Urush tezda tugaydimi - AQSh va Eron qanday ishora berishmoqda? Yangilandi

Published
O'qilish vaqti: 2 daq

Eronning aytishicha, AQSh bilan muzokaralarda muayyan siljish bor, ammo kelishuv muqarrar emas.

"To‘g‘ri, biz muboyasa etilayotgan masalalarning katta qismi bo‘yicha xulosaga erishdik" - degan Eron Tashqi ishlar vazirligi voizi Ismoil Baqoiy.

"Ammo bu kelishuv imzolanishi muqarrar degani emas, hech kim bunday da’vo qilolmaydi".

Oldinroq AQSh Davlat kotibi Marko Rubio dushanba kuni kelishuvga erishish mumkinligi haqida aytgandi.

Rubio nima degan?

AQSh va Eron muzokarachilari "o‘rtaga salmoqli narsani qo‘yishgan", deb urushni to‘xtatishga oid so‘nggi rivojlanishni tasvirlagandi Marko Rubio.

U dushanba kuni ikki mamlakat kelishuvga erishishlari mumkin, degandi.

"Hamon ish olib borayapmiz" - ta’kidlagan Hindistonga safar qilayotgan Marko Rubio.

Polin Kola nazarda tutilayotgan kelishuv borasidagi so‘nggi xabarlarga nazar tashlaydi.

"Shoshmang"

Oldinroq Prezident Tramp muzokarachilarga "kelishuvga erishish uchun shoshish kerak emasligini" aytganini urg‘ulagandi.

Donald Tramp undan ham sal oldinroq esa kelishuvga oz qolganini bildirgan.

Xabarlarga ko‘ra, kelishuv 60 kunlik otashkesimni uzaytirishni, Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochishni va Eron yadroviy dasturi bo‘yicha yana muzokaralar olib borishni ko‘zda tutadi.

Kelishuv umidi haqidagi ishora ortidan Osiyo birjalarida neft narxlari keskin arzonladi.

"Bo‘g‘ozni ochish uchun salmoqli narsalar o‘rtaga qo‘yildi" - degan u Dehlidagi safari payti Ho‘rmuz bo‘g‘oziga ishora qilib.

Janob Rubio "Erondan javob kelishi biroz vaqt olganini" qayd etgan.

BBC hamkori bo‘lgan CBS News xabariga ko‘ra, Isroil hujumida yaralangan Eron Oliy diniy rahnamosi maxfiy joyda qolmoqda va shu bois muloqot olib borib qiyinlashib, tinchlikka erishish cho‘zilib ketmoqda.

O‘tgan dam olish kunlari gapirgan Eron Tashqi ishlar vazirligi voizi Ismoil Baqoiy esa taraflarning kelishuvga erishishlarini "ham juda yaqin va ham juda uzoq" ehtimol sifatida ta’riflagandi.

AQSh matbuotiga ko‘ra, aytilayotgan hozirgi kelishuv yakuniy qadam emas, balki eng nozik hamda bahsli masalalarni keyinroq muzokara qilishni nazarda tutadi.

Bular orasida, Eronga qarshi jazo choralarni yengillatishning vaqti hamda qamrovi, Eronning muzlatilgan pullarin ochish va Tehronning o‘z yadroviy rejalarini jilovlashga oid Vashington talablari bor.

Nazarda tutilgan kelishuv Prezident Trampning Respublikachi partiyasini ikkiga bo‘lmoqda.

Ayrimlar Eronga nisbatan juda yumshoq yo‘l tutilmoqda, deb hisoblashadi.

"Har qanday kelishuv ortidan Eron mintaqadagi yetakchi kuch sifatida qabul qilinadi" - degan Trampga yaqin senator Lindsi Grem - "Hayron qolasan, aslida nega o‘zi urush boshlangandi".

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating:

Prezident Tramp yakshanba kuni Truth Social platformasidagi o‘z postida Eron yadroviy qurollarni rivojlantira olmasligini "tushunishi shart" deb yozdi.

AQSh matbuotidagi ayrim xabarlarga ko‘ra, kelishuv yakunida Eron boyitilgan uranini topshirishga rozi bo‘lishi ham mumkin.

Tehron esa o‘z yadroviy dasturini tinchlik maqsadlarida, deb aytib keladi.