Qirg‘iziston qanday qilib butun dunyo ko‘chmanchilarini birlashtira oldi?

Surat manbasi, Rasmiy/Sultan Dosaliev
- Author, Sanjar Eraliev
- Role, bbc.com/uzbek
- Reporting from, Bishkek
- Published
- O'qilish vaqti: 5 daq
Qirg‘iziston bundan o‘n ikki yil oldin boshlagan tashabbus asrlar davomida e’tiborsiz qolgan ko‘chmanchi xalqlar madaniyatiga dunyo diqqatini qaratdi.
Dunyo ko‘chmanchilari o‘yinlari yil sayin yangidan-yangi mamlakatlarni o‘ziga tortmoqda.
Bu o‘yinlarga qiziqish shu darajada ortganki, hatto o‘troq xalqlar ham o‘zlarining uzoq ko‘chmanchi tarixlaridagi o‘yinlari bilan Qirg‘izistondagi tadbirga kelishmoqda.
Sovet davrida ham ko‘chmanchilar madaniyati ko‘proq o‘tmish merosi sifatida qaralgan.
Ko‘pkari, chavandozlik, kurash va itlar poygasi kabi an’anaviy musobaqalar endi faqat milliy sport turlari emas, balki ko‘chmanchilar madaniyatini xalqaro maydonda targ‘ib qilayotgan muhim vosita sifatida ko‘rilmoqda.
Jahon ko‘chmanchilar oltinchi o‘yinlari davomida Qirg‘iziston xalqaro ommaviy axborot vositalari, blogerlar va tahlilchilarning diqqat markazida bo‘ldi.
"Ko‘chmanchi sivilizatsiya bir xalq yoki bir davlatga emas, balki ko‘plab xalqlarga tegishli merosdir. Ammo aynan Qirg‘iziston bu o‘yinlarning tashabbuskori bo‘ldi va dunyoga shunchaki bir obraz yoki g‘oyani emas, balki tayyor madaniy mahsulotni taklif qildi" - dedi BBC bilan suhbatda qozog‘istonlik siyosatchi va jamoat arbobi Aydar Alibaev.
"Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari paydo bo‘lgach, ko‘chmanchilik tarixi kitoblardagi merosdan jonli xalqaro tajribaga aylandi. Endi uni ko‘rish, his qilish va butun dunyoga namoyish etish mumkin. Qirg‘iziston o‘zining ko‘chmanchi merosini oddiy etnografik ob’ektdan zamonaviy xalqaro madaniy va sport festivaliga aylantirdi va uni milliy brend darajasiga olib chiqdi".
Ko‘chmanchi madaniyat barchanikimi?
Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari birinchi marta 2014 yilda Qirg‘iziston tashabbusi bilan tashkil etilgan. O‘shanda musobaqada 19 davlat vakillari ishtirok etgan bo‘lsa, bugun qatnashchi mamlakatlar soni yuzdan oshdi.
Sport turlari ham 10ga yaqin yo‘nalishdan 40dan ortiq turga kengaydi.
Dastlab o‘yinlarda asosan qirg‘iz va Markaziy Osiyo xalqlarining milliy sport turlari namoyish etilgan.
Hozir esa musobaqalarda Yevropa, Amerika, Osiyo va Afrika davlatlari vakillari ham qatnashmoqda.
Bu safar o‘yinlar 31 avgustdan 6 sentyabrgacha Bishkek va Issiq-Ko‘l viloyatida bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida Qirchin yaylovida etnoshaharcha barpo etildi, milliy sport musobaqalari, folklor festivallari, hunarmandchilik ko‘rgazmalari va ilmiy yig‘inlar tashkil qilindi.

Surat manbasi, Rasmiy/Sultan Dosaliev
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Tadqiqotchilar ta’kidlashicha, ko‘chmanchilar madaniyatini faqat bir mamlakat bilan bog‘lab bo‘lmaydi.
U Yevroosiyoning keng hududlari bilan bog‘liq umumiy tarixiy meros hisoblanadi.
"Bu yerda bir muhim jihatni ta’kidlash kerak. Ko‘chmanchilar madaniyati faqat Qirg‘izistonga tegishli emas. Bu Markaziy Osiyodan tortib Mo‘g‘ulistongacha, Qozog‘iston dashtlaridan Xitoyning shimoliy va g‘arbiy hududlarigacha yoyilgan ulkan tarixiy merosdir"- deydi bishkeklik tarixchi Gulzat Alagoz qizi - "Shuning uchun mazkur mamlakatlarda ham uni ommalashtirish bo‘yicha keng ishlar olib borilmoqda".
"Qirg‘izistonning o‘ziga xosligi shundaki, u ana shu umumiy merosning bir qismi bo‘lgan ko‘chmanchilar o‘yinlarini xalqaro miqyosdagi doimiy platformaga aylantira oldi. Boshqacha aytganda, Qirg‘iziston "ko‘chmanchilar madaniyati faqat meniki" demayapti. Aksincha, u o‘zini Yevroosiyo ko‘chmanchilar sivilizatsiyasi madaniy muloqoti uchun maydon sifatida namoyon etmoqda" - deydi u.

Surat manbasi, Rasmiy/minculture.gov.kg
Sovetlar va ko‘chmanchilar
Tarixchilar Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining ahamiyatini tushunish uchun XX asrda ko‘chmanchilar madaniyatiga bo‘lgan munosabatni ham eslash kerakligini aytadilar.
Sovet davrida ko‘chmanchilik ko‘pincha eski turmush tarzi sifatida ko‘rilgan. Shu sababli ko‘chmanchi aholini o‘troq hayotga o‘tkazish va kollektivlashtirish siyosati amalga oshirilgan.
"Bu fikrning asosi to‘g‘ri, ammo sovet davrida ko‘chmanchilar madaniyati butunlay inkor etilgan deb aytish to‘g‘ri emas. Marksistik qarashlarga ko‘ra, ko‘chmanchi hayot tarzi o‘troq sotsialistik jamiyatga nisbatan "ortda qolgan" shakl sifatida baholangan va shu bois Markaziy Osiyoda o‘troqlashtirish hamda kollektivlashtirish siyosati olib borilgan" - deydi tarixchi Alagoz qizi - "Biroq bu jarayon ko‘plab muammolarni keltirib chiqarib, xo‘jalik tizimi va chorvachilikka jiddiy zarar yetkazgan.
"1920-1930 yillardagi ocharchiliklar oqibatida Markaziy Osiyoda yuz minglab odamlar halok bo‘lgan. Tadqiqotchilar bu fojialar sabablaridan biri sifatida shoshilinch va qattiq usullarda amalga oshirilgan kollektivlashtirish siyosatini ham ko‘rsatadilar".
"Shuning uchun "ko‘chmanchilar madaniyati sovet davrida o‘tmish qoldig‘i sifatida baholangan" degan fikr umumiy ma’noda to‘g‘ri bo‘lsa-da, bu jarayon ancha murakkab va ko‘p qirrali bo‘lganini ham yodda tutish lozim" - deya qo‘shimcha qiladi tarixchi.

Surat manbasi, Rasmiy/Sultan Dosaliev
Madaniy tadbir yo siyosat vosita?
1930 yillargacha qirg‘izlarning katta qismi ko‘chmanchi yoki yarim ko‘chmanchi hayot kechirgan. Keyingi siyosatlar natijasida aholining ko‘p qismi doimiy yashash joylariga ko‘chib o‘tgan va an’anaviy turmush tarzi sezilarli darajada o‘zgargan.
Mustaqillikdan keyin Qirg‘izistonda milliy merosni qayta tiklashga qaratilgan ishlar kuchaydi. Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari ham ana shu jarayonning bir qismiga aylandi.
Bu yilgi o‘yinlarning ochilish marosimi Bishkekda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti o‘tkazilayotgan kunlarga to‘g‘ri keldi. Sammit uchun 20 dan ortiq davlat rahbarlarining kelgani va ularning deyarli barchasi Ko‘chmanchilar o‘yinlarining ochilish marosimida ishtirok etgani ayrim kuzatuvchilar tomonidan madaniy diplomatiya nuqtai nazaridan ham baholanmoqda.
Qirg‘iziston "ko‘chmanchilar madaniyati faqat meniki" demayapti. Aksincha, o‘zini Yevroosiyo ko‘chmanchilar sivilizatsiyasi madaniy muloqoti uchun maydon sifatida namoyon etmoqda.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ochilish marosimida o‘yinlarni mamlakatning zamonaviy qiyofasini namoyish qilish imkoniyati sifatida ta’riflagan:
"Ko‘chmanchilar o‘yinlari – Yevroosiyo hududida yashagan qadimgi ko‘chmanchilardan: qadimgi xunnlardan, qadimgi qirg‘izlardan, qadimgi turklardan, qadimgi turkashlardan va boshqa ko‘chmanchi ajdodlarimizdan meros bo‘lib qolgan ulug‘ madaniyatdir. Ana shu ma’naviy va madaniy meros bugun Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari orqali yangicha mazmun bilan qayta tiklanmoqda".
Ko‘chmanchilar merosi uchun yangi minbar

Surat manbasi, Rasmiy/minculture.gov.kg
O‘yinlarning Bishkekdagi yangi arenada o‘tkazilgan ochilish marosimi ijtimoiy tarmoqlarda katta qiziqish uyg‘otdi. U haqda turli tillarda ko‘plab sharhlar yozildi. Tomoshada minglab ishtirokchilar qatnashdi. Maydonda chavandozlar chiqish qildi, milliy liboslar, raqslar va zamonaviy yorug‘lik effektlari namoyish etildi. Ayrimlar buni oddiy sport tadbiridan ko‘ra ko‘chmanchi xalqlarning tarixi va madaniyatini ko‘rsatgan katta tomosha sifatida baholadi.
Ko‘chmanchilarning tabiat bilan uyg‘un yashash an’analari ham xalqaro qiziqish uyg‘otayotgan mavzulardan biri hisoblanadi. Chorvachilik mahsulotlaridan to‘liq foydalanish, jun va terilarni tashlab yubormasdan qayta ishlash an’analari bugun atrof-muhitga ehtiyotkor munosabat namunasi sifatida ham tilga olinadi.
End of Ijtimoiy tarmoqlarda bizni kuzatib boring
Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi. Musobaqalar dastlab uch marta Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan. Keyin ularga Turkiya va Qozog‘iston mezbonlik qildi. 2026 yili o‘yinlar yana Qirg‘izistonda tashkil etildi. Navbatdagi musobaqa 2028 yilda Tatarstonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
2021 yili Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari UNESCO madaniy meroslar ro‘yxatiga kiritilgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil bahorida Bishkek tadbirni o‘tkazish uchun qariyb 4 million dollar ajratilishini ma’lum qilgan edi. Yakuniy xarajatlar hali e’lon qilinmagan.































