You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Tojikistondan afg‘on qochqinlari deportatsiya qilinyapti - Afg‘oniston matbuoti
Tojikiston o‘nlab afg‘onistonlik qochqinlarni vataniga deportatsiya qilishi mumkin. Bu haqida Afg‘oniston matbuoti xabar tarqatgan.
«Afghanistan International» telekanali 4 mayda qator muhojirlar ko‘chirilayotgani aks etgan videoni ko‘rsatdi. Lavhada aytilishicha, 250 nafarcha afg‘on fuqarolari So‘g‘d viloyatidagi Jabbor Rasulov tumanidan poytaxt Dushanbega olib kelinganlar va endi deportatsiya qilinishlari mumkin.
Bu xabarlar Xo‘jandda 22 yoshli Afg‘oniston fuqarosi 27 yoshli ayolni o‘ldirishda gumonlanib hisbga olinishi manzarasida chiqyapti. Asiaplus.tj agentligi 30 aprelda bu qotillik haqida xabar bergandi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Tojikiston Ichki ishlar vazirligidan iqtibos keltirilishicha, ushbu afg‘on fuqarosi mamlakatda noqonuniy yashab kelayotgandi. Tergov ma’lumotlariga binoan, u ayolni pichoqlab o‘ldirgan.
Hozirda u hibsda qolmoqda.
«Afghanistan International» telekanali o‘z lavhasida bildirishicha, Dushanbega ko‘chirilgan afg‘onistonliklarning bir qanchasi BMTning qochqinlik maqomiga ega.
Ammo, na BMT Qochqinlar agentligi yo na Tojikiston hukumati bu xabarlarni tasdiqladi.
Tojikiston Ichki ishlar vazirligining sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda bu borada rasmiy ma’lumot yo‘q.
Telekanal videosida afg‘on muhojirlari deya tanishtirilgan odamlar ulardan sim-kartalari olib qo‘yganini aytishadi.
Tojik matbuotiga ko‘ra, hukumat avval ham migratsiya qonunchiligi buzilganligi va’ji bilan bir necha bor afg‘onistonliklarni mamlakatdan chiqarib yuborgan.
O‘tmishda BMT Qochqinlar agentligi ularning o‘z vatanlarida xavfga yuz tutishlari mumkinligini eslatib, Tojikistondan qochqinlarni Afg‘onistonga qaytarmaslikni so‘ragan.
2024 yil oxirida BMT tarqatgan ko‘rsatkichga ko‘ra, Tojikistonda 9 900 afg‘on qochqini ro‘yxatga olingan. Ammo, boshqa raqamlarga ko‘ra, mamlakatda yashayotgan afg‘onlarning soni 13 minggacha yetishi mumkin.