You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Eron AQShga javob qaytardi, Tramp qabul qilolmayapti. Nega?
Prezident Tramp Eronning urushni tugatish bo‘yicha AQSh taklifiga bergan javobini "mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi" deb ta’riflagan.
Eronning yarim rasmiy Tasnim xabar agentligiga ko‘ra, Tehron o‘z takliflarini vositachi Pokiston orqali yetkazgan va unda urushni barcha jabhalarda zudlik bilan tugatish zarurligi ta’kidlangan.
Shuningdek, AQSh harbiylari Eron portlari qamalini to‘xtatishi hamda Eronga boshqa hujum qilmaslik lozimligi urg‘ulangan.
Fevral oyida AQSh va Isroil boshlagan urushni tugatish yo‘lidagi otashkesim hamon davom etmoqda, ammo ba’zida otishmalar bo‘lib turibdi.
Prezident Tramp bir necha kun oldin Eron bilan urush "tezda tugashini" aytgandi.
Biroq Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu Eronga qarshi urushni tugadi, deb hisoblashdan oldin bu mamlakatdan to‘yintirilgan uranni "olib chiqib ketish" shartligini urg‘ulagan.
Kim nima istaydi?
Eron rasmiy matbuotiga ko‘ra, Tehron urushda yetkazilgan zarar uchun tovon istaydi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan Eronning suveren maqomiga ham e’tibor qaratadi.
Prezident Pezeshkiyon o‘tgan yakshanba kungi nutqida o‘z mamlakati taklifiga bevosita ishora qilmasa-da, ammo Eronning mavqeini ochiqlagandi.
"Biz hech qachon dushman oldida boshimizni egmaymiz va agar muloqot yoki muzokara haqida gapirilsa, bu taslim bo‘lish yo chekinishni anglatmaydi" - degan Eron prezidenti.
AQSh prezidenti Tramp esa Truth Social tarmog‘ida o‘z mavqeini yozgan.
"Men hozirgina Eronning go‘yoki "vakillari" javobini o‘qidim. U menga yoqmadi - MUTLAQO QABUL QILIB BO‘LMAYDI".
AQShdagi Axios xabariga binoan, Qo‘shma Shtatlarning 14 banddan iborat memorandumi Eronning uranni to‘yintirish jarayonini to‘xtatishni, sanksiyalarni olib tashlashni va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bo‘ylab erkin o‘tib-qaytishni tiklashni ko‘zda tutadi.
Unda nomi oshkor etilmagan AQSh mulozimlariga tayaniladi va ular ushbu masaladan xabardorlar, deya bildiriladi.
Ushbu manbalar esa memorandumdagi ko‘plab shartlar yakuniy kelishuvga erishishga bog‘liq bo‘lib qolishini aytishgan.
Eron muhim suv yo‘lini to‘sishni davom ettirarkan, dunyo bo‘ylab neft narxlari oshib ketdi.
Jahon neftining 20% qismi aynan Ho‘rmuz orqali o‘tadi.
AQSh esa Tehronga bosim ko‘rsatish niyatida Eron portlarini qamal qilishni boshlagan.
Urush tez tugaydimi?
BBC muxbiri Ketrin Armstrongning 7 May kuni yozishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan urush "tez orada tugaydi" deb taxmin qilgandi.
Va Tehronning yadroviy ambitsiyalarini tugatish maqsadini aksariyat odamlar "tushunayotganini" aytdi.
Uning bu izohlari Eron urushni tugatish bo‘yicha AQSh taklifi "hanuz ko‘rib chiqilmoqda" deganidan so‘ng yangradi.
AQShning Axios nashri Oq uy Eron bilan 14 banddan iborat o‘zaro anglashuv memorandumiga yaqinlashib qolganini, bu esa batafsil yadroviy muzokaralar uchun asos bo‘lishi mumkinligini xabar qildi.
Eron parlamentining yuqori lavozimli a’zosi buni "istaklar ro‘yxati" deb rad etdi, tashqi ishlar vazirligi vakili esa Tehron AQSh taklifi haqidagi qarashlarini pokistonlik vositachilar bilan bo‘lishishini aytdi.
Pokiston tashqi ishlar vaziri mamlakati "ushbu otashkesimni urushni butkul to‘xtatishga aylantirishga harakat qilayotganini" bildirdi.
Axios o‘z xabarida ushbu memorandumni bir sahifalik, 14 bandli hujjat sifatida tasvirlaydi va u yadroviy muzokaralarning batafsil bosqichi uchun asos bo‘lishi mumkinligini yozadi.
Unda keltirilgan bandlar orasida Eronning uran boyitishini to‘xtatishi, sanksiyalarning bekor qilinishi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali erkin harakatni tiklash ham bor.
Nashr ikki nafar AQSh rasmiysi va yana ikki manbaga tayanadi — ularning barchasi nomi oshkor etilmagan — va ular masaladan xabardor manbalar sifatida ta’riflanadi. Bu manbalar memorandumda bayon etilgan ko‘plab shartlar yakuniy kelishuvga bog‘liq bo‘lishini aytgan.
Reuters axborot agentligi AQSh va Eron o‘rtasidagi vositachilik jarayonidan xabardor ikki manba Axios bergan ma’lumotni tasdiqlaganini xabar qildi, biroq taklif ommaga ochiqlanmagan.
Chorshanba oqshomida virtual saylovoldi tadbirida nutq so‘zlar ekan, Tramp Jorjiya shtatidagi respublikachilarga urush yaqin orada tugashiga nekbin qarayotganini aytdi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, ko‘pchilik Eronga yadroviy qurolga ega bo‘lish imkonini bermaslik to‘g‘ri qaror ekanini tushunadi.
Oldinroq prezident AQSh "so‘nggi 24 soatda Eron bilan juda yaxshi muzokaralar o‘tkazganini" va kelishuv mumkinligini aytib, yuqori yoqilg‘i narxlari sabab amerikaliklarga yetayotgan qiyinchiliklar vaqtinchalik ekanini urg‘uladi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Avvalroq Eron tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Baqoiy Eron Talabalar Axborot Agentligiga (ISNA) shunday dedi: "AQSh taklifi hanuz Eron tomonidan ko‘rib chiqilmoqda va yakunlangach, o‘z fikrini Pokiston tomoniga yetkazadi."
Axios xabariga javoban, Eron parlamentining milliy xavfsizlik va tashqi siyosat qo‘mitasi matbuot kotibi Ibrohim Rizoiy X ijtimoiy tarmog‘ida shunday yozdi: "Amerikaliklar yuzma-yuz muzokaralarda erisha olmagan narsasiga yutqazayotgan urush orqali ham erisha olmaydi".
U, shuningdek, Eron "barmog‘ini tepkida ushlab turibdi va tayyor" ekanini aytib, agar AQSh "taslim bo‘lmasa va zarur yon berishlarni qilmasa", Eron "qattiq va pushaymon qiluvchi javob qaytarishi"dan ogohlantirdi.
Tramp ham zo‘ravonlik qayta boshlanishi mumkinligidan ogohlantirib, Truth Social platformasida yozishicha, agar Eron kelishuvga rozi bo‘lmasa, "bombardimon boshlanadi va u afsuski, avvalgidan ancha yuqori daraja va intensivlikda bo‘ladi".
U yana "Epic Fury" amaliyoti — AQSh-Isroilning Erondagi dastlabki hujumi — "agar Eron kelishilgan narsani berishga rozi bo‘lsa", yakunlanishini aytdi. Bu bayonot AQSh davlat kotibi Marko Rubio operatsiya o‘z maqsadlariga erishgach tugaganini aytganidan keyin yangradi.