Keksa fohishalar uchun mehribonlik uyi

Karmen Munoz

Сурат манбаси, Clayton Conn

Сурат тагсўзи, 22 yoshida erib tashlab ketgach, yetti bolasi bilan koʻchada qolgan besavod Karmen Munoz ish topolmaydi. Ilojsiz, fohishalik qilib, farzandlarini boqadi.
    • Author, Kleyton Konn, Meksika
    • Role, BBC Jahon Xizmati
  • Published

Karmen Munoz bundan 11 yil oldin Meksika poytaxtidagi yomonotliq boʻlgan koʻchalarning biridan oʻtarkan, chiqindixona yonida gʻimirlagan narsaga koʻzi tushadi.

Qarovsiz bolalarmi, degan xayolda borib qarasa, bir paytlar oʻzi bilan birga ishlagan ayollar ekan.

Ular keksayganda endi ishsiz va uysiz, koʻchada qolishgandi.

Karmen ham chiqindixonada yashayotgan bu uch ayol kabi uzoq yillar xuddi shu yerlarda oʻz tanasini sotib, pul topgan: Ya'ni fohiashalik qilishgan.

Karmen Munoz eski hamkasblariga yordam berish uchun ularni uyiga olib ketadi.

Plaza Loreto koʻchasida

Сурат манбаси, Clayton Conn

Сурат тагсўзи, Karmen Munoz 40 yil davomida Plaza Loreto soʻqoqlariga chiqib pul topgan, shaʼnini bukib, qaddini tiklab olgan, bolalarini boqqan, ularni oʻqitgan.

Karmenning oʻzi ham eri tashlab ketganida juda qiynalgan, koʻchadagi shu qadim kasb boʻlmasa, hech qachon bolalarini ulgʻaytira olmasdi.

Chunki hech kim koʻp bolali besavod onaga ish bermagan.

Meksikada esa koʻchada qolish - huquqsizlik, himoyasizlik va ochlik degani.

U 40 yil davomida Plaza Loreto soʻqoqlariga chiqib pul topgan, shaʼnini bukib, qaddini tiklab olgan.

Shu bois u oʻzi kabi ayollarning ahvolini yaxshi tushunadi.

Muruvvat uyida

Сурат манбаси, Shutterstock/Benedicte Desrus

Сурат тагсўзи, Muruvvat uyi qadim Atstek madaniyatida ayol shahvoniy qudratini ramzlantiruvchi iloha sharafiga Casa Xochiquetzal deb ataladi.

Karmen 3 ayolga boshpana bergani bilan koʻchada qolayotgan yuzlab keksa fohishalar muammosini hal qila olmasdi.

Shu uchun u mashhur sanʼatkorlar va oʻzi kabi faol sobiq fohishalar bilan birgalashib, mahalliy hokimiyatga murojaat qiladi.

Nihoyat, mahalliy rasmiylar ayollar ishlagan Plaza Loreto mavzesiga yaqin yerda ular uchun 18-asrda qurilgan ta'mirtalab eski binoni ajratishadi.

Luchita Casa Xochiquetzal muruvvat uyida

Сурат манбаси, Shutterstock/Benedicte Desrus

Сурат тагсўзи, Luchita ham agar Casa Xochiquetzal muruvvat uyi boʻlmasa, koʻchada qolgan boʻlurdi. Bugun boshida boshpana, dasturxonida ovqati va hatto boʻyanish uchun imkoni ham bor.

Casa Xochiquetzal Muruvvat uyi ancha koʻrimsiz va taʼminot qiyin. Lekin bu yerda keksa fohisha ayollar qadr-qimmati yerga urilmaydi.

Bir umr jamiyat oyoq uchida koʻrsatib kelgan ayollar uchun oʻzini qadrli va hurmatga sazovor his qilish muhim.

"Men oʻzimni hurmatga loyiqman, deb ishontirganman" - deydi Karmen Munoz.

Norma kabi ayollar muruvvat uyida bexavotir va tinch yashashadi.

Сурат манбаси, Shutterstock/Benedicte Desrus

Сурат тагсўзи, Norma kabi ayollar muruvvat uyida, oʻzlari uchun ajratilgan alohida xonalarda bexavotir va tinch yashashadi.
Muruvvat uyidagi keksa ayollar

Сурат манбаси, Shutterstock/Benedicte Desrus

Сурат тагсўзи, Muruvvat uyidagi keksa ayollar oʻzlari uchun ovqat pishirishadi, bir-birlariga qarashadi.

Hozir bu yerdagi ayollar turli ishlar bilan shugʻullanib, oʻzlarini taʼminlashga hissa qoʻshishmoqda.

Ayrim ayollar taqinchoqlar yasashadi. Pazandalikka qiziqadiganlar esa pishiriq va shirinliklar pishirib, sotuvga chiqarishadi.

Xullas, yoshliklarida oʻrgana olmagan hunarlarni endi ishga solishmoqda.

Kanela va Norma bir xonada yashashadi.

Сурат манбаси, Shutterstock/Benedicte Desrus

Сурат тагсўзи, Bir paytlar koʻchada bir-biriga raqib boʻlgan ayollar endi dugona, bir-biriga suyanib qolishgan.
Mariya Izabella ham Casa Xochiquetzal muruvvat uyida

Сурат манбаси, Shutterstock/ Benedicte Desrus

Сурат тагсўзи, Mariya Izabella ham Casa Xochiquetzal muruvvat uyida boshpana topdi.

Bu yerdagi ayollar aksarisi yoshligida koʻchada ishlab, sogʻligʻini yoʻqotgan va koʻpi hozir qarib qolgan. Eng keksa ayolning yoshi 80da.

Shu bois ularning sogʻliklarini kuzatib borish ham muhim masala.

Ayrim ayollar esa hayotida duch kelgan zoʻravonlik yo tahqirlar sababli hali-hamon ruhiy muolajaga muhtoj.

Marbella yoshligidan Tolstoy, Kafka va Nerudani oʻqigan, ziyoli ayol.

Сурат манбаси, Clayton Conn

Сурат тагсўзи, Marbella yoshligidan Tolstoy, Kafka va Nerudani oʻqigan, ziyoli ayol.

Bu yerdagi ayollarni jamiyat ayblaydi. Ammo ayrim hikoyalar odamni o`yga toldiradi:

Marbella 70 yoshga yaqinlashib qolgan. Uning xonasida Pablo Neruda, Lev Tolstoy va Frants Kafka kitoblarini koʻrasiz.

Hali 9 yoshida koʻchada qolgach, bir ayol uni boqib oladi. Ammo maktab pulini topish uchun 16 yoshidan oʻz tanasini sotishga majbur boʻladi.

"Boshqa hech qanday ilojim yoʻq edi" - deydi Marbella.

U fohishalik ortidan uch bolasini katta qiladi. Ammo to`ng`ich qizi qon saratoni bois olamdan oʻtgach, qattiq tushkunlikka tushadi.

Koʻchaga chiqib ishlay olmaydi. Uy kirasini toʻlolmay, koʻchada qoladi.

Ne ajabki, yoshligida ota-onasi voz kechgani bois fohishalik yoʻliga kirgan boʻlsa, xuddi shu kasbi bois keksayganda, bolalari ham undan yuz oʻgirishadi.

Paula ishga borish oldidan boʻyanmoqda.

Сурат манбаси, Shutterstock/Benedicte Desrus

Сурат тагсўзи, Paula ishga borish oldidan boʻyanmoqda. Ammo u endi koʻchaga ishlashga chiqmaydi.

Oʻtgan yillar davomida bu muruvvat uyida 250 nafar ayol boshpana topdi.

Meksika jamiyatida ijtimoiy muhofaza kuchli emas va oilaviy munosabatlarda hamon anʼanaviy qadriyatlar ustun.

Shu sababli, fohishalik yoʻliga kirgan ayollarni hech kim qabul qilmaydi.

Hozircha, ularni faqat Casa Xochiquetzal muruvvat uyi qabul qilmoqda, xolos.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring