Qozoqlar yoppasiga inDrive ga o‘tayapti, O‘zbekiston aksilraqobati Yandex ni tekshirishi kerakmi?

O‘zbekiston shaharlaridan biri ko‘chasidagi Yandeks Go taksisi
Published
O'qilish vaqti: 6 daq

Qozog‘istonda Yandex Go xizmatida yuz bergan yirik uzilish raqobatchi platforma - inDrive (avvalgi nomi inDriver) xizmatiga talabning keskin oshishiga sabab bo‘ldi.

Taksi va yetkazib berish buyurtmalari deyarli uch barobarga ko‘paygani ortidan kompaniya qo‘shimcha haydovchilarni jalb qilish va tariflar oshishini cheklash choralarini ko‘rdi, deb xabar berdi xususiy Kursiv.media nashri 12 oktyabr kuni.

inDrive asoschisi va bosh direktori Arsen Tomskiy Threads ijtimoiy tarmog‘ida shunday yozdi:

"11 oktyabr ertalab Qozog‘istonda Yandex xizmatlaridagi uzilish fonida inDrive orqali berilgan taksi va yetkazib berish buyurtmalari soni deyarli uch barobarga oshdi".

Xabarda qayd etilishicha, ayrim hududlarda mavjud avtomobillar yetishmasligi tariflarni sezilarli darajada oshirgan.

Bunga javoban inDrive haydovchilardan olinadigan komissiya miqdorini kamaytirgan. Tomskiyga ko‘ra, bu komissiya avvaldanoq «bozordagi eng past» ko‘rsatkichlardan biri bo‘lgan.

"Bu o‘z samarasini berdi: biz o‘n minglab yangi haydovchilardan arizalar qabul qildik, ularning ko‘pchiligi tez orada ish boshladi va bir necha soatdan so‘ng narxlar pasaya boshladi", dedi tadbirkor.

Shunga qaramay, vaziyat hali ham odatiy holatga qaytmagan.

Qozog‘istondan olinayotgan xabarlarga ko‘ra, ayrim joylarda, jumladan, aeroportlarda, tariflar odatdagidan yuqori qolayapti.

Tomskiy tushuntirishicha, inDrive platformasida yo‘lovchilar va haydovchilar narxni mustaqil kelishib oladilar: yo‘lovchi o‘z taklifini beradi, haydovchi esa uni qabul qilishi yoki muqobil narx taklif qilishi mumkin.

Talab keskin oshgan va avtomobillar yetmay qolgan vaziyatlarda har ikki tomon ham yuqoriroq narxlar taklif qilishga moyil bo‘ladi.

Iqtibos
Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Tariflarning yanada ko‘tarilishining oldini olish maqsadida kompaniya haydovchilarni jalb qilishni davom ettirgan va kelishiladigan tariflar doirasini cheklagan.

Bundan avval Tomskiy yo‘lovchilar oqimining keskin ko‘payishi talab va taklif o‘rtasida nomutanosiblik keltirib chiqarganini tan olgan edi.

Uning aytishicha, inDrive komissiya miqdorini majburiy soliq to‘lovlarini qoplash uchun zarur bo‘lgan eng past darajaga tushirgan va foydalanuvchilar kelishishi mumkin bo‘lgan tariflar doirasiga qo‘shimcha cheklovlar joriy etish masalasini ko‘rib chiqqan.

Arsen Tomskiy inDrive kompaniyasining asoschisi va bosh direktori hisoblanadi.

U 1973 yili Rossiyaning Yakutsk shahrida tug‘ilgan.

Dastlab IT sohasida tadbirkorlik bilan shug‘ullangan, 2013 yilda inDriver (keyinchalik inDrive) servisini ishga tushirgan.

Tomskiy inDriveni Yakutskda taksi narxlarining sun’iy oshirilishiga qarshi javob sifatida yaratganini aytgan.

2022 yili Rossiya Ukrainaga qarshi to‘laqonli bosqin boshlagani ortidan Arsen Tomskiy kompaniyasi faoliyatini Rossiyadan to‘liq ko‘chirishga qaror qilgan.

Keyinchalik u Qozog‘iston fuqaroligini olgan va Forbes'ning Qozog‘istondagi boy tadbirkorlar ro‘yxatiga kirgan.

13 oktyabr kuni Qozog‘iston Raqobatni himoya qilish va rivojlantirish agentligi inDrive taksi xizmatiga rasmiy ogohlantirish maktubini yuborgan, ayrim taksi haqlari uch baravar qimmatlashib ketganiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi haqida ogohlantirgan.

"Yandeks Go" faoliyatidagi uzilishlar oqibatida Armanistonda ham taksi haqlari keskin ko‘tarilib ketgan, Yandexga muqobil gg shirkati serverlari ham xuddi Qozog‘istondagi inDrive dek zo‘riqish bilan ishlay boshlagan.

"Kreml targ‘iboti va dezinformatsiyasi keskin kamaydi"

Ukrainaning Rossiyadagi ma’lumotlar markazlariga bergan zarbalari oqibatida Kremlning internetdagi targ‘ibot va dezinformatsiya faoliyati keskin qisqargani kuzatildi, deya xabar berdi "Frans Press" axborot agentligi.

Muxojiratdagi rossiyalik shaxmat bo‘yicha grossmeyster, muxolif siyosatchi Garri Kasparov shunday yozdi:

«Mening lentamdagi rossiyalik troll-botlarning soni allaqachon keskin kamaydi».

Ko‘plab internet foydalanuvchilari AQSh Prezidenti Donald Tramp, Rossiya yoki Germaniyadagi muhojirlarga qarshi va Rossiya tarafdori bo‘lgan AfD partiyasini qo‘llab-quvvatlovchi ijtimoiy tarmoq kontenti sezilarli darajada kamaygani haqida yozdilar.

Ularning fikricha, bu pasayish Rossiyadagi ma’lumotlar markazlariga berilgan zarbalarning bevosita natijasidir. Bu hujumlar Rossiyaning «bot»larini, ya’ni ko‘p miqdordagi past sifatli kontentni, aksar hollarda targ‘ibot va dezinformatsiyani tarqatish uchun ishlatiladigan avtonom kompyuter dasturlarini ishdan chiqargan.

12 oktyabr kuni Varshava xavfsizlik forumida Litva Bosh vaziri Mindaugas Sinkyavichyus bunday hujumlarni o‘z mamlakati va Polshada bo‘lib o‘tadigan yaqinlashayotgan saylovlar xavfsizligini ta’minlash uchun samarali chora sifatida tavsiya qildi.

«Biz janob Zelenskiydan Rossiyadagi yana ko‘proq ma’lumotlar markazlariga zarba berishni so‘rashimiz kerak. Menimcha, bu yordam berishi mumkin», dedi u.

Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy forumda so‘zlar ekan, uning mamlakati Rossiya ma’lumotlar markazlarini nishonga ola boshlaganidan keyin «ko‘plab ijtimoiy tarmoq platformalarida nafas olish biroz yengillashganini» aytdi.

Butun dunyo internet trafigini kuzatib va tahlil qilib boruvchi Cloudflare Radar ma’lumotlariga ko‘ra, Sasovo ob’ektiga qilingan hujumdan keyin Yandex manbalari orqali keluvchi Internet trafigi taxminan 35 foizga kamaygan.

Vladimirdagi data-markazi yopilganidan keyin esa bu ko‘rsatkich bir hafta avvalgi darajaga nisbatan 99 foizga tushib ketgan.

Biroq Rossiyaning Internetdagi targ‘ibot faoliyatini o‘rganuvchi mutaxassislar bunday sabab-oqibat bog‘liqligi haqida xulosa chiqarishga erta, deydilar.

«Hozircha ma’lumotlar markazlariga qilingan hujum Kremlning "troll fabrikalari" ovozini o‘chirganini tasdiqlaydigan hech qanday dalil yo‘q», dedi AFP agentligiga internetdagi dezinformatsiya operatsiyalarini monitoring qilish bilan shug‘ullanadigan Data for Good tashkiloti mutaxassisi Nikola Tulechki.

Uning aytishicha, keng tarqalgan Cloudflare grafigida ijtimoiy tarmoqlardagi botlar emas, balki Yandex tomonidan boshqariladigan tarmoqdan veb-saytlarga yuborilgan avtomatlashtirilgan so‘rovlar hajmining kamayishi aks etgan.

Rossiya bilan bog‘liq ta’sir o‘tkazish operatsiyalarini kuzatib boruvchi Antibot4Navalny jamoasi ham Cloudflare Radar grafiklarining talqini noto‘g‘ri ekanini hisoblaydi.

«Ukraina Yandex ma’lumotlar markaziga zarba berganidan keyin Kreml nazoratidagi ijtimoiy tarmoq botlari va troll fabrikalari jim bo‘lib qoldi, deb ta’kidlayotganlarga: afsuski, sizning umidingizni puchga chiqarishga to‘g‘ri keladi», deb yozdi jamoa X ijtimoiy tarmog‘ida.

O‘zbekiston onlayn xarita bozoridagi vaziyat qayta ko‘rib chiqilishi kerakmi?

IQTIBOS

13 oktyabr kuni Yandeks muammolarga duch kelayotgani mavzusiga Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham izoh berdi.

Peskovga ko‘ra, hukumat butun Rossiya texnologiyasi duch kelgan muammolarni ko‘rib chiqayapti.

Yandex ma’lumotlar markazlariga hujumlar oqibatida foydalanuvchilar moliyaviy yo‘qotishlardan jabr ko‘rdilarmi yoki yo‘qligini aytishga hali erta, dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi.

"Kompaniya kuchli", dedi Dmitriy Peskov.

Yandeksning bosh ofisidan xabar qilishlaricha, "xizmatlar hamon cheklovlar bilan ishlayapti, kompaniya injenerlari qayta tiklash ishlarini davom ettirayaptilar. "Yandeks 360" xizmati oktyabr oyi oxirigacha joriy mijozlarga bepul bo‘ladi".

O‘zbekistondagi gazeta.uz ga Yandex Uzbekistan shirkatidan aytishlaricha, 11 oktyabr kuni izdan chiqqan xizmatlar borgan sari qayta tiklanayapti.

Yandex Go va boshqa ko‘plab bog‘liq xizmatlar odatiy rejimda ishlayapti.

Biroq ayrim funktsiyalar xizmatlarda hamon xatolik kuzatilshi mumkinligini aytishgan Yandex Uzbekistan dan.

"Hozir biz uchun eng ustuvor vazifa to‘lovlar barqarorligi va instrumentlarni qo‘llab-quvvatlash", deyishdi shirkat vakillari.

Nafaqat O‘zbekistonda, balki boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham onlayn xarita, elektron to‘lov va boshqa Internet xizmatlarini faqat Rossiya shirkatiga ishonib topshirib qo‘yish xato ekani haqida yozishmoqda ekspertlar, oddiy Internet foydalanuvchilari.

Xususan, o‘zbekistonlik taniqli jurnalist Shuhrat Shokirjonov o‘zining Telegram kanalida shunday yozdi:

"O‘zbekistonda taksi, yetkazish, transport xaritalarining hammasi Yandex xaritasiga bog‘langan. Faqat shular boyisin, deb Google xaritaning rivojiga sun’iy to‘sqinlik yaratib kelingan. Apple xarita-ku bizda umuman ishlamaydi qariyb.

Uzilish bizda ham o‘n minglab insonlarning ishlashiga, ish vaqtiga ta’sir o‘tkazadi.

Agar o‘tgan yillar ichida barchaga teng sharoit qilinib, Google xarita ham teng rivojlantirilganida, yoki o‘zimizning elektron xaritamiz yaratilganida — bu holatga tushmasdik, albatta.

Haliyam kech emas, boshqalarni bozorga qo‘yish kerak, urush iskanjasidagi bosqinchilarga ishonmasdan".

Uzilishlarga izoh berar ekan, Qozog‘istondagi mashhur tahliliy Telegram kanali - "Pervыy jүz" mamlakat xorijiy raqamli infratuzilmaga bog‘liqlik xavflarini qayta baholashi kerakligini ta’kidladi.

Kanal fikricha, mazkur uzilish «vaqtincha ishlamay qolgan taksilar haqidagi hikoya emas, balki texnologik qaramlik qanchalik qimmatga tushishining yaqqol namunasidir».

"Pervыy jүz"ga ko‘ra, Rossiyadagi ob’ektlarda yuz bergan texnik muammolar Olmaota va Astanadagi foydalanuvchilarga ham ta’sir qilayotgani «mamlakatning raqamli chegarasi har doim ham uning jismoniy chegarasi bilan mos kelmasligini» ko‘rsatadi.

Shu munosabat bilan kanal Qozog‘iston uchun uchta asosiy xulosani keltirgan.

Birinchi xulosa infratuzilma bilan bog‘liq. Unga ko‘ra, hatto mahalliy jamoalar va xizmatlar mavjud bo‘lgan bozor ham, agar platformaning muhim tarkibiy qismlari Rossiyadagi hisoblash resurslariga tayansa, haqiqiy mustaqillikka ega bo‘lmasligi mumkin.

Ikkinchi xulosa iqtisodiy ahamiyatga ega. Chunki bunday uzilishlar yo‘lovchilarni yo‘lda qoldirishi, haydovchilar, kurьerlar va biznes sub’ektlarini esa daromaddan mahrum qilishi hamda ularning faoliyatini izdan chiqarishi mumkin.

Uchinchi xulosa esa strategik xususiyatga ega.

"Pervыy jүz" qayd etishicha, Qozog‘iston Rossiya xizmatlaridan voz kechmasligi, balki tanlov imkoniyatlarini diversifikatsiya qilishi kerak.

«Ko‘p vektorli siyosat bir qaramlikni boshqasiga almashtirish emas, balki tanlash imkoniyatiga ega bo‘lishni anglatadi», deyiladi xabarda.

Muallif zaxira infratuzilmasi, muqobil to‘lov tizimlari va butun raqamli sektorning barqarorligini oshirishga chaqirib, xulosasida shunday deydi:

«Raqamli suverenitet mahalliy ilovalar soni bilan emas, balki xorijiy platforma ishdan to‘xtaganda iqtisodiyotning ishlashda davom etish qobiliyati bilan o‘lchanadi».

Yandex Taxi Rossiya, Moldova, Armaniston, Belarus, Gruziya, Qirg‘iziston, Serbiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Isroil va Birlashgan Arab Amirliklarida faoliyat yuritadi.

Ayni paytda Qirg‘izistonda Rossiyaning yana bir kompaniyasi - Wildberries'ning WB Taxi taksi xizmati faollashdi.

Yandeks bilan bog‘liq voqealardan keyin Bishkek ko‘chalarida WB Taxi'ning "Bizni tanlang" mazmunidagi reklamalari ko‘payganini BBC O'zbek muxbiri xabar qilmoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, WB Taxi Qirg‘izistonda 2026 yil 27 martda ish boshlagan.

Wildberries - Rossiyada tashkil etilgan yirik internet-do‘kon.

Kompaniya Markaziy Osiyo bozoriga o‘n yillarcha avval kirib kelgan.

Joriy yil yozida esa Ukraina Rossiya hududidagi Wildberries omborlari va logistika markazlariga qarshi hujumlarni kuchaytirgan.

Kiev bu ob’ektlar Rossiya armiyasi uchun harbiy mahsulotlar yetkazib berishda ishlatilganini aytgan.

Moskva esa bu da’volarni rad etgan.