Ota bo‘lgan erkaklarda ham gormonlar va miya o‘zgarishi ro‘y berishi aniqlandi

Illustrativ tasvirda erkak ichida chaqaloq beshigi bor uyni bag'riga bosib, quchoqlab turipti.

Surat manbasi, Serenity Strull/ BBC

Published
O'qilish vaqti: 8 daq

Erkaklar farzandi hali tug‘ilmay turib xulq-atvorga kuchli ta’sir ko‘rsatadigan jiddiy gormonal o‘zgarishlarni boshdan kechiradi. Bu holat bola parvarishiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi.

O‘g‘lim tug‘ilishidan bir necha oy oldin turmush o‘rtog‘im bilan faol tug‘ruq mashg‘ulotiga, ko‘krak suti bilan emizish bo‘yicha darsga va shifoxona tomonidan tashkil etilgan tug‘ruqqacha bo‘lgan kursga qatnashdik, homiladorlik va chaqaloq parvarishi haqida bir talay kitob o‘qidik va ko‘plab veb-saytlarni ko‘zdan kechirdik. Daftarlarimiz qaydlarga to‘lib ketdi.

O‘sha paytdagi qaydlarim orasida tug‘ruqdan oldin ayollar tanasida ko‘plab o‘zgarishlar: gormonlar miqdori ko‘tarilishi va pasayishi, a’zolarning joy o‘zgartirishi, miyaning qayta shakllanishi kabi tafsilotlar bor edi.

Biroq, mening miyam va tanam ham otalikka tayyorlanayotganini hech kim aytmagan edi.

O‘g‘lim bir yoshdan oshganda bu ma’lumotga ilk bor primatolog Sara Blaffer Hrdining "Father Time" (Otalik vaqti) kitobida duch keldim. Muallif unda erkaklarda ham "eng fidoyi onadek himoyachi va mehribon" bo‘lish uchun barcha zarur biologik asoslar shakllanishini ta’kidlagan.

Bu ma’lumot meni qiziqtirib qo‘ydi. Men faol otalik tarafdoriman, lekin buni bugungi erkaklarning madaniy tanlovi deb hisoblardim. Biroq Hrdining kitobi meni butun bir ilmiy soha bilan tanishtirdiki, unga ko‘ra bizning bu yondashuvimiz biologiyamizga asoslangan bo‘lib, shunchaki "uxloq" va uyg‘onishni kutayotgan ekan.

Hrdi va boshqa mutaxassislar bilan suhbatlashib, tadqiqotlarni chuqur o‘rganib chiqqach, men oddiy bir xulosaga keldim: onalik ayollarni o‘zgartirgani kabi, otalik ham erkaklarni o‘zgartiradi. Ota o‘z chaqalog‘i parvarishiga qanchalik ko‘p jalb etilsa, bu o‘zgarish shunchalik chuqurlashadi. Endokrin va asab tizimimizdagi bu siljishlar mehribon otalik zamonaviy hodisa emas, balki chuqur ildiz otgan biologik xususiyat ekanini ko‘rsatadi.

Testosteronning pasayishi

Otalarning chaqaloqlar tufayli jismoniy o‘zgarishi haqidagi dastlabki tadqiqotlar boshqa hayvonlarni kuzatish natijasida paydo bo‘lgan. XX asr oxiridagi bu tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, bola parvarishi bilan shug‘ullangan ko‘plab erkak sutemizuvchilar, jumladan, boshqa erkak primatlarda ham odatda onalik bilan bog‘lanadigan testosteron, vazopressin va prolaktin kabi gormonlar miqdorining oshishi va kamayishi kabi aniq gormonal o‘zgarishlar kuzatiladi.

2000 yillar boshlarida bu topilmalar haqida eshitgan amerikalik antropolog, o‘sha paytda bakalavriat talabasi bo‘lgan Li Gettler bu sohaga qattiq qiziqib qoldi.

"Men [ma’ruzachimdan] bu masalalarni odamlar misolida kimdir o‘rganyaptimi, deb so‘radim, deyarli "yo‘q" degan javobni oldim", deydi hozirda Indiana shtatidagi Notr-Dam universitetining Gormonlar, salomatlik va inson xulq-atvori laboratoriyasi direktori bo‘lgan Gettler.

Erkaklardagi gormonal o‘zgarishlarni ko‘rsatuvchi eng birinchi tadqiqot xulosalari 2000 yilda ikki kanadalik olim – Ketrin Uinn-Edvards va Enn Stori tomonidan nashr etilgan edi. Gettler bu sohani o‘rganishni boshlagan vaqtda otalarda testosteron miqdori farzandsiz erkaklarnikiga qaraganda pastroq ekanligi allaqachon tasdiqlangan fakt edi.

"Ammo bu yerda tovuq birinchimi yoki tuxum, qabilidagi muammo bor, shunday emasmi? – deya tushuntirdi Gettler menga. – Testosteroni past erkaklarning ota bo‘lish ehtimoli yuqoriroqmi? Yoki otalikka o‘tishning o‘zi erkaklarda biologik o‘zgarishlar zanjirini keltirib chiqaradimi?"

Bu va boshqa savollarga javob topish uchun Gettler Filippinning Sebu shahrida o‘n yillardan beri davom etayotgan loyihani boshqarayotgan olimlar jamoasiga qo‘shildi.

2005 yilda ushbu jamoa o‘rtacha yoshi 21 da bo‘lgan va turmush o‘rtog‘i yo‘q 624 nafar erkakdan so‘lak namunalarini to‘plab, ulardagi testosteron miqdorini tahlil qildi, to‘rt yildan so‘ng esa ularni qayta tekshirdi. Ular ikki savolga javob topmoqchi edi: shu vaqt oralig‘ida ota bo‘lgan erkaklarda testosteron miqdori pasayganmi va bola parvarishiga ko‘proq vaqt sarflagan otalarda bu ko‘rsatkich yanada past bo‘ladimi?

Natijalar chiqqanda, ikkala savolga ham javob ijobiy bo‘ldi. Farzandli bo‘lgan erkaklarda testosteron miqdori ota bo‘lmaganlarga qaraganda sezilarli pasayishi aniqlandi. Chaqaloq parvarishiga ko‘proq vaqt ajratgan erkaklarda esa testosteronning eng ko‘p pasayishi kuzatildi. Chaqaloqlari bilan bir to‘shakda uxlaganlarda ham bu ko‘rsatkich pastroq edi.

"Menimcha, bu ilmiy adabiyotlarda erkaklarning otalikka tayyorlanish qobiliyati borligi haqidagi ilk aniq ma’lumot edi", dedi Gettler menga. Uning tushuntirishicha, bu bir ma’noda ularning biologiyasi bola parvarishlashga tayyorlanishidir.

Ularning topilmalari yagona emas. Boshqa jamoalar ham ayolning homiladorligi davrida erkakda testosteron miqdori pasayishi tug‘ruqdan keyingi sadoqat, mas’uliyat va qoniqish bilan bog‘liqligini, shuningdek, bu gormon miqdori erkaklarning chaqaloq yig‘isiga munosabatiga ham ta’sir qilishini aniqlagan: bu ularni sergakroq va e’tiborliroq qilgan. 2018 yilda Gettler laboratoriyasidagi yana bir guruh tadqiqotchilar ham testosteroni past otalar chaqaloqlar va kichik yoshdagi bolalarga g‘amxo‘rlik qilishga ko‘proq moyil bo‘ladi, degan xulosaga keldi.

Xo‘sh, bu qachon sodir bo‘ladi? Bu tug‘ilishdan oldinmi yoki keyin? Bu savol AQShdagi Emori universiteti qoshidagi Inson ijtimoiy nevrologiyasi laboratoriyasi direktori Jeyms K. Rillingning xayolini band etgan edi.

"Taxminimcha, – dedi menga Rilling, – bu holat ota chaqaloq bilan birmuncha muloqot qilganidan so‘ng, ya’ni tug‘ruqdan keyingi davrda sodir bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim".

Ammo olingan natijalar kutilmagan edi. Homiladorlikning to‘rtinchi oyidayoq bo‘lajak otalarni testdan o‘tkazishganda, ularda ikkita gormon nazorat guruhidagiga qaraganda ancha past ekani aniqlandi: bular testosteron va vazopressin edi. "Qizig‘i shundaki, otalardagi testosteron miqdori qanchalik past bo‘lsa, tug‘ruqdan keyin ona va chaqaloqqa shunchalik ko‘proq mehr qo‘yar ekan", deydi otalik haqidagi "Ota tabiati" (2024 yil) kitobini nashr etgan Rilling. Uning aytishicha, vazopressin ham xuddi shunday ta’sir ko‘rsatgan.

Rillingni bu hodisaning sababi qiziqtirmoqda. Balki bo‘lajak otalar homilador juftlaridan feromonli signal olisharmikan? Yoki farzand kutayotganini bilgach, bu shunchaki psixologik o‘zgarishmikan? Endi rivojlanayotgan sohadagi ko‘plab hayratlanarli topilmalar singari, buning ham javobini hali bilmaymiz. Lekin bir narsa aniq: bu o‘zgarishlar testosteron bilan cheklanib qolmaydi.

Erkak kishining o‘z farzandlari bilan o‘yin orqali muloqot qilishi uning otalikka bo‘lgan biologik reaksiyasini shakllantirishi mumkin.

Surat manbasi, Serenity Strull/ BBC

Surat tagso‘zi, Erkak kishining o‘z farzandlari bilan o‘yin orqali muloqot qilishi uning otalikka bo‘lgan biologik reaksiyasini shakllantirishi mumkin

Mehr gormoni to‘lqini

Masalan, "mehr gormoni" deb ataladigan oksitotsinni olaylik. Bu gormonni tug‘ruqqa tayyorlov kurslaridan eslayman: tug‘ruq vaqtida juftimning organizmida oksitotsin ishlab chiqarilib, to‘lg‘oqlar yengil o‘tishi uchun bizga xotirjam va osoyishta bo‘lishni maslahat berishgandi.

O‘g‘lim tug‘ilgach esa, tug‘ruq paytidagi oksitotsinning kuchli to‘lqini va emizish vaqtida uning miqdori qayta-qayta ortib borishi o‘g‘lim bilan onasi o‘rtasidagi mehrni mustahkamlashga yordam berishini aytishgandi. Ammo o‘g‘lim tug‘ilganidan keyingi ilk soatlarda, yalang‘och ko‘ksimda uxlab yotganida, mening tanamda ham oksitotsin miqdori ortib borayotganidan bexabar edim.

Dunyo bo‘ylab o‘tkazilgan ko‘plab tadqiqotlar otalarda, jumladan, bir yoshdan ikki yoshgacha bo‘lgan bolasi bor va olti oygacha bo‘lgan chaqaloqlar bilan muloqot qiladigan otalarda oksitotsin miqdori yuqori ekanini aniqlagan. Bu farzandlarimiz bilan o‘tkazadigan vaqtimiz miqdoriga bog‘liqqa o‘xshaydi.

Masalan, farzandlari bilan ko‘proq o‘ynaydigan va yaqin muloqotda bo‘ladigan otalarda oksitotsin miqdori ortgani kuzatilgan. Hatto otalar yangi tug‘ilgan chaqaloqlarini ilk bor qo‘llariga olganlarida ham shunga o‘xshash o‘zgarish yaqqol sezilgan.

Oksitotsin otalik instinktimizni kuchaytiradi. Rillingning tushuntirishicha, buni erkaklarning burniga ushbu gormondan sepib, nima sodir bo‘lishini kuzatish mumkin.

"Men juda yaxshi ko‘radigan bir tadqiqot bor, – deydi u. – Unda otalarga chaqaloqlari bilan muloqot qilayotgan paytda burun orqali oksitotsin yuborishadi va bu otalarning boshini tezroq harakatlantirishiga sabab bo‘lishini aniqlashadi". Videomuloqot chog‘ida Rilling xuddi haddan tashqari hayajonlangan otadek boshini chapdan o‘ngga, yuqoriga va pastga silkitib ko‘rsatdi.

Bunday natijalar oksitotsin o‘z-o‘zini kuchaytiruvchi zanjir hosil qilishini ko‘rsatadi: gormon miqdori oshgani sari, ota o‘z farzandi bilan ko‘proq shug‘ullanishga moyil bo‘ladi, bu esa o‘z navbatida gormonning yanada ko‘payishiga olib keladi.

Olimlar bu mavzuni qanchalik chuqur o‘rgansa, boshqa gormonlarda ham shunchalik ko‘p o‘zgarishlarni aniqlamoqda. 2025 yilda chop etilgan tadqiqotda Rilling va uning jamoasi hayvonlarda ko‘pincha hudud uchun kurash va o‘z jinsidagi raqibiga nisbatan tajovuzkorlik bilan bog‘liq vazopressin gormoni yangi otalarda farzandi tug‘ilishidan oldin kamayganini aniqladi.

Yana bir kutilmagan nomzod – prolaktin. Odamlarda bu kimyoviy modda laktatsiya va onalik mehri bilan bog‘liq. Ammo biologlar uning qushlar, baliqlar va otalik instinkti bilan tanilgan Janubiy Amerika maymuni – marmosetlar kabi boshqa hayvonlarda otalik g‘amxo‘rligi bilan bog‘liqligini aniqlashgan.

2023 yilda amerikalik klinik psixolog Darbi Saksbi boshchiligidagi guruh bo‘lajak otalardagi prolaktin miqdorini o‘rganib, hali tug‘ilmagan farzandiga nisbatan kuchliroq mehr his qilganlarda ushbu gormon miqdori yuqori bo‘lishini aniqladi. Shuningdek, tug‘ruqdan oldingi prolaktin miqdori bu otalarning kelajakda farzand parvarishida qanchalik faol ishtirok etishini ko‘rsatishi haqida xulosaga keldi.

Oksitotsin miqdorida ko‘rganimizdek, bu ikki gormonal o‘zgarish ham chaqalog‘iga ko‘proq g‘amxo‘rlik qiladigan otalarda yaqqolroq namoyon bo‘ladi. "Gormonal o‘zgarishlar faqat yangi tuqqan onalardagina kuzatilmaydi, – deydi Saksbi. – Ko‘rinishidan, erkaklarda ham shunga o‘xshash moslashuvlar va oqibatlar kuzatilmoqda".

Ikkinchi o‘smirlik

Saksbi bu gormonal o‘zgarishlarning oqibatlari otalarning miyasida o‘z izini qoldiradimi yoki yo‘q, shuni tadqiq qilib kelmoqda. "Menimcha, otalar aslida juda qiziqarli, deyarli alohida bir guruh. Chunki ular biologik homiladorlikni boshdan kechirmasdan turib, muayyan o‘zgarishlarni his qiladi", deydi u menga.

Farzand dunyoga keltirayotgan onalar homiladorlik davrida gormonlar "portlashi"ni boshdan kechiradi, so‘ng tug‘ruq paytida yana bir kuchli gormonal turtki oladi. Ammo otalarning boshdan kechiradigan tajribalari uncha bilinmaydi. "Shu sababli, ular go‘yoki homiladorlik ta’sirini ota-onalik tajribasi ta’siridan ajratib olishga imkon beradi", deb tushuntirdi 2026 yilda "Ota miyasi" nomli kitobi chiqadigan Saksbi.

Bir necha yil avval uning jamoasi Ispaniyadagi hamkasblari bilan birgalikda ilk bor ota bo‘layotganlarning miyasini farzandlari tug‘ilishidan oldin va keyin skanerladi. Ular miyada nevrologik o‘zgarishlar kechayotganini aniqladilar. Otalarning miyasi yangi tajriba va ma’lumotlarga moslashayotgan edi.

Saksbi otalikka o‘tish davrini o‘smirlik bilan qiyoslaydi – bu davr ham miyamiz yangi qiyinchiliklar, rag‘batlantiruvchi omillar va g‘oyalarga moslashishi kerak bo‘lgan yana bir muhim rivojlanish bosqichidir. Keyingi tadqiqotida u tug‘ilmagan farzandi bilan kuchliroq bog‘lanish his qilgan yoki bola parvarishi ta’tiliga ko‘proq chiqishni rejalashtirgan erkaklar miyasida kattaroq o‘zgarishlar kuzatilganini aniqladi. 2026 yilda Rilling yangi otalarda ham shunga o‘xshash belgilarini qayd etib, bu nevrologik jarayon mavjudligini tasdiqladi.

Otalar miyasi va tanasidagi ko‘plab o‘zgarishlarga kelsak, bu yerda "foydalanish yoki yo‘qotish" qoidasi ishlaydi: jarayonga qanchalik ko‘p aralashsangiz, shunchalik ko‘p o‘zgarasiz. "Bu xuddi biror narsa ishga tushib ketganiga o‘xshaydi", deydi primatolog Sara Hrdi.

Uning ishonishicha, barcha insonlar miyasida ota-onalikka salohiyat mavjud, u buni "alloparental substrat" deb ataydi va bu salohiyatni to‘g‘ri sharoitlarda faollashtirish mumkin.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

"Otalar zamoni" asarida u insonlar murakkabroq jamiyatlarga aylanib borgan sari, aynan jamoaviy g‘amxo‘rlik ularning gullab-yashnashiga sabab bo‘lganini ta’kidlaydi. Chaqaloqqa g‘amxo‘rlik qila oladigan erkaklarning bo‘lishi tur uchun qimmatli edi, shuning uchun bizda bu ishni bajarish qobiliyati rivojlangan va biz uni hozirgacha saqlab qolganmiz.

"Ona Tabiat yomon odatlari bor keksa ayolga o‘xshaydi, – deydi u menga. – Juda tejamkor uy bekasi. U darhol ishlatmaydigan masallig‘ini tashlab yubormaydi, javoniga bekitib qo‘yadi".

Bu "bekitib qo‘ygan masalliqlar" 2014 yilgi tadqiqotda namoyon bo‘ldi. Hrdi uni "hayotimda o‘qigan eng hayajonli ilmiy maqolalardan biri" deb ataydi.

Unda Rut Feldman boshchiligidagi isroillik olimlar asosiy g‘amxo‘rlikni ayol o‘z zimmasiga olgan va ota "yordamlashadigan" geteroseksual juftliklarni hamda farzandlarini ayol ishtirokisiz tarbiyalayotgan gey juftliklarni jalb qilib, o‘z farzandlari videosini tomosha qilayotgan paytda ularning miyasini skanerlagan.

Geteroseksual juftliklarda asosiy g‘amxo‘rlikni qilayotgan ayollar miyasida bodomsimon bez kabi chuqurroq instinktiv reaktsiyalar kechadigan qismlar faollashgan, ularni qo‘llab-quvvatlovchi erkaklarda esa ijtimoiy sohalarda ko‘proq faollik kuzatilgan.

Biroq asosiy g‘amxo‘rlikni amalga oshirayotgan gey erkaklar miyasining bodomsimon bez va boshqa "onalik" hududlarida juda o‘xshash faollik namoyon bo‘lgan, shu bilan birga, ijtimoiy unsur ham saqlanib qolgan.

Otalik ularning miyasini chinakamiga qayta shakllantirayotgan edi.

Ba’zi stereotiplardan farqli o‘laroq, erkaklar bola parvarishiga biologik jihatdan dasturlashtirilgan bo‘lishi mumkin.

Surat manbasi, Serenity Strull/ BBC

Surat tagso‘zi, Ba’zi stereotiplardan farqli o‘laroq, erkaklar bola parvarishiga biologik jihatdan dasturlashtirilgan bo‘lishi mumkin

Ijtimoiy o‘zgarishlar

Men suhbatlashgan barcha mutaxassislar va ushbu sohadagi adabiyotlarning mutlaq ko‘pchiligi otalik biologiyasidagi bu o‘zgarishlar oilaga oid davlat siyosatini qayta ko‘rib chiqishga undashi kerak, degan fikrni tasdiqlaydi.

"Otalardagi bu salohiyat ro‘yobga chiqishini ta’minlash – jamiyatning dolzarb va ustuvor vazifasidir", deydi Saksbi. Uning aytishicha, masalan, ota-onalik ta’tili bilan bog‘liq siyosatni takomillashtirish otalar va bolalar o‘rtasidagi rishtalarni mustahkamlashga yordam berishi mumkin.

Gettlerning aytishicha, yana bir muhim o‘zgarish – erkaklarni boshidanoq jarayonga jalb qilishdir, jumladan, ultratovush tekshiruvlariga birga borish, shifokor qabulida qatnashish va homiladorlik davrida turmush o‘rtog‘i bilan faol muloqotda bo‘lish.

"Bu biologik jarayon homiladorlik davrida, oilalar o‘z farzandlarini kutib olishga tayyorlanayotgan paytda faollashishi mumkin", dedi u menga.

Faol va g‘amxo‘r otalarning oilaga foydasi katta. Pokiston, Keniya va AQSh kabi ko‘plab mamlakatlarda turmush o‘rtog‘i faolroq bo‘lgan onalar ruhiy salomatligi yaxshilanganini aytishgan.

Eng muhimi, bundan bolalar ham foyda ko‘radi. Yetti yil davomida 292 ta oilani kuzatgan va 2026 yil boshida e’lon qilingan yirik tadqiqotda amerikalik tadqiqotchilar otasi e’tiborliroq farzandlar yurak salomatligi yaxshiroq bo‘lgani haqida xulosa qildi. Qizig‘i shundaki, onalarning xulq-atvori bunday ta’sir ko‘rsatmagan.

"Nazarimda, otalik biologiyasi boshdanoq mustahkam va sog‘lom oilalarni barpo etish uchun qanday poydevor yaratishi haqida o‘ylab ko‘rish kerak", deydi Gettler.