Dunyo bo‘ylab chuchuk suvlar sho‘rlanmoqda. Yechim nima?

Surat manbasi, Lena Nian/ BBC
Gambiyadan tortib AQShgacha bo‘lgan hududlarda dengiz tuzi odamlar ichadigan va oziq-ovqat ishlab chiqarish uchun zarur chuchuk suvlarga tobora ko‘proq aralashib bormoqda.
Yangi Orleanda kimdir ichimlik suvi uchun jo‘mrakni buraydi, biroq undan sho‘r suv keladi. Bangladeshda dehqonlar bir paytlar unumdor bo‘lgan yerlarni qisqichbaqa boqish uchun sho‘r suvli hovuzlarga aylantirishga majbur bo‘lmoqda. Gambiyada esa dehqon ayolning ekinlari tuzdan sarg‘ayib, nobud bo‘layotganini kuzatishdan o‘zga chorasi yo‘q.
Dunyo bo‘ylab bir vaqtlar ishonchli bo‘lgan qirg‘oqbo‘yi chuchuk suv manbalari dengiz suvi bosimi ostida sho‘rlanib bormoqda. Bu "sho‘r suv intruziyasi" deb atalgan g‘alati, sekin kechayotgan inqiroz bo‘lib, u odamlar hayotiga tobora ko‘proq ta’sir ko‘rsatmoqda.
Sho‘r suv intruziyasi deganda sho‘r suvning (okean yoki dengizdan) chuchuk suvli havzalarga, ichkariga siljishi tushuniladi. Hozircha bu holat Gambiya, Vьetnam va Bangladesh kabi pasttekislikda joylashgan mamlakatlarga ko‘proq ta’sir qilmoqda, ammo bu AQSh uchun ham dolzarb bo‘lgan global muammodir. 2050 yilga borib, Antarktidadan tashqari barcha qit’alarning qirg‘oqbo‘yi hududlarida sho‘r suv kamida 1 kilometr ichkariga kirib borishi bashorat qilinmoqda.
AQShdagi G‘arbiy Karolina universiteti qirg‘oqbo‘yi geologiyasi professori Robert Yangning ta’kidlashicha, sho‘r suvning kirib kelishi odatda uzoq vaqt davomida asta-sekin yuz beradi, ammo butun dunyodagi ichimlik suvi manbalariga, sholichilikka va qirg‘oqbo‘yi jamoalariga uzoq muddatli halokatli ta’sir ko‘rsatadi.
"Sho‘r suv intruziyasi – asta-sekin yuzaga keladigan iqlim inqirozining yorqin namunasidir, – deydi u. – Biz ko‘pincha bo‘ronlar kabi yirik hodisalarga e’tibor qaratamiz-u, sekinroq sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarni e’tiborsiz qoldiramiz. Biz ofatlarga noto‘g‘ri tayyorgarlik ko‘ryapmiz, [ammo aynan sekin boshlanadigan iqlim ta’sirlari] qirg‘oqbo‘yi jamoalarining, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlardagi kelajagiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin".
Yopirilib kelayotgan tuz
AQShda sho‘r suv intruziyasi allaqachon ko‘plab qirg‘oqbo‘yi fermer xo‘jaliklari va ichimlik suvi ta’minotiga, ayniqsa, asosiy chuchuk suv manbai bo‘lmish Biskayn suv havzasi joylashgan Janubiy Florida pasttekisliklariga tahdid solmoqda. Olimlar Rod-Aylenddagi quduqlarning sho‘r suv bilan ifloslanganini aniqlagan. "The Guardian" nashri yozishicha, Luiziana aholisi hatto vodoprovod suvida sho‘r ta’m seza boshlagan va 2023 yilda shtat gubernatori ushbu ta’sirlar tufayli prezidentdan favqulodda holat e’lon qilishni so‘ragan.
Ichimlik suviga sho‘r suv aralashishi shunchaki noxush holat emas. Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, sho‘r suv ichadigan aholi sog‘lig‘iga salbiy oqibatlar, jumladan, yuqori qon bosimi va homiladorlik davridagi muammolar xavfi yuqori.

Surat manbasi, Getty Images
Intruziya ko‘pincha sho‘r va chuchuk suv chegarasida sodir bo‘ladi. Tuzning joylashuvi dengiz sathi va quruqlikdagi suv sathi o‘rtasidagi muvozanatga bog‘liq, deydi AQShdagi Delaver universiteti qirg‘oq gidrogeologi Holli Maykl. "Bu muvozanatni u yoki bu tomonga o‘zgartiradigan har qanday jarayon tuz frontining quruqlik ichkarisiga siljishiga sabab bo‘ladi", deydi u.
Mayklning aytishicha, bu jarayon harorat oshishi, yog‘ingarchilikning kamayishi va dengiz sathining global miqyosda ko‘tarilishiga olib kelayotgan iqlim o‘zgarishi tufayli yanada kuchaymoqda.
Ayrim joylarda, jumladan, AQShda ham maishiy, qishloq xo‘jaligi va sanoat ehtiyojlari uchun yerosti suvlaridan haddan tashqari ko‘p foydalanish sho‘r suv intruziyasini oshirib, yerosti sho‘r suvlarining tuproq va daryolarga kirib borishiga imkon yaratdi.
Dehqonlar uchun muammo
O‘zimni juda yomon his qilyapman, chunki oilam avvallari ko‘pincha to‘yib ovqatlanardi, hozir unday emas. Shuning o‘ziyoq katta tashvish.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Ammo sho‘r suv intruziyasidan eng ko‘p jabr ko‘rayotganlar dunyoning eng qashshoq mamlakatlaridagi qirg‘oqbo‘yi dehqonlaridir.
Nurs Senne Gambiyadagi 600 ga yaqin aholi istiqomat qiladigan, mangrovzorlarga boy kichik Sankandi qishlog‘ida ota-onasi bilan sholi ekishni boshlaganida hali bola edi. Ota-onasi unga sholi ko‘chatlari suvda yaxshi o‘sishini, shu sababli ekinlarni faqat seryog‘in mavsumda, sug‘orish uchun yomg‘ir suvi yetarli bo‘lganda ekish kerakligini o‘rgatgan edi.
Bu usul avlodlar davomida oilaga naf keltirgan: "Otam badavlat bo‘lmagan, – deydi hozir 59 yoshda bo‘lgan Senne. – U oilani boqish uchun og‘ir mehnat qilardi, ammo shunga yarasha seryog‘in mavsumda mo‘l hosil olardik".
Senne 1987 yili, turmushga chiqqanidan ko‘p o‘tmay, sholichilik bilan mustaqil shug‘ullana boshladi. Uning aytishicha, dalasidan olinadigan mo‘l hosil oilasini boqishga yordam bergan, biroq bundan taxminan to‘rt yil avval sho‘r suv Atlantika okeanidan uning bir gektarlik sholipoyasiga asta-sekin kirib kela boshlagach, hosil kamayib ketgan.
Bu holat Senne uchun mutlaqo notanish edi. U sholining o‘sishdan to‘xtab, hosildorligi pasayib borayotganini ko‘ra boshladi va ta’sirni kamaytirishga har qancha harakat qilmasin, ekinzorini boshqa joyga ko‘chirishga majbur bo‘ldi.
Gambiya dunyodagi eng pasttekislikda joylashgan mamlakatlardan biri bo‘lib, bu yerda sho‘r suv intruziyasi haqida ilk bor XIX asrda ma’lum bo‘lgan. Ammo Gambiya universitetining iqlim o‘zgarishi va agronomiya bo‘yicha professori Sidat Yaffaning ta’kidlashicha, hozirgi kunda sho‘r suvning kirib kelishiga asosan iqlim o‘zgarishi sabab bo‘lmoqda.
Mamlakat nomi olingan va G‘arbiy Afrikaning eng uzun kemachilik suv yo‘llaridan biri bo‘lgan Gambiya daryosi mamlakat sholikorligi uchun asosiy chuchuk suv manbai hisoblanadi. Sholi o‘sishi uchun juda ko‘p suv kerak: atigi 1 kg hosil olish uchun taxminan 2500 litr suv talab etiladi.

Surat manbasi, Lena Nian/ BBC)
"Gambiya daryosi deyarli dengiz sathida joylashgan va sho‘r suv kirib kelishidan jiddiy zararlanadi. Sho‘r suv daryo bo‘ylab 250 km ichkarigacha kirib borib, odatda sholi yetishtirishda foydalaniladigan irmoqlarga quyiladi", deydi Yaffa. Uning qo‘shimcha qilishicha, harorat ko‘tarilishi tufayli 1970-yillardan beri mamlakatda yillik yog‘ingarchilik miqdori qariyb 30 foizga kamaygan. Bu esa yerosti suvlarining to‘yinishini sekinlashtirib, tuproqni yanada sho‘rlashtirgan.
"Hozir yog‘ingarchilik kamaygan, shu sababli yomg‘irdan keladigan chuchuk suv ham oz, – deydi Yaffa. – Aksincha, Atlantika okeanidan Gambiya daryosiga quyilayotgan sho‘rroq suv oqimi yuqoriga ko‘proq harakatlanmoqda".
Qarshi kurash
Gambiya Milliy atrof-muhit agentligining 2024-yilgi ta’sirni baholash hisobotiga ko‘ra, 2009–2023 yillar oralig‘ida sho‘r suv kirib kelishi tufayli Gambiyada sholi yetishtiriladigan maydonlar 42 foizga, hosildorlik esa 26 foizga kamaygan. Bu o‘zgarishlar, asosan, mamlakatdagi minglab odamlarning tirikchilik manbai bo‘lgan an’anaviy sholichilik sohasida kuzatilmoqda. Ushbu holat o‘ta qashshoq aholining 91 foizi fermerlardan iborat bo‘lgan mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solmoqda.
Senne qo‘l qovushtirib o‘tiradigan dehqon emas. Muammoni payqashi bilanoq, u vaqtinchalik to‘g‘on qurishga kirishdi: sho‘r suvning fermasiga yanada kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qoplarni loyga to‘ldirib, yerga ko‘mdi. Biroq, uning aytishicha, uch marta urinishiga qaramay, bu yechim hech qachon ish bermagan.

Surat manbasi, Lena Nian/ BBC
Oxir-oqibat u fermasini tashlab ketdi. "Sho‘r suv bosib kelgani uchun ketishga majbur bo‘ldim, – deydi u. – Hozir zarar ko‘rgan sholipoya yerlariga ekin ekilmayapti".
Senne hozirda yaqin atrofdagi o‘ziga tegishli kichik bir yerda dehqonchilik qiladi, biroq uning aytishicha, avvalgi hosilning uchdan biridan ham kamroq hosil olmoqda va yetti nafar farzandi endi to‘yib ovqatlanmayapti. "O‘zimni juda yomon his qilyapman, chunki oilam avvallari ko‘pincha to‘yib ovqatlanardi, hozir unday emas. Shuning o‘ziyoq katta tashvish", deydi u. Senne endi bir qop import guruchni 30 dollardan sotib oladi. "Bir kun kelib guruch sotib olaman deb hech o‘ylamagandim, – deydi u. – Bu men uchun juda og‘ir".
Sholi Gambiyadagi tirikchilik maqsadida dehqonchilik qiluvchi fermerlar uchun muhim oziq-ovqat manbai. Mamlakat guruchning asosiy qismini import qilsa-da, uni sotib olish ko‘pchilik uchun notanish holat. Yaffaning aytishicha, o‘rtacha oylik maosh 69 dollardan kam bo‘lgan mamlakatda bu juda qimmatlik qiladi.
Tuzni jilovlash
Dunyodagi boshqa pasttekislik hududlaridagi, jumladan, Vьetnamdan tortib O‘rta yer dengizi sohillarigacha, AQShning Florida va Delmarva yarim oroli kabi qirg‘oqbo‘yi hududlaridagi fermerlar ham sho‘r bosqiniga duch kelmoqda. Bangladeshda ba’zi kichik fermerlar yerlarini sho‘r suv bosishiga javoban, ularni qisqichbaqa yetishtirish uchun sho‘rlangan hovuzlarga aylantirmoqda. Bu esa tuproqni yanada ifloslantirishi va qirg‘oq aholisi o‘rtasida nizolarga sabab bo‘lishi mumkin.

Surat manbasi, Getty Images)
Biroq odamlar bu bosib kelayotgan sho‘r suvga qarshi ham kurashmoqda.
Masalan, Florida shtatida sho‘rlikni nazorat qiluvchi inshootlar o‘rnatilgan bo‘lib, ular chuchuk va sho‘r suvni ajratishga yordam beradi. "Florida kanallarga suv to‘lqini darvozalarini o‘rnatdi, bu sho‘r suvning yuqoriga chiqishini to‘xtatadi, – deydi Maykl. – Ular suv qaytish vaqtida darvozalarni ochadi va bu suvning oqib ketishiga imkon beradi".
Shu singari, 2016 yilda El-Nino sababli kuchaygan qurg‘oqchilik sho‘r suvni 90 km ichkarigacha surgan Vьetnam ham o‘zining "guruch savati" bo‘lgan Mekong deltasini sho‘r suv kirib kelishidan himoya qilish uchun ko‘p million dollarlik shlyuz darvozalarini qurdi. Biroq, bu loyihalar ko‘pincha muvaffaqiyatsizlikka uchragan.
Mayklning aytishicha, Floridadagi yana bir muhandislik yechimi – bu oqova suvlarni haydashdir. Bunda oqova suvlar to‘planadi, tozalanadi va daryoga chiqariladi. "Bu yerosti suvlaridagi sho‘r suvni siqib chiqarishga yordam beradi. U quruqlikdagi suv sathini ko‘taradi va olingan suv o‘rnini qoplaydi".
Xitoy va Niderlandiya ham oqova suvlarni tozalash usulini qo‘llagan. Masalan, Xitoyning Ingli shahrida tozalangan yomg‘ir suvlari bevosita qishloq xo‘jaligida sug‘orish uchun ishlatiladi.
Yaffaning aytishicha, Gambiyada 1994 yilda sholipoyalarga sho‘r suv kirib kelishi oldini olish uchun to‘g‘on qurilgan. "To‘g‘on yaxshi yechim edi, – deydi u. – [Ammo u] hozir yomon ahvolda va jiddiy ta’mirga muhtoj".
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Vьetnamda fermerlarga sho‘r suv kirib kelishiga moslashishda yordam berish uchun boshqa yechimlar ham o‘rganilmoqda. 2016-yilgi qurg‘oqchilikdan bir yil o‘tib, Tra Vin universiteti tadqiqotchilari fermerlar bilan sholichilikning dalalarni navbati bilan suv bostirish va quritishga asoslangan kam suv talab qiladigan yangi usulini sinovdan o‘tkazdi va ularga smartfonlari yordamida dalalardagi suv sathini kuzatishga ko‘maklashdi. «Mongabay» nashri xabar berishicha, garchi hozirda qo‘llanilayotgan ilova-sensor texnologiyasi juda qimmat bo‘lsa-da, tadqiqotchilar sensor narxlari pasaysa bu texnologiya tez orada yanada arzonlashadi demoqda.
Mekongni muhofaza qilish jamg‘armasi direktori Duong Van Ni sholikorlarga suvning ekin uchun yaroqsiz darajada sho‘r yoki sho‘r emasligini tekshirish imkonini beruvchi oddiy qo‘l qurilmasini ishlab chiqdi. U yana Mekong deltasida sho‘rxok tuproqda yaxshi o‘sib, quritilgach, savat kabi buyumlar to‘qib sotiladigan va muqobil daromad manbai bo‘ladigan mahalliy qamish turlarini yetishtirishga chaqirdi.
Muvozanatda
"Bu yechimlarning hech biri universal emas, bir joyda ish bergani boshqasida ish bermasligi mumkin", ta’kidlaydi AQShning Shimoli-sharqiy universiteti iqlimga moslashish bo‘yicha tadqiqotchisi Lizzi Yarina.
Iqlim o‘zgarishi kuchayib, aholi soni o‘sishi chuchuk suv qatlamlariga bosimni oshirar ekan, sho‘rlanish inqirozi faqat chuqurlashadi. 2024 yilda o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, 2100 yilga borib dunyo qirg‘oqlarining qariyb 77 foizi sho‘rlanishdan zararlanadi. Ko‘plab fermerlarning tirikchiligi tobora xavf ostida qoladi.

Surat manbasi, Lena Nian/ BBC
Gambiyaga qaytsak, 63 yoshli Binta Sisey ham 2019 yilda Sankandidagi sholipoyalariga bostirib kelayotgan sho‘r suvga duch kela boshladi. U tuproq unumdorligini oshirish uchun dalalariga hayvon go‘ngini solib ko‘rdi, biroq sho‘r suv kirib kelaverdi. Shundan so‘ng u qo‘lbola to‘g‘on qurdi. Bu ham foyda bermadi. Oqibatda u ilgari oilasini boqish, yetti nafar farzandining davolanishi va maktab xarajatlarini qoplash uchun har mavsumda kamida 30 qopdan sholi o‘rib oladigan dalasini tashlab ketishga majbur bo‘ldi.
Senne va Sisey ikkalasi ham salat va karam kabi sabzavotlar yetishtirishga o‘tdi, ammo bu oz daromad ularning import guruchini sotib olish kabi xarajatlarini qoplamaydi. Siseyning aytishicha, u oilasi ehtiyojlarini qondirish uchun ba’zan o‘z qishlog‘idagi faqat ayollardan iborat guruhdan qarz olib turadi.
Yaffa guruch importi ortishi oqibatlaridan xavotirda. "Qo‘rquvim shundaki, Gambiya, ayniqsa, dehqonchilik jamoalari, ularning hayoti va tirikchiligiga ta’sir ko‘rsatadigan jiddiy oziq-ovqat tanqisligiga yuz tutadi", deydi u. Uning aytishicha, sholi yetishtirish kamayishi "ocharchilikni keltirib chiqarishi va mamlakatda tartibsizlikka sabab bo‘lishi mumkin".
Senne ham chuqur tashvishda va muammoning uzil-kesil yechim topishiga umid qiladi. Biroq u inqiroz tobora chuqurlashib, vaqt oz qolayotganiga ishonadi.
"Men dambalar qurilishini qo‘llab-quvvatlayman, – deydi u. – Aks holda, [sho‘r suv bosishi] yanada kuchayadi va hayotimiz chidab bo‘lmas darajaga yetadi. Agar hech qanday chora ko‘rilmasa, kelajakda ikkinchi sholipoyam ham zararlanishidan qo‘rqaman".





























