Yuk kemasiga qilingan hujumdan so‘ng AQSh Eronga zarba berdi

    • Author, Bernd Debusmann (kichik)
    • Role, Oq uy muxbiri
  • Published
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Prezident Donald Tramp Eronni Hurmuz bo‘g‘ozida yuk kemasiga qilingan hujumdan keyin sulhni "ahmoqona ravishda buzganlik"da ayblagach, AQSh harbiylari Eron nishonlariga zarbalar berdi.

AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) juma kuni raketa va dronlar saqlanadigan omborlarga hamda sohildagi radar tizimlariga hujum qilganini ma’lum qildi.

Qo‘mondonlikka ko‘ra, bu zarbalar payshanba kuni yuk kemasiga uyushtirilgan dron hujumiga javob bo‘lgan. Mazkur hodisa mintaqada qolib ketgan minglab dengizchilarni evakuatsiya qilish bo‘yicha rejaning to‘xtab qolishiga sabab bo‘ldi.

Tehron esa yuk kemasi o‘ta muhim Ko‘rfaz suv yo‘li orqali harakatlanishda ruxsat berilmagan yo‘nalishdan foydalangani uchun hujumga uchraganini da’vo qilmoqda.

AQSh Markaziy qo‘mondonligi ushbu zarbalarni bir kun oldingi dron hujumiga "kuchli javob" deb ta’rifladi.

"Eron kuchlarining tijorat kemalariga qarshi asossiz tajovuzi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini ochiqdan-ochiq buzdi", deyiladi qo‘mondonlik bayonotida.

"Bundan tashqari, Eronning xavfli xatti-harakatlari xalqaro savdo koridori orqali tijorat aylanmasi ortib borayotgan bir paytda kemalarning erkin harakatlanishiga tahdid soldi".

Centcom AQSh harbiylari bo‘g‘ozdan o‘tayotgan tijorat kemalarining xavfsiz harakatlanishini muvofiqlashtirish va ularni qo‘llab-quvvatlashni "davom ettirishini" bildirdi.

Biroq Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIMK) bunda "kelishuvlarni buzuvchi AQSh rejimini" aybladi.

Qo‘riqchilar korpusi o‘z harbiy-dengiz kuchlari mintaqadagi AQSh harbiy pozitsiyalariga javob zarbalari berganini da’vo qildi, ammo boshqa tafsilotlarni ochiqlamadi.

Bi-bi-si ushbu masala yuzasidan izoh olish uchun Pentagon bilan bog‘landi.

"Agar tajovuz takrorlansa, bizning javobimiz bundan ham keng ko‘lamli bo‘ladi", deya qo‘shimcha qildi IIMK.

AQSh va Isroilning Eronga qarshi hujumlari boshlanishi ortidan, Tehron fevral oyi oxirida bo‘g‘ozni amalda yopib qo‘ygan edi.

Neft va gaz yetkazib beriladigan ushbu o‘ta muhim suv yo‘lining yopilishi jahon bozorida neft narxining ko‘tarilishiga olib keldi va o‘g‘it kabi boshqa muhim tovarlarning yetkazib berilishini to‘xtatib qo‘ydi.

AQSh va Eron 17 iyun kuni 14 banddan iborat anglashuv memorandumi asosida harbiy harakatlarni to‘xtatishga kelishib olgan edi. Ushbu hujjat, shuningdek, Erondan "60 kun davomida tijorat kemalarining hech qanday to‘lovlarsiz xavfsiz o‘tishi uchun bor kuchini safarbar qilishni" talab etardi.

AQShning javob zarbalaridan so‘ng Vitse-prezident Jey Di Vens o‘zining X (sobiq Twitter) tarmog‘idagi sahifasida, agar Eronda "memorandumning qo‘llanilishi bo‘yicha kelishmovchiliklar bo‘lsa, ular telefonni ko‘tarib qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin", deb yozdi.

"Ammo zo‘ravonlikka zo‘ravonlik bilan javob beriladi", deya qo‘shimcha qildi u.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Biroq Eron parlamentining milliy xavfsizlik komissiyasi rahbari Ibrohim Aziziy ijtimoiy tarmoqlarda AQSh "yana bir bor muzokaralar ketayotgan bir paytda Eronga hujum qilganini" aytdi.

U o‘z postida so‘zini davom ettirib: "O‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining bunday pala-partish buzilishi, har doimgidek, ularning chekinishi va pushaymon bo‘lishiga olib keladi. Aybdorni qidirish o‘yinlari endi ish bermaydi", dedi.

Juma kuni tushdan keyin Oq uyda jurnalistlar bilan gaplashgan Tramp AQShning dron hujumiga qanday javob berishi yoki o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini hamon kuchida deb hisoblaydimi-yo‘qmi, degan savollarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob berishni istamadi.

"Buni yaqin orada bilib olasiz", dedi u. "Kecha ularning o‘q uzishgani menga yoqmadi. Ular bunday qilmasliklari kerak edi".

Eron nima uchun bunday operatsiyani amalga oshirgani haqidagi savolga Tramp faqat "ular bir oz boshqacharoq [odamlar]", deya javob qaytardi.

So‘nggi kunlarda Tramp va AQShning boshqa rasmiylari Eron bilan muzokaralar yaxshi ketayotganini ta’kidlab, Eron Hurmuz bo‘g‘ozidan o‘tayotgan kemalardan boj undirish fikridan qaytganini aytishayotgan edi.

Chorshanba kuni Truth Social tarmog‘idagi postida Tramp Eron AQShni "hech qanday boj, sug‘urta xarajatlari yoki boshqa turdagi to‘lovlar talab qilinmasligi va undirilmasligi" haqida xabardor qilganini yozgandi.

"Agar bu soxta ma’lumot bo‘lib chiqsa, muzokaralar zudlik bilan to‘xtatiladi", deya qo‘shimcha qilgandi u.

Qo‘shma Shtatlar Eronning bo‘g‘ozdan o‘tayotgan tankerlardan haq undirayotgani haqidagi xabarlarni qoralab kelmoqda va ko‘pchilik har qanday boj tizimini xalqaro dengiz huquqining buzilishi deb hisoblaydi.

Seshanba kuni Eron va Ummon rasmiylari Ummon poytaxti Maskatda "kemalar qatnovini kelgusida boshqarish" masalasini muhokama qilishdi. Garchi Ummon Tashqi ishlar vaziri Badr al-Busaidiy har ikki davlat "bojsiz va xavfsiz o‘tish" tarafdori ekanini bildirgan bo‘lsa-da, vaziyat murakkabligicha qolmoqda.

Shunga qaramay, Eronning bosh muzokarachisi Muhammad Bag‘ir G‘olibof davlatga qarashli OAVga bergan bayonotida: "Hamma bilishi kerakki, Hurmuz bo‘g‘ozining boshqaruvi hech qachon urushdan oldingi holatiga qaytmaydi", dedi.

Payshanba kuni snaryad kelib tekkan yuk kemasi Singapur bayrog‘i ostida suzuvchi "Ever Lovely" kemasi bo‘lgan.

Britaniyaning UKMTO dengiz xavfsizligi agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, kemaga Ummonning Dahit portidan 7,5 dengiz mili janubi-sharqda zarba berilgan.

Kema egasi "Evergreen" kompaniyasining bildirishicha, "Ever Lovely" hujumga uchragan paytda UKMTO tomonidan bo‘g‘oz orqali tavsiya etilgan yo‘nalish bo‘ylab harakatlanayotgan edi.

"Ekipajning barcha a’zolari, kemaning o‘zi va barcha yuklar xavfsiz holatda", deya qo‘shimcha qildi kompaniya.

Bunga javoban BMTning Xalqaro dengiz tashkiloti (IMO) urush boshlanganidan beri ushbu muhim suv yo‘lida qolib ketgan 11 000 dan ortiq dengizchini evakuatsiya qilish rejasini vaqtincha to‘xtatib qo‘ydi.