You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Dehlidagi yong‘inda O‘shdan shifo izlab kelgan oila halok bo‘ldi
3 iyun kuni Hindiston poytaxti Dehlidagi mehmonxonalardan birida chiqqan yong‘in oqibatida 21 kishi halok bo‘ldi. Qurbonlar orasida Qirg‘izistonning uch nafar fuqarosi ham borligi rasman tasdiqlandi.
Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida 1976 yilda tug‘ilgan X.N., 2003 yilda tug‘ilgan X.T. va 1950 yilda tug‘ilgan K.M. ham bor.
Qirg‘izistonning Hindistondagi elchisi Askar Beshimov Bi-Bi-Siga ma’lum qilishicha, halok bo‘lganlar jigar ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasidan so‘ng yaqin kunlarda vatanga qaytishga tayyorlanayotgan edi.
"Ulardan biri donor, biri bemor, yana biri — yoshi kattaroq qarindoshi ularga qarab yurgan. Ular Max nomli shifoxonada davolanib chiqqan, ushbu mehmonxonada yashab, yakshanba kuni qaytishni rejalashtirayotgan edi", — deydi elchi.
Uning aytishicha, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘inga gaz balloni portlashi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Olov binoda tez tarqalib, ichkaridagi odamlarning tashqariga chiqishiga to‘sqinlik qilgan.
Hindiston OAVlariga ko‘ra, 40 nafardan ortiq kishi qutqarilib, shifoxonalarga olib borilgan. Yong‘in paytida binoda qancha odam bo‘lgani hozircha aniq emas.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lum qilishicha, mehmonxonadagi chet elliklarning aksariyati davolanish uchun kelgan bemorlar va ularning yaqinlari bo‘lgan. Florist Inn mehmonxonasi yirik tibbiy markaz — Max Saket Superspeciality shifoxonasiga yaqin joylashgani sababli tibbiy turistlar orasida mashhur bo‘lgan.
Hozirda rasmiylar yong‘in sabablarini o‘rganmoqda. Marhumlarning jasadlarini Qirg‘izistonga yuborish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
"Qurbonlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q"
Hindistondagi WION doxil ba’zi mahalliy nashrlar mehmonxonadagi yong‘inda halok bo‘lganlar orasida O‘zbekiston fuqarosi ham borligini xabar berishgandi.
Lekin O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi Konsullik bo‘limi Hindiston rasmiylaridan olgan ma’lumotlariga asosan, mazkur yong‘in oqibatida halok bo‘lganlar va jabrlanganlar orasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari yo‘qligini ma’lum qilgan.
Shuningdek, O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi yuz bergan fojiali voqea manzarasida Hindistonda bo‘lib turgan yoki ushbu mamlakatga safar qilishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolarini yashash joyini tanlashga jiddiy yondashishga chaqirgan.
Bemor hikoyasi: "Bu hayot uchun jang edi"
TIV bayonotida tilga olingan X.N. — ijtimoiy tarmoqlarda Nargiza Qo‘chqorova nomi bilan tanilgan o‘shlik Nargiza Hakimova ekani ma’lum bo‘ldi.
Qirg‘iziston tomoni va mahalliy manbalar ma’lumotiga ko‘ra, boshqa ikki qurbon unga donorlik qilgan 23 yoshli o‘g‘li va ularga qarash uchun birga borgan 76 yoshli onasi bo‘lgan.
Nargiza Hindistonga davolanish uchun borgani haqida facebook'dagi sahifasida davomiy yozib borgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, u uzoq yillar davomida og‘ir kasallik bilan kurashgan:
"Mening dardim oddiy kasallik emas. 15 yildan beri gepatit bilan kurashyapman. Bu kasallik vaqt o‘tishi bilan jigarni yemirib, oxiri sirrozga olib keldi".
U Dehlidagi Max Super Speciality Hospital shifoxonasida jigar ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha murakkab operatsiyani boshdan kechirgan.
"Men hech qachon begona yurtga sayyoh emas, najot izlab kelaman deb o‘ylamagan edim", — deb yozgan u.
Nargiza tiklanish jarayonining og‘ir kechganini ham ta’kidlagan. U bu jarayonda nafaqat tana, balki inson ruhiyati ham sinovdan o‘tishini yozgan. Shifokorlar haqida esa u shunday deydi:
"Bu yerda men birinchi marta his qildim: men yolg‘iz emasman".
Fojiali yakun
Dehlidagi shifoxonada davolanayotgan oila murakkab operatsiyadan so‘ng vatanga qaytishga hozirlanayotgan edi. Biroq bu rejalar yong‘in tufayli amalga oshmadi.
Marhumaning so‘nggi yozuvlarida sabr va umid mavzusi asosiy o‘rin tutgan:
"Sabr — bu shunchaki kutish emas. Bu — og‘riqni ichiga yutish va baribir "hammasi yaxshi bo‘ladi", deb ishonish".
Ammo davolanishdan so‘ng vatanga qaytishga hozirlanayotgan oilaning safari yong‘in tufayli fojiali tarzda yakun topdi.
Nega Hindiston?
Markaziy Osiyo Hindistonning tibbiy turizm sektori uchun yirik bozorga aylangan.
O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmaniston kabi davlatlardan Hindistondagi shifoxonalarda davo izlayotgan xorijliklar soni har yili ortib borayotgani aytiladi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilning dastlabki 4 oyida Hindistonga qariyb 14 ming tibbiy sayyoh kelgan.
Markaziy Osiyolik bemorlar nisbatan arzon narxlarda yuqori sifatli tibbiy yordamni taklif qilgani uchun Hindistonni tanlashadi.
Hindistonda kardiologiya, onkologiya, ortopediya va organ transplantatsiyasi kabi sohalarda Markaziy Osiyodagi shifoxonalardan ko‘ra yuqoriroq sifatli davolash usullari mavjudligi va viza olish osonroq bo‘lgani sababli bemorlar uchun imkonli yo‘nalishlardan biri sifatida ko‘riladi.
Bundan tashqari, jug‘rofiy jihatdan yaqinlik, to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar va rus tilida so‘zlashuvchi koordinator- tarjimonlarning mavjudligi Hindistonni Markaziy Osiyodan kelgan bemorlar uchun qulayroq manzilga aylantirgan.