Boburiylar saltanati jurnalistikasi. Axborotning boshqaruvdagi roli

    • Author, Soutik Bisvas
    • Role, BBC muxbiri, Hindiston
  • Published
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Yevropada gazetalar ixtiro qilinayotgan paytda, Boburiylar boshqargan Hindistonda o‘z axborot tarmog‘i mavjud edi.

XVI asr oxirlaridan boshlab kotiblar, agentlar va mirzolardan iborat yirik tizim "axborot" deb atalgan qisqa xabarnomalar tayyorlar edi. Ularda saroy fitnalari, harbiy yurishlar, tayinlovlar, moliya ishlari va turli mish-mishlar yoritilardi.

Mo‘rt qog‘ozlarga fors tilida shoshilinch yozilgan bu xabarnomalar Boburiylar saltanatida axborot tizimini tashkil etgan. Ular bir vaqtda razvedka ma’lumotnomasi, rasmiy aylanma hujjat va yangilik byulleteni vazifasini bajargan.

Har kuni yuzlab, ehtimol, minglab shunday xabarlar podshoh saroyi va viloyat hokimlari o‘rtasida aylanib turgan. Bu ularning qudrati avjiga chiqqan davrda Hind yarimorolining katta qismi va dunyo aholisining qariyb to‘rtdan birini boshqargan imperiyani yagona boshqaruv tizimiga bog‘lab turardi. Xabarnomalarning aksari yig‘ilgan amaldorlar huzurida ovoz chiqarib o‘qilar, shu tariqa podshoh saroyidagi yangiliklar mamlakatning eng chekka hududlarigacha yetib borardi.

O‘nlab yillar davomida ushbu xabarnoma, farmon va ma’muriy hujjatlarning minglab sahifalari Hindiston va Britaniyadagi kutubxonalar hamda arxivlarda saqlandi. Tarixchilar ularning mavjudligini bilardi. Ammo deyarli hech kim ularni chuqur o‘rganishga jur’at etmagan.

Berkli Kaliforniya universiteti tarixchisi Munis D. Faruqiy qariyb yigirma yil davomida shu ish bilan shug‘ullangan.

U 2007 yildan boshlab Hindiston va Britaniya arxivlarida saqlanayotgan ulkan "Axboroti Darbari Mualla" ("Oliy dargoh xabarnomalari") to‘plamini o‘rganishga kirishdi.

U Kolkatadagi Milliy kutubxonada saqlanayotgan 6500 sahifadan ortiq hujjatni tahlil qilib, o‘n minglab qaydlar orqali shahzoda, sarkarda, saroy amaldorlari, podsho oilasi xonimlari, saroy og‘alari va boshqa ko‘plab shaxslar faoliyatini kuzatdi.

Ana shu tadqiqot natijasida XVII asr oxirida hukmronlik qilgan Avrangzeb (podshohlik davrida Olamgir nomi bilan ham tanilgan) va Boburiylar saltanati haqida yaqin orada nashr etilishi rejalangan yangi tarixiy asar yuzaga keldi. U nafaqat Hindiston tarixidagi eng bahsli Boburiy hukmdorlardan biri siymosiga yangicha nazar tashlaydi, balki ilk zamonaviy davrning eng yirik imperiyalaridan biri qanday boshqarilganini ham ochib beradi.

Boburiylar davriga oid ushbu xabarnomalar kamida to‘rtta ma’lum to‘plamda saqlangan – London, Bikaner, Sitamau va Kolkatada. Biroq tarixchilar fikricha, yana boshqalari xususiy to‘plamlarda ham bo‘lishi mumkin.

Bu hujjatlarning bir qismi Jaypur qal’asining salqin va quruq yerto‘lasida bog‘lamlar holatida saqlangan. XIX asr boshlarida Ost-Indiya kompaniyasi amaldori va qadimshunos Jeyms Tod ushbu xabarnomalarning katta qismini vaqtincha foydalanishga olib, 1823 yilda Britaniyaga qaytar ekan, ularni egalariga qaytarmagan. Keyinchalik u mazkur to‘plamni Qirollik Osiyo jamiyati kutubxonasiga hadya qilgan.

Eng boy to‘plam Kolkata Milliy kutubxonasida saqlanadi. U Avrangzeb hukmronligiga bag‘ishlangan 21 jilddan iborat. Avrangzeb 1658–1707 yillarda Boburiylar saltanatini boshqargan va uning hududini eng katta darajada kengaytirgan so‘nggi buyuk podshoh hisoblanadi. Bu jildlar ilgari Hindiston tarixshunosligi poydevorini qo‘ygan olim ser Jadunot Sarkarning shaxsiy kutubxonasida bo‘lgan. Sarkar Avrangzebning eng nufuzli biografi sifatida tanilgan.

Bir qarashda bu materiallarning katta qismi zerikarli ko‘rinadi: tayinlovlar, nizolar, qo‘shinlar harakati, sovg‘alar, kasalliklar va tuganmas ma’muriy mayda-chuydalar.

Biroq ularni yaxlit holda ko‘rib chiqilsa, bu xabarnomalar juda noyob manba – imperiyaning o‘z-o‘zini deyarli uzluksiz kuzatib borishidan tug‘ilgan yozma solnomasidir, deydi Faruqiy.

Avrangzeb taxtga chiqqan dastlabki yigirma yilga oid arxiv materiallari parokanda saqlangan. Ammo 1680-yillar boshlaridan keyingi davrga daxldor hujjatlar hayratlanarli darajada ko‘p. Ular bir necha yil davomida deyarli har kunlik axborot oqimini kuzatish imkonini beradi. Umuman olganda, bu materiallar imperatorning qariyb yarim asrlik hukmronligining taxminan uchdan bir qismini yoritadi.

Faruqiy o‘z ilmiy faoliyatining katta qismini XVII asr oxiridagi Boburiylar dunyosini o‘rganishga bag‘ishlagan. Bu davrda imperiya o‘z qudrati cho‘qqisiga chiqqan bo‘lsa-da, keyinchalik Britaniya hukmronligiga yo‘l ochgan tanazzul tomon ham siljib borayotgan edi. "Axborot"lar unga o‘sha dunyoni mutlaqo boshqacha nigoh bilan ko‘rish imkonini berdi.

"Axborotlar bilan ishlash tajribam boshidan oxirigacha bitta katta "Evrika!" lahzalaridan iborat bo‘ldi", – deydi Faruqiy. "O‘sha davrdagi axborot tizimi naqadar mukammal va rivojlangani meni hanuz hayratlantiradi".

Faruqiy o‘rgangan xabarnomalar Jaypur rojasi uchun tayyorlangan xabarlar bo‘lgan. Uning fikricha, yana yuzlab amaldorlar, shahzodalar va zodagonlar ham imperiyaning turli chekkalaridagi vakillaridan shunday xabarnomalarni olib turgan. Bu esa ilk zamonaviy davr dunyosidagi eng mukammal axborot tarmoqlaridan birini vujudga keltirgan.

"Bunday boy axborot to‘plash va tarqatish tizimini yaratgan tizim haqida o‘ylasam, hayratdan lol qolaman", deydi Faruqiy.

Axborot hajmi ulkanligi Boburiylar davlati zamonasi mezonlari bo‘yicha o‘lchansa, juda rivojlangan axborot tizimiga ega bo‘lganini ko‘rsatadi.

Faruqiy fikricha, bu ma’lumotlardan amalda qanchalik samarali foydalanilgani turlicha bo‘lgan. Biroq bu tizimning ta’siri "ba’zan ijobiy, ba’zan salbiy tarzda" o‘nlab million insonlar hayotiga ta’sir ko‘rsatgan.

Xabarnomalar Faruqiyning avvalgi tasavvurlarini qayta-qayta o‘zgartirib yubordi.

Uning aytishicha, Avrangzeb saroyiga nisbat beriladigan ommaviy diniy majburlov holatlari haqida deyarli dalil topilmagan. Shuningdek, podshoh harami va haram og‘alari "hech kim tasavvur qilmagan darajada siyosiy ta’sirga ega" bo‘lgan.

Podshoh o‘ta qattiqqo‘l hukmdor sifatida emas, balki ancha ochiq shaxs sifatida namoyon bo‘lgan. Shuningdek, xabarnomalarda sikhlar kabi guruhlarga nisbatan dushmanlik munosabati Faruqiy kutganidan ancha kam uchragan. Bu esa sikhlarning kamida 1711 yilga borib shakllangan an’anaviy qarashlariga zid keladi. Bu qarashga ko‘ra, Avrangzeb ularning diniy peshvolari va jamoasini ta’qib qilish uchun mas’uldir.

Ayrim muhim kashfiyotlar katta sensatsiyalar natijasida emas, balki bir xil ma’lumotlar takrorlanishi orqali yuzaga chiqqan.

Faruqiy xabarnomalarda qayta-qayta uchraydigan bir ismga e’tibor qaratdi: Avrangzebning qizi Zinat-un-Niso. Tarixchilar uni bilardi, ammo uning saroydagi o‘rni haqida deyarli hech narsa yozilmagan edi. Biroq nomalarda uning nomi takror-takror uchrardi.

Oradan bir necha hafta o‘tgach, Faruqiy bu ayol oddiy malikalardan emasligini angladi.

Zinat-un-Niso qudratli siyosiy arbob bo‘lgan va keksayib, siyosiy jihatdan zaiflashib borayotgan otasi uchun "beqiyos darajada ta’sirli va muhim siyosiy tayanch" vazifasini o‘tagan. Faruqiy uning nomi tilga olingan har bir holatni qayd eta boshladi. Keyinchalik u Boburiylar harami haqidagi tadqiqotida markaziy o‘rinlardan birini egalladi.

Har bir yangi topilma avvalgi qarashlarni qayta ko‘rib chiqishga majbur qilardi.

"1990-yillardan beri [xabarnomalar haqida ilk bor eshitganimdan buyon] ko‘plab tasavvurlarimni qayta ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keldi", deydi Faruqiy. Uning fikricha, xabarnomalar nafaqat Avrangzebga, balki butun Boburiylar saltanatiga yangicha nazar tashlash imkonini beradi.

Nega tarixchilar bu xabarnomalarni o‘rganishga ishtiyoq ko‘rsatmagan?

Faruqiyning aytishicha, u tarixchilarning ikkilanishini yaxshi tushunadi. Ilmiy faoliyatining dastlabki yillarida u Boburiylar davriga oid yana bir ulkan arxivni yetti hafta davomida o‘rganishga uringan, ammo oxir-oqibat bu ishni tashlab qo‘ygan. Ana shu tajriba sababli u qariyb o‘n yil davomida hajmi ulkan va indekslashtirilmagan arxiv to‘plamlaridan cho‘chib qolgan.

Xabarnomalar ham xuddi shunday murakkab vazifani yuzaga keltirgan.

"Unda kerakli ma’lumotni izlash xuddi somon g‘aramidan igna qidirishga o‘xshaydi", deydi u.

Indeksning yo‘qligi va o‘n minglab qaydlar mavjudligi sababli arxiv bilan ishlash katta sabr, matonat, muayyan tartib va kerakli ma’lumotlarni topish uchun sahifama-sahifa o‘qib chiqishni talab qiladi.

Boburiylar sulolasining ilk podshohlari haqida saqlangan tarixiy dalillar nisbatan oz bo‘lsa, Avrangzeb davriga kelib hujjatli manbalar keskin ko‘paygan. Davlat boshqaruviga oid arxivlar, shaxsiy yozishmalar, mahalliy tarixiy asarlar, biografik lug‘atlar, she’riyat, Yevropa savdo kompaniyalarining hujjatlari hamda sayyohlarning xotiralari saqlanib qolgan.

Faruqiyning fikricha, xabarnomalar uning tadqiqoti uchun beqiyos ahamiyatga ega edi. Biroq ular haligacha yetarlicha foydalanilmagan ulkan arxivning faqat bir qismini tashkil etadi.

"Hali ham jasur tarixchilarni kutib yotgan manbalar asosida o‘nlab, balki undan ham ko‘proq kitoblar yozish mumkin", deydi u.

Faruqiy Kolkatadagi ushbu to‘plamni ilk bor ochganida, uni nimalar kutayotganini deyarli tasavvur ham qilmagan.

"Birinchi jildning birinchi sahifasini ochishim bilanoq bu to‘plam naqadar noyob manba ekanini angladim", – deya eslaydi u. "Darhol uzoq vaqt e’tibordan chetda qolgan yoki juda yuzaki o‘rganilgan ko‘plab tarixiy yo‘nalishlarni ko‘rdim".

Uning aytishicha, o‘z kitobida u shularning juda kichik qisminigina yoritgan.

"Hali boshqa tadqiqotchilar o‘rganishi lozim bo‘lgan juda ko‘p mavzular qolmoqda".