Rossiya tarafdorlari norozi: Serbiya O‘zbekiston bilan ballistik raketa ishlab chiqaradimi?

Surat manbasi, president.uz
Rossiyani qo‘llovchi Telegram kanallari Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchichning O‘zbekistonga uzoq masofaga uchuvchi ballistik raketalar ishlab chiqarish sohasida hamkorlik taklif qilgani haqidagi bayonotidan xavotirga tushdi.
Maqola BBC Monitoring tahlili asosida yozildi.
Ayrim rossiyaparast kommentatorlar buni O‘zbekistonning harbiy salohiyatini kuchaytirishga qadam sifatida baholab, Toshkent "raketa klubi"ga qo‘shilishi mumkinligidan ogohlantirdi. Boshqalari esa Serbiyaning bunday raketalarni bir yil ichida ishlab chiqarish imkoniyati va O‘zbekistonning ehtimoliy dasturdagi rolini shubha ostiga qo‘ydi.
Ammo hozircha O‘zbekiston Serbiyaning bu taklifini qabul qilgani haqida rasmiy ma’lumot yo‘q.
Serbiya O‘zbekistonga nima taklif qildi?

Surat manbasi, Rasmiy
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7–8 sentyabrь kunlari Serbiyaga birinchi rasmiy tashrifini amalga oshirdi. Belgradda u prezident Aleksandr Vuchich bilan savdo, investitsiya va harbiy-texnik hamkorlik kabi masalalarni muhokama qildi.
Tashrif yakunida ikki davlat strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya imzoladi.
Mirziyoyev buni "ishonch, o‘zaro hurmat va mushtarak kelajak yo‘lidagi ongli tanlov" deb atadi.
Biroq tashrifning eng ko‘p muhokama qilingan qismlaridan biri ikki davlat o‘rtasida raketa ishlab chiqarish sohasida ehtimoliy hamkorlik haqida bo‘ldi.
Vuchichning aytishicha, Serbiya bir yil ichida uzoq masofali ballistik raketalar ishlab chiqarishni boshlashni rejalashtirmoqda.
"Bir yildan so‘ng biz uzoq masofali ballistik raketalar ishlab chiqarishni boshlaymiz va bu masalada sizlar bilan ham hamkorlik qilishga tayyormiz", — degan Vuchich.
U bu yangilikni Serbiya aholisiga juda kamdan-kam oshkor qilinadigan ma’lumotlardan biri deb atadi.
"Bu texnologik, mazmunli va sanoat sohasidagi taraqqiyotimizni ko‘rsatadi. Mutaxassislarimiz allaqachon katta ishlarga erishdi va men aytganimdek, buni ham bir yil ichida amalga oshira olamiz, deb ishonaman. Biz bu sohada O‘zbekistonlik aka-uka va do‘stlarimiz bilan hamkorlik qilishga tayyormiz", — dedi Serbiya prezidenti.
Vuchichning bu bayonoti O‘zbekiston-Serbiya muzokaralari doirasida raketa ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik taklif qilingani haqida xabarlarga sabab bo‘ldi.
Lekin muhim jihati: O‘zbekiston hukumati bu taklifni qabul qilgani borasida ochiq manbalarda xabarlar yo‘q.
Tashrif davomida 20 dan ortiq ikki tomonlama hujjat imzolangan bo‘lsa-da, rasmiy ro‘yxatda alohida raketa yoki mudofaa shartnomasi ko‘rsatilmagan.
Nega Rossiya kanallari bundan xavotirda?
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Vuchichning bayonoti Rossiya Telegram kanallari va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yozadigan sharhlovchilar orasida keskin muhokamaga sabab bo‘ldi.
9 sentyabr kuni Vslukh News kanali "O‘zbekistonga yadroviy ambitsiyalar zo‘rlab singdirilmoqda" va u "raketa klubi"ga qo‘shilishga taklif etilyapti, degan talqinni ilgari surdi.
"Serbiya O‘zbekistonga ballistik raketalar bo‘yicha hamkorlikni taklif qildi. Bu qadam Toshkentni yadroviy qurolga ega bo‘lish g‘oyasiga "qiziqdirish" urinishlaridan keyin sodir bo‘lmoqda", — deb yozdi kanal.
Vslukh News bu mavzuni 2026 yil boshidan Markaziy Osiyo davlatlarining harbiylashuvi va yadroviy qurolga ega bo‘lishi haqidagi muhokamalar bilan bog‘ladi.
Kanal O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzod Qudratxo‘janing O‘zbekiston va Qozog‘iston "kichik yadroviy bombalar"ga ega bo‘lishi kerakligi haqidagi avvalgi fikrlarini ham tilga oldi.
Kanalning yozishicha, O‘zbekiston ekspertlari bu fikrlarni keskin tanqid qilgan.
Vslukh News shu bilan birga Serbiya taklifi bilan 8 sentyabr kuni Markaziy Osiyo davlatlari yadroviy qurolsizlanishni tezlashtirishga chaqirgan qo‘shma bayonot o‘rtasida vaqt jihatidan bog‘liqlik borligini ta’kidladi.
Bu bayonot Semipalatinsk shartnomasi imzolanganining 20 yilligi munosabati bilan qabul qilingan.
"Serbiya bir yilda ballistik raketa ishlab chiqara oladimi?"
Rossiyaning Bolqonga ixtisoslashgan Balkanar kanali esa Vuchichning bayonotining amaliy tomonini shubha ostiga qo‘ydi.
"Yangi qurollarning texnologik asosi nima bo‘ladi? Serbiya armiyasida mahalliy, sovet yoki Yugoslaviyada ishlab chiqarilgan ballistik raketalarning o‘zi yo‘q", — deb yozdi kanal.
Uning ta’kidlashicha, Serbiya Rossiyaning "Iskander" yoki AQShning ATACMS tizimlarini sotib olgani haqida ham ochiq ma’lumot yo‘q.
"Shuning uchun Vuchichning bayonoti juda ambitsiyali va ma’lum darajada populistik ko‘rinadi", — deyiladi xabarda.
"Yangi qurol turini ishlab chiqishdan tortib yig‘ishgacha bo‘lgan butun ishlab chiqarish zanjirini tashqi yordamsiz bunday qisqa muddatda yaratish juda qiyin. Sinov parvozlaridan seriyali ishlab chiqarishga o‘tish haqida gapirmasa ham bo‘ladi", — deb yozdi Balkanar.
Biroq Serbiyaning harbiy sanoati kichik yoki ahamiyatsiz, degan tasavvur ham to‘liq manzarani bermaydi.
Gazeta.uz ma’lumotlariga ko‘ra, Serbiya mudofaa sanoati G‘arbiy Bolqon mintaqasidagi eng yirik sanoat hisoblanadi. Mamlakatda bronetexnika, artilleriya, o‘q-dori, raketalar, dvigatellar va dronlar ishlab chiqaradigan 200 ga yaqin davlat va xususiy mudofaa korxonasi bor.
Qurol va harbiy texnika eksporti 2020 yildagi 384 million dollardan 2023 yilda 1,6 milliard dollarga yetgani qayd etilgan.
Serbiyaning asosiy xaridorlari orasida Bolgariya, AQSh, BAA, Saudiya Arabistoni va Iroq bor.
O‘zbekiston nima qiladi?
Rossiyaga yaqin o‘zbek tilidagi Salam Registan kanali ham ehtimoliy hamkorlikni tanqid qildi.
"Go‘yoki ikki tomon o‘zlarida ortiqcha bo‘lgan narsalarni almashishga qaror qilgan: o‘zbeklar — mehnat migrantlarini, serblar esa qurol-yarog‘ni", — deb yozdi kanal.
U raketa sohasidagi ehtimoliy hamkorlik Xitoyga ham yoqmasligi mumkinligini taxmin qildi.
"Ballistik raketalarga kelsak, ha, agar o‘zingizni tish-tirnoqqacha qurollantirishga qaror qilgan bo‘lsangiz, ular, ehtimol, zarur. O‘zbekistonning harbiy byudjeti o‘sib bormoqda. Ammo Xitoy bunday "buyurtma"ning o‘zidan emas, boshqa joydan berilishiga ruxsat berarmikan, qiziq", — degan kanal.
Bu esa kanalning taxmini. Xitoy hukumati O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasida raketa sohasidagi ehtimoliy hamkorlik haqida hozircha rasmiy munosabat bildirgani ma’lum emas.
Rossiyalik jurnalist: "Bunga izoh berishning o‘zi deyarli kulgili"
Rossiyalik publitsist va jurnalist Yuriy Chernogayev ham Vuchichning bayonotiga shubha bilan qaradi.
"Mana g‘alati xabar: O‘zbekiston ballistik raketalar ishlab chiqaradi... Bunga izoh berishning o‘zi deyarli kulgili", — deb yozdi u 9 sentyabrda Telegram kanalida.
Biroq Chernogayev Serbiya Yugoslaviyadan kuchli mudofaa sanoatini meros olganini tan oldi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
U Serbiyaning asosiy raketa loyihasi sifatida Shumadiya ko‘p raketali tizimi va Jerina-1 taktik raketasini tilga oldi. Uning ma’lum qilishicha, Jerina-1 raketasining uchish masofasi 280 kilometrgacha, jangovar qismi esa 200 kilogrammgacha yetishi mumkin.
"Ammo "uzoq masofali" ballistik raketalar — butunlay boshqa masala. Bundan tashqari, O‘zbekiston bilan ballistik raketalarni birgalikda ishlab chiqarish bo‘yicha hech qanday aniq xususiyatlar, texnik talablar yoki kelishuvlar oshkor qilinmagan", - dedi Chernogayev.
U O‘zbekiston Sovet davridagi aviatsiya sanoatini to‘liq yo‘qotgani va mamlakat raketa ishlab chiqarishdan hali ancha uzoq ekanini ta’kidladi.
Toshkent Rossiya qurollaridan uzoqlashyaptimi?
Serbiyaning taklifi O‘zbekiston so‘nggi yillarda mudofaa sohasida Rossiyadan tashqari boshqa davlatlar bilan ham hamkorlikni kengaytirib borayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.
11 sentyabrь kuni O‘zbekiston Embraer kompaniyasidan birinchi C-390 Millennium harbiy-transport samolyotini qabul qildi. Shu tariqa mamlakat ushbu rusumdagi samolyotdan foydalanadigan Markaziy Osiyodagi birinchi davlatga aylandi.
O‘zbekiston bundan oldin Xitoyda ishlab chiqarilgan J-10CE qiruvchi samolyotlarini ham namoyish qilgan.
Toshkent Turkiya bilan Bayraktar kabi harbiy dronlar sohasida ham hamkorlik qilmoqda.
Bu jarayonlarning barchasi rossiyalik sharhlovchilar tomonidan tanqid qilingan.
Biroq bu yerda bir nechta turli jarayonni ajratish muhimligi aytiladi: harbiy texnika xarid qilish, harbiy-texnik hamkorlik va raketa ishlab chiqarish bo‘yicha muzokaralar avtomatik ravishda yagona harbiy strategiyani anglatmaydi.






























