Ukraina urushi: Qizil Maydondagi paradda harbiy texnika bo‘lmaydi

O'qilish vaqti: 4 daq

Kremlga ko‘ra, bu yilgi Moskva Qizil Maydonidagi 9 may harbiy paradi miqyosi kamaytiriladi, buning sababi Ukrainadan bo‘layotgan "terrorchilik tahdidi"dir.

"Xavfni eng kamiga tushirish uchun barcha choralar ko‘rilayapti", dedi Prezident Vladimir Putin matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Rossiya harbiylariga ko‘ra, Ikkinchi Jahon urushida natsistlar Germaniyasi ustidan Sovet Ittifoqi erishgan g‘alabaning yillik xotira marosimida harbiy texnika va harbiy o‘quv yurtlari talabalari ishtirok etmaydi.

Oxirgi kunlarda Ukraina o‘zining chegarasidan ancha uzoqdagi, Rossiya ichkarisidagi nishonlarga zarbalarini ko‘paytirdi, ushbu zarbalar Rossiya Ukrainaga to‘laqonli bosqin boshlagan to‘rt yil ichidagi eng ko‘p zarbalar bo‘layapti.

Ukrainaga ko‘ra, Rossiyaning legitim harbiy inshootlarini nishonga olayapti.

Va Rossiyani Ukraina tinch aholisiga hujumlarini oshirganlikda ayblayapti.

29 aprel kuni Kreml so‘zchisi Dmitriy Peskovning jurnalistlar bilan muloqotda aytishicha, "jang maydonlarida har kuni yerini boy berayotgan Kiev rejimi endi to‘laqonli terrorchilik faoliyatiga o‘tdi".

"Shuning uchun ham terrorchilik tahdidlarini inobatga olib, xavfni eng kamiga tushirishning barcha choralari ko‘rilayapti", dedi Dmitriy Peskov.

U Qizil Maydonda parad bo‘lib o‘tishini urg‘uladi.

Prezident Putin Rossiyaning "tobora kuchayib borayotgan mudofaa salohiyati"ni namoyish etish maqsadida Moskva Qizil Maydonida o‘zlarining og‘ir harbiy texnikasini ko‘rsatadigan Sovet zamonidagi 9 may dabdabali harbiy parad amaliyotini 2008 yildan qayta tikladi.

2025 yili fashistlar mag‘lubiyatining 80 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan dabdabali marosimlarda qatnashish uchun Moskvaga 20 dan ortiq mamlakatlar rahbarlari bordilar.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham 9 may bilan bog‘liq tadbirlarda ishtirok etdi.

O‘tgan yilgi harbiy paradda Rossiya o‘zining tanklarini, dronlarni o‘z ichiga olgan zamonaviy harbiy texnikasini namoyish etdi.

Shu kunlarda Rossiya Mudofaa vazirligi keyingi paradda Rossiya Qurolli kuchlarining barcha turlari vakillari ishtirok etishi, rang-barang havo parvozlari tashkil etilishi haqida bayonot tarqatdi.

Biroq, "Suvorov harbiy maktablari, Naximov(dengiz) maktablari va kadet korpuslari tarbiyalanuvchilari, shuningdek harbiy texnika kolonnasi bu yilgi harbiy paradda ishtirok etmaydi", deb aniqlik kiritdi.

Oxirgi yillarda Rossiya o‘zining an’anaviy hisoblanib kelgan paradi ko‘rinishlarini o‘zgartirib kelayapti, ammo Ukrainaga bosqin boshlaganidan beri ilk bor Moskva Qizil Maydonida zirhli texnikani o‘tkazmaslikka qaror qilindi.

Bu yilgi tadbir qisqartirilishi mumkinligi haqidagi ilk xabarlar aprel oyi boshida ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan edi. Kremlni qo‘llab-quvvatlaydigan bir necha harbiy bloger Ukraina tomonidan uzoq masofali havo hujumlari xavfi ortib borayotgani haqida yozdi.

Rossiya ommaviy axborot vositalari bloger Ilya Tumanovning quyidagi so‘zlarini keltirdilar: "Tasavvur qiling, "Parad, saflaning", degan paytda raketa ogohlantirishi e’lon qilinadi. Hech narsa kelib tushmasa ham, bu axborot jihatidan katta zarba bo‘ladi".

Urushni qo‘llab-quvvatlovchi yana bir necha sharhlovchi Moskva markazida odatdagiday yo‘llar yopilishi bilan bog‘liq keng ko‘lamli harbiy parad repetitsiyalari o‘tkazilmaganiga e’tibor qaratdilar.

Shu orada telekommunikatsiya sohasidagi manba Bi-bi-si Rus xizmatiga 5, 7 va 9 may kunlari Moskvada mobil aloqaga nisbatan "yanada kuchli" cheklovlar joriy etilishini aytdi.

Mart oyida Moskva markazida mobil internet xizmati jiddiy cheklangan edi, buni Rossiya rasmiylari xavfsizlik ehtiyojini vaj qilib ko‘rsatdilar.

Ukraina Peskov ayblovlariga izoh bergani yo‘q, biroq o‘tgan hafta ukrainalik yuqori lavozimli mansabdor Moskvadagi G‘alaba paradiga hujum bo‘lmasligini istisno qildi.

«Hech kim tinch aholiga va fuqarolik infratuzilmasiga hujum qilayotgani yo‘q», — dedi Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy ma’muriyati maslahatchisi Mixaylo Podolyak.

U Moskvada tadbirni tomosha qilayotgan ko‘plab oddiy fuqarolar bo‘lishini ta’kidladi.

Rossiyaning eng yaxshi qo‘riqlanadigan shahri hisoblangan Moskva oxirgi haftalarda bir necha marta Ukraina dronlari hujumlariga duch keldi. Rossiya harbiylari esa aksariyat uchuvchi snaryadlar vaqtida urib tushirilayotganini muntazam ravishda xabar qilib keladi.

Ukraina Rossiya ichkarsida joylashgan muhim energetika ob’ektlariga zarbalarni ham oxirgi vaqtda sezilarli darajada kuchaytirdi. Kiev bu ob’ektlarni qonuniy nishonlar, deb hisoblaydi, chunki ular Moskvaga urushni davom ettirish imkonini beradi.

29 aprel kuni Ural hududidagi Perm shahri yaqinida, Ukraina chegarasidan taxminan 1500 kilometr uzoqlikdagi masofada qalin tutun ko‘tarilgani kuzatildi.

Ukraina rasmiylari bu neft nasos stantsiyasiga uyushtirilgan dron hujumi ekanini aytgan bo‘lsa, mahalliy gubernator hodisani sanoat ob’ektidagi voqea sifatida deb ta’rifladi.

Bu hujum Qora dengiz sohilidagi Tuapse bandargohida joylashgan yirik Rossiya neftni qayta ishlash zavodiga shu oy davomida uchinchi marta zarba berilganidan 24 soat o‘tib amalga oshirildi.

Oxirgi ikki hafta ichida Tuapsedagi zavodga qilingan avvalgi hujumlar dengizga katta miqdorda neft to‘kilishiga olib keldi, tuapseliklar shahar ustiga "qora" yomg‘ir yoqqani va hamma joyda yog‘li dog‘lar qolganini xabar qilayaptilar, foto va viideolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganini ko‘riish mumkin.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating