Qovunlar chirib ketdi. Qozog‘iston qo‘shnilarining bulutini o‘g‘irlayaptimi?

Surat manbasi, kazinform.kz
Qozog‘iston BAA bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘ygan sun’iy bulut loyihasi ham mamlakat ichkarisida, ham Markaziy Osiyo mintaqasida ehtimoliy salbiy oqibatlarga yetaklashi mumkinligi haqidagi tanqidlarga duch kelmoqda.
Sun’iy bulut loyihasi sinovi boshlangan Qozog‘istonning Turkiston viloyati dehqonlari hosillari yo‘qolishiga may oyidagi haddan ziyod ko‘p yog‘ingarchilikni aybladilar, aynan shu sun’iy bulutlar ko‘p yomg‘irlarni keltirib chiqardi, deya iddao qildilar.
Qo‘shni Qirg‘iziston va O‘zbekistondagi kuzatuvchilar ham Qozog‘iston sun’iy yomg‘ir yangiligini xavotir bilan qabul qildilar, Qozog‘iston tabiiy yomg‘ir oqimlari tarqalishini izdan chiqarib, boshqa hududlarda qurg‘oqchilikni yuzaga keltirishi mumkinligini aytdilar.
Sun’iy yomg‘irlar iqlim quroliga ham aylanishi mumkin degan xavotirlar paydo bo‘ldi.
Qozog‘iston Markaziy Osiyoda sun’iy yomg‘ir texnologiyasidan foydalanishni boshlagan birinchi davlatga aylandi, deb xabar tarqatdi mamlakat ommaviy axborot vostalari.
16 may kuni davlat axborot agentligi Kazinformning Qozog‘iston Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligiga tayanib xabar qilishicha, Turkiston viloyatida bulutlarni urug‘lantirish loyihasi rasman ishga tushirildi.
"Bu texnologiya Turkiston viloyatidagi qishloq xo‘jaligi hududlarida qurg‘oqchilik va suv tanqisligining salbiy ta’sirini kamaytirishga qaratilgan bo‘lib, 911 ming gektardan ortiq haydaladigan yerlarni qamrab oladi. Loyiha 1980-yillar oxiridan beri ob-havoni o‘zgartirish va yomg‘irni ko‘paytirish texnologiyalari bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lgan Birlashgan Arab Amirliklari Milliy meteorologiya markazi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda", deyiladi xabarda.
Xalqaro hisob-kitoblarga ko‘ra, bulutlarni urug‘lantirish tabiiy holatga nisbatan yog‘ingarchilik miqdorini 10–20 foizga oshirishi mumkin.
Biroq loyiha mahalliy va mintaqaviy sharhlovchilar hamda ekologlar tomonidan an’anaviy va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘ldi.
Ular Qozog‘iston hukumatining ushbu amallari qishloq xo‘jaligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va qo‘shni hududlarda yog‘ingarchilik kamayishiga olib kelishi mumkinligini aytdilar.
Jamoatchilik xavotirlarini kamaytirish maqsadida, tajribani muvofiqlashtirish uchun mas’ul bo‘lgan Qozog‘iston Raqamli hukumatni qo‘llab-quvvatlash markazi Bosh direktori Aliya Ospanova loyiha "ilmiy tadqiqotlar va xalqaro ilg‘or tajribalarga asoslangan holda" amalga oshirilayotganini aytdi, deb xabar qildi Kazinform 7 iyun kuni.
Qovuni chirigan fermerlar norozi
3 iyun kuni Kazinform xabar berishicha, mintaqadagi mahalliy fermerlar sun’iy yomg‘irlarni qovun hosili chirishiga sabab bo‘lganlikda aybladilar.
"Fermerlarga ko‘ra, may oyida uzoq davom etgan yomg‘irlardan keyin yerning suvga to‘yinib ketishi tufayli qovun hosilining katta qismi zarar ko‘rgan. Ular kuchli yog‘ingarchilik mintaqada amalga oshirilayotgan sun’iy yomg‘irni ko‘paytirish tajribasi natijasi bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqdalar", deyiladi xabarda.
Bunga javoban Turkiston viloyati ma’muriyati shunday bayonot berdi:
"Ish olib borilayotgan hududlarda ma’lum joylarda yengil va o‘rtacha yog‘ingarchilik kuzatildi. Sun’iy yog‘ingarchilikni kuchaytirish usuli bulutlarni yaratishni nazarda tutmaydi va ishlar faqat tabiiy bulutlar mavjud bo‘lgan taqdirdagina amalga oshiriladi."
"May oyi oxirida Turkistonning turli hududlarida kuzatilgan uzoq davom etgan yog‘ingarchilikni ushbu loyiha bilan bog‘laydigan dalillar mavjud emas... Shuni ta’kidlamoqchimizki, loyihaning qishloq xo‘jaligi ekinlari kasalliklari bilan bog‘liqligi haqida tarqatilayotgan ma’lumotlar bulutlarni urug‘lantirish amalga oshirilmagan hududlarda qayd etilgan", deya qo‘shimcha qildi mansabdorlar.

9 iyun kuni Kursiv.media sayti Ekologiya va tabiiy resurslar vaziri o‘rinbosari Nurken Sharbiev ham "qovunlarning ommaviy chirishi" bilan sun’iy yomg‘irlar o‘rtasida bog‘liqlikni rad etganini xabar qildi.
Sharbiyoevning aytishicha, sun’iy yomg‘irlar dalalardagi keng ko‘lamli hosil yo‘qotilishiga sabab bo‘lishi mumkin emas, buni u so‘nggi kuchli yog‘ingarchilik bilan izohlash mumkinligini ta’kidlagan.
Turkiston viloyati fermerlari qovun yetishtirish o‘zlarining asosiy daromad manbai ekanini, kuchli yomg‘irlar tufayli bu daromadni yo‘qotish xavfi borligini bildirishgan.
Dehqonlarning so‘zlariga ko‘ra, hosilga zarar yetkazgan yomg‘irlar g‘ayrioddiy bo‘lib, "u to‘satdan yog‘ib, bir necha soat ichida dalalarni ko‘lga aylantirgan", deb yozadi sayt.
Qozog‘istondagi korruptsiyaga qarshi FBRK Telegram kanali 28 may kuni ko‘plab ekspertlar yog‘ingarchilikni sun’iy ravishda kuchaytirish samaradorligiga shubha bilan qarayotganlari haqida yozdi.
"Ularning baholashlariga ko‘ra, hatto yog‘ingarchilik 20 foizga oshgan taqdirda ham, yillik qo‘shimcha namlik taxminan 70 mm ni tashkil etadi, shu bilan birga sug‘oriladigan yerlarda yillik bug‘lanish taxminan 1550 mm darajada qoladi. Bunday hajmdagi sun’iy yog‘ingarchilik mavjud namlik tanqisligini qoplash uchun yetarli emas", deyiladi xabarda.
"Azattyk Asia" xizmati olimlar bulutlarni urug‘lantirish samaradorligi borasida bir fikrga kelmaganlari va "uni uzoq davom etgan qurg‘oqchilikka qarshi kurashishda qo‘llash tavsiya etilmasligi" haqida yozdi.
Qozog‘iston tajribasi qo‘shnilarini tashvishlantirayapti
Qozog‘iston sun’iy buluti xabari qo‘shni davlatlarda ham ayrim tanqidlarga ham sabab bo‘ldi.
Qirg‘izistonning sobiq bosh vaziri Akilbek Japarov Facebookda bir hududda sun’iy ravishda yog‘ingarchilikni keltirib chiqarish boshqa hudud iqlimiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan ogohlantirdi.
"Tog‘ ekotizimlari bunday o‘zgarishlarga ayniqsa sezgir. Qirg‘iziston mintaqadagi yetakchi suv resurslari manbalaridan biri hisoblanadi. Hozirgi paytda muzliklarimiz jadal sur’atda eriyapti. Daryolar, ko‘llar va suv balansi bevosita nam aylanishi, harorat va yog‘ingarchilikka bog‘liq. Agar atmosferani sun’iy o‘zgartirish texnologiyalari mintaqada keng qo‘llaniladigan bo‘lsa, uning oqibatlari uzoq muddatli bo‘lishi va butun Markaziy Osiyo ekotizimiga ta’sir qilishi mumkin", deb yozdi Akilbek Japarov.
Qirg‘iz eksperti Kanatbek Kumushbek o‘z hukumatini "bu pretsedent odatiy holatga aylanib ketishidan oldin" shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi.
"Birinchi vazifa — muzokaralarni boshlash. Buning uchun maydonlar bor: ShHT, Markaziy Osiyo beshligi formati va Qozog‘iston bilan ikki tomonlama muloqot. Chegaralararo ob-havoni o‘zgartirish masalasi kun tartibida bo‘lishi kerak. Ikkinchi vazifa — boshlang‘ich ma’lumotlarni qayd etish. Qirg‘izgidromet zudlik bilan hozirgi yog‘ingarchilik ko‘rsatkichlari, muzliklar muvozanati va Issiqko‘l ko‘li darajasini qayd etishi lozim", deb taklif qildi u.
Qozog‘iston Raqamli hukumatni qo‘llab-quvvatlash markazi bunday ishlar qo‘shni davlatlar iqlimiga ta’sir qilishi yoki qurg‘oqchilikka sabab bo‘lishi haqida ilmiy dalillar yo‘q deydi.
Suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha Markaziy Osiyo ekspertlari plaatformasi muvofiqlashtiruvchisi Bulat Yesekin fikricha, bunday texnologiyalarning yakuniy natijasi to‘liq tadqiq etilmagani uchun unga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lmoq lozim.
"Bu geoinjeneriya qarorlari turkumiga kiradi va ular BMT darajasida hamda keng miqyosdagi ilmiy jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanmaydi. Geoinjeneriya qarorlari bo‘yicha BMTning bir necha rezolyutsiyasi bor. Bu rezolyutsiyalar ehtiyot bo‘lish kerak deydi. Oqibatlarini to‘la o‘rganib chiqmagan ekanmiz, biz ularni qo‘llashni tavsiya etmaymiz", dedi Bulat Yesekin.
Azattyk Asia ma’lumotiga ko‘ra, qo‘shni O‘zbekiston ham yog‘ingarchilikni sun’iy ravishda oshirish rejalarini e’lon qilgan.





























