"Qizil chiziqlar bor" - O‘zbekistonda matbuot erkinligi yana juda murakkab deb baholandi

    • Author, Sanjar Eraliyev
    • Role, BBC muxbiri, Bishkek
  • O'qilish vaqti: 3 daq

Jahon matbuot erkinligi indeksida O‘zbekiston bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarilgan bo‘lsa-da, umumiy ball pasayib, sharoit o‘tgan yilga nisbatan yomonlashdi. Halqaro maydonda o‘zini ochiq va islohotlarga moyil davlat sifatida ko‘rsatayotgan O‘zbekistonda nega matbuot erkinligi yillar davomida cheklangan holatda qolmoqda? BBC mahalliy jurnalistlar va mutaxassislarga murojaat qildi. Ayrimlar muammoni siyosiy tizim bilan bog‘lasa, boshqalar jurnalistlarning o‘zi erkinlikka intilmasligini ta’kidladilar.

Parijdagi Chegara bilmas muxbirlar (RSF) tashkiloti 30 aprelda e’lon qilgan 2026 yilgi Matbuot erkinligi indeksiga ko‘ra, O‘zbekistondagi vaziyat "juda murakkab" deya toifalandi. Mamlakat 180 davlat orasidan 147-o‘rinni egalladi va 34,95 ball oldi. Mualliflarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich mustaqil jurnalistikaning imkoniyatlari cheklanib borayotganini anglatadi. 2025 yili 148-o‘rinda bo‘lishiga qaramay, umumiy ball 35dan yuqori edi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasining (CPJ) Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha dastur kordinatori Gulnoza Said reytingdagi o‘rinlar borasida bunday fikrda:

"Masalan, Qirg‘izistonda oxirgi 12 oyda jurnalistlar qamalishi orqali vaziyat keskin yomonlashdi, shu kabi misollar hisobiga O‘zbekistonning ko‘rsatkichi sal yuqoriga chiqdi. Lekin bu ichki islohotlar natijasi emas. Mirziyoyev prezidentlikka kelgan yillari so‘z va matbuot erkinligida sezilarli qadamlar qo‘yilgan bo‘lsa-da, oxirgi ikki-uch yilda bu jarayon to‘xtab qoldi. Ilgargi O‘zbekistonga qaraganda albatta erkinlik ko‘proq, jurnalistlar ko‘proq masalalarni ko‘tarmoqda. Lekin, biz hohlagan marraga yettikmi, matbuot erkinligi borasida? Agar shu savolni qo‘yadigan bo‘lsak, menimcha, javob salbiy bo‘lishi aniq".

RSF ma’lumoticha, O‘zbekistonda hozirda besh jurnalist qamoqda yoki uy qamog‘ida. Bloger Otabek Sattoriyning tovlamachilik aybi bilan 6,5 yilga qamalishi bu holatning yaqqol misoli sifatida keltirilgan.

Bayonotda hozirgi vaziyat Islom Karimov davri bilan taqqoslanib, matbuot uchun sharoitlar faqat ozgina yaxshilangani, hokimiyatni tanqid qilish esa hali ham juda qiyinligi qayd etilgan.

"U davrga taqqoslaganda, o‘zgarish bor. Lekin baribir, qizil chiziqlar ham bor. Qayerdan o‘tmaslik kerakligi, tanqid qilinmaydigan shaxslar borligini bilamiz. Shunday ekan, O‘zbekistonda matbuot erkin va o‘z so‘zini ayta oladi demagan bo‘lardim. Qizil chiziqlarni hech kim aniqlab bermaydi. Lekin, biz tegilmaydigan, muhokama qilinmaydigan, qarorlari tanqid ostiga olinmaydigan odamlarni bilamiz. Masalan, ular kimligini hozir sizga ham ayta olmayman" - deydi toshkentlik jurnalist Anora Sodiqova.

Ko‘p yil davlat kanallarida ishlagan, hozir media tadbirlar tashkil qilish bilan shug‘ullanayotgan Nozima Toshpo‘latova esa matbuot erkinligi bo‘lishi uchun jurnalistlarning o‘zini ham mas’ul deb hisoblaydi:

"Biz jurnalistlar orasida turli so‘rovnomalar o‘tkazamiz. O‘tgan yili shunday tadbirlarning birida korruptsiya haqida savol bor edi: Korruptsiya haqida jurnalistlar yozmasa, hammasi yaxshi bo‘lib ketadimi? degan savol edi. Ba’zi jurnalistlar "ha, jurnalistlar ortiqcha gapirmasligi kerak" degan fikrni bildirishdi. Negaligini so‘rasak, "unday materiallarni yozsak, nashriyotga monitoringdan xat keladi" deyishdi. Monitoring tizimi tugatilgan, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birga yopilgan desam ham, "yo‘q, baribir kelishi mumkin" deyishdi. Bir necha yillardan beri unday xat kelmagan, lekin kelish ehtimoli bor deb hech narsa yozishni istashmaydi".

U shuningdek, jurnalistlar va nashrlarning moliyaviy ahvoli yomonligini, bu esa sifatli jurnalistika va erkinlikni ta’minlashga to‘sqinlik qilayotganini qo‘shimcha qildi. Ayni paytda BBCda O‘zbekistondagi ommaviy axborot vositalarining moliyaviy ahvoliga bog‘liq ma’lumotlar mavjud emas.

2025 yil dekabrь oyida prezident Shavkat Mirziyoyev matbuot erkinligini davlat siyosati ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ta’kidlab, "ochiqlik va shaffoflik siyosatidan qaytilmasligi"ni aytgan. Rasmiy bayonotlarda matbuotni qo‘llab-quvvatlash va ochiqlikni kuchaytirish masalalari doimiy tilga olinadi.

Kuzatuvlarga ko‘ra, co‘nggi yillarda O‘zbekistonda ijtimoiy media jadal rivojlandi. Podkastlar, onlayn loyihalar va blogerlar soni oshdi. Bu holat mahalliy mediada so‘z erkinligining yaxshilanishi sifatida baholanadi. Ammo RSF blogerlarning katta qismi davlatga yaqin ekanini, bu esa mustaqil jurnalistikaga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlagan.

Matbuot erkinligi reytingida Norvegiya birinchi o‘rinda. Undan keyin Niderlandiya, Estoniya, Daniya va Shvetsiya joylashgan. Ro‘yxatning eng oxirida esa Eron, Xitoy, Shimoliy Koreya va Eritreya turibdi.