You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Ayollar aslida tik turgan holda tug‘ishi kerakmi? Chalqancha tug‘ish xatomi?
- Author, Lyusi Sherriff
- O'qilish vaqti: 5 daq
Ming yillar davomida butun dunyoda ayollar xoh Kleopatraga o‘xshab tizzalab, xoh tug‘ruq kursilari va stullaridan foydalanib, xoh cho‘qqayib bo‘lsin, ko‘proq gavdasi tik holatda tuqqanlar.
Aslida, cho‘qqayib o‘tirish tos suyagi diametrini kamida 2,5 sm.ga kengaytirishi mumkin, gravitatsiya kuchi esa tug‘ruqni ancha osonlashtiradi.
Xo‘sh, nega bugungi kunda ko‘p ayollar chalqancha yotib tug‘adilar?
"Shifokorlar va homilador ayollar o‘rtasida tug‘ruq fiziologiyasi haqida umumiy bilimsizlik bor", deydi Buyuk Britaniyadagi "Faol tug‘ruq markazi" asoschisi va tug‘ruq jarayonini qanday nazorat qilishi mumkinligi haqida bir qator kitoblar muallifi Janet Balaskas. 1982 yilda Balaskas o‘z tashkilotining asosiy tamoyiliga aylangan "Faol tug‘ruq manifesti"ni e’lon qilgan.
"Butun dunyoda va ming yillar davomida ayollar o‘z-o‘zidan, ya’ni tabiiy ravishda tik yoki cho‘kkalagan holatda to‘lg‘oq tutib, farzand dunyoga keltirgan, – deyiladi manifestda. – Irqi yoki madaniyatidan qat’i nazar... ayni shu tik holatlar ustunlik qilgan".
"Postindustrial mamlakatlarda ko‘plab ayollar shifoxonada yotgan holatda tug‘ishga majbur, – deydi Balaskas. – Bu amaliyot mantiqsiz bo‘lib, tug‘ruqni ortiqcha murakkablashtiradi va qimmatlashtiradi, tabiiy jarayonni tibbiy hodisaga, to‘lg‘oq tutayotgan ayolni esa passiv bemorga aylantiradi, – deb ta’kidlaydi u. – Boshqa hech bir jonzot bunday muhim pallada bunchalik noqulay holatni tanlamaydi".
Boshqa mutaxassislar ham bu fikrga qo‘shiladi. Aslida, yotib tug‘ish "nisbatan zamonaviy hodisa", deb yozgan edi Avstraliyaning G‘arbiy Sidney universiteti akusherlik professori Hanna Dalen 2013 yilda "The Conversation" nashri uchun yozgan maqolasida.
Homiladorlik – "kasallik" sifatida
Ayollarning asosan chalqancha yotib tug‘ishi so‘nggi 300-400 yilda ommalashdi. Buning uchun ular Fransua Moriso ismli frantsuzdan "minnatdor bo‘lishlari" mumkin. Uning da’vo qilishicha, chalqancha holat homilador ayol uchun ham, uning tug‘rug‘ida qatnashayotgan erkak shifokor uchun ham qulayroq bo‘ladi (o‘sha paytda doyalar xizmatidan voz kechib, tug‘ruqlarga erkak jarrohlarni jalb qilish harakati allaqachon paydo bo‘layotgan edi).
Moriso homiladorlikka kasallik deb qaragan. U o‘zining 1668 yilda nashr etilgan "Homilador va chilla davridagi ayollar kasalliklari" kitobida shunday maslahat bergan edi: "Eng yaxshi va ishonchli yo‘l – tug‘ruqdan so‘ng ayolni u yoqdan bu yoqqa tashish noqulayligi va mashaqqatidan qochish uchun uni o‘z yotog‘idayoq tug‘dirishdir".
Biroq ba’zi olimlar ta’kidlashicha, tug‘ruq holatining o‘zgarishiga aslida Moriso bilan bir davrda yashagan boshqa bir frantsuz – qirol Lyudovik XIV sababchi bo‘lishi mumkin.
"Ma’lumotlarga ko‘ra, qirol Lyudovik XIV ayollarning tug‘ishini tomosha qilishni xush ko‘rgan. Tug‘ruq kursisida o‘tirgan ayolning tug‘ish jarayoni yaxshi ko‘rinmaganidan hafsalasi pir bo‘lib, u yangi – chalqancha holatni targ‘ib qilgan", deb yozgan edi AQShning Merilend shtatidagi Makdaniel kolleji sotsiologiya professori Loren Dandes 1987 yilda tug‘ruq holatlari evolyutsiyasiga bag‘ishlangan maqolasida.
"Qirol siyosatining ta’siri qay darajada bo‘lgani noma’lum, biroq qirollik oilasining odatlari aholiga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatgani aniq, – deya qo‘shimcha qiladi u. – Lyudovik XIV ning o‘zgarishlar talabi tug‘ruq holatining o‘zgarishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi va bunga o‘z hissasini qo‘shgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas".
Ayollarning chalqancha yotib tug‘ishi qanday paydo bo‘lganidan qat’i nazar, bu tendentsiya saqlanib qoldi va ularning tug‘ruq jarayoniga katta ziyon yetkazdi. "Tug‘ruq institutsional tus oldi, fiziologik yoki "tabiiy" tug‘ishni xohlaydigan ko‘plab ayollar uchun qulayroq bo‘lgan uyda tug‘ish kabi imkoniyatlar esa kamayib bormoqda", deydi Balaskas.
Ilmiy isbot
Ming yillar davomida ayollarning tik holatda tug‘ishining asosiy sababi oddiy: tortishish kuchi. Chaqaloq tug‘ruq yo‘li bo‘ylab pastga harakatlanishi kerak va tortishish kuchi bu jarayonga yordam beradi. Agar o‘z holiga qo‘yib berilsa, ayollar to‘lg‘oq paytida instinktiv ravishda orqaga emas, balki oldinga egilishi, xususan, cho‘qqayib o‘tirish, qo‘llari va tizzalariga tayanib oldinga egilish yoki past mebelga suyanish kabi holatlarga moyilligi isbotlangan.
2013 yilda 5200 dan ortiq ayol ishtirok etgan 25 ta tadqiqot sharhida qayd etilishicha, yotoqda yotish o‘rniga tik va harakat holatida tuqqan ayollar uchun boshqa muhim natijalar qatorida "kesarcha yo‘l bilan tug‘ish xavfi kamayishi, og‘riq qoldiruvchi vosita sifatida epidural anesteziyadan kamroq foydalanish va chaqaloqlarning neonatologiya bo‘limiga yotqizilish ehtimoli pasayishi" bor. Sharhda yuqori xavf guruhidagi ayollar uchun qo‘shimcha tadqiqotlar zarurligi ta’kidlangan, chunki ba’zi tadqiqotlar tik holatda tug‘ishda qon yo‘qotish ko‘payishini ko‘rsatgan.
Shuningdek, tik tug‘ruq holatlari ayolning to‘lg‘oq vaqtini qisqartirishi ham aniqlangan.
"To‘lg‘oqni tik o‘tkazish va tik holatda tug‘ish ona uchun ham, bola uchun ham afzalliklarga ega", deb yozgan edi Dalen 2013 yilda. U bir qator foydali jihatlarni sanagan: jumladan, samaraliroq to‘lg‘oqlar, onaning kamroq og‘riq sezishi, akusherlik qisqichlari, vakuumli tug‘ruq va epiziotomiyaning kamroq qo‘llanilishi, shuningdek, bachadon aortani siqib qo‘ymagani bois ona qornidagi bolaning kislorod bilan yaxshiroq ta’minlanishi.
2011 yilda Dalen va uning hamkasblari tug‘ruq sharoiti ayollarning tug‘ish paytidagi holatiga ta’sir qilish-qilmasligini aniqlash uchun tug‘ayotgan ayollar o‘rtasida tadqiqot o‘tkazdi. Ular ikki xil sharoitni: koptoklar, maxsus stullar va yumshoq o‘rindiqlar kabi yordamchi vositalar mavjud bo‘lgan tug‘ruq markazlari hamda yagona imkoniyat tibbiy karavot bo‘lgan tug‘ruqxonalarni o‘rgandi.
Ular tug‘ruq markazlaridagi ayollar tug‘ruqxona sharoitidagilarga qaraganda tug‘ruqning birinchi va ikkinchi bosqichlarida tik holatda bo‘lishga ancha moyil ekanini aniqladi: tug‘ruq markazlarida ayollarning 82 foizi, tug‘ruqxonalarda esa 25 foizi shunday holatni tanlagan.
Balaskasning aytishicha, hozirda G‘arb mamlakatlarida faol tug‘ruq tushunchasi haqida xabardorlik ortib bormoqda. Bu yondashuv onaning tug‘ruq paytida chalqancha yotib, apparat va monitorlarga bog‘lanib qolish o‘rniga erkin va tabiiy harakatlanishiga hamda tik holatda turishiga imkon yaratishni targ‘ib qiladi.
Shunga qaramay, u kesarcha tug‘ish amaliyotlari soni "tashvishli darajada" o‘sayotganini aytadi. "Buyuk Britaniyada faol tug‘ruq harakati doyalik xizmatlari o‘zgarishiga, masalan, doya nazoratidagi tug‘ruq markazlari paydo bo‘lishiga ta’sir ko‘rsatdi," deya qo‘shimcha qiladi u. Shuningdek, bunday markazlar odatda shifoxonalar ichida joylashgani hamda ayollarga harakat erkinligi va tug‘ruq uchun hovuzdan foydalanish imkoniyatini berish maqsadida maxsus loyihalashtirilganini ta’kidlaydi. "Bundan 50 yil oldin bunday imkoniyat yo‘q edi."
Buyuk Britaniyaning Sog‘liqni saqlash va parvarishlash milliy instituti tavsiyalarida tug‘ayotgan ayollarni "tug‘ruqning ikkinchi bosqichida chalqancha yoki yarim chalqancha yotishdan qaytarish va o‘zlariga eng qulay bo‘lgan boshqa har qanday holatni egallashga undash kerakligi" aytiladi.
Shubhasiz, bilim – kuch. Ayollar tug‘ruq bilan bog‘liq tanlovlar haqida qanchalik ko‘p ma’lumotga ega bo‘lsa, o‘zlari uchun to‘g‘ri deb bilganni tanlashda o‘zlarini shunchalik xotirjam his qiladi.
"Tug‘ruq imkoniyatlari haqida jamoatchilikni xabardor qilish doim foydali," deydi avval doya bo‘lib ishlagan, hozir Kanadadagi Makmaster universitetida doyalik ta’limi dasturini boshqarayotgan va tug‘ruqqa oid bir nechta ilmiy maqolalar muallifi akademik Eylin Hatton. "Ommabop adabiyot, televidenie va filmlarda tug‘ruqning qanday tasvirlanishiga bir nazar solsangiz, bu jarayon qanchalik noto‘g‘ri ko‘rsatilishini darhol anglaysiz. Bunga qarshi muvozanatli ma’lumot berish esa faqat foydali."