You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Urush girdobidagi dunyo: Ikkinchi Jahon Urushidan beri bunaqasi kuzatilmagan
Norvegiyaning Tinchlik muammolarini o‘rganish institutining (PRIO) qurolli to‘qnashuvlar haqidagi yillik hisobotida aytilishicha, 2025 yilda davlat darajasidagi nizolar soni 1946 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichga yetgan.
O‘tgan yilgi qurbonlar soni oxirgi o‘n yilliklarda faqat ikkita davrdan — 1994 yilgi Ruanda genotsidi va 2021 yilgi Efiopiya urushidan keyingi eng dahshatli ko‘rsatkich bo‘ldi. Bugungi kunda Ukrainadagi urush eng ko‘p odam hayotdan ko‘z yumayotgan nizo bo‘lib qolmoqda.
“Mojarolar tendentsiyasi” deb nomlangan hisobotda kamida bitta davlat ishtirok etgan 65 ta to‘qnashuv qayd etilgan.
Orasida sakkizta davlatlararo nizolar bor. Tadqiqotchilar Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan tashqari, Hindiston va Pokiston, Pokiston va Afg‘oniston, Kamboja va Tailand o‘rtasidagi chegara to‘qnashuvlarini hamda Isroilning Suriyaga uyushtirgan aviazarbalarini shular jumlasiga kiritishgan. Eron atrofidagi hozirgi harbiy vaziyat 2025 yilgi hisobotga kiritilmagan, ammo Isroilning Livanni bombalagani yozilgan.
AFP agentligi hisobot muallifi Siri Aas Rustadning ushbu so‘zlaridan iqtibos keltiradi: "Afsuski, ijobiy yangiliklar kam. Odatda men ma’lumotlardan ozgina bo‘lsa ham biror ijobiy jihat topishga harakat qilardim, ammo bu yilgi raqamlar dahshatli".
Hisobotga ko‘ra, harbiy yoki siyosiy zo‘ravonlik bilan bevosita bog‘liq o‘limlar soni 245 ming kishini tashkil etgan. Bu statistikada asosiy qism frontda halok bo‘lgan harbiylar, masalan, Ukrainadagi rossiyalik askarlar.
Biroq umumiy qurbonlarning 25 foizidan ko‘prog‘i — 76,5 ming kishi — tinch aholi vakillari. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan besh barobar oshgan.
Tadqiqotchilar bu keskin o‘sishni Sudanda armiya va isyonchilar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar bilan izohlaydi. Al-Foshir shahrining qamal qilinishi, qotilliklar va ochlik o‘tgan yili taxminan 60 ming kishining o‘limiga sabab bo‘lgan.
"Oxirgi besh yoki olti yil ichida bir vaqtning o‘zida bir nechta yirik nizolar davom etmoqda yoki biri tugashi bilan ikkinchisi boshlanib ketyapti. Dunyoga hech qanday tin olish imkoni berilmayapti, — deydi Rustad. — Shu jihatdan hozirgi vaziyat o‘tgan yillardagidan farq qiladi: butun dunyo bo‘ylab nizolarning shiddati juda yuqori va barqaror bo‘lib turibdi".
Norvegiya instituti o‘z sharhlarida nizolarni uchta asosiy turga ajratadi: kamida bitta davlat ishtirok etgan nizolar, davlat ishtirokisiz bo‘lgan mojarolar va tinch aholiga qarshi bir tomonlama zo‘ravonlik holatlari.
Birinchi turga kiruvchi vaziyatlar bo‘yicha Afrika 29ta nizo bilan yetakchilik qilmoqda, undan keyingi o‘rinlarda Osiyo va Yaqin Sharq turibdi. Yevropada esa bunday nizo faqat bitta, biroq uning ko‘lami qit’a Ikkinchi Jahon urushidan beri ko‘rmagan darajada ulkandir.
O‘tgan yili norvegiyaliklar «urush» deb atash mumkin bo‘lgan mojarolar sonini jami 13 ta deb hisobladilar. Nisbatan tinch o‘tgan 2000 yillar va 2017–2022 yillar besh yilligidan so‘ng urushlar soni ham oshib bormoqda.
Rustad ta’kidlashicha, eng tajovuzkor davlatlardan biri — Isroil bo‘lib, u G‘azo bo‘lgasida, Suriyada, Livanda, Eronga qarshi va Yamandagi Husiylarga qarshi turli xil beshta mojaroga aralashgan. Osiyoda bunday «etakchilik» Myanma (Birma)ga tegishli. Bir vaqtning o‘zida to‘rtta mojaroga Suriya, Pokiston va Hindiston jalb etilgan.
Hisobot muallifi AQShni ham tilga oladi, Donald Trampning prezidentlik lavozimiga qaytishi «faqat hujumlar va zo‘ravonlik darajasining oshishini emas, balki savdo to‘siqlari joriy etilishiga ham olib keldi», deydi.
«Hamkorlik haqida hozircha unutib turish mumkin. BMT Xavfsizlik Kengashi hozircha ishlamayapti va dunyo tobora ko‘proq qutblashib bormoqda», — deydi u.