bo‘lgan rahbari Usomo bin Lodin haqida ma’lumotga ega edi. Hatto uni qidirishga bag‘ishlangan maxsus ishchi guruh ham mavjud edi.

11 sentyabrdagi hujumlardan to‘qqiz kun o‘tib, o‘sha paytdagi AQSh prezidenti Jorj Bush «Terrorizmga qarshi urush»ni e’lon qildi.

Prezident Bushga yangilik yetkazilganida, u bolalar bilan suhbatlashayotgandi.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Prezident Bushga yangilik yetkazilganida, u bolalar bilan suhbatlashayotgandi.

Shundan keyingi 25 yil davomida Atlantikaning har ikki tomonida razvedka sohasida ko‘plab muvaffaqiyatlar ham, xatolar ham kuzatildi. Muvaffaqiyatlar qatoriga terrorchilik rejalarining oldi olingani, gumonlanuvchilarning qo‘lga olinib, sudga berilgani, aybdor deb topilib, qamoqqa yuborilgani kiradi.

Ammo kengroq manzara qanday? 2001 yildan keyingi 25 yil davomida razvedka ma’lumotlarini yig‘ish, terrorizmga qarshi kurash va strategik rejalashtirish qay darajada o‘zgardi?

Katta razvedka xatosi

Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

9/11 ulkan razvedka xatosi bo‘lganiga, aniqrog‘i, AQSh razvedka hamjamiyatida tasavvur yetishmaganiga hech kim shubha qila olmaydi. O‘sha paytda MRB ham, Federal tergovlar byurosi (FTB) ham tegishli tarzda o‘zaro almashilganida, sodir bo‘lgan voqeaning oldini olish mumkin bo‘lgan ma’lumotlarga ega edi.

Shundan keyin tuzilgan 9/11 komissiyasi hisobotida AQSh hukumatidagi muammolar «tasavvur, siyosat, imkoniyat va boshqaruvdagi kamchiliklar» bilan izohlangan. Hisobotga ko‘ra, MRB va FTB razvedka ma’lumotlarini to‘g‘ri baholay olmagan, o‘zaro ma’lumot almashmagan va hujum rejasini barbod etish uchun yetarli chora ko‘rmagan.

Bu eng asosiy saboq, garchi to‘liq emas, asosan o‘zlashtirildi va G‘arb razvedka idoralari o‘rtasidagi ma’lumot almashinuvi 2001 yildagidan ancha yaxshilandi. Masalan, Britaniyada MI5 bilan terrorizmga qarshi politsiya bo‘linmalari o‘rtasidagi eski raqobatlar yo‘qoldi. Avvaliga mamlakat bo‘ylab mintaqaviy «birlashtiruv markazlari» tashkil etildi, eng so‘nggi qadam sifatida esa Londonda yuqori darajada qo‘riqlanadigan Terrorizmga qarshi operatsiyalar markazi ishga tushirildi.

Bu yerda MI5 razvedka xodimlari terrorchilik rejasini to‘xtatish bo‘yicha bevosita harakat qilish vazifasi yuklangan politsiya xodimlari bilan tom ma’noda yonma-yon o‘tirishi mumkin. Shuningdek, ular AQSh Federal tergov byurosining agenti yoki GCHQdan xizmatga yuborilgan til mutaxassisi bilan birga ishlashi mumkin.

9/11dan keyin AQSh razvedka tizimi ham tubdan qayta tashkil etildi. Vashington yaqinida Milliy terrorizmga qarshi kurash markazi tashkil qilindi, shuningdek, AQShning 18 ta alohida razvedka idorasi o‘rtasida zarur ma’lumotlar almashinuvini ta’minlash uchun Milliy razvedka direktori lavozimi ta’sis etildi.

Britaniyada MI6 razvedka mojarosi girdobida qoldi.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Britaniyada MI6 razvedka mojarosi girdobida qoldi.

MRB bilan uning Britaniyadagi hamkori — Yashirin razvedka xizmati, ko‘proq MI6 nomi bilan tanilgan tashkilot o‘rtasidagi munosabatlar ehtimol dunyodagi eng yaqin razvedka hamkorligi hisoblanadi. Bu hamkorlik AQSh, Britaniya, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiya razvedka ma’lumotlarini birlashtiruvchi «Besh ko‘z» ittifoqi bilan yanada mustahkamlangan.

Shunga qaramay, uchoqlar Egizak minoralarga urilganidan keyin ham razvedka, ma’lumotlarni baholash va strategik rejalashtirishda halokatli xatolar yuz berdi.

2003 yilda AQSh boshchiligida Iroqqa bosqin arafasida MI6 o‘z razvedka ma’lumotlarining siyosiylashtirilishiga yo‘l qo‘yib, xato qildi. Bu tashkilot obro‘siga 1950–1960-yillarda sovetlarga ishlagan ikki tomonlama agent Kim Filbi va boshqa sovet «krot»lari xiyonatidan beri eng katta zarbani berdi.

Vashington tomonidan Iroq prezidenti Saddam Husayn hali ham «ommaviy qirgin qurollari»ga — OQQ ega ekanini isbotlovchi dalillarni taqdim etish uchun kuchli siyosiy bosim bo‘lgan bir sharoitda MI6 Toni Bler hukumatiga keyinchalik xato ekani ma’lum bo‘lgan razvedka ma’lumotlarini yetkazdi. Iroqda haqiqatan ham ilgari OQQ bo‘lgan, ammo ularning barchasi 1991 yilgi Fors ko‘rfazi urushi ortdan yo‘q qilingan edi.

2003 yildagi Iroq bosqinidan keyin MI6 agentlaridan joylarda kelib tushadigan xom razvedka ma’lumotlari, ya’ni CXni baholash tartibini to‘liq qayta ko‘rib chiqdi. Bugun ma’lumot to‘plash vazifasini bajaradigan agentlar va ularni boshqaradigan xodimlar bilan kelib tushgan ma’lumotlarni tekshirish va shubha ostiga qo‘yishga mas’ul hisobotlar guruhi o‘rtasida aniq ajratish mavjud.

Agentlar Eron, Shimoliy Koreya kabi mamlakatlarda yoki «Al-Qoida» singari taqiqlangan terrorchilik tashkilotlari ichidagi manbalardan ma’lumot to‘playdi. Hisobotlar guruhi esa bu ma’lumotlarni tekshiradi va shubha bilan yondashadi, ko‘pincha ularni yanada asoslashni talab qilib, qayta yuboradi.

«2003 yildagi Iroq urushi jiddiy xato bo‘lgan razvedka ma’lumotlariga asoslangan edi», — deydi Iroqda diviziya qo‘mondoni sifatida xizmat qilgan general ser Richard Shirreff.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

«Biz bundan saboq oldikmi? Yo‘q, menimcha, biz saboq chiqarishda yomonmiz... Qo‘mondon sifatida biz strategik mag‘lubiyat sari ketayotganimiz shu qadar aniq ediki», — deydi u.

Iroq bosqinidan keyin yana bir tergov o‘tkazildi va u Batler sharhi bilan yakunlandi. Unda Britaniyaning Iroqning go‘yoki OQQ dasturi bo‘yicha razvedka ma’lumotlari «jiddiy darajada xato bo‘lgani va asosan tekshirilmagan manbalarga tayangani» xulosa qilindi.

Toni Bler Jorj Bush boshlagan «terrorizmga qarshi urush»ga qo‘shildi.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Toni Bler Jorj Bush boshlagan «terrorizmga qarshi urush»ga qo‘shildi.

Xavfsizlik xizmati — MI5 ham terrorchilik rejalarining oldini olishda ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishgan bo‘lsa-da, o‘z xatolariga ega.

«9/11dan keyingi davrda baholash shu ediki, Britaniya uchun eng dolzarb xavfsizlik tahdidi «Al-Qoida» va unga aloqador shaxslar hamda guruhlar tomonidan kelayotgan terrorchilik tahdidi edi», — deydi 2007–2013 yillarda MI5 rahbari bo‘lgan lord Jonatan Evans.

Ammo o‘sha paytda 20 mingdan ortiq «Qiziqish uyg‘otuvchi shaxs»dan iborat baza va bir vaqtning o‘zida olib borilayotgan ko‘p sonli tergovlar mavjud edi. Shuning uchun MI5 qaysi yo‘nalishlarni ustuvor deb bilish masalasida — hozir ham saqlanib qolayotgan — kundalik muammoga duch kelgan. U har doim ham to‘g‘ri qaror qabul qila olmagan.

2005 yilda Londondagi 7/7 terrorchilik hujumlarining oldini olishda muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Bu hujumlarda 52 kishi halok bo‘ldi. Xavfsizlik xizmati keyinchalik hujumlar rahbari bo‘lib chiqqan Muhammad Sidiq Xon haqida ma’lumotga ega edi, ammo uning yaqin orada hujum uyushtirishga tayyorlanayotganini bilmagan.

2017 yildagi Manchester Arenadagi portlash ham yaqinroq davrdagi shunday kamchiliklardan biri bo‘ldi.

Bugun terrorizm tahdidi yo‘qolgani yo‘q. Ammo lord Evansning aytishicha, «manzara o‘zgardi. Nodavlat terrorizmi jiddiy xavf bo‘lib qolmoqda, ammo davlat tomonidan kelayotgan tahdidlar tobora jiddiylashdi va milliy xavfsizlik uchun kamida nodavlat terrorizmi kabi katta xavfga aylandi. Bu tahdidlar turli shakllarda Rossiya, Eron, ularning vakillari hamda Xitoydan kelmoqda».

Shuningdek, AQSh prezidenti Donald Trampning bu yil Isroilning Eronga qarshi hujumlariga qo‘shilish qarorini razvedka sohasidagi strategik tasavvur yetishmasligining yana bir misoli deb baholash mumkin. Fors ko‘rfazidagi AQShning barcha ittifoqchilari Eron javob tariqasida Hurmuz bo‘g‘ozini yopib qo‘yishi jiddiy xavf ekanini bilar edi. Barcha ogohlantirishlar mavjud edi. Shunga qaramay, Eron aynan tahdid qilgan ishni amalga oshirganida, Trampning unga qarshi tayyorlangan muqobil strategiyasi yo‘qdek ko‘rindi. Bu jahon energetika bozorlarida katta izdan chiqishlarga sabab bo‘ldi.

Axloqiy hisob-kitoblar

9/11 hujumlaridan keyingi dastlabki kunlarda ikkinchi to‘lqin hujumlari sodir bo‘lishidan keng miqyosda xavotir bor edi. «Al-Qoida»ning o‘zi yanada ko‘p binolarga hujum qiladigan «uchoqlar to‘dasi»ni va’da qilgan edi.

Eron bilan urush strategik jihatdan noto‘g‘ri hisob-kitob qilingan qaror sifatida baholandi.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Eron bilan urush strategik jihatdan noto‘g‘ri hisob-kitob qilingan qaror sifatida baholandi.

Bunday hujumning oldini olishga shoshilish jarayonida AQSh va uning ittifoqchilari tomonidan inson huquqlari ko‘p marta buzildi. Afg‘oniston yoki Pokistonda gumonlanuvchilar ko‘pincha juda zaif va ishonchsiz xabarlar asosida ommaviy ravishda qo‘lga olindi. Yuzlab odamlar qo‘llari bog‘langan, ko‘zlari bog‘langan va pampers o‘ralgan holda dunyoning narigi tomoniga — Kubadagi AQSh harbiy-dengiz bazasining Guantanamo ko‘rfazida tashkil etilgan vaqtinchalik qamoqxonaga olib ketildi. U yerda ular sudsiz qamoqda saqlandi.

Inson huquqlari tashkilotlari buni Amerika axloqiy vijdoniga tushgan dog‘ deb atadi.

AQShning Iroq va Afg‘onistondagi qamoqxonalarida mahbuslarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari bilan bog‘liq mojarolar asta-sekin oshkor bo‘ldi va ularda ishtirok etgan ayrim shaxslar javobgarlikka tortildi. Ammo tanqidchilar yuqori lavozimdagi ayrim amaldorlar jazodan qutulib qolganini ta’kidlaydi.

Shunga qaramay, AQSh hali ham Guantanamo ko‘rfazida sudsiz qamoqda saqlash amaliyotini qo‘llaydi. 2025 yilda esa AQShdan 200 dan ortiq erkakni Salvadordagi bahsli Terrorizmni saqlash markaziga deportatsiya qildi.

9/11dan keyingi dastlabki davrda Britaniyada ham inson huquqlari bilan bog‘liq jiddiy muammolar yuzaga keldi. 2004 yilda MI6 liviyalik islomchi Abdulhakim Belhoj va uning rafiqasini Tailanddan Liviyaga o‘g‘irlab olib ketish va topshirish jarayoniga sherik bo‘lgan. U yerda Belhoj Muammar Qaddafiy rejimi tomonidan yillar davomida qamoqda saqlandi va qiynoqqa solindi.

Bu ish oxir-oqibat oshkor bo‘ldi va 2018 yilda Bosh prokuror parlamentda ommaviy tarzda to‘liq uzr so‘radi. Bugun esa maxsus xizmatlar tarkibida ichki huquqshunoslar bo‘limi eng tez o‘sib borayotgan bo‘lim hisoblanadi, deyiladi.

Rossiya va Xitoyning yuksalishi

«Biz XXI asrning dastlabki 20 yilini deyarli to‘liq terrorizmga qarshi kurash va isyonlarga qarshi operatsiyalarga e’tibor qaratish bilan o‘tkazdik», — dedi 2014–2020 yillarda MI6 rahbari bo‘lgan ser Aleks Yunger.

MI6ning sobiq rahbari bu gaplarni lavozimni tark etganidan ko‘p o‘tmay adabiyot festivalida menga aytgan va qo‘shimcha qilgan edi:

«Biz Xitoyning harbiy qudrat sifatida yuksalishi va strategik tahdidga aylanishini nazardan qochirdik».

Shu kabi general Shirreff ham 2016 yilda «Rossiya bilan urush» siyosiy trillerini yozgan. Unda Rossiyaning Ukrainaga to‘liq miqyosda bosqin qilishini oldindan tasavvur qilgan edi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Xitoy rahbari Shi Jinpin va Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In bilan 2025 yil 3 sentyabrь kuni Pekinda o‘tkazilgan paradda.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Xitoy rahbari Shi Jinpin va Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In bilan 2025 yil 3 sentyabrь kuni Pekinda o‘tkazilgan paradda.

9/11 va undan keyin boshlangan «Terrorizmga qarshi urush»dan so‘ng G‘arb davlatlari «Tolibon», «IShID»ga qarshi kurash yoki Iroqdagi murakkab bosqin va ishg‘ol jarayoni bilan band bo‘lgan bir paytda Rossiya va Xitoy ulkan qayta qurollanish dasturlarini boshladi. Masalan, gipertovushli raketalar kabi texnologiyalarning rivojlanishi NATOning ilgari ega bo‘lgan harbiy ustunligini jiddiy darajada zaiflashtirdi.

«G‘arbning xatosi faqat 9/11dan keyin terrorizmga qarshi kurash bilan chalg‘ib qolishida emas edi», — deydi xavfsizlik va razvedka sohasidagi Sibylline kompaniyasining bosh tahlilchisi Sem Olsen.

«U Xitoyning yuksalish tabiatini ham noto‘g‘ri tushundi va iqtisodiy integratsiya siyosiy yaqinlashuvga olib keladi, deb hisobladi».

Xitoy, Eron, Rossiya va Shimoliy Koreya singari, razvedka ma’lumotlarini yig‘ish uchun «yopiq nishon» hisoblanadi. 2001 yilda biometrik ma’lumotlar hali nisbatan yangi sohada edi. Keyinchalik yuz, ko‘z pardasi va yurish uslubini tanib olish texnologiyalarining qo‘llanishi agentlar va ular bilan ishlovchi razvedka xodimlarining chegaralarni sezilmay kesib o‘tishini ancha murakkab vazifaga aylantirdi.

Xo‘sh, G‘arb razvedka xizmatlari Xitoyni qay darajada yaxshi tushunadi?

Bugun Xitoy Rossiya bilan bir qatorda MI6 uchun asosiy razvedka nishonlaridan biri hisoblanadi.

«G‘arb razvedka xizmatlari Xitoy haqida juda ko‘p narsani tushunadi», — deydi Sibylline tahlilchisi Sem Olsen.

«Katta xavf shundaki, ular alohida qismlarni ko‘radi, ammo bu qismlar birgalikda nimani anglatishini har doim ham tushunavermaydi. Xitoy qudrati endi faqat kemalar, raketalar va qo‘shinlar bilan o‘lchanmaydi. U tobora ko‘proq yarimo‘tkazgichlar, muhim minerallar, akkumulyatorlar, portlar, telekommunikatsiyalar va sanoat salohiyatida namoyon bo‘lmoqda... Shuning uchun muammo ko‘pincha razvedka ma’lumotlarini yig‘ishdagi kamchilik emas, balki ularni strategik jihatdan to‘g‘ri talqin qila olmaslikdir».

Bundan 25 yil oldin, 9/11 hujumlari sodir bo‘lgan kuni AQSh razvedka xodimlarida jumla pazlining ayrim bo‘laklari bor edi — josuslar bu qiyosni yaxshi ko‘radi. Ammo ular jamoaviy tarzda barcha bo‘laklarni birlashtira olmadi va oldinda nima kelayotganini aniq ko‘ra olmadi.

Agar undan strategik ustunlik uchun foydalana olmasangiz, sifatli razvedka ma’lumotlarini yig‘ishning o‘zi yetarli emas.

Tanib bo‘lmas darajada o‘zgargan dunyo

Shubhasiz, 9/11dan keyingi chorak asr davomida razvedka va terrorizmga qarshi kurash dunyosi deyarli tanib bo‘lmas darajada o‘zgardi. Sun’iy intellekt va kvant hisoblash texnologiyalari paydo bo‘lishi bilan bu o‘zgarishlar davom etadi va ayrim sohalarda ular eksponentsial tezlikda kechishi mumkin.

Biroq qarama-qarshi qarashlar va manfaatlarga to‘la dunyoda razvedka xatolari, e’tibordan chetda qolgan jihatlar yoki strategik noto‘g‘ri hisob-kitoblarga kelganda G‘arb davlatlari monopoliyaga ega emas.

Bunga boshqa e’tiborga molik misollar qatoriga Rossiyaning 2022 yilda Ukrainaga amalga oshirgan halokatli to‘liq miqyosdagi bosqini hamda ayrimlar Isroilning «o‘z 9/11i» deb atagan — 2023 yil 7 oktyabrda «Hamas» boshchiligida G‘azodan amalga oshirilgan hujumni kiritish mumkin.

Oxir-oqibat, hanuz savollar asosan katta, strategik va milliy qarorlar yuzasidan berilayotgani muhim.

Britaniyaning prezident Bush boshchiligidagi Iroq bosqiniga qo‘shilishi to‘g‘ri qarormidi?

Afg‘onistonda AQSh boshchiligidagi «Uzoq davom etuvchi ozodlik» operatsiyasiga qo‘shilish va keyin ikki o‘n yillikdan so‘ng shoshilinch ravishda chiqib ketib, mamlakatni «Tolibon» ixtiyoriga tashlab qo‘yish to‘g‘ri qarormidi?

Bu va boshqa ko‘plab savollar hanuz o‘z aks-sadosini bermoqda.