Islom va musulmonlardan nafratlangan guruhlar G‘azo yordam nuqtalariga yuborilgan. Nega?

    • Author, Endi Veriti, Tom Bil va Uill Dalgrin
    • Role, BBC News
  • Published
  • O'qilish vaqti: 8 daq

Bi-bi-si surishtiruviga ko‘ra G‘azoda yordam tarqatiladigan punktlarni qo‘riqlayotgan xususiy firma islomga nisbatan adovati bilan tanilgan amerikalik motobaykerlar guruhi a’zolarini yollagan.

BBC News G‘azoda faoliyat yuritayotgan "Infidels" motobayker klubining kamida 10 nafar a’zosini aniqladi. Ular G‘azo gumanitar jamg‘armasi (GHF) ob’ektlarida xavfsizlikni ta’minlaydigan xususiy pudratchi kompaniya – UG Solutions'da ishlaydi. Tartibsizlik va otishma paytida oziq-ovqat izlab kelgan yuzlab tinch aholi shu ob’ektlarda halok bo‘lgan.

Surishtiruvda aniqlanishicha, mazkur guruhning yetti a’zosi Isroil va AQSh prezidenti Donald Tramp qo‘llab-quvvatlagan bahsli yordam operatsiyasidagi muhim ob’ektlarni nazorat qiluvchi yuqori lavozimlarda ishlamoqda.

UG Solutions o‘z xodimlari ishga yaroqliligiga ishonch bildirib, odamlar "shaxsiy qiziqishlari yoki ishdan tashqari aloqalari" asosida tanlanmasligini aytdi. GHF esa "har qanday nafrat, kamsitish yoki dushmanona xatti-harakatlarga nisbatan murosasizlik siyosati" yuritishini ta’kidladi.

"Infidels MC" 2006 yilda Iroq urushida qatnashgan amerikalik harbiy faxriylar tomonidan tuzilgan. A’zolar o‘zlarini zamonaviy salibchilar deb ataydi va ramz sifatida salibchilar xochidan foydalanadi. Bu o‘rta asrda Quddus uchun musulmonlarga qarshi kurashgan nasroniylarga ishoradir.

Guruh o‘zining Facebook sahifasida musulmonlarga qarshi nafratga to‘la postlar tarqatmoqda. Ilgari esa ular Ramazon oyida cho‘chqa go‘shti tayyorlash tadbirlari o‘tkazgan.

"Infidels baykerlar klubini G‘azoda insonparvarlik yordamiga mas’ul qilish, Ku-kluks-klanni Sudanga yordam yetkazishga mas’ul qilish bilan barobar. Bu mutlaqo bema’nilik", dedi AQShdagi yirik musulmon fuqarolik huquqlari tashkiloti – Amerika-Islom munosabatlari kengashi (CAIR) rahbar o‘rinbosari Edvard Ahmad Mitchell. "Bu zo‘ravonlikka olib kelishi aniq – biz G‘azoda aynan shunday holatni ko‘rmoqdamiz".

Guruh rahbari Jonni "Taz" Malford AQSh armiyasining sobiq serjanti. U poraxo‘rlik, o‘g‘rilik va harbiy idoralarga yolg‘on ma’lumot bergani uchun jazolangan. Hozirda u G‘azoda UG Solutions shartnomasini yo‘naltirayotgan "jamoa yetakchisi" sifatida ishlamoqda.

Biz izoh so‘rab "Infidels MC"ga elektron maktub yo‘lladik. Janob Malford boshqa a’zolarga javob bermaslikni buyurib, "barchaga javob berish" tugmasini bosganda, ro‘yxatga tasodifan Bi-bi-si ham qo‘shilib qolgan. Shu tariqa G‘azoda ishlayotgan "Infidels" a’zolarining elektron manzillari va ismlari oshkor bo‘ldi.

Ommaviy ma’lumotlar, ichki hujjatlar va sobiq xodimlar ko‘rsatmalari orqali biz Malford G‘azoda o‘zi bilan ishlash uchun yollagan 10 nafar "Infidels MC" a’zosini aniqladik.

Malforddan tashqari, UGSning G‘azo operatsiyasida yuqori lavozimda ishlayotgan yana uchta yetakchi a’zosi borligi ma’lum bo‘ldi:

  • Larri "J-Rod" Jarrett – guruhning ommaviy e’lon qilingan vitse-prezidenti, logistika uchun mas’ul;
  • Milliy g‘aznachi Bill "Avliyo" Sibe – GHFning to‘rtta "tarqatish punkti"dan birida xavfsizlik guruhini boshqaradi;
  • Guruh asoschilaridan biri Richard "A-Treker" Lofton – yana bir tarqatish punkti jamoasi rahbari.

Maxfiy hujjatlar va sobiq pudratchilar orqali yana olti a’zoning shaxsi ham tasdiqlandi. Ulardan uchtasi qurolli xavfsizlik guruhlari rahbarlari yoki o‘rinbosarlari ekani aniqlandi.

Jarrett, Sibe va Lofton izoh berishdan bosh tortdi. UG esa keng qamrovli tekshiruvlar o‘tkazishini va faqat ishonchli shaxslarni joylashtirishini bildirdi. Ammo yangiliklarga ko‘ra, janob Jarrett ikki yil oldin AQShda mast holda mashina haydagani uchun hibsga olingan, o‘n yilcha avval esa yana shunga o‘xshash ayblovga duch kelgan. Bu ishlar sudlanishgacha yetgan-etmagani noma’lum.

Kompaniya asoschisi va bosh ijrochi direktori Jeymson Govoni ham joriy yil boshida Shimoliy Karolinada yo‘l-transport hodisasi va politsiyadan qochishda ayblanib hibsga olingan. U "Infidels MC" a’zosi emas, izoh berishdan bosh tortdi.

Shu vaqtgacha Malford "Infidels" a’zosi bo‘lgan yagona rasmiy pudratchi sifatida tanilgan edi. Ammo Bi-bi-si surishtiruvi uning baykerlarni yuqori maoshli lavozimlarga, ayniqsa qurolli guruh rahbarligiga yollayotganinini fosh etdi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi postlar ko‘rsatishicha, may oyida – G‘azoga jo‘nashdan ikki hafta oldin – Malford Facebook'da AQSh harbiy faxriylarini yollash uchun e’lon bergan. U "ota oladigan, harakatchan, muloqot qila oladigan" odamlarni izlagan.

Umuman olganda, G‘azoda UG Solutions'da ishlash uchun yollangan taxminan 320 odamdan kamida 40 nafari Infidels MCdan jalb qilingan, deydi sobiq pudratchi.

Bi-bi-si ko‘rgan hujjatlarga ko‘ra, UG Solutions har bir pudratchiga kunlik xarajatlar bilan birga 980 dollar to‘laydi, GHFning "xavfsiz tarqatish punktlari"dagi jamoa rahbarlari esa kunlik 1580 dollar maosh oladi.

G‘azoda xavfsizlikni nazorat qiluvchi jamoa rahbarlaridan biri Josh Miller o‘sha yerdagi pudratchilar bilan "Make Gaza Great Again" (G‘azoni yana buyuk qiling) shiori yozilgan banner oldida suratga tushgan.

Bu banner Millerning futbolkalar va boshqa kiyim-kechak sotuvchi kompaniyasi logotipini reklama qiladi. Kompaniya mahsulotlari orasida "embrace violence" ("zo‘ravonlikni qabul qil") shiori tushirilgan futbolka ham bor.

Uning kompaniyasi, shuningdek, qurolli zo‘ravonlik sahnalari aks etgan va jinoyatchilarni otishni targ‘ib qiluvchi videoni internetga joylashtirgan. Videoda: "Remember, always shoot until they're no longer a threat!" ("Esda tut, tahdidlari yo‘qolguncha ot!") degan videomatn yozilgan.

Millerning barmoqlariga "Crusader" ("Salibchi") so‘zi, bosh barmoqlariga esa "1095" raqami tatuirovka qilingan. 1095 yilda Papa Urban II musulmonlarni "iflos irq" deb atab, birinchi Salib yurishini boshlagan edi. Miller izoh berishdan bosh tortdi.

Infidels MCning Facebook sahifasida sotilayotgan "1095" kalpoqlari bu raqam "Salib yurishlari boshlangan yil"ni anglatishi, ya’ni G‘arb qo‘shinlari Quddus va muqaddas yerlarni musulmonlardan tortib olish uchun boshlagan harbiy yurishlarni bildirishi aytilgan. "Muqaddas yerlar" deganda asosan hozirgi Isroil va Falastin hududlari nazarda tutiladi.

Jonni Malford ham guruh yetakchisi, ham Floridada ro‘yxatdan o‘tgan Infidels MC kompaniyasi agenti sifatida ko‘rsatilgan. Uning ko‘kragiga 1095 raqami, o‘ng qo‘l tirsagiga Salbchilar xochi va chap qo‘lining yuqori qismiga "Infidels" so‘zi tatuirovka qilingan.

"Bugungi islomga qarshi ksenofoblar 1095-yilni, Salb yurishlarini nishonlaganda, ular aslida musulmonlarning ommaviy qirilishini – Quddusda musulmon va yahudiylarni yo‘q qilishni nishonlayapti", deydi AQShdagi musulmon fuqarolik huquqlari tashkiloti CAIR vakili Edvard Ahmad Mitchell.

Uning aytishicha, guruh bir necha o‘n yillar davomida Infidels nomi bilan chiqish qilgan islomga qarshi nafrat bilan yo‘g‘rilgan tuzilmalarning barcha belgilariga ega.

Guruhning islomga qarshi qarashlari qatorida Ramazon oyida cho‘chqa go‘shti qovurish tadbiriga taklifnoma ham bor. Bi-bi-si veb-sahifa arxivida topgan varaqada: "Islomiy Ramazon oyi kunlariga qaramay... sizni Infidels MC Colorado Springs bo‘limining ochiq bayk ziyofati va cho‘chqa go‘shtiga taklif etamiz", deb yozilgan.

Varaqada, shuningdek, burkadagi ayolning yoqasidan yirtilib, ko‘kragi ochilib qolgan surati ham aks etgan.

Infidels MCning Facebook sahifasida ochiq islomofob muhokamalar ham bo‘lgan. 2020 yilda klub AQShdagi to‘rtta Demokrat siyosatchi (ulardan ikkitasi musulmon) Bibliyani nafrat nutqi deb e’lon qilmoqchi, degan yolg‘on, satira maqolaga havola bergan.

Guruh a’zolaridan qolgan ba’zi izohlar: "Jurnalimni oxirigacha to‘ldiryapman. Musulmonlar bilan qarama-qarshi bo‘lganimiz birinchi marta emas"; "Bu ayanchli jirkanchlarni uchinchi dunyodagi ayanchli axlatxonaga surgun qiling, u yerda ular Muqaddas Kitobdan xafa bo‘lmaydilar"...

Chorshanba kuni holatiga ko‘ra, bu izohlar Infidels MCning Facebook sahifasida hanuz turibdi.

Guruhning rasmiy saytida ilgari "Punisher" deb atalgan zo‘ravon "Marvel" qahramonining bosh suyak logosi ham bo‘lgan. Bu ramz oq irqchi guruhlar tomonidan o‘zlashtirilgan bo‘lib, unda "kafir" so‘zi arab alifbosida yozilgan.

G‘azoda may oyi oxirida ochilganidan beri yordam tarqatish nuqtalarida tartibsizlik va xavfli holatlar kuzatilmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2 sentyabrgacha GHF ob’ektlari yaqinida oziq-ovqat izlab yurgan 1135 nafar bola, ayol va erkak halok bo‘lgan.

BMT ta’kidlashicha, ko‘pincha bu halokatlar Isroil xavfsizlik kuchlari tomonidan amalga oshirilgan ko‘rinadi. Isroil armiyasi esa yordam izlab kelgan fuqarolar jabr ko‘rgan holatlar "IDFning vakolatli organlari tomonidan tekshirilmoqda" deb bildirdi.

UGS o‘z pudratchilari ham fuqarolarga o‘q uzgani va yordam izlab kelganlarni xavfga qo‘ygani haqidagi ayblovlarni rad etdi. Biroq kompaniya ogohlantirish o‘qlari ishlatilganini tan oldi.

Shimoliy Karolinada joylashgan UG Solutions o‘z bayonotida Jonni Malfordni AQSh va uning ittifoqchilarini qo‘llab-quvvatlashda 30 yildan ortiq tajribaga ega "ishonchli va hurmatga sazovor shaxs" deb ta’rifladi. "Biz uning obro‘si, faoliyati va murakkab missiyalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishdagi tajribasiga ishonamiz", dedi kompaniya.

"Biz ish samaradorligi va xavfsizlik standartlariga aloqasi yo‘q shaxsiy qiziqishlar yoki uyushmalar uchun tekshiruv o‘tkazmaymiz. Har bir jamoa a’zosi to‘liq tekshiruvdan o‘tadi va faqat malakali, ishonchli shaxslar UG Solutions operatsiyalariga joylanadi", deyilgan bayonotda.

GHF esa yordam yetkazish jarayonida "turli toifa odamlari"ga tayanishini va shu bilan mahalliy aholi orasida ishonch qozonishini ta’kidladi.

"Jamg‘arma punktlarida yordam tarqatayotganlar turli odamlar, ishimiz shu sababli muvaffaqiyatli bo‘lmoqda", deyiladi GHF bayonotida.

Ushbu maqola ingliz tilida chop chop etilgandan so‘ng GHF BBC bilan bog‘lanib, bizga Jonni "Taz" Malford avgust oyidan beri tashkilot bilan aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi. UGS ning aytishicha, Malford hanuz ular bilan birga, lekin G‘azoni tark etgan.