Eron AQSh taklifini ko‘rib chiqmoqda — Tramp urush "tez orada tugaydi" dedi

Esmoil Bag‘oiyning aytishicha, Eron AQSh taklifi bo‘yicha o‘z qarashlarini pokistonlik vositachilarga yetkazadi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Esmoil Bag‘oiyning aytishicha, Eron AQSh taklifi bo‘yicha o‘z qarashlarini pokistonlik vositachilarga yetkazadi
    • Author, Ketrin Armstrong
  • O'qilish vaqti: 3 daq

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan urush "tez orada tugaydi" deb taxmin qildi va u Tehronning yadroviy ambitsiyalarini tugatish maqsadini aksariyat odamlar "tushunayotganini" aytdi.

Uning bu izohlari Eron urushni tugatish bo‘yicha AQSh taklifi "hanuz ko‘rib chiqilmoqda" deganidan so‘ng yangradi.

AQShning Axios nashri Oq uy Eron bilan 14 banddan iborat o‘zaro anglashuv memorandumiga yaqinlashib qolganini, bu esa batafsil yadroviy muzokaralar uchun asos bo‘lishi mumkinligini xabar qildi.

Eron parlamentining yuqori lavozimli a’zosi buni "istaklar ro‘yxati" deb rad etdi, tashqi ishlar vazirligi vakili esa Tehron AQSh taklifi haqidagi qarashlarini pokistonlik vositachilar bilan bo‘lishishini aytdi.

Pokiston tashqi ishlar vaziri mamlakati "ushbu otashkesimni urushni butkul to‘xtatishga aylantirishga harakat qilayotganini" bildirdi.

Axios o‘z xabarida ushbu memorandumni bir sahifalik, 14 bandli hujjat sifatida tasvirlaydi va u yadroviy muzokaralarning batafsil bosqichi uchun asos bo‘lishi mumkinligini yozadi.

Unda keltirilgan bandlar orasida Eronning uran boyitishini to‘xtatishi, sanksiyalarning bekor qilinishi va Hormuz bo‘g‘ozi orqali erkin harakatni tiklash ham bor.

Nashr ikki nafar AQSh rasmiysi va yana ikki manbaga tayanadi — ularning barchasi nomi oshkor etilmagan — va ular masaladan xabardor manbalar sifatida ta’riflanadi. Bu manbalar memorandumda bayon etilgan ko‘plab shartlar yakuniy kelishuvga bog‘liq bo‘lishini aytgan.

Reuters axborot agentligi AQSh va Eron o‘rtasidagi vositachilik jarayonidan xabardor ikki manba Axios bergan ma’lumotni tasdiqlaganini xabar qildi, biroq taklif ommaga ochiqlanmagan.

Getty Images
Amerikaliklar yuzma-yuz muzokaralarda erisha olmagan narsasiga yutqazayotgan urush orqali ham erisha olmaydi.
Ibrohim Rizoiy
Eron parlamenti (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Chorshanba oqshomida virtual saylovoldi tadbirida nutq so‘zlar ekan, Tramp Jorjiya shtatidagi respublikachilarga urush yaqin orada tugashiga nekbin qarayotganini aytdi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ko‘pchilik Eronga yadroviy qurolga ega bo‘lish imkonini bermaslik to‘g‘ri qaror ekanini tushunadi.

Oldinroq prezident AQSh "so‘nggi 24 soatda Eron bilan juda yaxshi muzokaralar o‘tkazganini" va kelishuv mumkinligini aytib, yuqori yoqilg‘i narxlari sabab amerikaliklarga yetayotgan qiyinchiliklar vaqtinchalik ekanini urg‘uladi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Avvalroq Eron tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Bag‘oiy Eron Talabalar Axborot Agentligiga (ISNA) shunday dedi: "AQSh taklifi hanuz Eron tomonidan ko‘rib chiqilmoqda va yakunlangach, o‘z fikrini Pokiston tomoniga yetkazadi."

Axios xabariga javoban, Eron parlamentining milliy xavfsizlik va tashqi siyosat qo‘mitasi matbuot kotibi Ibrohim Rizoiy X ijtimoiy tarmog‘ida shunday yozdi: "Amerikaliklar yuzma-yuz muzokaralarda erisha olmagan narsasiga yutqazayotgan urush orqali ham erisha olmaydi".

U, shuningdek, Eron "barmog‘ini tepkida ushlab turibdi va tayyor" ekanini aytib, agar AQSh "taslim bo‘lmasa va zarur yon berishlarni qilmasa", Eron "qattiq va pushaymon qiluvchi javob qaytarishi"dan ogohlantirdi.

Tramp ham zo‘ravonlik qayta boshlanishi mumkinligidan ogohlantirib, Truth Social platformasida yozishicha, agar Eron kelishuvga rozi bo‘lmasa, "bombardimon boshlanadi va u afsuski, avvalgidan ancha yuqori daraja va intensivlikda bo‘ladi".

U yana "Epic Fury" operatsiyasi — AQSh-Isroilning Erondagi dastlabki hujumi — "agar Eron kelishilgan narsani berishga rozi bo‘lsa", yakunlanishini aytdi. Bu bayonot AQSh davlat kotibi Marko Rubio operatsiya o‘z maqsadlariga erishgach tugaganini aytganidan keyin yangradi.