You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
"Uzr so‘ramayman!" Yulduz Usmonovaning AQShdagi kontserti yana bekor qilindi - video
O‘zbekistondagi chiqishlari tez-tez muhokama markaziga aylanadigan qo‘shiqchi Yulduz Usmonovaning Nyu-Yorkdagi kontsertining bekor qilinishi siyosiy munozaralarga sabab bo‘ldi. U ikki yil avval ham shunday vaziyatga duch kelgan.
Bu yilgi kontsert 9 may kuni Bruklindagi Oceana Theater sahnasida o‘tkazilishi rejalashtirilgandi. Biroq mahalliy siyosatchilar va jamoat faollarining qarshiligi ortidan kontsert bekor qilindi. Norozilik bildirganlar Usmonovaning Falastin-Isroil mojarosida yahudiy jamiyatini tanqid qilib kelganini asos sifatida ko‘rsatdilar.
4 may kuni Nassau okrugi raisi va Nyu-York gubernatorligiga nomzod Bryus Bleykman boshchiligida matbuot anjumani o‘tkazilib, Usmonovaning kontsertiga qarshi fikrlar bildirildi. Ularning ta’kidlashicha, Bruklinning yahudiylar ko‘p yashaydigan hududida, ayniqsa Ikkinchi jahon urushi xotirasi bilan bog‘liq sanada bunday kontsert o‘tkazilishi maqbul emas. Ma’lumotlarga ko‘ra, Bleykman xonandaning AQShga kirish vizasini bekor qilishni so‘rab, davlat kotibi Marko Rubioga xat yo‘llagan.
Shundan so‘ng Oceana Theater o‘zining Facebook sahifasida kontsert to‘xtatilgani va chipta sotib olganlarga pul qaytarilishini yozdi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Yulduz Usmonova 5 may kuni Instagram orqali murojaat yo‘llab, barcha chiptalar sotilganini aytdi va muxlislariga minnatdorlik bildirdi. Bi-bi-cida hozircha sotilgan chiptalar soni haqida aniq ma’lumot mavjud emas.
U holatni izohlar ekan, o‘z qarashlaridan chekinmasligini, hech kimdan kechirim so‘ramasligini va kelajakda albatta kontsert bo‘lishini ta’kidladi.
"Agar siz yahudiy sionistlar meni uzr so‘raydi deb o‘ylasangiz, qattiq yanglishasiz. Men o‘zimning qadriyatlarimga qattiq ishonaman. Birinchidan, men zo‘ravonlikka qarshiman", – degan Usmonova Falastin tarafdori ekanini yana bir bor qaytaladi.
O‘zbekiston halq artisti bilan bog‘liq bu mavzu hozirda mediada keng muhokama qilinmoqda. Jurnalist Ilyos Safarov qo‘shiqchining so‘zlarini rasmiy Toshkentning pozitsiyasi sifatida talqin qilish mumkinligini aytadi.
"Yulduz Usmonovaning shov-shuv bo‘layotgan chiqishi tezisi qayerdan tushirilganini sezish qiyin emas. Matn, shubhasiz, puxta maslahatlashuvlar mahsuli. Fikrimcha, strategik jihatdan ham bu yaxshi tanlangan pozitsiya. Bir tomondan, Usmonova orqali hukumatning qat’iy va o‘zgarmas munosabati bildirilmoqda. Xonandaning endi AQShga kira olmasligi esa, umumiy vaziyat fonida arzimas yo‘qotish. Biroq bu yerda boshqa bir jiddiy jihat ham bor: hukumat uchun "haqiqat" kimning tilidan chiqishi ham muhim ahamiyatga ega. Masalan, aynan shu mazmundagi fikrlarni ilgariroq bildirgan Mubashshir Ahmad bugun ozodlikda emas"- deb yozdi u Facebook sahifasiga. Biroq hukumat tomonidan bu masalaga rasmiy munosabat bildirilmadi.
G‘azodagi vaziyat tufayli Isroilni faol tanqid qilib kelayotgan Yulduz Usmonova 2023 yili Isroil mahsulotlarini sotib olmaslikka chaqirgan. Shundan keyin Nyu-York shtatida 2024 yilning 14 sentyabriga mo‘ljallangan kontserti ham AQShdagi yahudiy diasporasining noroziligi ortidan to‘xtatilgan.
Yulduz Usmonova bilan avval hamkorlik qilgan taniqli prodyuserlardan biri Bi-bi-siga ismini oshkor qilmaslik sharti bilan izoh berib, xonandani siyosatdan yiroq bo‘lishga undadi.
"Uning ko‘p gapi boshiga balo bo‘ladi. O‘ylamay gapiradi, mashhurlik va madaniyat mas’uliyatini, hamda yurtning yuzi xam ekanini his qilmaydi. Ammo uning pozitsiyasini tanqid ostiga olish ham bir tomondan noto‘g‘ri. Demokratiyani targ‘ib etayotganlarning o‘zi shunday qadamga borib tursa, unda bilmadim" – dedi u.
Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda Usmonovani Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosli urushi haqida fikr bildirmagani uchun tanqid qilganlar ham bo‘ldi. Shunday fikrlarning biri asli o‘zbekistonlik, hozirda AQShda yashovchi xonandalardan biri Nargiz Zokirova Facebook sahifasiga yozdi.
Rossiya tomoni bu urushga minglab o‘zbek migrantlarini ham jo‘natgani va yuzlab o‘zbek bu urushda halok bo‘lgani Ukrainaning "Yashashni hohlayman" loyihasida tasdiqlangan.
Yulduz Usmonova o‘zbek zamonaviy qo‘shiqchiligining primadonnasi sifatida ta’riflanadi. Uning ijodiga Islom Karimov davrida bir necha yil norasmiy ta’qiq qo‘yilgan, kontsertlari o‘tkazilmagan, qo‘shiqlari teleradioda eshittirilmagan. 2017 yilda Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelgach, xonanda sahnaga qaytgan.
2010 yildagi Qirg‘izistonning janubida bo‘lgan qonli iyun voqealarida kuylagan qo‘shig‘i ortidan qirg‘iz jamiyati ham uning ijodini bir muddat boykot qilgan. U qo‘shig‘ida qo‘shni davlatga nisbatan nafratli so‘zlar bor edi. Ammo Usmonova AQShda bekor qilingan kontsertiga munosabat bildirgan oxirgi chiqishida qirg‘iz muxlislarini ham tilga olib, chipta xarid qilganlari uchun minnatdorlik bildirdi.