«Qaytar joyimiz yo‘q»: Rossiya Ukrainaning ishg‘ol qilingan hududlardagi mulklarni musodara qilmoqda

Ukrainaliklar mulklarini musodara qilish bo‘yicha loyiha haqida kollaj-surat.
    • Author, Yaroslava Kiryuxina, Olga Robinson, Kristin Jevans, Mett Merfi va Yana Lyushnevskaya
    • Role, BBC Rus xizmati BBC Verify bilan hamkorlikda
  • Published
  • O'qilish vaqti: 7 daq

Baptist ruhoniy Igor Ivashchuk 4 yil oldin Rossiya bosib olgan Ukrainaning Zaporoje viloyatidagi uyidan qochib ketishga majbur bo‘lgan vaqti, bir kun kelib qaytishga umid qilgandi. Ketishdan oldin u uzoq yillik do‘stidan uyga ko‘chib o‘tishni va qarab turishni so‘radi.

Lekin bir muncha muddat o‘tib do‘sti Ivashchukka qo‘ng‘iroq qildi. Harbiy forma kiygan bir kishi uyga kelib, egasi haqida so‘rab, mulk hujjatlarini ko‘rsatishni talab qilganini aytdi. Shunda ruhoniy Melitopoldagi uyini abadiy yo‘qotgan bo‘lishi mumkinligini anglab yetdi.

Igor Ivashchuk cherkovda ma’ruza qilmoqda.

Surat manbasi, Игор Ивашчук шахсий архивидан

Surat tagso‘zi, Melitopolda Igor Ivashchuk uyi va o‘zi ruhoniylik qilgan cherkovidan ayrildi.

Ivashchuk Melitopolni 2022- yili rafiqasi tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgani uchun tark etishga majbur bo‘lgandi.

O‘sha paytga kelib, qurollangan rus askarlari marosim paytida uning cherkoviga bostirib kirib, jamoatni dahshatga solgandi.

Ruhoniy keyingi ikki yilni Ukrainaning boshqa bir hududida hayotini qayta tiklashga sarfladi. O‘sha vaqtdayoq u Rossiya bosib olingan hududlardagi uylarni egallab olib, Rossiya fuqarolariga qayta taqsimlayotgani haqidagi hikoyalarni eshitdi.

Shuning uchun 2024-yil oxirida uyiga qarab turishni iltimos qilgan do‘stining qo‘ng‘irog‘i u uchun kutilmagan holat emasdi. Bir necha oy o‘tgach, uning do‘sti uydan haydab chiqarildi va Iavshchuk 20 yildan ortiq vaqt davomida o‘z qo‘li bilan ta’mirlagan uyidan ayrildi.

Cherkovdagi sahnada yig‘ilgan taqvodorlar orasida yurgan Rossiya harbiysi.

Surat manbasi, Игор Ивашчук шахсий архивидан

Surat tagso‘zi, Qurollangan askarlar 2022 yil sentyabr oyida Ivashchuk cherkoviga bostirib kirishgandi. O‘shandan beri u yerda ibodatlar o‘tkazilmagan.

Ivashchukning boshdan kechirgan hikoyasi Ukrainaning bosib olingan hududlaridagi minglab shunga o‘xshash voqealardan faqat bittasi. Moskva Ukrainaning Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlarida o‘z nazorati ostidagi hududlarni boshqarish uchun o‘z amaldorlarini tayinlagan.

BBC Verify va BBC Rus xizmati tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv shuni ko‘rsatdiki, 2024 yildan beri Ukraina fuqarolariga tegishli bo‘lgan 34 002 ta mulk, jumladan, kvartiralar, uylar va dala hovlilari musodara qilingan yoki Rossiya pasportiga ega bo‘lganlarga taqsimlab berilgan. Ba’zi hollarda ular vaqtincha mahalliy amaldorlarga - sudьyalar, harbiy xizmatchilar va davlat xizmatchilariga ijaraga berilgan.

Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Ro‘yxatlarga ofis va mehmonxonalar kabi minglab tijorat mulklari ham kiritilgan, ammo ular BBC hisob-kitoblariga kiritilmadi.

"Egasiz" mulklar haqidagi e’lonlar Rossiya qonunlariga muvofiq Rossiya nazoratidagi hududlardagi ko‘chmas mulkning keng ko‘lamli inventarizatsiyasi manzarasida e’lon qilinmoqda. Mahalliy hokimiyat organlari vafot etgan ko‘chmas mulk egalarining uylarini o‘zlashtirgani haqidagi xabarlar Donbassda mojaro 2014 yilda boshlanganidan keyin ham paydo bo‘lgandi. Biroq, Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinidan so‘ng, bu jarayon rasmiylashtirildi: mahalliy hokimiyat organlari bunday uy-joylarni "egasiz" deb tan olishga imkon beruvchi qoidalarni qabul qila boshladilar.

2025 yil avgust oyida Rosreestr rahbari Oleg Skufinskiy agentlik "yangi hududlar" deb nomlangan hududlarda Rossiya reestriga kiritilmagan 550 000 ta mulkni aniqlaganini e’lon qildi. Keyinchalik ularning qancha qismi "egasiz" deb tan olinganini aniqlashning iloji yo‘q.

Mulkni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish 2024 yil sentyabrь oyida boshlangan va Rossiya rasmiylari uni 2026 yil oxirigacha yakunlashni rejalashtirmoqda.

Shu bilan birga, mulk egalari Rossiya qonunlariga muvofiq o‘z mulk huquqlarini qayta ro‘yxatdan o‘tkazishlari shart. Ishg‘ol qilingan hududlar aholisi buni 2023 yildan boshlab amalga oshirishlari mumkin. Hujjatlarni topshirish uchun dastlab 2026 yil 1- iyulgacha muhlat berildi. Ammo keyinchalik bu muhlat yana olti oyga, 2027 yil 1- yanvargacha uzaytirildi.

Ukrainaliklarga uylarining musodara qilinishi haqida kamdan-kam hollarda xabar beriladi. Mulk egalari ishg‘ol qilingan hududlardagi mahalliy hokimiyatlarning veb-saytlaridagi e’lonlarni shaxsan ko‘rib chiqishga va Rossiya rasmiylari tomonidan "egasiz" yoki "egasizlik belgilari ko‘rsatilgan" uylar qatorida o‘zlariga tegishli uy bormi yoki yo‘qligini o‘zlari tekshirishga majburlar.

Harbiy harakatlar tufayli uylarini tark etishga majbur bo‘lgan ukrainaliklar o‘z mulklarining Rossiya nazorati ostiga o‘tishining oldini olish uchun Rossiya pasportlarini olishlari va 30 kun ichida shaxsan ishg‘ol qilingan hududlarga qaytishlari kerak. Bu jarayon esa hibsga olinish ehtimoli va Moskvaning "Sheremetevo" aeroportida mashaqqatli xavfsizlik tekshiruvidan o‘tish kabi holatga yuz tutishni anglatishi mumkin.

Mariupolda mulklarni tortib olish miqyosini ko‘rsatuvchi infografika.
Bir hududda 17 ta ko‘p qavatli uydagi kvartiralarni musodara qilish miqyosini ko‘rsatuvchi infografika

Musodara qilingan mulklar orasida Mariupol chekkasida yashagan bir oilaning uyi ham bor edi. Uy egasining qizi, biz uni hanuz ishg‘ol qilingan Ukraina hududida yashayotgan oila a’zolarini himoya qilish uchun Ivanna deb ataymiz, BBC Verify ga bergan intervyusida otasi onasiga saraton kasalligi tashxisi qo‘yilganidan keyin uyni 15 yildan ortiq vaqt davomida qurganini aytdi.

"Shifokor onam endi Mariupol havosidan nafas ololmasligini, shuning uchun uni o‘rmonga yaqinroq joyga ko‘chirish kerakligini aytdi", dedi Ivanna. "Biz uyni qurib bo‘lgach, onam vafot etdi - lekin bu uy qalbimizga yaqin oilaviy manzilimiz bo‘lib qoldi."

Ivannaning oilasi 2022-yilda keng ko‘lamli Rossiya bosqini boshlanganidan ko‘p o‘tmay Mariupoldan qochib ketishdi. Ammo uning bobosi va buvisi o‘sha uyda qolishdi. Biroq, 2026-yil aprel oyida ishg‘olchi hokimiyat vakillari ularga uy "egasiz" uylar ro‘yxatiga kiritilishi haqida xabar berish uchun kelishdi. BBC Verify qo‘lida uyning fotosuratlari bor, ammo Ivannaning xavfsizligini kafolatlash yo‘lida ularni nashr etmaslikka qaror qildi.

"Bu onam uchun qurilgan uy, u yashagan va bu biz xotiralarimizni baham ko‘radigan joy - bolaligim, oila sifatida birga o‘tkazgan vaqtlarimiz", deydi Ivanna. "Men u yerda o‘zgalar yashayotganini tasavvur ham qila olmayman", deydi Ivanna.

Ivanna oilasining holati yagona emas. Ishg‘ol qilingan hududlarda ko‘plab uylar va kvartiralar "bo‘sh" deb ro‘yxatga kiritilgan.

Ukrainaning ishg‘ol qilingan hududlarida musodara qilingan mulklar xaritasi.
Surat tagso‘zi, 2024 yildan beri Ukraina fuqarolariga tegishli bo‘lgan 34 002 ta mulk, jumladan, kvartiralar, uylar va dala hovlilari musodara qilingan

Londondagi Rossiya elchixonasi BBCga ushbu choralar "egalarini aniqlash yoki ular bilan bog‘lanish mumkin bo‘lmagan turar-joy mulklarini boshqarish tartiblarini belgilaydi, shuningdek, qonuniy egalari keyinchalik o‘z huquqlarini qaytarib olsalar, kompensatsiya to‘lashni nazarda tutadi" deb aytdi.

Ukrainaliklar mulklarining musodara qilinishi ko‘chalarni qayta nomlash kampaniyasi bilan bir vaqtda amalga oshirilmoqda, bu esa Sovet davridagi shaxslarning nomlarini tiklashga qaratilgan. Shu bilan birga, ishg‘olchi hokimiyat maktablarda ukrain tilida o‘qitishni amalda taqiqladi.

Ivashchuk bir vaqtlar va’zlar qilgan cherkov binosi Rossiya Madaniyat vazirligining ofisiga aylantirildi va tashqi ko‘rinishi o‘zgartirilib, qayta bo‘yaldi. Bino peshtoqi Rossiyaparast jangarilar tasvirlangan freskalar bilan bezatildi.

Ivashchuk bir vaqtlar va’zlar qilgan cherkovning ishg‘oldan avvalgi va ishg‘oldan keyingi surati. Bino avvalgi kul rangdan qizil rangga bo‘yalgan va peshtoqi Rossiyaparast jangarilar tasvirlangan freskalar bilan bezatilgan.

Surat manbasi, George W. Bush Presidential Center

Surat tagso‘zi, Ivashchuk bir vaqtlar va’zlar qilgan cherkov binosi (chapda) Rossiya Madaniyat vazirligining ofisiga aylantirildi va tashqi ko‘rinishi o‘zgartirildi. (o‘ngda)

Britaniyaning Chatham House tahlil markazining ilmiy xodimi doktor Yaroslava Barbieri Rossiyaning "demografik muhandislik" strategiyasi bosib olingan hududlarning ijtimoiy va siyosiy tuzilishini o‘zgartirishga, "ularning kelajakda Ukrainaga qayta integratsiyalashuvini siyosiy jihatdan nomaqbul va amalda imkonsiz qilishga" qaratilganini aytadi.

"Ichki siyosat nuqtai nazaridan bu Kremlning mustamlakachilik ohangini mustahkamlashga yordam beradi. Rossiya Federatsiyasining ushbu ko‘pincha "yangi mintaqalar" deb ataladigan hududlarga kengayishi amalga oshmoqda va bu mamlakat manfaati yo‘lida qilinmoqda, deya taqdim etiladi", deydi Yaroslava Barbieri.

Rossiya elchixonasi buni rad etib, Ukraina rasmiylarini "ruszabonlarni muntazam ravishda tazyiq ostiga olish, rus tilida so‘zlashuvchi jamoalarning huquqlarini buzish va ularning madaniy o‘ziga xosligini yo‘q qilishga urinishda" ayblamoqda. Elchixona buni urushning "asosiy sababi" deb atadi. Vladimir Putin tomonidan 2025 yil oxirida imzolangan qonun Rossiya rasmiylari tomonidan bosib olingan hududlardagi uylari harbiy harakatlar natijasida vayron bo‘lgan odamlarni uy-joy bilan ta’minlash usuli sifatida taqdim etilmoqda. Hujjat "egasiz mulk belgilari" bo‘lgan uy-joylarga egalik huquqini mintaqaviy yoki shahar hokimiyatlariga o‘tkazish va keyinchalik ulardan shu maqsadlarda foydalanishga ruxsat beradi. Biroq, faqat Rossiya fuqarolari, ya’ni Rossiya fuqaroligini qabul qilishga rozi bo‘lganlar bunday uy-joylarni olishlari mumkin.

Biroq, bu kabi dasturning amalga oshirilishi hatto bunday uy-joylarni olgan ba’zi Rossiya fuqarolari orasida ham savollar tug‘dirayotganga o‘xshaydi. Mariupol aholisi o‘rtasidagi Telegram chatlarida odamlar ularga ajratilgan kvartiralarning haqiqatan ham "egalari yo‘qligini" aniqlashga harakat qilayotganini ko‘rish mumkin.

Berilgan kvartiralarning egalarini topishga harakat qilayotgan chatdan yuborilgan xabarlar.

Ukraina hukumati mojaro tufayli uylarini tark etishga majbur bo‘lgan odamlar, jumladan, uylari musodara qilinganlar uchun tovon to‘lash dasturiga ega. Biroq, BBC Verify bilan suhbatlashgan ko‘plab ukrainaliklar yangi uy-joy topishda qiynalayotganliklarini aytishdi. Millionlab ko‘chirilgan odamlarga yordam berish uchun mo‘ljallangan tizimda sustkashlik mavjud.

Xavfsizlik nuqtai nazaridan asl ismi sir saqlangan Mila asli Mariupoldan. Hozirda Yevropada yashaydi. U Ukraina hukumatiga kvartirasiga yetkazilgan zarar haqida dalillarni taqdim etgani, ammo javob olmaganini aytdi. Milaning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi badavlat ukrainalik xayriyachilar bir nechta yarador askarlarga alohida tovon to‘lashgan, ammo uning oilasi bunday yordamga haqli emas.

"Men hech kim menga tovon to‘lamasligini angladim", dedi Mila. "Biz uysiz emasmiz. Biz Ukrainada yashashni, uni qayta qurishni va shunga o‘xshash oddiy narsalarni istaydigan odamlarmiz, lekin bizning qaytib boradigan joyimiz yo‘q."

Ivanna esa hozirda uyining taqdiri qanday ekanligini bilmaydi. Ukrainadan minglab kilometr uzoqlikda yashayotgan Ivanna uyini qayta ko‘rishga umidi kamligini aytadi.

Agar Ukraina Rossiya tomonidan bosib olingan ulkan hududlarni qaytarib ololmasa, u bolaligi o‘tgan uydan mutlaqo ayrilishi voqelikka yaqin ekanligini tan oladi.

Ivashchuk ham hozirda uning uyida kim yashayotganini bilmaydi. Uyini yo‘qotgani unda qarama-qarshi his-tuyg‘ularni uyg‘otishini tan oladi. Uning aytishicha, masihiy sifatida uyini o‘zlashtirib olgan va do‘stini haydab chiqargan odamni kechirishi muhim.

Biroq, Ivashchuk "noqonuniy" deb atagan, "o‘z vaziyatini boshqa birovning hisobiga yaxshilash" istagi uning uchun savollar tug‘dirishini ham aytadi.

"Men uchun, taqvodor sifatida, bu gunoh", deydi u.

BBC jurnalistik tadqiqoti metodologiyasi:

BBC bosib olingan hududlardagi mahalliy hokimiyatlarning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilingan 516 ta e’lon va ommaga ochiq bo‘lgan "egasiz" va "egasizlik belgilarini ko‘rsatuvchi" uy-joylar reestrlarini tahlil qildi. Turar-joy bo‘lmagan tijoriy manzillar nazarga olinmagan va qolgan manzillar standartlashtirilgan. Bu har bir alohida uyni faqat bir marta qayd qilish imkonini berdi. Bu uy jarayonning bir necha bosqichlarida paydo bo‘lgan bo‘lsa ham.

Shuningdek, BBC mahalliy hokimiyat organlari keyinchalik ro‘yxatdan olib tashlagan barcha uylarni tekshiruvdan chiqarib tashladi. Bu odatda egasi mulkka egalik huquqini shaxsan tasdiqlashi mumkinligini anglatadi.

Natijada 34 002 ta manzil aniqlandi. Ulardan 14 308 tasi Mariupolda, yana 19 694 tasi bosib olingan hududlarning boshqa qismlarida.

Har bir bino uchun Google Xaritalar, Yandex Xaritalar va qo‘lda tekshirish yordamida geografik koordinatalar aniqlangan.