Sovet va mustaqil O‘zbekistonda Islom diniga munosabat

Сурат манбаси, eleery

Published

"O‘zbekiston" telekanalida Yangiyo‘l tumanida yashirincha diniy saboq berganganlikda aybdor deb topilgan ayollar mahkama ishi namoyish qilingan.

Ko‘rsatuvda aytilishicha, ushbu ayollar "radikal g‘oyalarni" mahalliy aholi orasida yoyishga uringan. O‘zbekiston telekanallarida namoyish qilinadigan bunday ko‘rsatuvlar asosan bir tomonlama ayblash ruhida tasvirga olinadi. Ikkinchi tomonning pozitsiyasini himoya qiluvchi omillarga e‘tibor berilmaydi. Ushu hodisa sabab BBC O‘zbekistondagi diniy ta‘lim olish sharoitlariga nazar tashladi.

Ko‘rsatuvdan ma‘lum bo‘lishicha, Yangiyo‘l tumanidagi bog‘cha yoshidagi qizchalarga yashirincha diniy ta‘lim berilgan. Ushbu bog‘chaning faoliyat yuritishi bir necha do‘konlarning foydasi evaziga amalga oshirilgan.

O‘zbekiston qonunlari bo‘yicha, mustaqil ravishda diniy ta‘lim berish taqiqlanadi. O‘zbekiston hukumati huzuridagi Din ishlari qo‘mitasining rais o‘rinbosari O‘tkir Hasanboyev BBC bilan suhbatda mamlakatda to‘qqizta madrasa, bir institut hamda universitet borligini aytdi.

"O‘zbekiston Musulmonlari Diniy idorasi qoshida bitta Islom instituti va to‘qqizta madrasa bor. Toshkent Islom universiteti dunyoviy va Oliy o‘rta maxsus ta‘lim tizimidagi universitet", - deydi O‘tkir Hasanboyev.

O‘tkir Hasanboyevning aytishicha, mamlakatda tajvid va Qur‘on ilmlaridan saboq beruvchi boshqa muassasa yo‘q. Mas‘ulga ko‘ra, diniy ta‘lim muassasalari talabdan kelib chiqib belgilangan.

"Hozirgi paytda bu hech qanday muammo keltirib chiqarayotgani yo‘q. Ehtiyojlarni to‘liq qoniqtirib kelayapti", - deydi O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari.

Sho‘rolar zamonida yashirin faoliyat yuritgan diniy saboq olishga qaratilgan hujralar ta‘qibga uchragan.

"Bizdagi "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi" qonunimizga ko‘ra noqonuniy tartibda diniy ta‘lim berish ma‘n etilgan. Shunga ko‘ra bunaqa hujralarning faoliyatini qonun bilan taqiqlangan, shuning uchun yo‘q", - deydi O‘tkir Hasanboyev.

Butun SSSRning islomiy saboq markazi

O‘zbekiston mustaqillikka erishgan ilk yillarda mamlakatda jome‘ masjidlar soni keskin ko‘paygan, lekin 1999 yilgi Toshkent portlashlaridan keyin ularning soni kamayib ketdi.

Shunga qaramasdan, hukumat mulozimlari O‘zbekistonda diniy erkinliklar ta‘minlangan, deb aytishadi.

Sovet Ittifoqi vaqtida ham O‘zbekiston Markaziy Osiyoning diniy savod chiqarish markazi bo‘lib kelgan. Yashirin tashkil qilingan hujralarda Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Rossiyadan toliblar kelib saboq olishgan.

Hozirda Qozog‘istonda masjidlarning birida bosh imomlik qiluvchi ismi o‘zgartirilgan Abdumutollib aka ham 1990 yillarda Farg‘ona vodiysiga borib hujralarning birida diniy ta‘lim olgan.

"O‘zbekiston fuqarolari, asosan vodiy tomonlarda iymondan ta‘lim berishni eng asosiy musulmoniy vazifalaridan deb bilishardi. Hozirgi MDH davlatlaridan bolalarni tekin o‘qitishga harakat qilishdi. Odamlar o‘zlarining uylari va hovlilarida bolalarga hujra tashkil qilib dars berishdi", - deydi Abdumutollib aka.

Bunday hujralardagi saboqlarda mumtoz arab tili va aqida darslari o‘rgatilgan. Hadislar va Payg‘ambar Muhammad (s.a.v) hamda sahobalarning hayotidan darslar o‘tilgan.

Garchi Sovet mulozimlari musulmonlarning diniy erkinligi uchun barcha sharoit muhayyo qilinganini ta‘kidlasalar ham, ushbu darslarning barchasi yashirin tarzda tashkil qilingan.

Sho‘rolar hukumati hali tarqab ketmagan vaqti diniy saboq olgan Abdumutollib aka sovetlarning erkinlik haqidagi gaplarini yolg‘on, deydi.

"Sovet davrida ruxsat bo‘lmas edi. O‘rta Osiyo va Qozog‘iston diniy idorasiga faqat bir joy - Buxoro shahrida diniy saboqqa ruxsat berishgan. Keyin Toshkent shahrida ochildi. O‘quvchilarni kam qabul qilardi. Ko‘pchilik asosan hujralarda ta‘lim olardi", - deydi Abdumutollib aka.

To‘qqiz islomiy madrasa yetarlimi?

15 million atrofdagi aholi uchun ikki madrasani yetarli deb biluvchi Sovet O‘zbekistoni va hozirgi 31 million aholiga 9 madrasani yetarli deb hisoblovchi mustaqil O‘zbekiston o‘rtasida qanday farq bor?

Muxolifat faoli Namoz Normo‘min Sovet ittifoqi davrida aholi musulmon deb tushunilmaganini va namozxon bo‘lgan bir necha ming kishigina musulmon deb hisoblanganini aytadi.

O‘zbekiston mustaqillikka erishgan yillarda butun dunyoda islomlashish to‘lqini boshlangan. Bu O‘zbekistonga ham ta‘sir etmasdan qolmagan.

"Kommunistik blok cho‘kishi bilan dunyoda Islom o‘rtaga chiqdi. Manzara tamoman o‘zgardi. Raqamlarga qarasak, sovetlar davrida masjidlar soni 80 ta bo‘lgan. Mustaqillik yillari boshida O‘zbekistonning o‘zida 8000 masjid bor edi. Hozirgi musulmonlarga qarshi siyosat natijasida bu 4000 ga tushirildi", - deydi Namoz Normo‘min.

Natijada, Markaziy Osiyoda ham dindorlar soni ko‘paygan. Namoz Normo‘min, ushbu raqamlarning ortishi hukumatlarning olib borayotgani siyosati emas, balki dunyoda sodir bo‘layotgan tendentsiya ta‘siri, deydi.

Islomga munosabat mustaqil O‘zbekistonda Sovet Ittifoqi davridagidan deyarli farq qilmaydi, degan fikrda bo‘lganlar oz emas.

Taqiq nimaga yordamlashadi?

Kuzatuvchilar ayrim holatlarda mustaqil O‘zbekistonda ibodatgo‘y va taqvodorlarga nisbatan munosabat dahriy Sovet zamonidan qattiqroq va shavfqatsizroq, deb hisoblashadi.

Mahalliy inson haqlari faollari hisob-kitobi bo‘yicha, diniy e‘tiqodi va mustaqil fikri uchun qamoqxonalarga tiqilgan o‘zbekistonliklar soni 10000 dan ziyodni tashkil etadi.

Hukumat 9 madrasadan boshqa diniy saboq beruvchi shaxslarni ta‘qibga olgani bilan yashirin hujralar faoliyati davom ettirilayotgani ta‘kidlanadi.

Muxolifat faoli Namoz Normo‘min fikricha, odamlarning diniy amallari va sabog‘i uchun hukumatning o‘zi bosh-qosh bo‘lib sharoit yaratishi kerak. Har qanday taqiq dindorlarning boshqa yo‘l topishiga va ayrim hollarda radikallashuviga olib keladi.

"Mana bunday zo‘ravonlik va repressiya siyosati musulmonlarni yopiq yo‘llar bilan harakatlanishga olib keladi. Bu to‘xtamaydi. Bir joyda yopilsa, boshqa joyda ochiladi. Chunki bunga ijtimoiy manbaa, muhit bor. Aholining 95 foizi musulmon bo‘lganidan keyin, dunyoda Islom shamoli esib turgan vaqtda va globallashuv zamonida axborot olish imkoniyatlari ochiq bo‘lgan pallada har kim qatag‘on siyosatiga qarshi o‘z bilganicha tadbir oladi", - deydi Namoz Normo‘min.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002