You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Aqaev: "Karimovga Qirg‘izistonda haykal qo‘ygan bo‘lardim"
Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Asqar Aqaev O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovga nega haykal qo‘ygan bo‘lishi haqida aytdi.
U bu borada yaqinda e’lon qilingan podkastda O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov haqida fikr bildirdi.
Uning fikricha, Karimov davrida O‘zbekistonning dunyoga nisbatan yopiq siyosati Qirg‘iziston va Qozog‘iston tadbirkorlari uchun imkoniyat yaratgan.
Aqaevning aytishicha, agar O‘zbekiston o‘sha paytda hozirgi Mirziyoyev davridagidek dunyoga ochilganida, qirg‘iz tadbirkorlari o‘zbek biznesi bilan raqobatlasha olmas edi.
Podkastda Aqaev jumladan shunday dedi:
"Men qirg‘izlarning savdo-sotiqni o‘zlashtirib olganiga hayron qoldim. Bu katta muvaffaqiyat bo‘ldi. Bu, meningcha, qirg‘izlarning qobiliyatli ekanini, moslashuvchanligini ko‘rsatadi. Rostini aytsam, to‘qsoninchi yillarda, prezident bo‘lganimda, menda bunga shubha bor edi. Men qirg‘izlar bozor mexanizmlarini o‘zlashtirib keta oladimi, o‘zbeklar bilan raqobatlasha olamizmi, deb ko‘p o‘ylanar edim. Chunki mening nazarimda bozor iqtisodiyotiga o‘tishimiz bilan o‘zbek birodarlar butun Markaziy Osiyoni egallab, boshqaradigandek edi. Sababi ular Sovet davridayoq bunga tayyor edi. Ammo biz barchamiz Islom Karimovdan minnatdor bo‘lishimiz kerak. U kishi o‘zbeklarni O‘zbekistonda dunyodan ajratib qo‘ydi. Shu bilan u qirg‘iz va qozoqlarga imkoniyat yaratib berdi. Men shu uchun Qirg‘izistonda Islom Karimovga haykal o‘rnatgan bo‘lardim. U bizga yo‘l ochib bergani uchun qirg‘izlar bozor mexanizmlarini o‘zlashtirib oldi. Agar raqobat bo‘lib, Islom Karimov (O‘zbekistonni - tahr.) ochib qo‘yganda edi, mana hozir Mirziyoyev kabi dunyoga ochilganda edi, biz ular bilan raqobatlasha olmas edik".
Asqar Aqaev kim?
Asqar Aqaev Qirg‘izistonning mustaqillikdan keyingi birinchi prezidenti bo‘lgan. Fizika sohasida ilmiy faoliyat yuritgan Aqaev 1990 yilda Qirg‘iziston parlamenti tomonidan prezident etib saylangan.
Prezidentligining dastlabki yillari u xalqaro maydonda demokratik islohotlarni qo‘llab-quvvatlovchi rahbar sifatida ko‘rilgan. Biroq keyingi yillarda saylovlarning adolatli o‘tmagani, hokimiyatning markazlashuvi va oila a’zolarining davlat boshqaruvidagi roli yuzasidan tanqidlar kuchayadi.
2005 yildagi "Lola inqilobi" ortidan Aqaev hokimiyatni tark etib, Rossiyaga ketgan. U o‘shandan buyon Moskvada yashab keladi.
Aqaev nima demoqchi bo‘ldi?
Aqaevning fikricha, Karimov davrida O‘zbekistonning iqtisodiy va tashqi siyosatdagi nisbatan yopiq yondashuvi Qirg‘iziston va Qozog‘iston tadbirkorlari uchun imkoniyat yaratgan.
Karimov rahbarligi davrida O‘zbekistonda valyuta konvertatsiyasiga cheklovlar amal qilgan, tashqi savdo, valyuta operatsiyalari va xorijiy investitsiyalar sohasida davlat nazorati kuchli bo‘lgan.
Bu siyosat xalqaro moliya institutlari va iqtisodchilar tomonidan tanqid qilingan.
Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan keyin esa valyuta konvertatsiyasi erkinlashtirilib, iqtisodiyotni liberallashtirishga qaratilgan qator islohotlar boshlangan.
Karimov davri tashqi siyosati ham akademik adabiyotlarda turlicha ta’riflanadi.
Ayrim tadqiqotchilar uni tashqi siyosatda mustaqillik va o‘z-o‘ziga tayanishga ustuvor ahamiyat bergan yondashuv sifatida ta’riflaydi. Masalan, Sent-Endryus universiteti tadqiqotchisi Bernardo Teles Fazendeyro bu siyosatni "muhofazakor mustaqillik" , deb atagan.
Karimovning mintaqadagi roli haqida boshqa Markaziy Osiyo rahbarlari ham fikr bildirgan.
Masalan, Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboev o‘z xotiralarida Karimovni "murakkab shaxs" deb atab, ikki rahbar chegara va boshqa mintaqaviy masalalar yuzasidan ko‘plab muzokaralar olib borganini yozgan. Uning ta’kidlashicha, qarashlardagi farqlarga qaramay, ayrim muhim masalalarda kelishuvga erishilgan.
"Deu" zavodi xato edimi?
Podkastda yana bir mavzu - Janubiy Koreyaning "Deu" kompaniyasining Markaziy Osiyodagi investitsiyalari bo‘ldi.
Aqaevning aytishicha, kompaniya dastlab Qirg‘izistonda avtomobil zavodi qurish imkoniyatini ham ko‘rib chiqqan, ammo keyinchalik investitsiya uchun O‘zbekiston tanlangan.
Aqaev esa bu qarorni boshqacha baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, keyinroq bu haqda Islom Karimovning o‘zi bilan ham suhbatlashgan.
"Bunday ishlab chiqarish na o‘zbekka, na qirg‘izga kerak. Men hatto keyin Islom Karimovdan so‘raganman. U ham bu qaror xato bo‘lganini aytgan".
Podkast davomida Aqaev Qirg‘izistonda yirik sanoat korxonalarini rivojlantirish imkoniyatlari haqida ham tanqidiy fikr bildirgan.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Bahsli bayonotlarga munosabat
Haqiqatan, 1990-yillar boshlarida Toshkentda yirik ulgurji bozorlari shakllana boshlagandi.
Biroq keyinchalik bu bozorlar kichrayib, qo‘shni davlatlar, xususan, Qirg‘izistonda ham Bishkek va O‘sh yaqinida yirik mintaqaviy ulgurji savdo maskanlari paydo bo‘ldi.
Ayrim kuzatuvchilar buni o‘sha yillari O‘zbekistondagi mavjud iqtisodiy-siyosiy shart-sharoit va vaziyatga, chegara osha kirdi-chiqdi hamda savdo-sotiqdagi cheklovlarga ham bog‘lab kelishgan.
Ayni paytda, Qirg‘iziston sobiq prezidentining fikrlari qanchalik haqiqatga to‘g‘ri kelishini ba’zilar savol ostiga olishadi.
"Yirik sanoat loyihalari faqat bevosita daromad bilan baholanmaydi. Mashinasozlik kabi sohalar strategik ahamiyatga ega. Bu davlatning sanoat salohiyatini shakllantiradi", - dedi o‘z ismini oshkor etishni istamagan iqtisodiy tahlilchi.
Uning fikricha, O‘zbekistonda qurilgan avtomobil zavodi uzoq muddatli rivojlanish nuqtai nazaridan muhim qaror bo‘lgan. Muammolar esa, asosan, boshqaruv va korruptsiya bilan bog‘liq bo‘lgan.
"Aqaevning bu chiqishi O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida chegara va hamkorlik masalalari muhokama qilinayotgan davrga to‘g‘ri kelishi, menga qiziq tuyuldi. Bu tasodifmi yoki rus og‘alarining ta’sirida aytilgan gapmi", - deydi mintaqalik suhbatdoshimiz.
Unga ko‘ra, bunday bayonotlar ortida siyosiy yoki geosiyosiy hisob-kitoblar bo‘lishi ehtimoli ham yo‘q emas.
Asqar Aqaev ham, Islom Karimov ham uzoq yillar o‘z davlatlarini boshqargan rahbarlar.
Ularning boshqaruv uslublari turlicha baholansa-da, har ikkalasining siyosiy merosi Markaziy Osiyo siyosatida turli fikrlarga sabab bo‘lib keladi.
Aqaevning aytganlari esa oddiy maqtov emas, balki turli talqinlarga sabab bo‘layotgan, bahsli va ko‘p qirrali fikr sifatida qabul qilinmoqda.