You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Xomanaiy dafn marosimi AQSh mustaqilligi kuni boshlanadi
Eron rasmiylariga ko‘ra, mamlakat oliy ruhoniy rahbari marhum Oyatulloh Ali Xomanaiy dafn marosimlari 4 iyul kuni boshlanadi va 9 iyulgacha davom etadi. 4 iyul kuni AQSh o‘z mustaqilligi deklaratsiyasi e’lon etilganining 250 yilligini tantanali nishonlashni reja qilgan.
86 yoshli Eron oliy ruhoniy rahbari Ali Xomanaiy 2026 yil 28 fevralida Tehron shahridagi qarorgohiga AQSh-Isroil havo zarbalari oqibatida halok bo‘lgan, mamlakat ruhoniylari kengashi uning o‘rniga 57 yoshli o‘g‘li Mujtaba Xomanaiyni Oyatulloh etib sayladilar.
Ali Xomanaiy 1989 yili Eron islomiy inqilobi asoschisi Oyatulloh Humayniy vafotidan buyon mamlakatni boshqarib keldi.
Ali Xomanaiy dafn marosimi mart oyida mo‘ljallangan, biroq Eronning AQSh-Isroil urushiga kirishib ketishi dafn marosimini ortga surishga sabab bo‘ldi.
Rasmiylarga ko‘ra, dafn marosimlari 4 iyul kuni poytaxt Tehron shahrida boshlanadi, 6-7 iyul kunlari Qum shahrida o‘tkaziladi, Ali Xomanaiyning jasadi 9 iyul kuni Mashhad shahrida yerga qo‘yiladi.
Dafn marosimlari Iroqning Karbalo va Najaf shaharlarida ham bo‘lib o‘tadi.
28 fevraldagi havo zarbasida og‘ir yaralangani haqida xabarlar tarqalgan Oyatulloh Mujtaba Xomanaiy shu vaqtgacha ham omma oldida ko‘rinish bermagan.
Biroq AQSh rasmiylariga ko‘ra, Oyatulloh Mujtaba Xomanaiy oxirgi Qo‘shma Shtatlari bilan sulh kelishuvlarida muhim rol o‘ynagan.
Oyatulloh Ali Xomanaiy vafoti munosabati bilan ko‘plab mamlakatlar rahbarlari, shu jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Imomali Rahmon Eron Prezidenti Ma’sud Pezeshkiyonga ta’ziyanomalar yo‘lladilar.
Matbuot xabarlariga ko‘ra, Eron rasmiylari ko‘plab mamlakatlar rahbarlariga marhum Oyatulloh Xomanaiy dafn marosimida ishtirok etish taklifnomalarini yuborgan.
Hozircha Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif dafn marosimida ishtirok etishi rasman xabar qilindi.
Pokiston AQSh bilan Eron o‘rtasida otashkesim va sulh kelishuvlariga erishishda vositachilik qilgan mamlakat bo‘ldi.
Hindiston matbuoti Bosh vazir Narendra Modiga 4 iyuldagi Tehrondagi dafn marosimiga kelish taklifi kelib tushgani haqida xabar bermoqda.
Biroq hukumatdagi manbalarga ko‘ra, 28 fevralda ta’ziya yubormagan Narendra Modi Hindiston hukumatidagi yuqori lavozimdagi mulozimni yuborishni mo‘ljallamoqda.
Matbuot xabarlariga ko‘ra, Eron Afg‘oniston Islomiy amirligi Bosh vaziri Mullo Muhammad Hasan Oxudni Xomanaiy dafn marosimiga rasman taklif qilgan.
Ozarbayjon matbuotiga ko‘ra, Ali Xomanaiy dafn marosimiga Ozarbayjon rasmiy hay’atiga mamlakat parlamenti spikeri Sohiba G‘afforova yetakchilik qiladi.
AQSh mustaqilligi deklaratsiyasi 1776 yil 4 iyulida qabul qilingan.
Prezident Donald Tramp AQSh mustaqilligi 250 yilligini tantanali nishonlashni niyat qilgan.
29 iyun kuni AQSh va Eron rasmiylari oxirgi bir necha kungi bir-birlarining nishonlariga hujumlardan keyin tinchlik muzokaralarida ilgari siljishga erishganlarini ma’lum qildilar.
Muzokaralar yana boshlanishi, ammo kelishuvga erishib bo‘lish-bo‘lmasligi aniq emasligi xabar qilindi.