O‘zbekiston va Markaziy Osiyoga Tolibon g‘oyalari sizib kiradimi?

BBC O‘zbekning Diqqat BBC ruknida Tolibon g‘oyalari va siyosati O‘zbekiston doxil Markaziy Osiyo hududiga kirib kelishidan xavotirlar tahlil qilindi. Videoni to‘liq tomosha qiling:
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Tolibon ayollar haq-huquqlarini yanada cheklamoqdami?
Afg‘onistonga xalqaro yordamlarining keskin qisqargani, Tolibon siyosati va tabiiy ofatlar sababli yashash sharoitlari o‘ta og‘irlashgan.
Go‘dak qizlarning sotilishi, balog‘atga yetmaganlarni erga berish, Tolibonning ayollarga nisbatan o‘ta cheklovchi siyosatlari tufayli umidsizlikka tushish ko‘plab afg‘onistonlik qizlar uchun bugungi hayotlaridagi voqelik.
Ana shu manzarda yaqinda Tolibon "Er-xotinlar o‘rtasidagi ajrashish tamoyillari" nomi ostida yangi ko‘rsatmani tasdiqladi. Bir qarashda navbatdagi yuridik hujjat. Ammo jahon bo‘ylab qattiq tanqidlarga tutilmoqda. Nega? Chunki unda yoshi kichik bo‘lsa ham balog‘atga yetgan, deya ko‘rilgan qizlarning nikoh vaqtida sukutlari rozilik dalili sifatida ko‘rilishi aytilgan. Ya’ni go‘yoki sukut alomati rizo. Ana shu nuqta tanqidlarga turtki berayotgan eng asosiy jihat.

Bu kabi cheklovlarni mamlakat ayol-qizlari qanday qabul qilishmoqda? Va kelajaklariga ta’siridan xavotirdamilar?
Asli Afg‘onistonlik bo‘lgan BBC O‘zbek jurnalisti Parvin Fayzga ko‘ra, hozirga qadar ayollarga nisbatan Tolibon kiritgan ko‘plab cheklovlar sababli o‘qish va ishlash haqidan mahrum etilgan ayollar qattiq qo‘rquvdalar va shuning uchun yaqinda e’lon qilingan "Er-xotinlar o‘rtasidagi ajrashish tamoyillari" ko‘rsatmasi haqida gapirishdan o‘zlarini olib qochishadi. Shu sababli ularning munosabatini o‘rganish hozirgi Afg‘oniston sharoitida juda qiyin.
Lekin shunday bo‘lsa ham ba’zida shaxslarini ochiqlamay gapirishga rozi bo‘lgan ayollar endilikda ularning kelajagi yanada battarlashishidan xavotir bildirishgan.

BBC gapirgan bir ayolning aytishicha, uning o‘zini otasi yoshligida o‘zidan 20 yosh katta erkakka turmushga bergan. Va hozirda u 5 qizning onasi.
"Mening erim ham hozirda bu ko‘rsatmada aytilgan nuqtalar asosida qizlarimni erga bera boshlasa, ularning kelajaklari barbod bo‘lishidan juda qo‘rquvdaman", degan u.
Parvin Fayzga ko‘ra, shahar va qishloqlarda ayollar uchun sharoitlar bir qadar farq qiladi. Shaharlarda kam sonda bo‘lsa ham qizlar uchun ba’zi o‘quv markazlari bor, shifoxona va maktablarda cheklangan tarzda ishlash imkonlari ham mavjud. Ammo qishloqlarda qiz-ayollar bu kabi imkoniyatlardan butunlay mahrumlar.
Norasidalarni nikohga olish borasida Islom dini nima deydi? Sukut alomati rizomi?

Keling masalaga, Islomiy fiqh nuqtai nazaridan ko‘z tashlaylik. Ko‘plab ulamolar Tolibonning bu boradagi talqinini rad etishadi.
Norasidalarni nikohga olish va majburiy nikohlar musulmon dunyosida ham keng muhokama qilinadi.
Islomda va an’anaviy jamiyatlarda nikoh vaqtida rozilik aslida qanday olinadi? Deobandi madrasasida tahsil olgan, Tolibon chiqargan qonunlar tadqiqotchisi, islomshunos Jon Battning BBC O‘zbek bilan suhbatda aytishicha, haqiqat shuki, Afg‘onistonda xalq orasida qizlarni majburan turmushga berish keng tarqalgan holat. Qizlarni sotish, ularga tovar sifatida qarash odatiy holat.
"Ammo Tolibon yaqinda chiqargan qonunda tenglik haqida juda muhim tushuncha bor. Islomda ota-onalar uyushtirgan, kelishilgan nikohlarga ruxsat berilgan. Kelishilgan nikoh Islomda odatiy hol. Ota-onalar bunda ishtirok etadi va bu harakatda noto‘g‘rilik yo‘q, ko‘p odamlar buni yaxshi narsa, deb qabul qiladi. Ammo ular qizlari uchun ta’lim va ijtimoiy holat nuqtai nazaridan har tomonlama mos keladigan turmush o‘rtog‘ini tanlashlari kerak. Yosh masalasi ham juda muhim. Chunki Afg‘onistonda ko‘p eshitamiz, yosh qizlar qari erkaklarga sotiladi. Bu nomutanosib nikohdir. Ayniqsa, Hanafiy mazhabida nikohda "kafoat" - ya’ni tenglik va moslik tushunchasi juda-juda muhim. Tolibonning yaqinda qabul qilgan qonunining katta qismi aynan shu moslik masalasiga bag‘ishlangan. Agar nomutanosib nikoh tuzilsa, bunday nikoh avtomatik ravishda bekor qilinadi yoki mahkama tomonidan bekor qilinishi kerak", deydi Jon Batt.
"Fikrimcha, ushbu qonun buni aniq ko‘rsatgan va bu qonunni G‘arb nuqtai nazaridan tanqid qilayotganlar bitta narsani tushunmayapti: gap Afg‘oniston haqida ketmoqda va bu yerda otalar, bobolar yoki boshqalar qizlarni majburan turmushga berishga yo‘l ochadigan an’analar mavjud. Menga bu qonun to‘g‘ri yo‘nalishda qo‘yilgan qadam bo‘lib ko‘rinadi, chunki unda qizga nikohni o‘z xohishiga ko‘ra bekor qilish huquqi berilgan. Men 1990 yillarda, birinchi Tolibon hukmronligi yoki Islomiy amirlik davrida ham shunga o‘xshash qonun chiqarilganini eslayman. Men o‘sha paytdagi Tolibon bosh muftiysi - muftiy Abdul Vohid Deobandiy bilan gaplashganimda undan qizlar qanday qilib "yo‘q" deyishga jur’at topadi, ya’ni bu nikohni qabul qilmaymiz deyishi mumkinmi, deb so‘ragandim. U shunday dedi: "aslida bizda qizlar nikohga "ha" deyishdan uyalishadi va tortinishadi. Lekin "yo‘q" deyishdan uyalishmaydi. Shuning uchun ular "yo‘q", deya rad etishlari mumkin"
Islomda, ayniqsa Hanafiy mazhabida nikohda “kafoat”, ya’ni tenglik muhim ko‘riladi.
BBC O‘zbek: Lekin qizlar qo‘rquvdan, ularga bosim o‘tkazilganidan yoki shunchaki yosh bo‘lganlari sababli nimalar bo‘layotganini tushunmasdan nikoh vaqtida rozilik so‘ralganda sukut saqlashsa, Islomda bu kabi rozilik qabul qilinadimi?
Jon Batt: Agar qizlar uchun bunday qo‘rquv mavjud bo‘lsa, unda urf-odatni, sharoitni o‘zgarishi kerak. Islom nuqtai nazaridan, agar qiz sukut saqlasa, bu "ha" degani. Ammo agar u "yo‘q" desa, demak bu qat’iyan rad etishdir. Agar u o‘zini qo‘rqib turgandek his qilsa, bu holatda uning qo‘rqishga asosi yo‘q. Qonun uning tarafida bo‘ladi, qozi u tomonda bo‘ladi. Bu yerda gap shuki, odamlar o‘z urf-odatlarini o‘zgartirishlari kerak.
BBC O‘zbek: Yana bir jihat, Islomda qizlar hayz ko‘rish davriga yetishlari bilan jismonan oila qurishlari mumkin, deya ko‘riladi. Lekin ma’naviy, ruhiy va aqliy jihatdan ular turmush qirishga tayyor bo‘lmasliklari mumkin. Bu jihatlar nazarga olinadimi?
Jon Batt: Islomda G‘arbdagidek o‘g‘il-qizlarning erkin uchrashib, muloqot qilishi qabul qilinmaydi. Shuning uchun Islomda asosiy urg‘u yoshlar voyaga yetgach, nikohga tayyor bo‘lgach, oila qurishiga qaratilgan.
Ammo siz aytgan jihat ham muhim albatta va nazarga olinishi kerak. Inson faqat biologik balog‘at yoshiga yetgani uchun emas, balki nikohga ruhiy va ijtimoiy jihatdan ham tayyor bo‘lishi kerak.
Men bu yerda at-Termiziy to‘plamida keltirilgan bir hadisni eslab o‘tmoqchiman: "Dini va xulqidan rozi bo‘ladigan kishi kelib qizingizni so‘rasa, uning taklifini qabul qiling. Agar bunday qilinmasa, yer yuzida fitna va buzuqlik yuzaga keladi» deyilgan hadisda.
Bunday muhit, ya’ni o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida erkin munosabat bo‘lmagan, nikohsiz birga yashash qabul qilinmaydigan jamiyatda, ya’ni Islomda, asosiy urg‘u jamiyat pokligi va axloqni saqlashga qaratilgan. Shuningdek, keraksiz shahvat va buzuqlikdan asrash ham muhim omil sifatida ta’kidlanadi.
Shunday ekan, nazarimda, 13–14 yoshdagi bolalar har tomonlama nikohga tayyor bo‘lmasliklari mumkin. Lekin men aytib o‘tgan omillar bilan nikohga to‘liq tayyor bo‘lish orasida muvozanatni topa bilish muhim, fikrimcha.
Nochorlik majburlamoqda
Kundalik hayotlarida qashshoqlikning qaqshatqich sinovlariga dosh berib yashashga majbur bo‘layotgan Afg‘onistondagi oilalar uchun hukumat chiqargan qonun-qoidalarga rioya qilish ko‘pda imkonsiz bo‘lishi mumkin.
Xalqaro yordamning qisqarishi, Tolibon siyosati va kuchli qurg‘oqchilik mamlakatdagi vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda. Oqibatlari esa dahshatli. Ayniqsa ayollar va qizlar uchun.
Urush va iqtisodiy tanazzullar oqibatida vayron bo‘lgan mamlakatda otalar qiz farzandlari borasida o‘ta mushkul tanlov o‘ngida turishadi. BBC muxbiri Yogita Limae Afg‘oniston janubidagi G‘o‘r viloyatiga jurnalistik safarida nochorlik oilalarni go‘dak qizlarini sotishga majbur qilayotganiga guvoh bo‘lgan.
BBC muxbiri o‘z lavhasida Afg‘oniston janubidagi vaziyatni tasvirlagan. O‘zbeklar va turkiyzabonlar yashovchi shimoliy viloyatlarda go‘dak qizlarni sotish holatlari uchraydimi va ne qadar keng tarqalgan?
BBC O‘zbek bo‘limidan Parvin Fayzning aytishicha, shimoliy viloyatlarda ham yosh qizlarni majburlikdan sotish hollari uchrab turadi, lekin u qadar keng tarqalmagan.
Bunday tashqari mahalliy xayriya va ayollar haqlari tashkilotlari bu kabi holatlardan xabar topgan vaqtlari, nochor ahvolga tushib qolib, qizlarini sotishga majbur bo‘lgan oilalar uchun mablag‘ yig‘ib, bu kabi nikohlarning oldini olishga muvaffaq bo‘lgan holatlar ham qayd etilgan.
Tolibon g‘oyalari qo‘shni davlatlarga sizib kiradimi?

Surat manbasi, Shohjahon Majidov
Ayollarning hayoti, hatto tashqi ko‘rinishi, nima kiyib, o‘zlarini qanday tutishlari kerakligini o‘zbekistonlik erkak va yigitlar ham muhokama qilishayotgani tez-tez ko‘zga tashlanadi.
Bu holat o‘zbekistonlik yoshlar orasida ne qadar keng tarqalgan?
O‘zbekistonlik Shohjahon Majidovning aytishicha, Tolibon yo‘riqnomasi nashr etilganidan so‘ng O‘zbekiston matbuoti uni keng yoritgan va turli muhokamalarni keltirib chiqargan.
"Ijtimoiy tarmoqlarda aytilgan fikrlar asosan Tolibon yo‘riqnomasida keltirilgan nuqtalarga qarshilik ma’nosida bo‘lgan. Qizlarning erta turmushga berilishlari kabi holatlar qabul qilib bo‘linmas, deya munosabatlar bildirilgan. Ko‘plar, "Islomda bu kabi holat tilga olingan bo‘lsa ham, hozirgi davrni qadim zamonlarlar bilan solishtirib bo‘lmasligi"ni ta’kidlab o‘tishgan", deya izoh berdi Shohjahon Majidov.
BBC O‘zbek: Ijtimoiy tarmoqlardan tashqari, sizning atrofingizdagi tengqurlaringiz orasida bu borada qanday fikrlar aytilmoqda. Ayol-qizlarning yurish-turishi, tashqi ko‘rinishi, xatti-harakatlarini nazorat qilib, muhokama qilish ne qadar ko‘zga tashlanadi?
Shohjahon Majidov: O‘zbekistondagi yoshlar orasida milliychilik, mahalliy mentalitet, yigitlar o‘zlarini kelajakda oila yetakchisi sifatida ko‘rishlari kabi qarashlar albatta saqlanib qolgan. Ular o‘zlarining ayollari va farzandlari uchun mas’ul shaxs sifatida ko‘rganlari uchun boshqa qizlarga nisbatan ham kiyinish va xatti-harakatlari masalasida o‘z fikrlarini aytishlari kuzatiladi.
BBC O‘zbek: Nima uchun erkaklar boshqa ayollar haqida shunday maslahatlar berishni o‘zlariga ep ko‘rishadi? Bunga haqlari bor, deb hisoblashadi?
Shohjahon Majidov: O‘zbek jamiyatida erkak mavqei ayoldan ustun ko‘rilgani uchun. Lekin albatta, har bir ayol yoki qiz o‘z shaxsiy chegarasiga ega ekanligi, qanday qilib kiyinish yoki o‘zini tutishni o‘zi tanlashga haqli ekanligini tushunadigan qatlam ham mavjud.
BBC O‘zbek: Yoshlar orasida mana shu siz tilga olayotgan guruhlardan qay birining salmog‘i ko‘proq?
Shohjahon Majidov: Men atrofimdagi professional doira manzarasida aytadigan bo‘lsam, ayol kishining shaxsiy chegarasini tan oluvchilar aksariyatni tashkil qiladi. "Biz demokratik davlatda yashaymiz, har bir inson o‘zini qanday tutishi va kiyinishini o‘zi belgilaydi", deganlar ko‘proq. Lekin bu nuqtai nazarga qarshi turuvchilar ham bor, ozchilikni tashkil qilsa-da, bor. Yo‘q emas.
BBC O‘zbek: Tolibonning hozirda ayollarga nisbatan qabul qilayotgan cheklovchi yo‘riqnomalari, ko‘rsatmalari va umuman siyosati O‘zbekiston doxil qo‘shni mintaqadagi davlatlarga sizib kirish ehtimoli bor, deb o‘ylaysizmi?
Shohjahon Majidov: Bu kabi ehtimol juda kam. Insonning shaxsiy chegarasidan ogohlik, tan olish bizda mavjud. Bundan tashqari, Ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlarda "agar shunday yashashni istasangiz, Afg‘onistonga borib, yashang", degan qarshiliklarga ham ko‘zingiz tushadi. Shundan kelib chiqib, bu g‘oyalar bu yerda keng ildiz olishi ehtimoli kam, deb o‘ylayman.
"Mintaqada Tolibon mafkurasi belgilari allaqachon bor"

Surat manbasi, Бубусора Рисқулова саҳифасидан
Qirg‘izistondagi "Sezim" Nohukumat tashkiloti rahbari Bubusora Risqulova esa Tolibon kabi radikal harakatlar g‘oyalarining Markaziy Osiyoga sizib kirishi ehtimoli bor va allaqachon kuzatilmoqda degan fikrda.
"Ammo ayrim o‘zgarishlar allaqachon mintaqamizda sezila boshladi. Boshdan oyoq qora kiyimdagi ayollar ko‘paymoqda. Biz dunyoviy respublika bo‘lsak ham, ko‘rinishidan masjidlar maktablardan ko‘ra ko‘proq qurilayotgandek. Ko‘pxotinlilik ham tobora ochiqroq ko‘zga tashlanmoqda. Qonun bunga ruxsat bermasa-da, ayrim erkaklar baribir bunga yo‘l topmoqda. Bu - asta-sekinlik bilan kirib kelayotgan mafkura. Biz buni his qilyapmiz", deydi Bubusora Risqulova.
"Umidni yo‘qotmang"
Afg‘onistondagi ayol-qizlar vaziyatiga qaytsak. Hozirgi sharoitda ular uchun kelajaklari borasida umid uchqunlari bo‘lishi mumkinmi?
Toliblarning birinchi davra hokimiyatini Afg‘onistonda boshdan kechirgan Parvin Fayzga ko‘ra, hozirda mamlakatdagi ayol-qizlar uchun avvalgi Toliblar davriga nisbatan imkoniyatlar cheklangan tarzda bor.
Shaharlarda ba’zi tashkilotlarda ishlash, qizlar uchun kam sonli bo‘lsa ham alohida o‘quv markazlarida yoki Internet orqali onlayn ta’lim olish, kasb-hunar o‘rganish imkonlari bor.
Bu imkoniyatlardan hamma foydalana olmasa ham kelajakdan umidni yo‘qotmaslik muhim.





























