'Manqurt shahar'. Nega Bishkekda tarixiy binolar va me’moriy yodgorliklar buzilmoqda?

Bishkekdagi «Manas» dostoni qahramoni haykali.
Surat tagso‘zi, Zamonaviy Bishkek Sovet davri, yana milliy qirg‘iz me’morchiligi va tujjoriy qurilishlarning uyg‘unligidir.
    • Author, Aysimbat Tokoeva
    • Role, Bi-bi-si Rus xizmati, Bishkek, Qirg‘iziston
  • Published
  • O'qilish vaqti: 10 daq

Qirg‘iziston poytaxti tarixiy o‘tmishni tozalash markaziga aylandi: Bishkekda bir nechta yirik sovet me’morchilik inshootlari allaqachon buzib tashlangan, yana boshqa yodgorliklar ham yo‘qolish xavfi ostida. Ularning o‘rnida faol tijorat qurilishi ketmoqda. Bu jarayon desovetizatsiya bilan bog‘liqmi? Markaziy Osiyodagi Sovet shaharsozligi namunasi hisoblanib kelgan Bishkekni oldinda nima kutmoqda? Bi-bi-si shu savollarga javob izlashga urindi.

Bishkek ippodromi
annakaramurzina
Biz - manqurt shaharmiz. Chunki o‘zini hurmat qilgan shaharlarda me’moriy yodgorliklar buzilmaydi. Ular kelajakda budjetga daromad olib keladigan kapital sifatida to‘planadi.
Aygul Nasirdinova
Arxitektura professori (batafsil: bbc.com/uzbek da).

O‘tgan yilning bahorida Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ko‘p tarmoqli Royal Central Park majmuasi qurilish maydoniga ramziy kapsula qo‘yish uchun borgan. Bishkekdagi ushbu joy 60 ming aholiga mo‘ljallangan va 3 milliard dollarga baholangan.

Qurilish maydoni sifatida bir vaqtlar mashhur bo‘lgan sovet ippodromi - "Ak-Kula" tanlangan. 1947 yilda qurilgan bu majmua vaqt o‘tishi bilan tashlandiq holga kelgan, 2020-yillar boshida yodgorlik maqomidan mahrum qilingan va oxirida butunlay buzib tashlangan.

"Sobiq ippodrom hududida 23 mingta xonadon, 45 ming kvadrat metrlik savdo markazi, shuningdek 55 qavatli tijorat va ofis binosi qurish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, maktablar, kasalxonalar, mehmonxonalar va boshqa ijtimoiy ob’ektlar ham barpo etiladi. Istirohat bog‘i, sun’iy ko‘l va yashil maydonlar ham ko‘zda tutilgan" – degan Japarov.

Har qanday ippodrom - katta bo‘sh maydon. Uni shaharda samarali va foydali tarzda ishlatish haqidagi dalillar oddiy va tushunarli. Ammo Bishkekdagi yangi qurilishning o‘zgachaligi shundaki, ippodromning o‘ziga xos va tanilgan binolari - kirish majmuasi, ma’muriy imoratlar va minbarlarni saqlab qolish va ularni shahar hamda milliy tarixning bir qismi sifatida har qanday loyihaga qo‘shish mumkin edi.

"Ak-Kula" ippodromi haqida: bu yerda shahar va dala, zamonaviylik va ko‘chmanchi an’analar uyg‘unlashadi, deb aytilardi. Sovet davrida bu nafaqat sport maydoni, balki otchilik sanoatida muhim tarkibiy qism edi. Bu yerda an’anaviy qirg‘iz ot musobaqaci - ko‘kboru o‘tkazilardi. Tashqaridan qaraganda bu joy Qirg‘izistonning tarixi va milliy o‘zligini ramziy tarzda namoyon etuvchi ideal maskan edi.

"Ak-Kula" ippodromi

Surat manbasi, Anna Karamurzina

Surat tagso‘zi, "Ak-Kula" ippodromining buzib tashlanishidan yarim yil avvalgi holati.

Biroq "Ak-Kula"ni hech bo‘lmasa xotira sifatida saqlash haqidagi dalillar qabul qilinmadi. Ippodrom buzilishidan oldin Bishkeklik Aleksey binodan vitrajlarni saqlab qolishga harakat qilib, shahar hokimiyatiga murojaat yo‘llagan. Uning aytishicha, shahar rahbariyati va meriya xodimlari vitrajlar mavjudligini ham bilmas edi. Meriya uning murojaatini boshqa mahalliy organ - tuman hokimiyatiga yo‘naltirdi. Byurokratik kechikishlar sabab ippodrom butunlay buzildi.

"Qadriyatni ippodrom rahbarlari ham, qurilish brigadiri ham, ishchilar ham ko‘rmadi. Ular vitrajlarni devorlar bilan birga buzib tashlab, qurilish chiqindisi ostiga ko‘mishdi" - deb eslaydi Aleksey.

Nimani yodgorlik deb hisoblash mumkin?

2021 yildan beri Bishkek va uning aholisi kamida to‘qqizta yirik tarixiy binodan ayrildi, deb hisoblashadi jurnalistlar va shaharshunoslar. Buzilgan inshootlarning ko‘pchiligi "stalin ampiri" uslubida qurilgan edi.

"Erkin-Too" bosmaxonasi, ya’ni1931 yilda qurilgan "Matbuot uyi" ham buzildi. Bu yerda Qirg‘izistonning birinchi gazetasi va keyinchalik respublikadagi boshqa nashrlar chiqarilgan. 2015 yilda bosmaxona yodgorlik maqomidan mahrum qilindi: Madaniyat vazirligi ob’ekt me’moriy, shaharsozlik va tarixiy-madaniy qimmatini yo‘qotgan va tiklanishi mumkin emas, deb bildirdi.

1939 yilda qurilgan Kurenkeev nomli musiqa bilim yurti binosi ham buzildi. Bu o‘quv yurti mamlakatda yagona bo‘lib, professional musiqachilarni - kontsertmeysterlar, musiqa o‘qituvchilari, xalq va simfonik orkestr artistlarini tayyorlardi.

Shuningdek, uchta taniqli yodgorlik yo‘qoldi, ularni buzishga aniq amaliy sabab yo‘q edi: "Mehmon kutish" mozaikasi, Eman bog‘idagi qadimiy favvoralardan biri va Aytmatov nomidagi Rus drama teatri devoridagi barelef.

Arxitektura professori Aygul Nasirdinova ta’kidlashicha, tarixiy binolarga bunday munosabat Bishkekni "bir marta ishlatiladigan shahar"ga aylantiradi, u turfa xillik madaniy kodini yo‘qotadi.

"Biz - manqurt shaharmiz. Chunki o‘zini hurmat qilgan shaharlarda me’moriy yodgorliklar buzilmaydi. Ular kelajakda byudjetga daromad olib keladigan kapital sifatida to‘planadi", - deydi Nasirdinova.

Manqurt - Chingiz Aytmatovning "Asrga tatigulik kun" romanidagi xotirasiz, sindirilgan odam. Bu so‘z milliy o‘zligini, tarix va madaniyat bilan bog‘liqlikni yo‘qotgan kishini anglatadigan umumiy atamaga aylangan.

Bishkekdagi yetti qavatli Oq uy (Qirg‘iziston parlamentining rasmiy qarorgohi) sovet modernizmi uslubida qurilgan.

Surat manbasi, Universal Images Group

Surat tagso‘zi, Bishkekdagi Oq uy (Qirg‘iziston parlamentining rasmiy qarorgohi) sovet modernizmi uslubida qurilgan.

Tarix biznesga yutqazmoqda

"Yodgorliklarni muhofaza qilish to‘g‘risida"gi qonunga ko‘ra, har qanday ob’ekt bir marta va abadiy yodgorlik maqomini oladi. Ammo qonunning 36-moddasida aytilishicha, agar yodgorlik tabiiy ofat natijasida to‘satdan vayron bo‘lsa va uning tarixiy, ilmiy, badiiy yoki boshqa qimmati yo‘qolish xavfi tug‘ilsa, tarixiy-madaniy meros ob’ektlarini buzish va qayta qurish hukumat ruxsati bilan mumkin.

Aynan shu modda hukumat va maxsus komissiyalar tomonidan me’moriy yodgorliklar maqomini olib tashlashda ishlatiladi.

Arxitektura professori Aygul Nasirdinovaning aytishicha, tarixiy binolar buzilganda birinchi navbatda qurilish kompaniyalari g‘olib chiqadi. Bishkekdagi ko‘p tarixiy binolar shahar markazida joylashgan, bu yerda kvadrat metr narxi eng baland.

"Ko‘p hollarda me’moriy yodgorliklar davlat mulki hisoblanadi, ularni xususiylashtirish mumkin emas. Ular shahar markazida katta maydonlarni egallaydi", -deydi Nasirdinova. Ammo agar yodgorlik buzilgan va tiklanishi mumkin bo‘lmasa, uning o‘rnida istalgan narsa qurish mumkin. "Me’moriy yodgorliklar biznesga yutqazmoqda", - deya qo‘shimcha qiladi professor.

Faollar va kuzatuvchilarning fikricha, bu jarayondagi asosiy omillardan biri — korruptsiya. Transparency International tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Qirg‘iziston bu borada doim muammoli davlatlar qatorida turibdi.

Bishkekdagi ko‘p qavatli uylar.

Surat manbasi, Dmitry Motinov for BBC Russian Service

Surat tagso‘zi, Bishkekda jadallik bilan ko‘p qavatli uylar qurilmoqda.

"Bu yerda qisqa muddatli iqtisodiy foydani ko‘zlagan pragmatik mantiq ustun. Afsuski, hozirgi tizimda kvadrat metr qimmati tarix va madaniyatning ma’naviy qimmatidan ustun kelmoqda. Shuni tushinish kerakki, saqlangan milliy o‘zlik, bu uzoq muddatli faol, kelajakda turizm va hayot sifatini oshirish orqali shaharga ancha ko‘proq foyda keltiradi, tezkor qurilishdan ko‘ra".

So‘nggi besh yilda Qirg‘izistonda qurilish loyihalari ko‘lami sezilarli oshdi. Qurilish mamlakat YaIM o‘sishining asosiy omillaridan biriga aylandi. Oxirgi uch yilda YaIM 1 trillion somdan (11 milliard dollar) deyarli 2 trillion somgacha ikki baravarga oshdi. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda mamlakat iqtisodiyoti 11%ga o‘sdi. Qurilish sohasida esa o‘tgan yili o‘sish 21%dan ortiq bo‘ldi.

Bishkek qanday me’morchilik bilan mashhur?

Bishkek (avvalgi Pishpek) 1878 yilda shahar maqomini olgan. XX asr boshigacha bu bir qavatli aholi punkti bo‘lib, faqat ba’zi ikki qavatli ma’muriyat binolari yoki boy savdogarlar uylari bor edi.

Shaharning asosiy rivojlanishi sovet davriga to‘g‘ri keldi, hozir Bishkekda 1917 yilgacha qurilgan uy va inshootlardan faqat ozgina qismi saqlanib qolgan.

Bishkek Sovet davrida qayta qurilgan. Shaharning birinchi saylangan meri Ilya Terentьevning uyi (1910) inqilobgacha saqlanib qolgan sanoqli binolardan biridir.

Surat manbasi, Dmitry Motinov for BBC Russian Service

Surat tagso‘zi, Bishkek Sovet davrida qayta qurilgan. Shaharning birinchi saylangan meri Ilya Terentьevning uyi (1910) inqilobgacha saqlanib qolgan sanoqli binolardan biridir.

Arxitektor Aybek Sidiqovning aytishicha, Bishkek me’morchiligi sovet modernizmi va "stalin ampiri" uslubidagi uylari bilan mashhur (SSSRda 1930–1950-yillardagi yo‘nalish).

"Qirg‘iziston davlat sirki (1976) shahardagi sovet modernizmining eng tanilgan namunasidan biri. Bu aylana shakldagi bino bo‘lib, uning tomi "uchar likopcha"ga o‘xshaydi", - deydi arxitektor.

Uning ta’kidlashicha, "Frunze modernizmi" deb ataladigan 1960–1980-yillar me’morchiligi Bishkek uchun o‘ziga xos qatlam bo‘lib, bu shunchaki "sovet qutilari" emas.

"Bu xalqaro uslubni mahalliy sharoitga moslashtirish edi: quyoshdan himoya panjalari, beton bilan ishlash, milliy naqshlar. Masalan, T. Satilganov nomidagi Qirg‘iz davlat filarmoniyasi, katta kontsert zali bo‘lib, uning fasadi kuchli geometrik shakllar va relefli bezaklar bilan to‘ldirilgan, bu sovet modernizmiga xos", - dep misol keltiradi u.

Davlat sirkining "uchar likopcha" shaklidagi binosi sovet modernizmining yorqin namunasi va Bishkekning eng taniqli binolaridan biridir.

Surat manbasi, Dmitry Motinov for BBC Russian Service

Surat tagso‘zi, Davlat sirkining "uchar likopcha" shaklidagi binosi sovet modernizmining yorqin namunasi va Bishkekning eng taniqli binolaridan biridir.

Sovet beton uslubi va modernizmi postsovet makonida sevimli uslublardan emas. Chet ellik tadqiqotchilardan farqli ravishda, mahalliy aholi o‘z muhitining qulayligi (yoki noqulayligi)ga e’tibor qaratsa, hukumat ko‘pincha muammolarni hal qilishning eng oddiy yo‘llarini izlaydi.

"Yangi Qirg‘iziston"

Katta loyihalar va tashabbuslar boshlanganda prezident tarafdorlari va uning o‘zi ko‘pincha "Yangi Qirg‘iziston"ni tilga oladi.

Bu Japarovning norasmiy strategiyasi bo‘lib, unda YaIM o‘sishi, modernizatsiya va turizmni rivojlantirish kabi maqsadlar ko‘rsatiladi. Bu yangi milliy ideologiyaga uyg‘unlashtiriladi va qirg‘izlarning qadimiy tarixiga ishora qiladi.

"Hozir aniq isbotlanganki, qirg‘iz davlatchiligi miloddan avvalgi birinchi ming yillik oxirida paydo bo‘lgan. Shundan beri qirg‘izlar turli davrlarda o‘z davlat tuzilmalariga ega bo‘lib, rivojlanish bosqichlaridan o‘tgan [...] 1917 yil Oktyabrь inqilobi, SSSR tashkil topishi va Markaziy Osiyoda milliy chegaralash siyosati qirg‘iz xalqining davlatchiligini yangi ma’noda anglashga turtki bo‘ldi" – degan Sadir Japarov.

U tashqi ramzlar va mamlakat qiyofasining ahamiyatini alohida ta’kidlaydi. 2021 yilda prezident bo‘lganidan keyin u prezident ma’muriyati uchun yangi bino qurish zarurligini e’lon qildi. Yangi kompleksning rasmiy ochilishi 2024 yil avgustda bo‘lib o‘tdi. Bu bino avval yodgorlik maqomiga ega bo‘lgan "Issiq-Ko‘l" mehmonxonasi o‘rnida qurildi.

Shahar aholisi va arxitektorlar jamoasining noroziligiga o‘sha paytda prezident matbuot kotibi Erbol Sultanbaev javob berib, yangi ma’muriyat binosi qurilishi - mamlakat obro‘si masalasi ekanini aytgan.

"Chet ellarga borganda ularning ma’muriy komplekslari va me’morchiligini qiziqish bilan tomosha qilamiz. Xudo xohlasa, endi mehmonlar ham bizga shunday hayrat bilan qarashadi" – degan u.

Prezidentning yangi qarorgohi - "Intimak Ordo".

Surat manbasi, Administration of the President of Kyrgyzstan

Surat tagso‘zi, Rasmiylar prezidentning yangi qarorgohi - "Intimak Ordo" chet ellik mehmonlarni hayratda qoldiradi, degan o‘yda.

So‘nggi besh yilda hukumat yangi ma’muriy binolar qurishga o‘nlab million dollar sarfladi.

Ramzlarga e’tibor davlat bayrog‘ini o‘zgartirishda ham ko‘rindi (radikal bo‘lmasa ham, lekin turli norozi fikrlarga sabab bo‘ldi). 2024 yilda yangi gimn qabul qilish tashabbusi ham ko‘tarildi (hozir maxsus komissiya variantlarni ko‘rib chiqmoqda).

"Hozirgi gimn mualliflari Qirg‘iziston mustaqillik yo‘liga tushgani va xalq taqdiri o‘z qo‘lida ekani haqida quvonchli va hayajonli satrlarni yozgan. Lekin 33 yil o‘tdi, biz to‘laqonli davlatga aylandik, butun dunyo biz haqimizda biladi. Biz ikki yuz yildan keyin ham erkinlik va mustaqillikka erishganimiz haqida qo‘shiq aytamizmi? Endi kelajak avlod uchun xalqimizning besh ming yillik tarixi haqida gimn yozishimiz mumkin emasmi?" – degan prezident Japarov.

2026 yil 14 aprelda u mamlakat janubiga safar vaqtida "Kelasi yil Qirg‘izistondagi barcha aholi punktlari sovet va rus nomlari o‘zgartiriladi" degan. Keyinroq matbuot kotibi Askat Alagozov prezidentni noto‘g‘ri tushunishganini bildirgan, gap faqat qishloqlarga shaxslar ismini berishni vaqtincha taqiqlash haqida bo‘lganini aytgan.

Iqtisodiyot vazirligining eski binosi.

Surat manbasi, Dmitry Motinov for BBC Russian Service

Surat tagso‘zi, Iqtisodiyot vazirligi prezident ma’muriyatining bo‘sh turgan binosiga ko‘chib o‘tgach, 1954 yilda qurilgan eski bino buzilish tahdidi ostida qoldi. Rejaga ko‘ra, bu joyda endi ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan.

O‘tgan yili Qirg‘izistonning ikkinchi yirik shahri – O‘shda Vladimir Leninning 23 metrlik haykali olib tashlanganda ba’zi ekspertlar mamlakatda desovetizatsiya boshlanganini aytishgan. Ayni damda u Leninning Markaziy Osiyodagi eng baland haykali edi. Lenin ko‘chasi nomi Alimbek dotqoh ko‘chasi deya o‘zgartirilishi ham muhim ramziy qaror sifatida ko‘ringan.

Biroq Bishkekdagi tumanlar hali ham sovet davridagi nomlar bilan ataladi: Oktyabrь, Birinchi may, Sverdlov va Lenin. Shahar markazida Lenin haykali ham saqlanib qolgan. Bundan tashqari, Japarov nutqlarida "davlatchilik asoschilari, Sovet Ittifoqi qahramonlari, nasr ustalari, xalq qahramonlari"ni tilga olishda davom etmoqda. Shuning uchun sovet me’morchiligini buzish va yo‘qotishni muayyan ideologik dastur deb atash hozircha erta.

"Qirg‘izistonda desovetizatsiya jarayoni siyosat darajasida ongli va maqsadli tarzda ketmayapti, - deydi "Esimde" tadqiqot loyihasi rahbari Elmira Abilbek. - Turli muhokamalar bor, lekin davlat darajasida emas. Biz hali ham sobiq metropoliyamizga hurmat bilan munosabatdamiz. Lekin "o‘zlikka qaytish" jarayonlari faol ketmoqda: til, madaniyat, tarixni saqlash va rivojlantirish. Bu albatta qarshi chiqish jarayoni emas, ayniqsa agressiv tarzda emas, balki o‘z sub’ektligini tiklash jarayoni".

Renovatsiya

Tarixiy binolar buzilgandan keyin Bishkekda turar-joy uylarini – "xrushyovka"larni renovatsiya qilish haqida gap boshlandi. Sovet davrida qurilgan uylarni buzish rejasi haqida Qirg‘iziston hukumati 2024 yil oxirida e’lon qildi. Davlat qurilish qo‘mitasi (hozirgi Qurilish va me’morchilik vazirligi) rahbari Nurdan Oruntaev jurnalistlarga aytishicha, Bishkekda sovet davrida qurilgan uylar 50–70 yilga mo‘ljallangan. Hukumat renovatsiya yangi bosh reja qabul qilinganidan keyin boshlanishini va’da qildi.

Me’morchilik professori Aygul Nasirdinova ta’kidlashicha: Bishkekning qurilishi "tartibsiz va nazoratsiz jarayon".

SSSR parchalanganidan keyin Bishkekda 2000-yillar boshigacha yangilangan bosh reja ishlab chiqilmadi va qabul qilinmadi. Bu davrda shahar shaharsozlik hujjatlarisiz qurilib va rivojlanib bordi, shahar hokimiyati ko‘pincha 1970 yilda qabul qilingan bosh rejaga tayanadi.

Qirg‘iziston mustaqilligi tarixida birinchi bosh reja 2006 yilda tasdiqlandi va 2025 yilgacha amal qildi.

Amaldagi bosh reja va boshqa shaharsozlik hujjatlari yo‘q bo‘lishiga qaramay, Bishkek infratuzilmasini modernizatsiya qilish katta ko‘lamda boshlandi. Masalan, G‘arbiy avto-vokzal buzildi, Sharqiy avtovokzal rekonstruktsiya uchun yopildi. Shahar aholisi uchun yangi avtovokzal shahar chetida qurildi.

Poytaxtdagi eng katta va eng qadimiy bozorlaridan biri - "O‘sh bozori" ham shahar tashqarisiga ko‘chirilmoqda. Sharq uslubida qurilgan savdo majmuasi 40 yildan ortiq ishlagan. Hukumat bozor buzilgandan keyin bu yerda istirohat bog‘i va kasalxona qurishni va’da qilgan. Ammo 24 aprelda qabul qilingan Bishkekning yangi bosh rejasida bozor o‘rnida turar-joy uylari va biznes maydoni rejalashtirilgan.

"Bishkekbosharxitektura" va shahar hokimiyatining matbuot xizmati BBCga shahar qurilishi va yangi bosh reja haqida izoh berishdan bosh tortdi.

Bishkek 2020 yilda jonlandimi?

Sobiq Iqtisodiyot vazirligi binosi yonidagi "Ijodkorlar uyi" ham ko‘p qavatli turar-joy majmuasi qurilishi rejalashtirilgan hududda joylashgan.

Surat manbasi, Dmitry Motinov for BBC Russian Service

Surat tagso‘zi, Sobiq Iqtisodiyot vazirligi binosi yonidagi "Ijodkorlar uyi" ham ko‘p qavatli turar-joy majmuasi qurilishi rejalashtirilgan hududda joylashgan.

"Ijodkorlar uyi" - uch qavatli, och pushti rangdagi bino, fasadini rim uslubidagi ikki oq ustun bezab turadi. Bu bino 1953 yilda Frunze (Qirg‘iz SSR poytaxtining sovet davridagi nomi)da qurilgan.

Mustaqil Qirg‘iziston hukumati bu binoga me’moriy yodgorlik maqomini bergan. 30 yil o‘tib, "Ijodkorlar uyi" poytaxtdagi boshqa tarixiy binolar taqdirini takrorlash xavfiga duch kelmoqda.

Buzilish xavfi mart oyi boshida paydo bo‘ldi: shahar hokimiyati binodagi yerni prezident ma’muriyati ixtiyoriga berishga qaror qildi, kadastr hujjatlarida esa bu yerda umuman bino yo‘qligi haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Qirg‘iziston rassomlar uyushmasi xavotirga tushib, sudga murojaat qildi. 29 aprelda sud shahar hokimiyati harakatlarini qonuniy deb topdi.

71 yoshli rassom va Qirg‘izistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat arbobi Gulnara Musabayning aytishicha, bu joy har doim respublika rassomlari uchun ijodiy va tashkiliy markaz bo‘lgan.

Musabay 1980 yildan beri "Ijodkorlar uyi"da ishlaydi, u Leningraddagi V.I. Muxina nomidagi san’at o‘quv yurtini tugatib Frunzega qaytgan.

"Bu yerda galereya, ko‘rgazma zali, grafika ustaxonalari va [sovet davrida] kutubxona bor edi. Kechki rasm darslari, o‘quv studiyalari, master-klasslar, ko‘rgazmalar o‘tkazilardi. Yerto‘lada grafika ustaxonalari bor, mashhur grafiklar shu yerda ishlab, asarlarini chop etardi", - deydi Musabay.

Rassom va uning hamkasblarining ta’kidlashicha, "Ijodkorlar uyi" boshqa tarixiy binolar kabi Bishkek xotirasini saqlash uchun zarur.

"Bu binolarsiz qanday bo‘ladi? Hozir ularni yo‘q qilib, yana bir xil uylar - temir-beton qutilar qurishadi, tamom. Shunda Bishkek go‘yo 2020 yilda paydo bo‘lganday ko‘rinadi. Undan oldin nima bor edi? Qaysi tarix, qaysi me’morchilik?" - deb kuyinchaklik bilan gapiradi Musabay.

Qabul qilingan bosh rejada "Ijodkorlar uyi" o‘rnida ko‘p qavatli turar-joy uylarini qurish rejalashtirilgan. Shuningdek, 1950-yillarda qurilgan sobiq Iqtisodiyot vazirligi binosi o‘rnida ham turar-joy qurilishi ko‘zda tutilgan.

Prezident ma’muriyati yer uchastkasi taqdiri haqida Bi-bi-siga izoh berishdan bosh tortdi. "Hozircha intervyu berishni rahbarimiz katta ish yuki sababli vaqtincha taqiqladi", - dedi matbuot xizmati.

 Qirg‘iziston SSR Oliy Kengashining sobiq binosi.

Surat manbasi, Dmitry Motinov for BBC Russian Service

Surat tagso‘zi, O‘tgan yilning bahorida Qirg‘iziston SSR Oliy Kengashining sobiq binosi tarixiy va me’moriy yodgorlik maqomidan mahrum qilingan edi. Keyinchalik bino qayta tiklandi, uni zamonaviy binoga o‘xshatish uchun yangicha qoplamalar qoplandi.

Me’mor Aybek Sidiqovning aytishicha, Bishkekka merosni iqtisodiyotga uyg‘unlashtirgan aniq strategiya zarur.

"Biz eski binolarni "xarobalar" yoki "progressga to‘siq" sifatida qabul qilishni to‘xtatishimiz kerak. Jahon amaliyotida ular joyning ruhini (Genius Loci) yaratadigan asosiy ob’ektlar. Biz tarixni kapitalga aylantirishni o‘rganishimiz kerak, uni buzib, g‘isht narxida sotish emas. Bishkekning kelajagi - uning o‘ziga xosligida, qiyofasiz megapolislarga taqlidda emas", - deydi u.

"Agar orqa fondagi tog‘larni olib tashlasak, Bishkekning ko‘plab yangi tumanlari suratlaridan u qaerligini bilish mushkul. Novosibirsk chetimi, Ostona yoki Istanbul

atrofimi… Bu - biz aytgan "qiyofasizlik". Shahar o‘z DNKsini yo‘qotmoqda, bir qolipdagi qarorlar yig‘indisiga aylanmoqda", - deya xulosa qiladi ekspert.