Yangiliklar: AQSh Eronni yana urdi. Video

Surat manbasi, Getty Images
Yangi zarbalar
Amerika Qo‘shma Shtatlari yana Eronni hujumga tutdi.
Bu gal Eronning raketa uchiruvchi sathlari va mina o‘rnatmoqchi bo‘layotgan kemalariga zarba berganligini aytdi.
Xabarlarga ko‘ra, AQShning yangi hujumlari Eron janubiga to‘g‘ri kelgan.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi yangi hujumlari yuzasidan bayonot bilan chiqqan.
Qo‘mondonlik bayonotida aytilishicha, zarbalar "o‘zlarini mudofaa qilish" va "AQSh kuchlarini Erondan kelayotgan tahdidlardan himoya qilish maqsadi"da berilgan.
Amerikaning yangi hujumlari yuzasidan rasmiy Tehron hozircha jim, shu soatlarda biror bir rasmiy bayonot bilan chiqqani ko‘rilmagan.
Eron davlat matbuotining xabar berishicha, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi seshanba kuni AQShning uchuvchisiz uchog‘ini urib tushirgan va Eron havo hududiga kirgan qiruvchi samolyot va yana bir dronni o‘qqa tutganligini ma’lum qilgan.
Ammo buning aniq qachon yuz berganiga aniqlik kiritmagan.
Shuningdek, xabarda aytilishicha, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi AQSh tomonidan muvaqqat sulhning buzilishiga "qonunan va so‘zsiz" haqli ekanliklarini ham bayon qilgan.
AQSh tomoni ham hozircha bu xususda jim.
Unda qo‘shimcha qilinishicha, Eron AQShning o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi har qanday buzilishiga qarshi javob qaytarishga "qonuniy va aniq" huquqiga ega.
Lekin Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi bundan avval tinchlik muzokaralarida ma’lum yutuqlarga erishilganini aytgan.
U, shunday bo‘lsa-da, hali bir bitimga kelishlariga "bor" ekanini ta’kidlagandi.
Yangi hujumlarning bu jarayonga ta’siri qanday bo‘lishi hozircha ma’lum emas.
AQSh tomoni so‘z Eronning aynan qay bir tahdidi haqida ketayotganligini ochiqlamagan, ularning yangi hujumlari natijasida Eronga yetkazilgan talafot ko‘lami ham hozircha noayon.
Bloomberg Eronning Nour News agentligiga tayanib xabar berishicha, hujum oqibatida bir necha eronlik harbiy xizmatchi halok bo‘lgan.
Ammo nashr bundan ortiq tafsilotlarga halicha to‘xtalmagan.
AQSH ikki davlat o‘rtasida davom etayotgan otashkesim sharoitida vazminlik ko‘rsatgan holda o‘z kuchlarini himoya qilishda davom etadi.
Tramp o‘tgan hafta Eronga qarshi yangi harbiy hujum rejasini to‘xtatib turishga qaror qilganliklarini ma’lum qilgan.
AQSh prezidenti bunga qator Fors Ko‘rfazi davlatlarining iltimosi sabab bo‘lganini aytgan.
U "hozir jiddiy muzokaralar borayotir", derkan, agar maqbul kelishuvga erishilmasa, AQSh, "istalgan paytda Eronga qarshi keng ko‘lamli hujum boshlashga" tayyor ekanidan ham ogohlantirgan.
Shunday derkan, Tramp, "ERONNING YaDROVIY QUROLI BO‘LMAYDI!", deya qo‘shimcha ham qilgan.
Eronning yuqori martabali harbiy qo‘mondoni esa, AQShga "boshqa strategik xatoga yo‘l qo‘ymasliklari va chamani yanglish olmasliklari"ni aytib, javob bergandi.
Qatar, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklarining voqealarning so‘nggi rivoji - AQShning Eronga qarshi yangi hujumlariga munosabati hozircha ma’lum emas.
Shu oy boshida Ho‘rmuz bo‘g‘ozida Eron va AQShning harbiy kemalari ham to‘qnashgan.
Yuz bergan hodisada har ikki tomon bir-birini ayblagan.
Alal-oqibat bunga Trampning o‘zi munosabat bildirib chiqishga majbur bo‘lgan.
Tramp yuz bergan voqeaga qaramay, tomonlar o‘rtasidagi muvaqqat sulh hamon kuchda ekanini ta’kidlagandi.
"Nyu-York Tayms" gazetasining yozishicha, AQSh bu gal Eronning janubiy port shahri - Bandar Abbos yaqinidagi hududni nishonga olgan.
Bandar Abbosda Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi harbiy-dengiz bazasi joylashgan.
Eron davlat matbuoti esa, portlash sadolaridan keyin Bandar Abbosdagi mahalliy rasmiylar voqeani o‘rganayotganliklari haqida xabar bergan.
Hali ham sulh imkoniyati bormi?

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Yangi hujumlari ortidan ham, AQSh Davlat kotibi hali ham kelishuv imkoniyati bor ekanligini aytgan.
Bugun, seshanba kuni Eronning bosh muzokarachisi va Tashqi ishlar vaziri Qatar Bosh vaziri bilan muzokaralar olib borishi kutilmoqda.
"Qani, bir narsaga erisha olamizmi yoki yo‘qmi, ko‘ramiz. O‘ylashimcha, hozir dastlabki hujjat aniq nimalarni ko‘zda tutishi haqida ko‘p muzokaralar ketmoqda, shuning uchun bunga bir necha kun kerak bo‘ladi", deb aytgan Rubio Hindistonga rasmiy tashrifi chog‘ida jurnalistlarga.
AQSh Davlat kotibining aytishicha, Tramp "kelishishni istaydi".
Ammo, "yaxshi kelishuvga erishilmasa, bunday bitimning keragi yo‘q", degan mavqe’da.
Marko Rubio shu kunning o‘zida yana mamlakatining Eronga qarshi yangi hujumlari haqida savolga tutilgan.
AQSh Davlat kotibi bu savollarga, "Bo‘g‘ozlar ochiq bo‘lishi lozim"ligini aytib, javob bergan.
Rubioga ko‘ra, "bo‘g‘ozlar u yoki bu yo‘lda baribir ochiladi. Shu bois ham, ochilishi zarur".
AQSh Davlat kotibining aytishicha, " u yerda bo‘layotgan ishlar noqonuniy, dunyoga zarar yetkazuvchi va qabul qilib bo‘lmas"dir.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi shunchalik muhimmi - videoni ko‘rish uchun ilova qilingan linkni bosing:
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Urushning qisqa tarixchasi

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Hujumlar eronlik yuqori martabali muzokarachilar urushni tugatishga qaratilgan muloqotlarni davom ettirish uchun Qatarga yetib borgan bir paytga to‘g‘ri kelgan.
Urushayotgan tomonlar o‘rtasida 8 apreldan buyon muvaqqat sulh amalda.
Ammo Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini o‘z nazorati ostida ushlab turibdi.
AQSh kuchlari esa Eronning portlarini to‘sib qo‘yishgan.
AQSh va Isroil Eronga keng ko‘lamli hujumlarini 28 fevral kuni boshlashgan.
Bu Yaqin Sharqda keng ko‘lamli mojaroga sabab bo‘lgan.
Eron faqat AQSh va Isroilgagina javob bermagan.
AQShning Fors Ko‘rfazidagi ittifoqchilarini ham hujumga tutishga o‘tgan.
Strategik ahamiyatga ega Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopib qo‘ygan.
Tehronning bu qadami dunyoda neftni qimmatlatgan.
Buning ortidan jahonda boshqa mahsulotlarning ham bahosi oshgan.
Narx-navolar sezilarli darajada ko‘tarilgan.
Voqealarning boshqa bir rivojida Isroil Armiyasi yana Livanga zarba berishni boshlagan.
Ularning so‘nggi hujumlari Bosh vazir Binyamin Netanyahuning mamlakati Hizbullohga qarshi hujumlarini kuchaytirishiga oid bayonoti ortidan kuzatilgan.
Xabar tafsilotlari kelishda davom etmoqda.
Maqola to‘ldirilmoqda.






























