Yangiliklar: Oq uy yaqinida o‘t ochildi, Maxfiy xizmat gumonlanuvchini otib o‘ldirdi – nimalar ma’lum?

Surat manbasi, Bloomberg via Getty Images
Nima bo‘ldi?
Bugun kechqurun Oq uy yaqinida qurollangan shaxsga qarshi tezkor va professional choralar ko‘rgan buyuk Maxfiy xizmatimiz va huquq-tartibot idoramizga rahmat.
AQSh Maxfiy xizmatining ma’lum qilishicha, hodisa kecha, shanba kuni yuz bergan.
Grinvich vaqti bilan kechki 23:00 lar atrofida noma’lum shaxs sumkasidan qurolini olib, Oq uy yaqinida o‘t ochishni boshlagan.
Aytilishicha, gumondor o‘t ochishdan avval Oq uy yaqinidagi nazorat nuqtasiga yaqinlashgan.
Maxfiy xizmat xodimlari uni otib o‘ldirishgan. Otishma chog‘ida bir kishi yaralangan. Uning hozir og‘ir ahvolda kasalxonada ekani aytilmoqda.
AQSh ommaviy axborot vositalarining o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, o‘t ochgan shaxs 21 yoshli Nosir Bestdir.
Xuddi shu xabarlarga ko‘ra, u bundan avval ham Maxfiy xizmat bilan to‘qnashgan.
Tergovdan xabardor manbaning CBS telekanaliga aytishicha, Best 2025 yilning iyul oyida ham Oq uyga kirishga uringan va uning yaqinida Maxfiy xizmat xodimlari tomonidan hibsga olingan.
Shundan so‘ng u bir muncha muddat ruhiy xastaliklar shifoxonasiga yotqizilgan.
O‘n sakkiz oydan beri Vashingtonda yashayotgan bo‘lgan.
Tergovchilar o‘tgan yili sodir bo‘lgan voqealarni tergov qilish chog‘ida Best ijtimoiy tarmoqlarda turli bayonotlar, jumladan, o‘zini "haqiqiy" Usama bin Lodin deb da’vo qilgan, shuningdek, Donald Trampga zarar yetkazish istagini bildiruvchi kamida bitta post joylaganini aniqladi, deb xabar berdi CNN manbaga tayanib.
Shu bilan birga, telekanal huquq-tartibot idoralaridagi manbalarga tayangan holda ta’kidlashicha, politsiya ilgari gumonlanuvchining o‘zini tajovuzkor tutgani yoki qurol qo‘llagani holatlariga duch kelmagan.
Shanba kungi hodisa yuzasidan tergov ishlari boshlangan va Oq uy atrofidagi yo‘llar tun bo‘yi yopiq qolishi mumkin.
Nimalar ma’lum?

Surat manbasi, Getty Images
Oq uy yaqinidagi otishma sadolari haqida CNN muxbirlari xabar berishgan.
BBCning Amerikadagi hamkori SBS News manbalarining xabar berishicha, 15 tadan 30 tagacha o‘q uzilgan.
Ularga ko‘ra, gap bitta qurolli odam haqida bormoqda.
Aftidan, bu odam Maxfiy xizmat xodimlariga yaqinlashgan. Ularga qarata besamar o‘t ochgan. Xodimlar ham unga javob qaytarishgan, uni yaralashgan.
AQSh Maxfiy xizmatining ma’lum qilishicha, u keyin kasalxonaga yetkazilgan va o‘sha yerda vafot etgan.
Aytilishicha, Nosir Bestning ruhiy salomatligi bilan bog‘liq muammolari bo‘lgan.
Agar, ularning bayonotiga tayanilsa, hodisa paytida Donald Tramp Oq uyda bo‘lgan.
Ammo yuz bergan hodisaning "himoya ostidagilarga ham, amaliyotlarga ham biror bir ta’siri bo‘lmagan".
AQSh Maxfiy xizmati xodimlari orasida ham jabrlanganlar yo‘qligi aytilmoqda.
Donald Tramp Truth Social da post qo‘yib, Maxfiy xizmatga "tezkor va professional harakatlari" uchun minnatdorchilik bildirgan.
Bundan bir oycha avval ham xuddi shunga o‘xshash hodisa yuz bergan.
O‘shanda Donald Tramp va rafiqasi, AQSh birinchi xonimi ham qatnashayotgan Oq uydagi ziyofat chog‘ida o‘t ochilgandi.
Trampga ko‘ra, bu "barcha bo‘lajak prezidentlar uchun Vashingtonda qurilgan eng xavfsiz va ishonchli makonga ega bo‘lish"ning qanchalik muhimligini ko‘rsatgan.
Voqealarning boshqa bir rivojida esa, AQSh Davlat kotibi yangi bayonot bilan chiqqan.
Marko Rubioning aytishicha, Eron bilan muzokaralarda "sezilarli oldinga siljishlar"ga erishilgan.
Ammo, unga ko‘ra, "hali qilinadigan ishlar ham bor".
AQSh Davlat kotibining sha’ma qilishicha, bugun kechga yaqin prezident Donald Tramp ham yangi bayonot bilan chiqishi mumkin.































