Bouen: Tramp va Netanyahu Yaqin Sharqni qayta shakllantiraman deb doimiy inqiroz xavfi ostida qolishdi

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Jeremi Bouen
- Role, Xalqaro masalalar bo‘yicha muharrir
- Published
- O'qilish vaqti: 5 daq
Donald Tramp va Binyamin Netanyahu Eron ustidan g‘alaba Yaqin Sharqni butunlay o‘zgartirib yuborishiga ishongan edi.
Mintaqa haqiqatan o‘zgarmoqda. Lekin ular kutgan tomonga emas. Eron Islom Respublikasi mag‘lub etilmadi. Endilikdagi xavf – bu vaqt-vaqti bilan alangalanib turadigan mojaro, uzoq, holdan toydiruvchi doimiy inqirozdir.
Eron rejimi Tramp va Netanyahu o‘ylaganidan qattiqroq yong‘oq bo‘lib chiqdi. Ularning o‘lchovlari xato edi va oqibatda vaziyat nazoratdan chiqib ketdi.
Bu oqibatlarning so‘nggisi Eronning AQShga tegishli "Apache" vertolyotini urib tushirishi bo‘ldi. Bu Eron hamon amerikaliklarga ziyon yetkaza olishini va bu urushdan g‘olib bo‘lib chiqish qat’iyatidan qaytmasligini yana bir bor eslatadi. Ular uchun g‘alaba omon qolish va dunyoning eng strategik suv yo‘llaridan biri bo‘lmish Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan nazoratni qo‘lga olish orqali o‘zining tiyib turish qudratini oshirishdadir.
Prezident va uning generallari urib tushirilgan vertolyot uchun qanday javob qaytarish masalasida ehtiyotkor yo‘l tutishga harakat qiladi. Bir tomondan, ular o‘zlariga bosim o‘tkazish yoki tahdid qilishlariga yo‘l qo‘ymasliklarini ko‘rsatib qo‘yishlari kerak. Biroq, ayni paytda, sust kechayotgan va hozircha sezilarli natija bermagan diplomatik jarayonni ham izdan chiqarmaslik lozim. "Apache" ekipaji omon qoldi. Agar ular halok bo‘lganida, javob ancha keskinroq bo‘lishi ehtimoli yuqori edi.
Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochish va Eronning boyitilgan uran zaxiralari hamda uning kengroq yadroviy rejalari bo‘yicha uzoq muddatli muzokaralar shartlarini kelishib olish kabi yirik masalalar borasida Eron bilan bitim tuzishga umid bog‘layotgan edi.
Bu urushni amerikaliklar qabul qila olmayapti va Tramp o‘zi g‘alaba sifatida taqdim eta oladigan chiqish yo‘lini qidirmoqda. Bu esa oson bo‘lmayapti.

Surat manbasi, Reuters
Tramp va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu eski bir saboqni qayta o‘rganmoqda.
Insoniyat urush san’ati va la’natini kashf etganidan buyon, yetakchilar urushni aniq g‘alaba bilan yakunlashdan ko‘ra, uni boshlash osonroq ekanini anglab keladi.
Fevral oyi so‘nggi kunida mamlakatlarini Eron bilan urushga boshlaganlarida, ikkala rahbar ham tarixiy o‘zgarishlar pallasi yaqinlashayotgani haqida so‘zlab, video bayonotlar e’lon qildi. 1979 yilda shoh ag‘darilganidan beri Eronni boshqarib kelgan tuzum barbod bo‘lish arafasida edi go‘yo.
Tramp tong saharda Floridadagi Mar-a-Lago qarorgohida o‘zining yanvarь oyida rejim muxoliflariga "yordam bormoqda" deya bergan va’dasini yodga oldi.
"Eronning buyuk va mag‘rur xalqiga shu kecha aytamanki, ozodlik soatingiz yaqin. Panada bo‘ling. Uyingizdan chiqmang. Tashqari juda xavfli. Hamma yerga bombalar tashlanadi. Ishimizni bitirgach, hukumatingizni o‘z qo‘lingizga oling. U sizniki bo‘ladi. Bu, ehtimol, kelajak avlodlar uchun yagona imkoniyatingizdir".
Ertasi kuni ertalab Netanyahu Tel-Aviv markazidagi Isroil mudofaa vazirligining osmono‘par binosi – "Kiriya" tomida quyosh nurida turib, o‘z murojaatini yozdirdi. Tramp singari u ham g‘alabaga ishonch bilan gapirdi.
"Bu kuchlar ittifoqi bizga qirq yildan beri orzu qilgan ishimizni qilishga imkon beradi: terror rejimiga qaqshatqich zarba berish. Men shuni va’da qilganman va biz shunday qilamiz".
Netanyahu butun siyosiy faoliyati davomida Isroil uchun haqiqiy tahdid falastinliklar yoki qo‘shni arab davlatlaridan emas, balki Erondan kelishini ta’kidlab kelgan. U boshqa Amerika prezidentlarini Eronga hujum qilishda o‘ziga qo‘shilishga undagan, ammo uddalay olmagan edi. Tramp boshqacha chiqdi.
2023 yil 7 oktyabrda Hamas Isroilga hujum qilganidan beri ikki yildan ortiq vaqt davomida Netanyahu isroilliklarga Amerika qo‘llab-quvvatlovidagi Isroil harbiylari dushmanni tor-mor etib, yanada boy va xavfsiz kelajakni boshlab berishini aytib keldi. Yechim diplomatiyada emas, kuchda edi.
Netanyahu o‘z fursati kelgan insonning qiyofasida edi. Dushanba kuni Tramp Bayrutga hujum qilish rejalarini bekor qilishini aytganidan so‘ng kameralar qarshisiga chiqqan Netanyahu, Isroilning yetakchi gazeta sharhlovchisi Ben Kaspitning ta’biricha, dami chiqqan pufakka o‘xshab qolgandi.
Kaspit Bosh vazirning eng ashaddiy tanqidchilaridan biri. Lekin Netanyahuning mintaqani o‘z irodasiga bo‘ysundirish uchun kuch ishlatish strategiyasi barbod bo‘lgani aniq.
Tramp tezkor g‘alabani kutgan edi. U AQSh harbiylari Venesuela prezidenti va uning rafiqasini o‘g‘irlab, Nyu-Yorkdagi qamoqxonaga jo‘natgani hamda Karakasga itoatkor vorisni tayinlaganini mamnuniyat bilan kuzatgan edi. Uning nazarida bu Iroq va Afg‘onistonda salaflari qilgandan ancha yaxshiroq rejim almashtirish edi. Ro‘yxatdagi mamlakat Eron bo‘lishi lozim edi.
Har ikkala siyosatchi nima xato ketganiga hayron bo‘layotgan bo‘lsa ajab emas. Qo‘shma Shtatlar dunyodagi eng qudratli armiyaga ega. Isroil esa Yaqin Sharqning superkuchidir.
Tramp va Netanyahu Tehrondagi rejimni sanksiyalar, noshud boshqaruv va korruptsiya sababli yuzaga kelgan iqtisodiy inqirozdan larzaga kelgan holda ko‘rgan edi. Isroil Eronning ittifoqchilari – G‘azodagi Hamas va Livandagi "Hizbulloh"ga qaqshatqich zarbalar bergan edi. Uning yana bir muhim ittifoqchisi Bashar al-Assad Suriya prezidentligidan chetlatilib, Moskvaga qochgan edi. Yanvarь oyida esa rejim yirik namoyishlarni bostirish chog‘ida minglab fuqarolarni o‘ldirgan edi.
Ular Eron rejimining bardoshi, shafqatsizligi va ayyorligini past baholadilar. Ular rejimning oliy rahbari va uning eng yaqin safdoshlarini o‘ldirish uni ichdan parchalab yuboradi, deb o‘yladilar.
Ular qariyb 50 yil davomida takroriy tahdidlarga duchor bo‘lgan, hujumdan omon qolish uchun o‘zini tayyorlagan, diniy va mafkuraviy e’tiqodga tayangan milliy xavfsizlik kontseptsiyasi ustida puxta bosh qotirgan rejimga qarshi harbiy kuchning samarasiga haddan tashqari yuqori baho berib yubordilar.
AQSh ittifoqchilari bo‘lgan, BAA va Bahrayn misolida esa Isroilning ham hamkori sanalgan Ko‘rfazdagi neftь davlatlari qattiq zarbalarga uchradi. Gap shunchaki neftь-kimyo mahsulotlari va o‘g‘it kabi ulardan olinadigan qo‘shimcha mahsulotlardan keladigan daromadning yo‘qolishida emas. Ular o‘z kelajagini Ko‘rfazdagi barqarorlikka va ko‘p milliard dollarlik biznes muhitini yaratishga bog‘lagan edi. Potentsial sarmoyadorlar va sayyohlar esa urush bu istiqbolni sarobga aylantirayotganini ko‘rib turibdi.
Eron rejimi o‘zining omon qolgani va Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopib, jahon iqtisodiyotini bunchalik oson bo‘g‘ib qo‘ygani AQSh va Isroilga qarshi uzoq muddatli tiyib turish omiliga aylanishi mumkin, deb hisoblaydi.
Isroil va AQSh tomonidan o‘ldirilgan Eron rahbarlarining eski gvardiyasi o‘rnini egallagan kishilar avvalgilar kabi mafkuraga sodiq, ammo ular tirik qolish uchun kurash deb bilgan bu jarayonda tavakkal qilishga ancha moyilroq. Ularning ishonishicha, AQSh yoki Isroilning kelajakdagi hujumlarini yolg‘iz so‘z bilan to‘xtatib bo‘lmaydi. Aksincha, ular Eronga qilinadigan har qanday keyingi hujumlar og‘riqli oqibatlarga olib kelishini namoyish etmoqchi.
Uning strategiyasining asosiy qismlaridan biri Livandagi urushni Ko‘rfazdagi urush bilan bog‘lash. Rejimning Trampga yo‘llagan nomasi shuki, agar Isroil Livanni bombalayversa va 1980-yillardan beri qo‘llab-quvvatlab kelayotgan "Hizbulloh" harbiylashgan guruhi va siyosiy harakatini yo‘q qilishga urinsa, u hech qanday kelishuvga umid qilmasa ham bo‘ladi.
Tramp kelishuv yaqinlashganini (u bu da’voni avval ham aytgan va xato qilgan edi) bahona qilib, Isroilning Bayrutga hujum rejalarini jilovlash orqali Livanda sodir bo‘layotgan voqealar bilan Ko‘rfazdagi voqealar o‘rtasidagi bog‘liqlikni zimdan tan olayotganini ko‘rsatdi.
Dushanba kuni Netanyahu bu bog‘liqlikni qabul qilmasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu "toqat qilib bo‘lmas va mutlaqo nomaqbuldir". Gap shundaki, Tramp o‘z manfaati va urushni tugatish istagini Netanyahuning Tehrondagi rejimni ag‘darmaguncha urushni davom ettirish qat’iyatidan ustun qo‘yadi.
Netanyahu Bayrutga rejalashtirilgan hujumni bekor qildi, biroq Isroil armiyasi Livan janubiga juda kuchli zarbalar berishda davom etmoqda.
Mart oyida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilganda, agar iyungacha yopiqligicha qolsa, bu global iqtisodiy oqibatlarga olib kelishi haqida jiddiy ogohlantirishlar yangragan edi.
AQSh va Isroil Eronga hujum qilguniga qadar ochiq bo‘lgan bu suv yo‘li nafaqat yopiqligicha qolmoqda, balki uning yaqin orada qayta ochilishini tasavvur qilish ham qiyin.






























