Gullar va baqlajonlar taqiqda. Saylovlar arafasida Rossiyaning Armanistonga bosimi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin (o‘ngda) va Armaniston bosh vaziri Pashinyan uchrashuv vaqtida. 1 aprel 2026 yil

Surat manbasi, EPA

Published
O'qilish vaqti: 6 daq

Armanistonda 7 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari yaqinlashar ekan, Rossiya Armanistonning Rossiyaga eksportining katta qismini cheklash orqali Yerevanga bosimni kuchaytirdi. Taqiq deyarli barcha meva, sabzavot, gullar, baliq va mineral suvlarni o‘z ichiga oladi.

So‘nggi oylarda Moskva Yerevanning Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashish yo‘lida qadamlar qo‘yayotgan tashqi siyosatidan bir necha bor noroziligini bildirdi.

Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin Armaniston rahbariyati "ikki stulda o‘tira" olmasligi, ya’ni Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga (YeOII) a’zolikni saqlab qolishni istasa, Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni rivojlantirmasligi kerakligini aytgandi.

U shuningdek, Moskva va Yerevan o‘rtasidagi munosabatlardagi hozirgi vaziyatni Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi kelishmovchilik bilan taqqosladi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, joriy mojaro Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga integratsiyalashish istagi bilan boshlangan.

"Kommersant" ro‘znomasi xabariga ko‘ra, Moskva shuningdek, agar Armaniston Yevropa Ittifoqiga yaqinlashishda davom etsa, Yerevanni gaz, yoqilg‘i va olmos yetkazib berish bo‘yicha kelishuvni bekor qilish bilan tahdid qilgan.

Rossiya aprel oyi oxirida Armaniston mahsulotlariga taqiqlar qo‘yishni boshladi. Cheklovlarni joriy etish jarayoni 4 va 5 may kunlari Yerevanda 8-Yevropa siyosiy hamjamiyati sammiti va birinchi Armaniston-Yevropa Ittifoqi sammiti bo‘lib o‘tganidan keyin tezlashdi.

Sammitdan so‘ng tomonlar qo‘shma deklaratsiyani imzolashdi. Deklaratsiyada sammit "so‘nggi yillardagi muhim yutuqlar va hamkorlikning strategik ahamiyatini" aks ettirishi ta’kidlandi.

Yevropa Ittifoqi Yerevani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga sodiqligini yana bir bor ta’kidlab, "Armaniston va Yevropa Ittifoqi umumiy siyosiy qadriyatlar va xalqaro huquq, BMT Nizomi va qoidalarga asoslangan xalqaro tartib bilan bog‘langan"ligini ta’kidladi. Hujjatda shuningdek, Yevropa Ittifoqi "arman xalqining Yevropa tomon intilishlarini" tan olishi aytilgan.

Hozircha Yerevanga bosim asosan iqtisodiy, ya’ni Armanistondan ko‘plab mahsulotlarni import qilishni taqiqlash bilan cheklangan.

Cheklovlar xronologiyasi

Sabzavotlar

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Rossiya Armanistondan kartoshka, baqlajon, olma, nok, behi va quritilgan mevalarni import qilishga cheklovlar kiritdi.

2-iyun kuni "Rosselxoznadzor" Armanistondan kartoshka, baqlajon, olma, nok, behi va quritilgan mevalarni import qilishga cheklovlar qo‘yayotganini e’lon qildi. Agentlik importga taqiq muddatsiz ekanligini bildirdi.

"Rosselxoznadzor" shuningdek, ushbu mahsulotlarning YeOIIga a’zo davlatlarga tranziti ham "bu mamlakatlarga karantin mahsulotlarining kelishini tasdiqlash mexanizmlari yo‘qligi sababli" taqiqlanganligini ta’kidladi.

1- iyun. Navbat baliqqa

Baliq mahsulotlari

Surat manbasi, Getty Images

"Rosselxoznadzor" Armanistondagi ikkita kompaniyadan tashqari barcha baliqni qayta ishlash zavodlarini sertifikatlashni to‘xtatib qo‘yganini e’lon qildi.

Agentlikning e’loniga ko‘ra, zavodlarning yarmi tekshiruvdan bosh tortgan.

"Ikki tasdiqlangan zavoddan olingan baliq mahsulotlari xavfsizlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha laboratoriya monitoringi sharti bilan Rossiyaga import qilinadi", deya ma’lum qilishdi Rossiya rasmiylari.

Bozordagi mevalar

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Endi Rossiyaga Armanistondan olcha, gilos, o‘rik, olxo‘ri, va shaftoli ham kelmaydi.

Xuddi shu kni Rossiya Armanistondan uzum va danakli mevalarni (olcha, gilos, o‘rik, olxo‘ri, va shaftoli) import qilishni taqiqladi.

"Rosselxoznadzor" bu qarorni "Rossiyaga Armaniston mevalarini yetkazib berishda qonunbuzarlik holatlarining ko‘payishi" bilan izohladi.

"Hozirgi vaziyat Rossiya va YeOIIning fitosanitariya xavfsizligiga, shuningdek, Rossiyada bog‘dorchiligi, meva yetishtirish va uzumchilikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash dasturlarini amalga oshirishga tahdid solmoqda", deyiladi agentlik bayonotida.

28- may. Rezavor mevalar

"Rosselxoznadzor" (Veterinariya va fitosanitariya nazorati federal xizmati) Armaniston rezavor mevalari va sabzavotlarini Rossiyaga import qilishni chekladi. Cheklovlar pomidor, bodring, qalampir, ko‘katlar va qulupnayga nisbatan qo‘llaniladi.

Agentlikning ta’kidlashicha, bu qaror Rossiyaning "fitosanitariya xavfsizligini ta’minlash" uchun, yuk tashishdagi qoidabuzarliklarning ko‘payishi sababli qabul qilingan. "Rosselxoznadzor"ning ta’kidlashicha, arman yetishtiruvchilari fitosanitariya tekshiruvlaridan bo‘yin tovlamoqda.

"Armanistonning tegishli tashkilotlari ilgari aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rishmadi", deyiladi bayonotda.

22- may. "Jermuk" mineral suvi xavlimi?

Rossiya Armanistondan "Jermuk" mineral suvini import qilish va sotishni taqiqladi.

"Rospotrebnadzor" agentligi mineral suvni import qilish va sotishga qarshi "vaqtinchalik sanitariya chorasi" joriy etilishini e’lon qildi, chunki suv "yorliqda ko‘rsatilgan ma’lumotlarga mos kelmaydi".

"Suvda bikarbonat (anion), xloridlar va sulfatlarning haddan tashqari miqdori aniqlandi. Mahsulotning dorivor xususiyatlari haqida noto‘g‘ri ma’lumotlar inson sog‘lig‘iga xavf solishi mumkin", deyiladi "Rospotrebnadzor" bayonotida.

21-may. Gullar ham mumkin emas

"Rosselxoznadzor" (Veterinariya va fitosanitariya nazorati federal xizmati) Armanistondan gullar importiga vaqtinchalik cheklovlar qo‘ydi.

Agentlik bu qarorni "Rossiyaning fitosanitariya xavfsizligi va eksport salohiyatini himoya qilish uchun" qabul qilganini ma’lum qildi va 2025-yilda va 2026-yilning dastlabki oylarida Armanistondan kelgan gul mahsulotlarida "YeOII hududida karantinga olinadigan moddalar" aniqlanganini ta’kidladi.

"Mahsulotlar buzilmaydi"

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan "eksportga nisbatan adolatsiz to‘siqlarga" duch kelayotgan ishlab chiqaruvchilar va eksportchilarga yordam berishga va’da berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Armaniston hukumati zarar ko‘rganlarga yangi bozorlarni topishda yordam beradi va shuningdek, biznes uchun subsidiyalar va qo‘llab-quvvatlash dasturlarini ishga tushiradi.

"Qalampir buziladi, atirgullar buziladi, hukumat buning uchun pul to‘laydi, ammo bularning barchasi natijasida Armanistonda mahsulot ishlab chiqarish oshadi va eksport ham ortadi", deb Pashinyanning so‘zlaridan iqtibos keltirdi "Armenpress".

GETTY
Bu taqiqlar natijasida Armanistonda mahsulot ishlab chiqarish oshadi va eksport ham ortadi"
Nikol Pashinyan
Armaniston Prezidenti

Seshanba, 2-iyunь kuni Nikol Pashinyan atirgul va sabzavotlarning birinchi partiyasi allaqachon Yevropaga yuborilganini e’lon qildi.

"Bir qator biznes delegatsiyalari allaqachon ishlamoqda, atirgul va sabzavotlarning birinchi partiyasi yuborildi, u yetib borganda, men sizga qaysi mamlakatlarga yuborilganini aytaman. Birorta ham mahsulot qolib ketmaydi. Bular Yevropa Ittifoqi va boshqa bozorlar", dedi Pashinyan.

Yevropa Ittifoqimi yoki YeOII

Rossiya Yerevanning asosiy savdo sherigi va o‘zining neft va gaz zaxiralariga ega bo‘lmagan Armanistonga tabiiy gaz yetkazib beruvchi asosiy davlatdir.

Mamlakatning Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga a’zoligi Armanistonga bojsiz savdo qilish va mehnat migrantlari uchun qulay shart-sharoitlardan foydalanish imkonini beradi. Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga a’zo davlatlar ham Rossiya gaziga sezilarli chegirma oladilar.

1-aprel kuni Kremlda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Vladimir Putin Pashinyanga "respublika Rossiya gazini qanday shartlarda olishini" eslatdi va Rossiya uni Armanistonga Yevropa narxlaridan ancha past narxda sotishini ta’kidladi.

May oyi oxirida Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston rahbarlari Armanistondan Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqida qolish yoki Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish-bo‘lmasligini hal qilish uchun referendum o‘tkazishni talab qilib, qo‘shma bayonot berishdi.

Bayonotda Armanistonning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga tayyorgarligi Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi mamlakatlarining "iqtisodiy xavfsizligi uchun jiddiy xavf" tug‘dirishi aytilgan. Shu bilan birga, Armaniston rasmiylari hozirgi Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga a’zolikning muhim iqtisodiy foydalari va kelajakdagi Yevropa integratsiyasi istiqbollari o‘rtasida tanlov qilishga tayyor emasliklarini namoyish etmoqdalar.

Bosh vazir Nikol Pashinyan Armanistonda Yevropa Ittifoqi va YeOII o‘rtasida tanlov qilish bo‘yicha referendum o‘tkazish uchun hozirda hech qanday asos yo‘qligini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yerevan "Yevropa Ittifoqi va YeOII o‘rtasida tanlov muqarrar bo‘lguncha" YeOII doirasida ishlash niyatida.

Pashinyanning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi va YeOII o‘rtasidagi tanlov hozirda Armaniston uchun nazariy hisoblanadi va mamlakat rasman Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun ariza bermaguncha yoki Yevropa Ittifoqiga nomzod maqomiga erishmaguncha shunday bo‘lib qoladi.

Kelishmovchiliklarga qaramay, 1-iyun kuni Putin Pashinyanni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi va Moskva Yerevan bilan munosabatlarni rivojlantirishni xohlayotganini bildirdi.

"Mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar an’anaviy ravishda do‘stona bo‘lib kelgan. Va biz ularning yanada izchil rivojlanishidan manfaatdormiz. "Sizga sog‘liq, farovonlik va muvaffaqiyat tilayman", deyiladi Kreml tomonidan e’lon qilingan telegrammada.

Siyosatshunos Mikael Zolyanning fikricha, Kreml Armanistondagi mavqeini yo‘qotish xavfini endigina anglab yetdi.

"Armaniston birinchi marta G‘arb va Rossiya o‘rtasidagi geosiyosiy raqobat maydoniga aylandi. Ilgari Moskva Armanistonni hokimiyat tepasida kim bo‘lishidan qat’i nazar, o‘zining ta’sir doirasi deb hisoblardi", deb yozadi Pashinyan blokidan sobiq parlament a’zosi Zolyan.

"Endi Armaniston hukumati "dekolonizatsiya", AQSh bilan hamkorlik va Yevropa Ittifoqi bilan integratsiya haqida gapirmoqda. Pashinyan siyosiy kampaniyasining asosiy koziri G‘arb bilan yaqinlashish va AQSh vositachiligida Ozarbayjon bilan tuzilgan Vashington kelishuvlaridir", deb aytdi Mikael Zolyan.

Yevropa Ittifoqi va AQSh qo‘llovi

29 may kuni, Putin va Pashinyan o‘rtasidagi suhbatdan bir necha kun oldin, Reuters agentligi ba’zi hujjatlar va G‘arb josuslik manbalariga tayanib, Moskva Armaniston parlament saylovlariga aralashuvini kuchaytirayotgani haqida xabar berdi.

Armaniston parlament saylovlari oldidan Moskva dezinformatsiya tarqatmoqda va Rossiyadan o‘n minglab armanlarni ovoz berish uchun olib kelishni rejalashtirmoqda, deb xabar beradi Reuters agentligi bir nechta G‘arb josuslik xodimlari va agentlik tomonidan ko‘rib chiqilgan hujjatlarga tayanib.

Manbalarning ta’kidlashicha, Moskva 100 000 kishini saylov uchastkalariga olib kelish uchun 50 million dollar sarflashni rejalashtirgan.

2 iyunь kuni AQSh Kongressi o‘ngida ko‘rsatma bergan Davlat kotibi Marko Rubio Rossiya Qo‘shma Shtatlarning Armaniston bilan hamkorligidan unchalik mamnun emasligini aytdi.

"Menimcha, Rossiya Federatsiyasi amaldagi prezidentning [Armaniston bosh vazirini nazarda tutmoqda] Qo‘shma Shtatlar bilan rivojlanayotgan munosabatlari tufayli saylovlarda yutqazishini istashiga oid dalillar mavjud", dedi janob Rubio.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Armanistondagi parlament saylovlari oldidan Pashinyanni qo‘llab-quvvatlagan edi. "Men 2026 yil 7 iyundagi saylovlarda Nikolni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman", deb yozgan u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

AQSh prezidenti Pashinyanni "ajoyib do‘st va yetakchi" deb atadi.

Bir qancha Yevropa yetakchilari ham Pashinyanni qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishdi.