Tug‘ilgan kunga bosqin: Rossiyada millatchilik qanday tus olmoqda?

Katyaning uzun to‘q jigarrang sochlari va moviy ko‘zlari bor. U katta sirg‘a taqqan, buruni teshtirilgan. Bir qo‘li bo‘ylab o‘simliklar va kapalaklar shaklidagi tatuirovkalar tushirilgan.
Surat tagso‘zi, Katya doimiy qo‘rquv bilan yashayotganini aytadi.
Published
O'qilish vaqti: 6 daq

Kristofer Jayls

Juliya Lyuft

BBC Eye

Ogohlantirish: Maqolada kamsituvchi iboralar uchraydi.

Katya 30 yoshini nishonlayotgan edi. U tug‘ilgan kun tortidagi shamlarni o‘chirishga taraddudlanib turganida, ijaraga olingan tungi klubga niqobli bir guruh bostirib kiradi. Ular mehmonlarga og‘zaki va jismoniy tajovuz qila boshlaydi.

"Bizni 'gomik', 'lesbiyanka' deb atashardi. Har tomondan baqir-chaqir va zo‘ravonlik ovozlari kelardi", deydi Katya Bi-bi-si Jahon xizmati surishtiruviga. Uning so‘zlariga ko‘ra, hatto onasini ham yerda emaklashga majbur qilishgan.

Hujumni "Russkaya obщina" deb ataluvchi posbonlar guruhi uyushtirgan. Bu guruhning maqsadi, Prezident Vladimir Putin ta’biri bilan aytganda, G‘arb liberalizmiga qarshi kurashish va "an’anaviy oilaviy qadriyatlar"ni targ‘ib qilishdir.

Bunday reydlarda ba’zan kuzatilgani kabi, bu safar ham ularga politsiya xodimlari hamrohlik qilgan. Keyinroq "Russkaya obщina" ijtimoiy tarmoqlarda video tarqatib, klubda Rossiyada taqiqlangan LGBT "targ‘iboti" alomatlarini qidirganini bildirdi. Ammo hech qanday dalil topilmadi. Shunga qaramay, Katya huquq-tartibot idoralari tomonidan so‘roq qilindi.

Oradan to‘qqiz oy o‘tib, u tungi klub devoridagi xoch shaklidagi qizil neon chiroq sabab "dinga hurmatsizlik"da aybdor deb topildi.

Pushti neon chiroqlar bilan yoritilgan tungi klubda Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi idorasi xodimlaridan biri yerda yotgan kishining qo‘llarini orqasiga qayirib ushlab turibdi. Atrofdagilar esa bu manzarani kuzatmoqda.
Surat tagso‘zi, Katyaning bazmiga qilingan reydga huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari ham qo‘shilgan. Suratda ulardan biri mehmonni yerda ushlab turgani aks etgan.

Bi-bi-si surishtiruviga ko‘ra, "Russkaya obщina" Rossiyadagi millatchi guruhlar ichida eng yirik tarmoqlardan biri hisoblanadi. So‘nggi ikki yilda uning reydlari soni keskin ko‘paygan. Shuningdek, guruh Kremlga yaqin shaxslar boshqaradigan xayriya jamg‘armalaridan moliyaviy yordam olgani haqida dalillar ham aniqlangan.

Arxangelsk shahrida muqobil madaniy guruhlar uchun bazmlar tashkil qilishi bilan tanilgan Katyaning aytishicha, so‘roq vaqtida huquq-tartibot idorasi xodimi uni "an’anaviy qadriyatlarga amal qilmayotganlik"da ayblab, "unda nimadir noto‘g‘ri ekani"ni aytgan.

Sud Katyani 200 soat majburiy jamoat ishlariga hukm qildi. Sudda "Russkaya obщina" a’zolaridan biri guvohlik berib, bazmdagi xoch shaklidagi yorug‘lik bezagi unga "ruhiy azob" yetkazgani va "chuqur sarosima" uyg‘otganini aytgan.

Katya bazm o‘tkazgan tungi klubdagi pushti neon xoch shaklidagi chiroq.
Surat tagso‘zi, Sudda aytilishicha, xoch shaklidagi bu chiroq «Russkaya obщina» a’zolaridan birining diniy tuyg‘ulariga daxl qilgan.

Katyaning so‘zlariga ko‘ra, hozir u doimiy qo‘rquv ostida yashamoqda. Chunki uning ishi mahalliy OAV va "Russkaya obщina"ning ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarida keng yoritilganidan keyin internetda ommaviy ta’qib va tahdidlarga duch kelgan. Shunga qaramay, u o‘z hikoyasini Bi-bi-siga aytib berishga qaror qildi.

So‘nggi bir yil davomida Bi-bi-si Jahon xizmati "Russkaya obщina"ning olti nafar hozirgi va sobiq a’zosi, shuningdek, Katya kabi ularning harakatlaridan jabr ko‘rgan odamlar bilan suhbatlashdi.

Bu suhbatlar orqali o‘ta faol millatchi va qattiq dindor ruslardan tashkil topgan harakat manzarasi namoyon bo‘ldi. Ular shaharlarda patrullik qiladi, do‘konlar, omborlar, yotoqxonalar, tungi klublar va abort klinikalariga reydlar uyushtirib, o‘zlari "an’anaviy qadriyatlarga zid" deb hisoblaydigan yoki qonunbuzarlikka aloqador deb gumon qilgan faoliyatni izlaydi. Keyin esa nishonga olingan shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortishga urinishadi.

Harbiy kamuflyajdagi o‘nlab erkaklar otliq ritsar tasvirlangan qora-oq bayroqlar bilan suratga tushgan. Orqa fonda o‘rmon manzarasi ko‘rinadi.

Surat manbasi, Russkaya Obshina

Surat tagso‘zi, «Russkaya obщina»ning Rossiyaning turli mintaqalarida bo‘linmalari bor.

Hujumga uchraganlarning katta qismi muhojirlar bo‘lgan. "Russkaya obщina" a’zolari ularni ish joyida yoki dam olayotgan paytida ayblab chiqqan holatlar ko‘p uchraydi. Bi-bi-si tahliliga ko‘ra, guruh postlarining har to‘rttasidan biri muhojirlar haqida bo‘lib, ularda ko‘pincha irqchilikka xos iboralar ishlatiladi.

"Russkaya obщina" Bi-bi-sining izoh berish haqidagi so‘roviga javob qaytarmadi. Ammo ijtimoiy tarmoqlardagi bayonotida nashr ayblovlarini rad etdi: "Garchi "Russkaya obщina" yuridik shaxs yoki rasmiy a’zolik tizimiga ega bo‘lmagan norasmiy hamjamiyat bo‘lsa-da, Bi-bi-sining "buyuk mutafakkirlari" qanday qilibdir uning hozirgi va sobiq a’zolarini "topibdi". Ko‘chadan istalgan odamni ushlab, uni "obщina" a’zosi deb atash va og‘ziga istalgan gapni solish mumkin", deyiladi bayonotda.

Bi-bi-si "Russkaya obщina"ni bir necha oy avval tark etganini aytgan shaxs bilan ham suhbatlashgan. Uning hikoyasi guruhdagi ko‘pchilikka xos: Ukrainadagi urushdan yarador bo‘lib qaytgan, jamiyatda o‘z o‘rni va maqsadini izlayotgan sobiq askar.

Biz Dmitriy deb atagan bu shaxsning aytishicha, u endi o‘zining harbiy tajribasi va ko‘nikmalarini "mamlakatning ichki muammolari"ga qarshi qo‘llayotganidan mamnun. U mazkur muammolar qatoriga Rossiya madaniyatiga bo‘layotgan "tashqi ta’sir"ni ham kiritadi.

"Boshqa madaniyat vakillari kirib keladi. "Russkaya obщina" esa organizmni himoya qiladigan antitana kabi harakat qilib, ularning ta’sirini to‘xtatadi. Shu ma’noda, uni o‘ziga xos tabib desa ham bo‘ladi", deydi u.

O‘tgan yili Rossiya davlatining qudratli ittifoqchilaridan biri sanalgan Rus pravoslav cherkovi barcha yepiskoplariga "Russkaya obщina" bilan hamkorlik qilishni tavsiya etdi. Bu qaror cherkov ta’limotiga mos qadriyatlarni targ‘ib qilayotgan guruhning mavqeini yanada mustahkamlab, uning faoliyatiga rasmiy tus berdi.

Harbiy kamuflyajdagi o‘nlab erkaklar otliq ritsar tasvirlangan qora-oq bayroqlar bilan suratga tushgan. Orqa fonda o‘rmon manzarasi ko‘rinadi.
Russkaya Obshina
Qonun va tartibni himoya qilamiz, deb da’vo qiladigan 'Russkaya obshina' aslida bu kontekstda noqonuniy hisoblanadigan qo‘rqitish usulidan foydalanadi.
Aleksandr Verxovskiy
Rossiyadagi o‘ta o‘ng harakatlarni o‘rganuvchi tadqiqotchi (BBC.COM/UZBEK)

BBC Eye qonun ijrosini o‘z qo‘liga olayotgan rus millatchilari faoliyatini o‘rganadi.

Tahlilchilarning fikricha, Rossiyada davlat jamiyat hayotini qattiq nazorat qilib turgan bir paytda, "Russkaya obщina"ning Kreml roziligisiz erkin faoliyat yuritishi deyarli mumkin emas.

Rossiya hukumati so‘nggi yillarda mamlakatni yanada an’anaviy va millatchilik ruhidagi davlat sifatida ko‘rsatishga intilib kelayotgan edi. Ammo bu siyosat Kreml 2022 yil fevral oyida Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlaganidan keyin yanada kuchaydi. Shu yilning noyabrida Vladimir Putin "an’anaviy rus ma’naviy-axloqiy qadriyatlari"ni himoya qilishga bag‘ishlangan maxsus farmonni imzoladi.

"Russkaya obщina" Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlarini ochiq va qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi. O‘tgan yil dekabrida guruh frontda jang qilayotgan o‘ta o‘ngchi futbol muxlislaridan tuzilgan va Britaniya hukumati sanksiyalariga tushgan "Espanьola" brigadasi bilan qo‘shma harbiy bo‘linma tuzdi.

"Russkaya obщina" o‘zini yirik sarmoyadorlar qo‘llab-quvvatlamasligini aytadi. Biroq BBC Eye o‘rgangan hujjatlar guruh ayrim xayriya jamg‘armalari orqali nufuzli shaxslar tomonidan moliyalashtirilayotganini ko‘rsatadi.

Moliyaviy hujjatlarga ko‘ra, guruhning ikki yirik homiysidan biri shakar sanoati magnati Igor Xudokormovga tegishli jamg‘arma hisoblanadi. Rossiya OAV ma’lumotlariga qaraganda, yirik oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi sifatida tanilgan Xudokormov Rossiyaning sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri, hozirgi bosh vazir o‘rinbosari Dmitriy Patrushev bilan yaqin aloqalarga ega. Patrushevning otasi esa Rossiya xavfsizlik xizmati sobiq rahbari va Putinning eng yaqin doirasiga kiruvchi shaxslardan biri sanaladi.

Igor Xodokormov yashil devor fonida suratga tushgan. Orqa fonda dala va daraxtlar tasvirlangan rasm ko‘rinadi. U to‘q ko‘k rangli kostyum kamzuli va och ko‘k ko‘ylak kiygan.

Surat manbasi, SEIMTVKursk

Surat tagso‘zi, Igor Xodokormovning shakar biznesi Yevropa Ittifoqi bilan yirik savdo aloqalariga ega.

AQShda joylashgan "ImportGenius" savdo ma’lumotlari platformasiga ko‘ra, Xudokormovga tegishli "Prodimex" agrosanoat konglomerati Yevropa Ittifoqining muhim savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi.

Qirollik Birlashgan xizmatlar instituti (Rusi)ning moliya va xavfsizlik bo‘yicha mutaxassisi Tom Kitingning fikricha, Xudokormovning Ukrainadagi urushni qo‘llab-quvvatlayotgan va inson huquqlari buzilishi bilan bog‘liq faoliyatda ayblanayotgan "Russkaya obщina"ni moliyalashtirishi u bilan hamkorlik qilayotgan kompaniyalar uchun jiddiy savollar tug‘dirishi mumkin.

"Oziq-ovqat ta’minotida muhim o‘rin tutadigan Rossiya kompaniyasi aynan shunday faoliyatni qo‘llab-quvvatlayotgan shaxsga tegishli bo‘lishini xohlaysizmi? Bu – hukumatlar va kompaniyalar javob berishi kerak bo‘lgan savol", deydi u.

Xudokormov izoh berish haqidagi so‘rovimizga javob bermadi.

Hujjatlarda tilga olingan yana bir homiy – sobiq Sovet davlatlaridagi saylov kampaniyalarida Kreml va Rossiya razvedkasi bilan ishlagani aytiladigan dangalchi media sharhlovchi Sergey Mixeevdir.

Sergey Mixeev sahnada nutq so‘zlamoqda. U kulrang kostyum va qora bo‘yinli sviter kiygan, ko‘zoynak taqqan. Kalta oqargan sochlari va qisqa soqoli bor.

Surat manbasi, Russkaya Obshina

Surat tagso‘zi, Sergey Mixeev Rossiyadagi taniqli media boshlovchilardan biri.

Mixeev Bi-bi-siga shunday dedi: "Men asos solgan "Sergey Mixeev xayriya jamg‘armasi" hech qachon "Russkaya obshina"ga mablag‘ o‘tkazmagan. Buni go‘yoki tasdiqlaydigan har qanday hujjat soxta".

"Russkaya obщina" faoliyati ko‘lamini baholash uchun BBC Eye 2020–2025 yillar oralig‘ida guruhning asosiy ijtimoiy tarmoq sahifalarida chop etilgan 21 mingdan ortiq post, surat va videolarni tahlil qildi.

Bu ma’lumotlarga ko‘ra, guruhning birinchi reydi 2023 yil may oyida o‘tkazilgan. O‘shandan 2025 yil oxirigacha "Russkaya obщina" 900 dan ziyod reyd uyushtirgan, ularning qariyb 300 tasida huquq-tartibot idoralari xodimlari ham qatnashgan. Barcha reydlar ommaviy kanallarda e’lon qilinmasligini hisobga olganda, haqiqiy raqam bundan ham yuqori bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, Bi-bi-si bir nechta millatchi rus guruhlarining ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatini tahlil qilish uchun ko‘p agentli sun’iy intellekt tizimini ishlab chiqqan. Bu tizimda bir nechta SI dasturi bir vaqtning o‘zida ishlab, turli vazifalarni bajaradi va jarayon jurnalistlar tomonidan nazorat qilinadi.

Muxbirlar tanishib chiqqan tadqiqotga ko‘ra, 10 dan ortiq shunga o‘xshash guruhlar bilan taqqoslaganda "Russkaya obshina" ko‘cha harakatlarida juda faol.

"Russkaya obщina" o‘zini Rossiyadagi ko‘p yillik fuqarolik patrullari an’anasining davomchisi sifatida ko‘rsatishga harakat qiladi. Bu tizim doirasida mahalliy guruhlar rasman ro‘yxatdan o‘tib, politsiyaga jamoat tartibini saqlashda yordam berishi mumkin. Ammo ayrim reydlarda politsiya ishtirok etganiga qaramay, "Russkaya obщina"ning o‘zi bunday faoliyat uchun rasman ro‘yxatdan o‘tmagan.

Sankt-Peterburgda rasman ro‘yxatdan o‘tgan patrul guruhi rahbari Sergey Ognerubovning aytishicha, u "Russkaya obщina" a’zolariga o‘z tashkilotiga qo‘shilishga ruxsat bergan. Biroq u harakatning umumiy faoliyatini tartibga solinmagan va norasmiy deb tanqid qiladi.

"Agar migratsiya muammosi bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lsangiz, bizga qo‘shiling va buni qonuniy yo‘l bilan amalga oshiring. Niqob taqib, bozorlarga bostirib kirish migratsiyaga qarshi kurash emas, bu ko‘proq mayda bezorilikka o‘xshaydi", deydi u.

"Muayyan guruhdagi odamlarni hech qanday asoslarsiz o‘zboshimchalik bilan nishonga olish qonunbuzarlik bo‘lishi mumkin", deydi Moskvada faoliyat yurituvchi, Rossiyadagi o‘ta o‘ngchilarni o‘rganuvchi tadqiqotchi Aleksandr Verxovskiy.

"Qonun va tartibni himoya qilamiz, deb da’vo qiladigan "Russkaya obshina" aslida bu kontekstda noqonuniy hisoblanadigan qo‘rqitish usulidan foydalanadi", deydi u.

Surishtiruv yuzasidan izoh so‘ralganda, Rossiyaning Londondagi elchixonasi shunday bayonot berdi: "'Russkaya obщina'ning keng jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi milliy madaniyat va tarixiy an’analarga qiziqish ortib borayotganini ko‘rsatadi. Aftidan, Rossiyadagi fuqarolik faolligi mamlakatimizni qoralashga urinayotganlarning g‘ashini keltirmoqda".

Professional tadbir tashkilotchisi Katya uchun esa bazmlar davri tugadi. Reyd, sud jarayonlari va shifoxona pollarini yuvishdan iborat majburiy jamoat ishlaridan keyin uning butun hayoti o‘zgarib ketdi.

"O‘n yil davomida men muayyan bir maromda yashadim. Bu meni baxtli qilardi, bu mening hayotim edi. Sizdan bir parchangizni tortib olishsa, nima his qilasiz? Yo‘qotishni his qilasiz".