Rossiya: Yevronigohga kremlcha javob. O‘zbekistonlik ishtirokchi Rozenbergning diqqatini tortdi

Shohruhmirzo G‘aniev sahnada nog‘ora chalib kuylamoqda
Surat tagso‘zi, Internigohda O‘zbekiston sharafini Shohruhmirzo G‘aniev himoya qilmoqda
    • Author, Stiv Rozenberg
    • Role, Bi-bi-sining Moskvadagi muharriri
  • Published
  • O'qilish vaqti: 7 daq

Moskvadagi kontsert zalida Shohruhmirzo G‘aniev muhabbat va ona vatani O‘zbekiston haqida xonish qilmoqda.

"Oyoqlaringizni erkakdek jips tuting, – deydi uning ovoz murabbiysi va xoreografi. – Qo‘llarni kengroq yoying!"

Bu shunchaki mashq, ammo Shohruhmirzo butun qalbi bilan berilib kuylamoqda. U an’anaviy o‘zbek kuylarini zamonaviy uslubda ijro etib, Markaziy Osiyoning qadimiy nog‘orasi – doira chalmoqda.

O‘zbekiston "Internigoh" qo‘shiqlar tanlovida ishtirok etayotgan 23 ta davlat qatoriga kirdi.

Bu Rossiyaning "Yevronigoh"ga javobi. Kamroq siyqa, ko‘proq kremlcha.

«Internigoh-2025» Vladimir Putinning g‘oyasi. U "xalqaro madaniy va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish" maqsadida sovet davridagi qo‘shiqlar festivalini qayta tiklash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Aniqroq maqsad – Moskva ishtirok eta oladigan xalqaro qo‘shiq tanlovini yaratish. 2022 yilda Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirganidan so‘ng "Yevronigoh"da qatnashishi taqiqlangan edi.

Moskvada Intervijn qo‘shiq tanlovi reklamasi joylashgan shar
Surat tagso‘zi, Ukrainaning aytishicha, Internigoh dunyoni Rossiyaning davom etayotgan bosqinidan chalg‘itishga urinishdir

Endi yangi bir yo‘nalish paydo bo‘lmoqda.

Rossiya terma jamoasi Olimpiya o‘yinlaridan chetlatilganda, Moskva «Kelajak o‘yinlari» va «Butunjahon do‘stlik o‘yinlari» kabi muqobillarni yaratishga uringan edi.

Endi Kreml "Yevronigoh"ning o‘z versiyasini o‘ylab topdi.

Ammo u qanday bo‘ladi, unda kimlar ishtirok etmoqda?

Ruslar Internigoh uchun Osiyo, Afrika, Yaqin Sharq va Lotin Amerikasidan ittifoqchilarni taklif qildi. Boshlang‘ich tarkib Rossiya a’zo bo‘lgan BRICS davlatlari, Shanxay hamkorlik tashkiloti va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi kabi siyosiy va iqtisodiy ittifoqlardan iborat.

Ishtirokchi davlatlar ro‘yxatida Xitoy, Hindiston, Braziliya, Janubiy Afrika, Vьetnam, Venesuela, Qatar, Saudiya Arabistoni va Madagaskar bor: bu "Yevronigoh"dan butunlay farq qiluvchi musiqiy xarita va Kreml uchun Ukrainaga bostirib kirganiga qaramay, Rossiyaning hali ham do‘stlari borligini ko‘rsatish imkoniyatidir.

Qo‘shma Shtatlar ham ishtirok etmoqda: bu Donald Tramp Oq uyga qaytganidan beri AQSh-Rossiya munosabatlaridagi iliqlik nishonasi.

Iliqlik muammo yo‘q degani emas. Amerikaning dastlabki Internigoh ishtirokchisi Brendon Hovard tanlov arafasida chiqib ketdi.

"Afsuski, bu yerda ba’zi... oilaviy muammolar sababli borolmadim," deydi B.Hovard taxallusli bu qo‘shiqchi menga AQShdan qo‘ng‘iroq orqali.

"Ammo bu juda ajoyib tadbir ekaniga chindan ishonaman."

"Sizga "Brendon, urush tufayli bormasliging kerak", degan odamlar bo‘ldimi?" deb so‘radim undan.

"Ba’zi muxlislar shunga o‘xshash gaplarni aytib, xavotir bildirishardi. Ammo ko‘pchilik u yerga borishimni, yaxshilik elchisi bo‘lishimni juda qo‘llab-quvvatladi."

B.Hovard o‘rnini Los-Anjelesda yashovchi asli avstraliyalik-yunon qo‘shiqchi Vassi egalladi.

"Qatnashayotgan 23 mamlakatda 4,3 milliard kishi yashaydi," deb maqtandi Kremlning yuqori martabali amaldori Sergey Kirienko. "Bu dunyo aholisining yarmidan ko‘pini tashkil etadi."

Traditionally dressed Russians perform at a rehearsal for Intervision
Surat tagso‘zi, Rus madaniyati Internigoh tanlovining muhim qismi hisoblanadi — masalan, an’anaviy kiyimlarda raqsga tushayotgan mana bu rus reyverlari kabi

Qo‘shiqlar tanlovining kuzatuv kengashiga prezident Putin ma’muriyati rahbari o‘rinbosari janob Kirienko raislik qiladi. U shu hafta Internigoh matbuot anjumanida tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va Bosh vazir o‘rinbosari Dmitriy Chernishenko bilan birga qisqa ko‘rinish berdi.

"Bilaman, ba’zilar "Yevronigoh"da siyosat elementi bor deb o‘ylaydi, – dedim janob Lavrovga. – Ammo qarang, bu yerda kimlar vakillik qilmoqda: Kreml, tashqi ishlar vazirligi va Rossiya hukumati. Bu Internigohning sof siyosiy yoki geosiyosiy loyiha ekani tasdig‘i emasmi?"

"Agar ba’zi davlatlar hukumatlari madaniyatni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yaratishga harakat qilmasa, bu ularning tanlovi, – deb javob beradi janob Lavrov. – Bizning mamlakatimizda davlat san’atni targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi. Savolingiz zamirida raqobatdan qo‘rquv yotibdi."

Ukrainadagilar butunlay boshqa narsadan xavotirda: Moskva butun dunyo e’tiborini urushdan chalg‘itish uchun Internigohdan foydalanmoqda.

"Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Rossiya tomoni tashkil etgan Internigoh-2025 qo‘shiq tanlovini dushmanona targ‘ibot vositasi va Rossiya Federatsiyasining tajovuzkor siyosatini oqlash usuli deb hisoblaydi," deya ta’kidladi vazirlik may oyida.

Urush ba’zi odamlar xayolida "Internigoh"da edi.

"Qo‘rqinchli tomoni urushda, nima bo‘lsa bo‘lyapti. Aynan shu narsalar haqida o‘ylagandik," deydi Janubiy Afrikaning "Mzansi Jikelele" guruhidan Rene Kryuger.

"Ammo bizni ishontirishdi: "Yigitlar, kelinglar, yomon narsa bo‘layotgani yo‘q". Albatta, biz [xavotirlangandik], lekin mana, keldik va bizga juda yaxshi munosabatda bo‘lishdi."

Mzansi Jikelele, South Africa's entrant at Intervision, speak to the BBC
Surat tagso‘zi, Mzansi Jikelele, Janubiy Afrikadan ishtirokchi, Rossiyada ularga yaxshi munosabatda bo‘lishganini aytdi, ammo yana hadiksiragan

Internigoh-2025 da Rossiya nomidan Yaroslav Dronov ishtirok etmoqda, u ko‘proq «Shaman» taxallusi bilan tanilgan. O‘tgan yili Yevropa Ittifoqi uni "Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suverenitetiga putur yetkazuvchi harakatlar va siyosatni qo‘llab-quvvatlagani" uchun sanksiyalagan edi.

Uning avvalgi xitlari orasida "Men rusman" nomli vatanparvarlik pop qo‘shig‘i bor bo‘lib, unda shunday so‘zlar uchraydi:

"Men rusman, oxirigacha boraman... Men butun dunyoga qarshi o‘laroq rusman."

Bu "Muhabbat porlasin" yoki "Men uchun bo‘salaringni saqla" kabi qo‘shiqlardan ancha farq qiladi.

Ammo Rossiya Ukrainadagi uch yarim yillik urushda shakllangan tasavvurdan yumshoqroq qiyofa yaratish uchun Internigohdan foydalanmoqda.

Qo‘shiq tanlovining rasmiy qur’a tashlash marosimida xalqaro delegatsiyalarga ziyofat berilmoqda. Unda Internigoh logotipi tushirilgan tvorogli quymoqlar va pryaniklar ham bor. Xalq raqqosalari tomosha ko‘rsatayotgan paytda, ko‘ngillilar rus mehmondo‘stligi ramzi bo‘lgan teshik kulchadan yasalgan ulkan marjonlarni tarqatishdi.

Ishtirokchilar birin-ketin ulkan samovarga yaqinlashib, piyolani tanlab, uni issiq suv bilan to‘ldiradi. Piyolalar har bir mamlakat uchun chiqish tartib raqamini ko‘rsatadi.

Xalq liboslaridan tortib blinilargacha, bu yerda urg‘u an’analarga qaratilgan.

Vetnamlik Duc Phuc Intervision tanlovida samovardan issiq suv quymoqda
Surat tagso‘zi, Vьetnamlik ishtirokchi Dhuk Phuk Internigoh tanlovi qur’asi doirasida samovardan issiq suv oldi.

Qo‘shiqlarda ham shunday. Tanlovning rasmiy e’lon qilingan maqsadi "ishtirokchi mamlakatlarning o‘ziga xos madaniy an’analari va yutuqlari bilan tanishish, turli xalqlarning umuminsoniy, ma’naviy, oilaviy, madaniy, axloqiy va diniy an’analarini targ‘ib qilish"dir.

Xalqaro ijrochilar qoidalar kitobini yaxshi o‘qib olishgan ko‘rinadi.

"Mening qo‘shig‘im Vьetnam madaniyati haqida hikoya qiladi, – deydi vьetnamlik ishtirokchi Dhuk Phuk. – Men Vьetnam madaniyatini barcha bilan baham ko‘rishim kerak."

"Mamlakatingiz vakili sifatida qanday tanlandingiz?" deb so‘rayman.

"Madaniyat vazirligi tanladi."

"Bizning qo‘shig‘imiz Mariya ismli ayol haqida," deydi braziliyalik ishtirokchi Tais Nader. "Mariya har qanday braziliyalik ayolga o‘xshaydi. U yashash uchun ko‘p mehnat qiladi, ammo doim kulib turadi, ko‘zlari porlaydi."

"Yevronigoh haqida eshitganmisiz?" deb so‘rayman.

"Aslida biz internetda Internigoh haqida qidirib, Yevronigohni kashf etdik! Avval Internigoh yoki Yevronigoh haqida bilmasdik. Bu biz uchun yangilik."

BBC
Aslida biz internetda Internigoh haqida qidirib, Yevronigohni kashf etdik! Avval Internigoh yoki Yevronigoh haqida bilmasdik. Bu biz uchun yangilik.
Tais Nader
Braziliyalik ishtirokchi

Ko‘pchilik ruslar uchun ham Internigoh yangilikdek ko‘rinadi. Aslida, u o‘tmishdagi qo‘shiq musobaqalari qabridan chaqirib olingan kommunistik davr arvohidir.

Asl Internigoh qo‘shiq tanlovi Sharq va G‘arb hamma narsada raqobatlashayotgan bir paytda Temir parda ortida tug‘ilgan. Sovuq urushda kosmik poyga, qurollanish poygasi va madaniy urushlar ham bo‘lgan.

1950-yillar o‘rtalaridan boshlab Yevronigoh G‘arbiy Yevropada tezda katta hodisaga aylandi, Chexoslovakiya va Polshadagi Sharqiy blok qo‘shiq festivallarida esa vaqti-vaqti bilan "Internigoh" nomi qo‘llandi.

Shunday bo‘lsa-da, o‘zaro aloqalar ham bo‘lgan. Finlyandiya Yevronigohda ham, Internigohda ham ishtirok etgan va G‘arbning taniqli yulduzlari Sharqda mehmon sifatida chiqish qilgan. Gloriya Gaynor, Petula Klark va Boni-M Internigohda qatnashgan.

Kommunizm qulagandan so‘ng, Rossiya va Sharqiy Yevropa qit’ani qamrab olgan siyosiy o‘zgarishlarni qabul qildi va Yevronigohda qatnashishga shoshildi. Men buni 1996 yilda taqdir taqozosi bilan Yevronigoh tanlovida ishtirok etish uchun Rossiya televideniesining "Yevropa uchun qo‘shiq" tanlovida hamboshlovchilik qilganimda ko‘rganman.

Rossiya televideniesi bo‘ylab ekskursiya paytida ko‘rsatuv rejissyori bilan gaplashib qoldim. Men unga Yevronigohning ashaddiy muxlisi ekanligimni aytganimda, u kechqurun dasturni efirga uzatishda yordam so‘radi. O‘sha kecha studiyadagilarning barchasi qanchalik hayajonlanganini hech unutmayman: nafaqat Yevronigoh, balki Rossiya Yevropaning bir qismi ekanligidan ham edi bu hayajon.

A bespectacled Steve Rosenberg (right) appearing in a suit and tie on Russia's Song for Europe in 1996

Surat manbasi, YouTube/RTR/Programma A/Pesnya dlya Evropy

Surat tagso‘zi, Stiv Rozenberg (o‘ngda) 1996-yilda Rossiyaning "Yevropa uchun qo‘shiq" dasturida ishtirok etgan.

Ammo Kremlning G‘arb bilan munosabatlari yomonlashgani va Moskvaning G‘arb liberalizmi va "noan’anaviy qadriyatlari"ga hujumlari kuchaygani sayin, Rossiyaning Yevronigoh qo‘shiq tanlovi bilan ziddiyati ham zo‘raydi.

Ayniqsa, avstriyalik dreg-qirolicha Konchita Vurst 2014 yilda Yevronigohda g‘olib bo‘lganidan keyin.

"Soqolli xonimga birinchi o‘rinni berish insoniyatga qarshi haqorat," degan edi o‘shanda menga rossiyalik deputat Valeriy Rashkin.

Janob Rashkin Rossiyani Yevronigohdan voz kechishga va "Yevroosiyo ovozi" tanlovini tashkil etishga chaqirdi. Yana bir deputat uning o‘rniga "Goodvision"ni taklif qildi.

O‘shanda Yevronigoh qo‘shiq tanlovi va Rossiya to‘qnashuv yo‘lida ekanligi aniq edi. Yevronigoh LGBTQ hamjamiyatini qutlab, o‘zini inklyuzivlik va xilma-xillik namoyishchisi sifatida ko‘rsatdi. Rossiya esa geylar huquqlariga qarshi kurash boshladi va LGBTQning ommaviy ifodalarini jinoiy javobgarlikka tortdi.

Internigoh qo‘shiq tanlovida bunday erkinlikdan asar ham bo‘lmaydi.

Intervision 2025 uchun repetitsiyani suratga oluvchi kamera surati

Surat manbasi, Intervision 2025

Surat tagso‘zi, Ishtirokchilar Intervision tanlovida ularning chiqishlari diqqat bilan kuzatilishini yaxshi bilishadi.

Lekin odamlar uni tomosha qilarmikan? Internigoh qo‘shiqchilari va qo‘shiqlari qit’alardagi omma tasavvurini zabt eta oladimi? Ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasidagi sezilarli vaqt farqlari, ehtimol, Yevronigohdagi kabi umumiy tomosha hissini olishga to‘sqinlik qiladi.

Ommaviy ovoz berish ham bo‘lmaydi. Faqat hakamlar hay’ati: har bir mamlakatdan bittadan a’zo. Lekin ovoz berish qanday o‘tadi?

"Ovoz berish tizimi juda mashhur olim va matematik tomonidan maxsus ixtiro qilingan, – deydi menga Rossiya televideniesining Internigoh sharhlovchisi Yana Churikova. – Maxsus Internigoh uchun."

Repetitsiya xonasida O‘zbekiston vakili Shohruhmirzo G‘aniev ovoz berish tizimining nozik tomonlarini bilmasligini tan oldi. U shunchaki bu yerdaligidan hayajonda. Onasi ham shundan quvonmoqda. U o‘g‘li repetitsiya qilayotganini faxr bilan kuzatadi.

Garchi uning mamlakati Yevronigohda qatnashmasa-da, Shohruhmirzo menga bu tanlov O‘zbekistonda mashhurligini aytdi. Hozircha esa u shu yerdagi chiqishiga e’tiborini qaratgan.

"Internigohga kelganimdan juda xursandman, – deydi u menga. – Yevronigohni o‘tmishda qoldiryapman."