You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Dayjest: O‘zbekistonda demografik pasayish tendentsiyasi, harbiy reytingda O‘zbekiston Qozog‘istonni ortda qoldirdi
O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari tahlili mamlakatda nikohlar va tug‘ilish kamayib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi xabar qilishicha, O‘zbekistonda 2026 yilning birinchi choragida, ya’ni yanvardan mart oyigacha jami 191 086 nafar chaqaloq dunyoga kelgan.
Ularning 51,5 foizini (98,5 ming nafar) o‘g‘il bolalar, 48,5 % ini (92,6 ming nafar) qiz bolalar tashkil etgan.
O‘zbekistondagi Batafsil.uz veb-nashri yozishicha, mamlakatda demografik pasayish tendentsiyasi davom etayapti.
Tug‘ilish ko‘rsatkichlarining pasayishi O‘zbekistonda yangi barpo etilayotgan oilalar sonining kamaygani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yilning dastlabki uch oyida 42,3 mingta nikoh qayd etilgan.
Bu o‘tgan yilning birinchi choragiga solishtirganda 1,5 mingga kamdir.
Misol uchun, mamlakatda 2022 yili 57,9 mingta nikoh qayd etilgan.
Bu raqam yildan yilga kamayib kelayotgani kuzatilmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, demografik vaziyatni pasaytirayotgan yana bir omil - ajralish va o‘lim holatlarining ham ko‘payishidir.
Xususan, 2026 yilning dastlabki uch oyida O‘zbekistonda 12,7 mingta ajralish qayd etilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning dastlabki uch oyiga nisbatan 1,2 mingtaga ko‘p deganidir.
Vafot etgan insonlarning soni 43,5 ming kishini tashkil etgan, bu esa o‘tgan yilning ilk choragiga qaraganda 2,1 ming nafarga ko‘pligini anglatadi.
O‘zbekiston doim ko‘p bolali oilasi ko‘p mamlakat bo‘lib kelgan.
Aholi soni o‘sishi Ikkinchi Jahon urushidan keyin doim yuqori bo‘lib kelgan.
2026 yil may oyi boshida O‘zbekiston aholisining soni rasman 38 million 382 ming 700 kishini tashkil etdi.
Oxirgi yillarda mamlakat aholisi har ikki yilda bir millionga ko‘payib kelayotgan, demografik o‘sish tendentsiyasi muntazam kuzatib kelinayotgan edi.
Ammo oxirgi uch yilda tug‘ilish kamayayotgani ko‘rinmoqda.
Demografik pasayish tendentsiyasi jamiyatda qadriyatlar, xususan, oila tushunchasiga munosabat o‘zgarayotganidan darak berishi ham mumkin.
O‘zbekiston Qozog‘istonni harbiy reytingda ortda qoldirdi
Qozog‘istondagi Inbusiness.kz veb nashri xabar qilishicha, O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi yetakchi harbiy kuch sifatida Qozog‘istonni ortda qoldirdi.
Global Firepower reytingiga tayanib, nashr so‘nggi besh yil ichida Qozog‘iston 2021 yildagi 62-o‘rindan 2026 yilda 58-o‘ringa ko‘tarilganini qayd etadi.
Biroq, o‘tgan yilga nisbatan bir pog‘ona pastlab, Qozog‘iston 2026 yilda mintaqaviy yetakchilikni 53-o‘rinni egallagan va ayni paytda Markaziy Osiyoda eng kuchli harbiy salohiyatga ega deb hisoblanayotgan O‘zbekistonga bo‘shatib bergan, deyiladi xabarda.
«Global Firepower reytingida O‘zbekiston yuqoriroq o‘rinni egallaganiga qaramasdan, aholi jon boshiga mudofaa xarajatlari bo‘yicha Qozog‘iston mintaqada yetakchilikni saqlab qolmoqda. 2026 yil ma’lumotlariga ko‘ra, respublika aholi jon boshiga taxminan 288 dollar mudofaaga sarflagan bo‘lib, bu O‘zbekistonga (170 dollar) nisbatan qariyb 1,7 barobar ko‘pdir. Shu bilan birga, O‘zbekiston bir qator ko‘rsatkichlar, jumladan texnika va shaxsiy tarkib soni bo‘yicha Qozog‘istondan ustun (470 ta tank, Qozog‘istonda esa 353 ta)», — deyiladi xabarda.
«Qozog‘istonning harbiy qudrat indeksi 1,0433 ni tashkil etdi. GFP metodologiyasiga ko‘ra, PowerIndex qanchalik past bo‘lsa, davlatning harbiy salohiyati shunchalik yuqori deb baholanadi. Indeks armiya hajmi, texnika miqdori, aviatsiya va flot holati, logistika, moliyaviy imkoniyatlar, resurslar va mamlakat geografiyasi kabi 60 dan ortiq parametr asosida hisoblanadi. Shu bilan birga, reyting asosan ochiq ma’lumotlarga tayanadi va real mojaroda armiyaning haqiqiy jang qobiliyatini emas, balki davlatning umumiy salohiyatini baholaydi», — deb aniqlik kiritadi nashr.
«Jahonda harbiy xarajatlar oshib borayotgan bir paytda, Qozog‘iston ham mudofaa va armiyani modernizatsiya qilishga e’tiborni bosqichma-bosqich kuchaytirmoqda. Ayni damda respublika texnika va shaxsiy tarkib sonini oshirishdan ko‘ra, qurol-yarog‘ni yangilash, infratuzilmani rivojlantirish va byudjetdan samarali foydalanishga ko‘proq e’tibor qaratmoqda. Shu nuqtai nazardan, mamlakatning Global Firepower reytingidagi o‘rnidagi o‘zgarishlar nafaqat harbiy salohiyatni, balki xavfsizlik masalalari va davlat xarajatlariga bo‘lgan kengroq yondashuvni ham aks ettiradi", - deb yozadi Inbusiness.kz.
Ayni paytda Forbes Kazakhstan veb nashri Qozog‘iston oxirgi yillarda mudofaa xarajatlarini oshirib borayotganiga bag‘ishlangan maqola e’lon qildi.
Xabarga ko‘ra, 2026 yil Qozog‘iston davlat byudjetidan mudofaa sohasiga 1 530 mlrd tenge — 3,31 mlrd dollardan ortiq mablag‘ ajratgan.
Moliya vazirligi ma’lumotlariga tayanilgan holda, bu raqam 2015 yilda mudofaa xarajatlari 454 mlrd tengeni tashkil etgan davrga nisbatan uch barobardan ziyodga oshganini ko‘rsatadi.
«Eng katta o‘sish 2022 yilga to‘g‘ri keldi. O‘sha yili mudofaa byudjeti 48,6 foizga oshib, 753,7 mlrd tengedan 1 120 mlrd tengega yetdi. Bu ko‘rib chiqilayotgan butun davrdagi eng yuqori o‘sish sur’atidir. Bundan tashqari, aynan shu yili ko‘rsatkich ilk bor 1 000 mlrd tengedan oshdi va o‘sishni davom ettirdi. 2023 yilda mudofaa byudjeti 1 180 mlrd tengeni, 2024 yilda — 1 280 mlrd tengeni, 2025 yilda esa — 1 380 mlrd tengeni tashkil etdi», — deb sanab o‘tiladi maqolada. Umuman olganda, hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilda xavfsizlik blokiga (mudofaa, politsiya, maxsus xizmatlar va boshqa kuch tuzilmalari) 3 000 mlrd tenge ajratilgan bo‘lib, bu 2025 yilga nisbatan 335 mlrd tengega ko‘pdir.
Biroq, maqolada valyuta kursidagi keskin o‘zgarishlar inobatga olinmagan.
Xususan, 2015 yil boshida dollar kursi 200 tengeden past bo‘lgan bo‘lsa, 2016 yil boshiga kelib u 350 tengedan oshib ketdi.
Qozoq milliy valyutasi 2020 yil martigacha 400 tengedan past darajada saqlanib turdi, biroq o‘sha oyda keskin qadrsizlanib, dollar uchun 450 tengedan oshdi va o‘tgan yil kuziga kelib deyarli 550 tengega yaqinlashdi.
Hozirgi paytda bozordagi o‘rtacha kurs bir dollar uchun 462 tengeni tashkil etadi.