Aspirin saraton xavfini kamaytirishi mumkin, sabablarini endi tushunyapmiz

Surat manbasi, Getty Images
Og‘riqni qoldirish uchun eng ko‘p qo‘llanadigan 4000 yillik dori ba’zi o‘smalar hosil bo‘lishi va tana bo‘ylab tarqalishi oldini oladi. Bu kashfiyotlar allaqachon sog‘liqni saqlash sohasidagi siyosatni o‘zgartirmoqda.
Britaniyalik qirq yoshlar atrofidagi mebelsoz Nik Jeyms onasi saratondan vafot etgach, so‘ng akasi va boshqa bir necha oila a’zolarida ham ichak saratoni aniqlangach, o‘z salomatligidan ilk bor xavotirga tushib qoldi. U genetik tekshiruvdan o‘tishga qaror qildi va unda Linch sindromini keltirib chiqaradigan nuqsonli gen borligi aniqlandi. Bu holat saratonning shu turiga chalinish xavfini sezilarli oshiradi.
Biroq, Jeymsga yordam kutilmagan tomondan keldi: u retseptsiz sotiladigan og‘riq qoldiruvchi dori – aspirinning kunlik dozasi saratondan himoya qila oladimi yoki yo‘qligini sinashga qaratilgan klinik tadqiqotda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tdi.
Gen mutatsiyasi turiga qarab, Linch sindromi bilan og‘rigan odamlarning 10–80 foizi umri davomida ichak saratoniga chalinadi. Ammo hozircha Jeymsning ahvoli durust. "U bizning nazoratimizda o‘n yildan beri aspirin ichib keladi va hozirgacha unda saraton aniqlanmadi", deydi tadqiqotga rahbarlik qilgan Nyukasl universiteti klinik genetika professori Jon Bern.
Bu deyarli aqlga sig‘masdek tuyuladi, lekin bu dori kolorektal saratonning tarqalish yoki hatto umuman paydo bo‘lish ehtimolini kamaytirishi mumkinligi haqida ancha vaqtdan beri dalillar bor edi. So‘nggi bir yilda o‘tkazilgan bir qator sinovlar va tadqiqotlar bu dalillarni yanada mustahkamladi. Ayrim davlatlar xavf guruhida bo‘lganlar uchun birinchi himoya sifatida ushbu tabletkani o‘z tibbiy ko‘rsatmalariga kiritdi (ammo mutaxassislar buni faqat shifokor nazorati ostida qilish kerakligini ta’kidlaydi). Biz nihoyat uning bunday sirli ta’sirga ega bo‘lishi sabablarini tushuna boshlayapmiz.
Qadimiy ildizlar
So‘nggi topilmalar eng qadimiy va eng samarali dorilarimizdan biri haqida ajoyib ma’lumotlar beradi. XIX asr oxirlarida arxeologlar qadimiy Mesopotamiyaning Nippur shahridan (hozirgi Iroq hududi) 4400 yillik sopol taxtachalarni topishdi. Ularda o‘simlik, hayvonot va mineral birikmalardan tayyorlangan turli dori-darmonlar ro‘yxati keltirilgan edi. Ular orasida tol daraxtidan olinadigan modda haqida ko‘rsatmalar bor edi. Hozir bizga ma’lumki, uning tarkibida salitsin nomli kimyoviy modda bo‘lib, organizm uni og‘riqni yengillashtiruvchi salitsil kislotasiga aylantira oladi. U o‘z tuzilishi bo‘yicha zamonaviy aspirin – atsetilsalitsil kislotasiga juda o‘xshaydi, ammo oshqozonga ko‘proq ta’sir qiladi. Boshqa qadimiy sivilizatsiyalar, jumladan, misrliklar, yunonlar va rimliklar ham bu vositadan foydalangan.
Ushbu birikmani o‘rganish 1763 yilda, ingliz ruhoniysi Edvard Stoun Qirollik jamiyatiga quritilgan va kukun holiga keltirilgan tol po‘stlog‘ining isitma tushiruvchi xususiyatlarini tasvirlab yozgan xatidan boshlangan. Taxminan bir asr o‘tgach, olimlar salitsil kislotasini kamroq yemiruvchan atsetilsalitsil kislotasiga sintez qilishga muvaffaq bo‘lishdi va uni "Bayer" savdo belgisi ostida bozorga chiqarishdi.
Yana bir asr o‘tib, olimlar aspirinning yurak-qon tomir kasalliklari oldini olishdagi ba’zi kutilmagan foydalarini payqay boshladi: u qonni suyultirib, trombotsitlarni kamroq yopishqoq qilish orqali qon laxtalari hosil bo‘lish xavfini kamaytirar ekan. Shu sababli, Buyuk Britaniyaning Milliy sog‘liq xizmati kabi tashkilotlar yurak xuruji yoki insult xavfi yuqori bo‘lgan odamlarga uni har kuni kichik dozalarda ichishni tavsiya qiladi.
1972 yilga kelib, uning potentsial foydalari saraton oldini olishga ham taalluqli ekani ma’lum bo‘ldi. Bunga sichqonlarga o‘sma hujayralari yuborilgan tadqiqot sabab bo‘ldi. Amerikalik olimlar hayvonlarning ichimlik suvida aspirinni eritib berish, ushbu dorini olmagan sichqonlarga qaraganda, saratonning tana bo‘ylab tarqalishi – metastaz deb ataluvchi jarayon xavfini sezilarli darajada kamaytirganini aniqladilar.
Garchi bu kashfiyot biroz hayajon uyg‘otgan bo‘lsa-da, "uning klinik amaliyotga qanday ta’sir qilishi darhol aniq bo‘lmagan", deydi London Universitet kolleji onkologiya va tibbiy sinovlar professori Rut Lengli. Axir, dorining odamlarda ham xuddi shunday ta’sir ko‘rsatishi aniq emas edi. Topilma hayotni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan davolash usuli emas, balki bir mavhum qiziqish bo‘lib qoldi.
Burilish nuqtasi 2010 yilda, Buyuk Britaniyaning Oksford universiteti klinik nevrologiya professori Piter Rotvell yurak-qon tomir kasalliklari oldini olish bo‘yicha aspirin haqidagi ancha mo‘l ma’lumotlarni qayta o‘rganib chiqqanida yuz berdi. Uning tahlillarida dori saraton kasalligi va uning tarqalishini kamaytirgandek ko‘rindi. Bu esa aspirinning kasallikka qarshi kurashishdagi kuchiga ham, uning sabablariga ham qiziqishni qayta uyg‘otdi.
Biroq, aspirinning keng aholi orasida saraton oldini olishini isbotlash ancha mushkul vazifa. Ideal sharoitda tadqiqotchilar ko‘p sonli odamlarni tadqiqotga jalb qilgan bo‘lar edi. Ularning yarmi aspirin, qolganlari esa platsebo qabul qiladi va shundan so‘ng siz qaysi guruhda kasallik ko‘rsatkichlari yuqoriroq ekanini taqqoslaysiz. Ammo saratonning o‘zi paydo bo‘lishi uchun o‘nlab yillar ketishi mumkin, bu esa tasodifiy tanlanma asosidagi nazoratli sinovni o‘tkazish juda uzoq vaqt va ulkan xarajat talab qilishini anglatadi. "Aslida, buning deyarli iloji yo‘q", deya tushuntiradi Shvetsiyadagi Karolinska instituti jarrohlik professori Anna Martling.
Shu sababli, olimlar o‘z e’tiborlarini o‘ziga xos guruhlarga, masalan, saratonni boshdan kechirgan yoki unga genetik moyilligi bo‘lgan kishilarga qaratdi.

Surat manbasi, Getty Images
Dalillar ko‘payib bormoqda
Jon Bernning kolorektal va saratonning boshqa turlari xavfini keskin oshiradigan Linch sindromiga chalingan bemorlarni o‘rganishi aynan shu nuqtada ahamiyatli. 2020 yilda Bern ushbu kasallikka chalingan 861 nafar bemor ishtirokida o‘tkazilgan muhim nazoratli sinov natijalarini e’lon qildi. Ishtirokchilarni 10 yil davomida kuzatgan uning jamoasi kamida ikki yil davomida har kuni 600 mg dozada aspirin qabul qilgan odamlarda kolorektal saraton xavfi deyarli ikki baravar kamayganini aniqladi.
Shundan so‘ng uning jamoasi ikkinchi sinovni ham amalga oshirdi va u hozirda ilmiy taqrizdan o‘tkazilmoqda. Dastlabki natijalarga ko‘ra, aspirinning ancha past dozasi (75-100 mg) ham xuddi shunday, balki undan-da yuqoriroq samara beradi. "Ikki yil davomida aspirin qabul qilgan odamlarda yo‘g‘on ichak saratoni 50 foizga kamroq kuzatildi, – deydi u. – Biz tadqiqotni yana bir necha yil davom ettirmoqchimiz, chunki vaqt o‘tgan sari ma’lumotlar yanada aniqlashib boradi". (Sinovga birinchi bo‘lib jalb qilingan bemor Nik Jeyms ham bundan naf ko‘rganlar qatorida edi).
Past doza (75-100 mg) odamlar yurak-qon tomir kasalliklari oldini olish uchun qabul qiladigan miqdorga yaqin. Bu muhim, chunki aspirin ovqat hazm qilish buzilishi, ichki qon ketish, oshqozon yarasi va hatto miyaga qon quyilishi kabi noxush yon oqibatlarga olib kelishi mumkin, pastroq dozani esa organizm ancha yaxshi qabul qiladi. Bu xulosalar allaqachon amaldagi siyosatga ta’sir ko‘rsatdi. "Buyuk Britaniyada bizning topilmalarimiz natijasida tibbiy tavsiyanomalar o‘zgartirildi", deydi Bern. 2020 yildan beri ushbu tavsiyanomalarda Linch sindromiga chalingan bemorlarga aksariyat hollarda taxminan 20 yoshdan, yengilroq kechadigan holatlarda esa 35 yoshdan aspirin qabul qilishni boshlash tavsiya etiladi.
Ushbu natijalarni inobatga olsak, aspirin boshqa guruhdagi bemorlarga ham naf berishi mumkinmi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Martling kolorektal saraton tashxisi qo‘yilgan odamlarda aspirin metastaz xavfini kamaytirish imkoniyatini o‘rgandi. Uning jamoasi ichak yoki to‘g‘ri ichak o‘smalarida keng tarqalgan mutatsiyalari bo‘lgan bemorlarga e’tibor qaratdi. "Kolorektal saratonga chalingan barcha bemorlarning 40 foizida biz o‘rgangan mutatsiyalardan biri mavjud", deb tushuntiradi u. Avvalgi tadqiqotlar bu odamlarning organizmi aspiringa ayniqsa yaxshi reaktsiya berishi mumkinligini ko‘rsatgan edi.
Uch yillik nazoratli sinovga 2980 nafar bemor jalb qilindi. Bir guruh jarrohlik amaliyotidan so‘ng uch oy ichida har kuni 160 mg aspirin, ikkinchi guruh esa platsebo qabul qildi. Aspirin bilan davolangan guruhda kasallik qaytalanish xavfi ikki baravardan ham kamroq bo‘ldi, bu juda katta samara degani. "Bu bemorlarning katta qismini tashkil etadi", deydi Martling. Bundan tashqari, Martlingning ham, Bernning ham tadqiqotlarida aspirin qabul qilgan odamlarda salbiy oqibatlar juda kam uchradi.
Martlingning 2025 yil sentyabrь oyida e’lon qilingan tadqiqoti Shvetsiyadagi tibbiy amaliyotni tezda o‘zgartirdi. 2026 yil yanvarь oyidan boshlab mamlakatda ichak saratoniga chalingan bemorlar mazkur mutatsiyalarni aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tkazila boshladi va agar ularda bu mutatsiyalar topilsa, past dozada aspirin tavsiya etiladigan bo‘ldi.
Aspirin bemorlarni boshqa saraton turlaridan ham himoya qila oladimi yoki yo‘q, hozircha aniq emas, biroq tez orada bu savolga qisman javob topishimiz mumkin. Ayni paytda Lengli Buyuk Britaniya, Irlandiya va Hindistonda kolorektal, ko‘krak bezi, qizilo‘ngach-oshqozon yoki prostata saratonini boshdan kechirgan 11000 nafar ishtirokchi bilan yirik tasodifiy tanlanma asosida nazoratli sinov o‘tkazmoqda. Uning jamoasi aspirinning kuniga 100 mg yoki 300 mg lik profilaktik dozasining ta’sirini o‘rganmoqda va kelgusi yili natijalarni e’lon qilishga umid qilmoqda.
"Biz, haqiqatan ham, aspirinning boshqa turdagi o‘smalardagi rolini o‘rganayotgan birinchi tadqiqotchilarmiz", deydi u. U Martlingning kolorektal saraton bo‘yicha xulosalarini tekshirib ko‘rishni, shuningdek, boshqa saraton turlaridagi o‘ziga xos mutatsiyalar oqibatlarini o‘rganish uchun mablag‘ to‘plashni ko‘zlamoqda. Uning ta’kidlashicha, tadqiqotni takrorlash hal qiluvchi ahamiyatga ega, chunki rasmiy idoralar bemorlarga tavsiyalar berishdan oldin, odatda, ikkita alohida sinov natijasini ko‘rishni istaydi.

Surat manbasi, Getty Images
U qanday ishlaydi?
Aspirinning saraton oldini olishdagi aniq mexanizmi uzoq vaqtdan beri sir bo‘lib kelmoqda. "Bu ajoyib dori ham hujayra ichida, ham uning tashqarisida ta’sir ko‘rsatadi, – deb tushuntiradi Martling, – demak, bu yerda bir nechta turli mexanizmlar ishtirok etishi mumkin". Uning shaxsiy tadqiqotlari hujayra ichidagi Cox-2 deb nomlangan fermentga ishora qiladi va bizga uni aspirin to‘xtatishi ma’lum. Uning aytishicha, bu ferment prostaglandinlar deb ataladigan gormonsimon birikmalarni ishlab chiqarishga yordam beradi, bu esa o‘z navbatida hujayralarning nazoratsiz o‘sishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan signalni faollashtiradi.
Buyuk Britaniyadagi Kembrij universiteti saraton immunologiyasi professori Rahul Roychoudhuri va uning hamkasblari o‘tkazgan so‘nggi tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bunda boshqa bir mexanizm ham bo‘lishi mumkin. Bu mexanizm immun tizimidagi T-hujayralarning metastatik saraton hujayralarini aniqlashi va yo‘q qilishiga to‘sqinlik qiladigan gen bilan bog‘liq.
Ular bu genni tromboksan A2 deb nomlanuvchi ivish omili faollashtirishi mumkinligini aniqladilar. Nomidan ko‘rinib turibdiki, bu omil jarohatlanganimizda qonning quyulib qotishiga yordam beradi. Aspirin tromboksanni to‘xtatgani uchun, u saraton hujayralarini immun tizimi uchun yanada "ko‘rinarli" qilib qo‘yishi mumkin. Bu kashfiyot jamoaning o‘zi uchun ham kutilmagan bo‘ldi.
Roychoudhurining tadqiqoti sichqonlarda o‘tkazilgan, shuning uchun uning natijalari odamlarga ham taalluqli ekanligiga to‘liq ishonch hosil qila olmaymiz. Biroq Lengli va uning hamkasblari o‘tkazgan qiziqarli tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, yo‘g‘on ichak yoki oshqozon-qizilo‘ngach saratoniga chalingan odamlarda tromboksan darajasi sog‘lom odamlarga qaraganda ancha yuqori bo‘lar ekan – hatto muvaffaqiyatli davolanishdan olti oy o‘tgach ham. Bu esa ushbu omil odamlarda ham metastazlarning harakatlantiruvchi kuchi bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishga asos beradi.

Surat manbasi, Getty Images
Har dardga davomi?
Aspirinni aynan kim va qachon muntazam qabul qilishi kerakligi hamon bahsli masala bo‘lib qolmoqda. Ba’zi tadqiqotchilar fikricha, uning yurak-qon tomir kasalliklari va saraton uchun umumiy foydalari tufayli uni kengroq qo‘llashga undash kerak. O‘tmishda profilaktika chorasi sifatida aspirin qabul qilgan Byorn uning aholi salomatligi uchun salohiyatiga umid bilan qaraydi. "Biz o‘tkazgan katta tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, agar ellik yoshdan oshgan har bir kishi o‘n yil davomida chaqaloqlar uchun mo‘ljallangan dozadagi aspirinni qabul qilsa, mamlakatda barcha sabablardan kelib chiqadigan o‘lim darajasi 4 foizga kamayadi," deydi Byorn.
Biroq, aksariyat tadqiqotchilar uni faqat ma’lum bir toifadagi bemorlarga tavsiya etish kerak, deb hisoblaydi. "Saraton bilan og‘rigan bemorlarga aspirin berish boshqa narsa, sog‘lom odamlarga ularga zarar yetkazishi ham mumkin bo‘lgan vositani taklif qilish umuman boshqa narsa," deydi Martling. Bunga sabab, aspirinning jiddiy nojo‘ya ta’sirlari bo‘lishi mumkin. Kamiga u barcha odamlarga yoki saratonning barcha turlariga birdek ta’sir qilmasligi ehtimoli bor.
Biroq, agar sizda Linch sindromi bo‘lsa yoki yo‘g‘on ichak saratonidan davolangan bo‘lsangiz, muntazam ravishda kichik dozada aspirin qabul qilish haqida surishtirib ko‘rishingiz mumkin. "Aspirin qabul qilishni boshlashdan oldin doim shifokor yoki boshqa tibbiyot xodimi bilan maslahatlashing," deydi Lengli.
Aspirin bo‘yicha tadqiqotlar ko‘payib borar ekan, bizni hali kutilmagan yangiliklar kutayotgan bo‘lishi mumkin. Xo‘sh, aspirinning uzoq tarixi kelajakda yana 4000 yilga cho‘zilarmikan? Balki kelajak avlodlarimiz bu dorining biz hatto tasavvur ham qila olmaydigan turlaridan foydalanar.






























