O‘zbek tadbirkorlariga Qirg‘iziston bozori nega qiziq? (Video)

Bir paytlar Qirg‘izistonning Qorasuv bozori o‘zbekistonliklar uchun asosan Xitoy mahsulotlari olib kelinadigan joy sifatida tanilgan edi. Bugun esa vaziyat o‘zgarmoqda. Qorasuv va O‘sh bozorlarida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘payib bormoqda, o‘zbek tadbirkorlari esa Qirg‘izistonni nafaqat qo‘shni bozor, balki tashqi savdoga chiqish uchun qulay maydon sifatida ko‘ra boshladi.
Yaqinda O‘sh shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston–Qirg‘iziston biznes forumi bu o‘zgarishning yana bir ko‘rinishi bo‘ldi. Forumda O‘zbekistondan 80 nafar, Qirg‘iziston tomonidan esa 150 nafarga yaqin tadbirkor ishtirok etdi.

Tadbir yakunida tadbirkorlar o‘rsatida qiymati 42 million dollardan ortiq bo‘lgan shartnomalar imzolangani ma’lum qilindi.
Forumda qatnashgan tadbirkorlarning ayrimlari bilan suhbatlashib, ular uchun Qirg‘iziston bozori nimasi bilan qiziq ekanini va ularni qiynayotgan muammolarning bor yoki yo‘qligi haqida so‘radim.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Chegaradagi savdodan biznes forumlarigacha
Bugun ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar haqida so‘z ketganda milliard dollarlik tovar ayirboshlash, biznes forumlar va qo‘shma loyihalar tilga olinadi.
Biroq yaqin o‘tmishda manzara boshqacha edi.
1990-yillar oxiri va 2000-yillarda O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar ko‘pincha chegaralar, xavfsizlik masalalari va turli cheklovlar soyasida qolib ketardi. Ikki davlat o‘rtasidagi savdo ham asosan chegaraoldi bozorlari orqali amalga oshardi.
O‘sha paytlarda Qorasuv bozori Markaziy Osiyodagi eng mashhur savdo nuqtalaridan biri edi. Ko‘plab o‘zbekistonliklar bu yerga Xitoy mahsulotlarini sotib olish uchun kelar, chegaralarda og‘ir xalta va tugunlar bilan turgan savdogar ayollar esa odatiy manzara hisoblanardi.

2016 yildan keyin O‘zbekiston tashqi siyosatida qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni yaxshilash ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylandi. Toshkent va Bishkek o‘rtasidagi muloqotlar faollashdi, chegaralarni kesib o‘tish tartiblari yengillashtirildi, yopiq o‘tish punktlarining bir qismi qayta ishlay boshladi.
Natijada iqtisodiy munosabatlar ham o‘zgardi. Agar avval Qirg‘iziston ko‘proq tovar keladigan bozor sifatida ko‘rilgan bo‘lsa, bugun u tobora ko‘proq O‘zbekiston tovarlari sotiladigan bozorga aylanib bormoqda.

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK
O‘zbekiston mahsulotlari uchun yangi xaridorlar kerak
Qirg‘izistonga qiziqishni faqat yaxshi qo‘shnichilik bilan tushuntirish qiyin.
O‘zbekistonda ishlab chiqarish hajmi ham o‘sib bormoqda. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning birinchi choragida mamlakatda 289 trillion so‘mdan ortiq sanoat mahsuloti ishlab chiqarilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8 foiz ko‘p.
Yangi korxonalar va ishlab chiqarish quvvatlari mahsulot uchun yangi bozorlarni talab qiladi.
Qo‘qonlik tadbirkor Ulug‘bek ham Qirg‘izistonga aynan shu maqsadda kelgan.
Uning fikricha, Qirg‘iziston bozorida o‘zbek mahsulotlari uchun imkoniyat bor. U buni ayrim sohalarda mahalliy ishlab chiqarish hajmi cheklangani bilan izohlaydi.

"Qirg‘izistonning bozori qiziq. Bu yerda mening fikrimcha mahalliy ishlab chiqaruvchilar kamroq. Hozir bizda O‘zbekistonda juda ham ishlab chiqaruvchilar ko‘p. Bu yerga mahsulotlarimizni yetkazib bersak juda yaxshi bo‘ladi".
Uning so‘zlariga ko‘ra, forum davomida yangi mijozlar topilgan va qo‘shimcha shartnomalar ham imzolangan.
"Hozir yana yangi mijozlar topdim. Shartnomalar imzoladik. Keyingi oydan Qirg‘iziston bozoriga bizning mahsulotlar ko‘proq kelib, sotila boshlaydi".
Qirg‘iziston nima uchun qulay?
Tadbirkorlar aytishicha, Qirg‘izistonning jozibasi faqat qo‘shni davlat ekani bilan izohlanmaydi.
Avvalo, bu bozor geografik jihatdan yaqin. Masofaning qisqaligi mahsulotni tez yetkazib berish va transport xarajatlarini kamaytirish imkonini beradi.
Shuningdek, til va madaniyatdagi yaqinlik ham ishbilarmonlik munosabatlarini yengillashtiradi. Ko‘p hollarda tadbirkorlar tarjimonsiz muloqot qila oladi, iste’molchilarning ehtiyoj va didini tushunish ham nisbatan oson kechadi.
Forum qatnashchilari fikricha, aynan shu omillar Qirg‘izistonni ko‘plab o‘zbek kompaniyalari uchun tashqi bozorga chiqishdagi birinchi manzillardan biriga aylantirmoqda.
"Rossiyaga darvoza"
Forumda eng ko‘p takrorlangan fikrlardan biri Qirg‘izistonning kattaroq bozorlarga chiqishdagi ahamiyati haqida bo‘ldi.
O‘zbekiston Savdo palatasi qoshidagi Kichik biznes uyushmasi vakili Muzaffarxon Musaevning aytishicha, Qirg‘iziston ko‘plab tadbirkorlar uchun birinchi tashqi bozor vazifasini bajarmoqda.
O‘zbekistonlik tadbirkorlar uchun ilk eksportni amalga oshirish uchun Qirg‘iziston qulay va oson davlat.
"O‘zbekistonlik tadbirkorlar uchun ilk eksportni amalga oshirish uchun Qirg‘iziston qulay va oson davlat. To‘g‘ri, bozorni katta deb aytib bo‘lmaydi. Lekin biz bu bozor orqali Rossiya bozoriga chiqsak bo‘ladi. Belorussiya, Moldova bozorlariga ham chiqsak bo‘ladi".
Qirg‘iziston aholisi O‘zbekistonnikidan ancha kam. Shu sababli uning o‘zi katta iste’mol bozori hisoblanmaydi.
Biroq ayrim tadbirkorlar uni tashqi savdoda tajriba orttirish, yangi sheriklar topish va keyinchalik boshqa mamlakatlarga chiqish uchun qulay nuqta sifatida ko‘rmoqda.
Savdo bir tomonlama emas
Qirg‘iziston bozoriga qiziqish haqida gap ketganda asosan o‘zbek mahsulotlari eksporti tilga olinadi. Ammo savdo oqimi faqat bir tomonga qarab harakatlanayotgani yo‘q.
So‘nggi yillarda Qirg‘iziston mahsulotlarining O‘zbekistondagi ulushi ham ortib bormoqda.
Masalan, Qirg‘iziston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning dastlabki besh oyida mamlakatdan eksport qilingan tabiiy asalning eng yirik xaridori O‘zbekiston bo‘lgan. Bu davrda O‘zbekistonga 103 tonnadan ziyod asal yetkazib berilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb etti baravar oshgan.
Qirg‘iziston uchun muhim eksport mahsulotlaridan yana biri ko‘mir hisoblanadi. Qirg‘iziston statistikasiga ko‘ra, 2026 yilning dastlabki besh oyida mamlakatdan eksport qilingan 500 ming tonnadan ortiq ko‘mir O‘zbekistonga jo‘natilgan.
Bu raqamlar ikki davlat iqtisodiyoti ma’lum darajada bir-birini to‘ldirib borayotganini ko‘rsatadi. O‘zbekiston ko‘proq sanoat va tayyor mahsulotlar eksport qilayotgan bo‘lsa, Qirg‘izistondan ko‘mir, mineral xomashyo va ayrim oziq-ovqat mahsulotlari kelmoqda.
Ayni vaqtda, Qirg‘iziston kompaniyalari ham O‘zbekiston bozoriga faolroq chiqishga harakat qilmoqda. Yaqinda 50 nafardan ortiq qirg‘iz to‘qimachilik va tikuvchilik sohasi vakillari Toshkentga biznes tashrifi bilan keldi. Qirg‘iziston Iqtisodiyot vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ayrim kompaniyalar mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekistonda sotish uchun mahalliy yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tish jarayonini boshlagan.
Qorasuvdagi o‘zgarish
Bu o‘zgarishlarni raqamlardan tashqari bozorlarda ham ko‘rish mumkin.
Bir vaqtlar Qorasuv bozoriga asosan O‘zbekistonga olib kirish uchun mahsulot izlab kelingan bo‘lsa, bugun u yerda o‘zbek mahsulotlari ko‘payib bormoqda.
Oziq-ovqat mahsulotlari, shirinliklar, qurilish materiallari va to‘qimachilik mahsulotlari qirg‘iz bozorlarida tez-tez uchraydi.
Bu, albatta, Qirg‘iziston faqat O‘zbekiston mahsulotlari bozoriga aylandi degani emas. Ammo ikki davlat o‘rtasidagi savdo yo‘nalishi avvalgiga nisbatan ancha o‘zgarganini ko‘rsatadi.
Savdogina emas, sayohat ham ko‘paydi
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi yaqinlashuv faqat bozorlarda emas, odamlar harakatida ham namoyon bo‘lmoqda.
Qirg‘izistonning "Kabar" agentligi keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda mamlakatda dam olgan sayyohlar soni 5,3 million kishiga yetgan. Bu ko‘rsatkich bir yil avvalgiga nisbatan qariyb 45 foiz ko‘p.
Qirg‘izistonlik turizm mutaxassisi Azamat Jamanqulovning fikricha, keyingi yillarda chegaralarning ochilishi va ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning yaxshilanishi turistlar oqimining sezilarli o‘sishiga olib kelgan.
Uning aytishicha, O‘zbekistondan Qirg‘izistonga qiziqish avval ham yuqori bo‘lgan, ammo yopiq chegaralar safarlarni cheklab kelgan.
O‘zbekistonning O‘sh shahridagi bosh konsuli Zafarbek Ahmedov ham ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy va gumanitar aloqalar kengayib borayotganini ta’kidlaydi.
Uning ma’lum qilishicha, 2025 yilda O‘zbekistonga kelgan 12 million xorijiy sayyohning 3 milliondan ortig‘i Qirg‘iziston hissasiga to‘g‘ri kelgan. 2026 yilning birinchi yarmida esa Qirg‘izistondan O‘zbekistonga 1 million 800 ming kishi tashrif buyurgan.

"O‘tgan yili O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard 200 million dollarni tashkil qildi. Bu yil yanvarь-iyunь oylarida esa ko‘rsatkich 500 million dollarga yaqinlashdi. Bu ikki mamlakatning iqtisodiy, investitsiya va turizm sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratayotganidan dalolat beradi", — deydi Zafarbek Ahmedov.
Uning fikricha, bu jarayon ortida ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muloqot va o‘zaro ishonch ham muhim o‘rin tutadi.
Hammasi ham silliq ketmayapti
Shu bilan birga, tadbirkorlar hali ham ayrim muammolarga duch keladi.
Ba’zan mahsulotlar chegarada qaytarilishi yoki hujjatlar bilan bog‘liq masalalar yuzaga kelishi mumkin.
O‘sh savdo palatasi vakili Qanto‘ro‘ Turduboev bunday holatlarni ko‘proq qonunchilik talablarini yaxshi bilmaslik bilan izohlaydi.
"Agar biznesmen qonunni noto‘g‘ri qo‘llagan vaqtda albatta to‘xtatiladi. Shuning uchun ikki tomonning ham investitsiya va eksport bo‘yicha qonunlarini yaxshi o‘rganishsa, tadbirkorlarning o‘zlariga yaxshi bo‘ladi".
Bu savdo hajmi ortib borayotgan bo‘lsa ham, texnik talablar, sertifikatlashtirish va qonunchilik masalalari o‘z ahamiyatini saqlab qolayotganini ko‘rsatadi.
2 milliard dollarlik maqsad
O‘zbekiston va Qirg‘iziston rasmiylari 2030 yilgacha o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish maqsadini bildirib kelmoqda.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 2016 yilga nisbatan yetti baravardan ko‘proq o‘sgan. Qirg‘iz kapitali ishtirokida O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan korxonalar soni ham so‘nggi o‘n yil ichida bir necha baravar ko‘paygan.
Mutaxassislar fikricha, keyingi bosqich oddiy oldi-sotdidan qo‘shma ishlab chiqarish, sanoat hamkorligi va logistika loyihalariga o‘tish bo‘lishi mumkin.
Agar bir paytlar Qirg‘iziston o‘zbekistonliklar uchun asosan tovar olib kelinadigan joy bo‘lgan bo‘lsa, bugun u ko‘plab o‘zbek tadbirkorlari uchun tovar sotiladigan, yangi xaridorlar topiladigan va tashqi bozorga chiqish sinab ko‘riladigan maydonga aylanib bormoqda. O‘shdagi forum esa bu o‘zgarishning navbatdagi ko‘rinishlaridan biri bo‘ldi.






























