Rus tarixchilari qirg‘iz darsliklaridagi "kolonializm" atamasiga e’tiroz bildirdi

Surat manbasi, Евгений Разумний, Коммерсантъ
- Author, Davron Hotam
- Role, BBC Yangiliklar bo‘limi, Qirg‘iziston
- Published
- O'qilish vaqti: 3 daq
Moskva "kolonializm" yoki "mustamlakachilik" so‘zi o‘rniga neytral atamalarni taklif qilmoqda, qirg‘iz olimlari esa tarixni o‘z nomi bilan atash kerakligini ta’kidlayapti. Bu bahs butun Markaziy Osiyo uchun dolzarblashmoqda.
Chor Rossiyasi va Sovet Ittifoqi davrini qanday ta’riflash kerak — "mustamlakachilik"mi yoki "ma’muriy boshqaruv"?
Bu masala so‘nggi paytlarda Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida jiddiy bahslarga sabab bo‘lmoqda.
Yaqinda Moskvada o‘tgan uchrashuvda Rossiya va Qirg‘iziston tarixchilari aynan shu mavzuni muhokama qildi.
Moskva pozitsiyasi

Surat manbasi, scientificrussia.ru
Rossiya Fanlar akademiyasi vakili Andrey Bikov Qirg‘iziston maktab darsliklarida "daliliy xatolar" va "miflashtirish" holatlari borligini bildirdi.
Uning aytishicha, sovet davri Rossiya darsliklarida asosan sanoatlashtirish va iqtisodiy rivojlanish bilan bog‘lanadi. Qirg‘iz darsliklarida esa milliy manfaatlarning cheklanishi va qaramlikka urg‘u berilgani rus tomoniga ma’qul kelmayapti.
Konferentsiyada ishtirok etgan qirg‘izistonlik tarixchi, Milliy fanlar akademiyasining Tarix, arxeologiya va etnografiya instituti direktori Abilabek Asankanovning aytishicha, Bikov o‘z ma’ruzasida "kolonializm" atamasi yoshlar orasida salbiy qabul qilinishini aytgan va bu rus tomonining Qirg‘izistonga "tarix kitoblarini qanday qilib to‘g‘ri yozish kerakligi" bo‘yicha ko‘rsatma berish harakati emasligini alohida ta’kidlagan.
Bikovning ta’kidlashicha, u faqatgina ikki mamlakatning tarix kitoblaridan "qarama-qarshilik keltirib chiqaradigan ayrim bayonotlarni" olib tashlashni taklif qilmoqda.
Bikov "mustamlakachilik" atamasi yoshlar orasida salbiy kayfiyat uyg‘otishini aytib, uni "ma’muriy boshqaruv" kabi neytral tushunchalar bilan almashtirishni taklif qilmoqda. U buni "qarashlar o‘rtasidagi ziddiyatni yumshatish" zarurati bilan izohlagan.
Qirg‘izistonlik mutaxassislarning munosabati
Qirg‘izistonlik tarixchilar bu taklifni tanqid ostiga oldi. Ular tarixiy jarayonlarni o‘z nomi bilan atash shartligini ta’kidlamoqda.
Xususan, tarixchi Tinchtiqbek Chorotegin Rossiya bilan "umumiy darslik" tayyorlash g‘oyasiga mutlaqo qarshi chiqdi.
Siyosatshunos Emilbek Joroev Bi-Bi-Siga bergan izohida tarix masalasi ayrim davlatlar uchun mafkuraviy qurolga aylanganini aytdi. Uning fikricha, har bir davlat o‘z tarixini mustaqil o‘rganish va talqin qilish huquqiga ega.
Siyosiy tahlilchi Venera Aqmatbekova rus olimlarining boshqa suveren davlatning darsliklarini tahlil qilib chiqishga va ularni to‘g‘rilang deb aytishga qanday haqqi bor, degan savolni o‘rtaga tashladi:
"Rossiya tomoni "kolonializm" va "mustamlaka" atamalarining ishlatilishi chegaradan chiqish va salbiy bo‘yoqqa ega ekanini aytib, bu so‘zlarni "ma’muriyat", "ma’muriy boshqaruv" so‘zlariga almashtirish kerakligini, Rossiyani imperiya sifatida ko‘rsatish noto‘g‘riligini ta’kidlagan. Jahon geosiyosati tarixida qo‘llaniladigan atamalar bor. Bu atamalar shunchaki o‘ylab topilib, qabul qilinavermaydi. Har bir atamaning ortida qandaydir jarayon yotadi va o‘sha jarayonning aniq mezonlari bo‘ladi. Shunga to‘g‘ri kelsagina, keyin shunday ataladi. Rossiyaning qirg‘izlarga nisbatan olib borgan siyosati barcha jihatdan mustamlakachilik mezonlariga to‘liq mos keladi, bu — tarixiy haqiqat", — deb yozdi u o‘zining Feysbukdagi sahifasida.
Qirg‘iziston rasmiylari hozircha bu masala yuzasidan munosabat bildirmadi.
Bu mavzu O‘zbekiston uchun ham begona emas
Bunga o‘xshash bahslar avval O‘zbekiston atrofida ham kuzatilgan. Rossiya tomoni ayrim o‘zbek darsliklarida ham tarix "biryoqlama va tanqidiy" yoritilayotganini da’vo qilgan edi. Hatto ayrimlari: "bu — rusofobiya", deydi.
O‘zbekistondagi tarixchi va ziyolilar esa tarixiy voqealarni ilmiy asosda, boricha baholash zarurligini ta’kidlab keladi.
Mutaxassislar qayd etishicha, "mustamlakachilik" tushunchasi resurslarni tashib ketish, iqtisodiy va siyosiy nazorat kabi aniq mezonlarga asoslanadi. Shu bilan birga, sovet davrida sanoatlashtirish va infratuzilma rivoji bo‘lgani ham inkor etilmaydi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
So‘nggi yillarda Rossiyada Markaziy Osiyo tarixiga oid yangi nashrlar chop etilmoqda. Ayrim tadqiqotlarda mintaqa Rossiyaning "hayotiy manfaatlari zonasi" sifatida ta’riflangani ham e’tirozlarga sabab bo‘lyapti.
Tarixni qanday talqin qilish masalasi Markaziy Osiyoda faqat ilmiy emas, balki kuchli siyosiy ahamiyat kasb etib bormoqda. Mintaqa mutaxassislari esa tashqi bosimlarsiz, turli nuqtai nazarlarni hisobga olgan holda ochiq ilmiy muloqot olib borish zarurligini ta’kidlamoqda.






























