O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston: "Yandeks" xizmatlarida uzilishlar nimani anglatadi?

Chin bezovtalik..."Yandeks ochilmadi"
"Qalbingizni chindan ham bezovtalik hisi chulg‘ab olganini qachon his qilasiz? Jahonda geosiyosiy yangiliklar avj olayotganida emas, balki oddiy, iliq Toshkent oqshomida taksi yoki uyga biron narsani yetkazib berish uchun buyurtma qilaman desangiz-u, telefoningizdagi yuklamani bosganda ekrani qop-qora bo‘lib tursa", deya Facebook da izoh qoldirgan o‘zbekistonlik Yandeks foydalanuvchilaridan biri.
O‘zbekistonning aksar shaharlari va poytaxt Toshkentdagi asosiy taksi xizmatiga aylangan "Yandeks" taksi va yetkazish xizmati bilan sodir bo‘layotgan uzilishlar mijozlarga qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.
"Hammaning miyasiga dastlab bir xil fikr keladi: "Internetimiz yana ishlamayapti". Lekin bir-ikki soatdan keyin achchiq haqiqat ayon bo‘ladi: simlarimiz butun, optik tolali aloqa joyida, chiroqlar yoniq. Shunchaki butunlay boshqacha, xavotirli va urush vayron qilgan voqelikda yashayotgan minglab kilometr uzoqlikdagi xorijiy mamlakatda serverlar hujumga tutilgan", deya Toshkentdagi voqelikni tasvirlagan "Yandeks" mijozi.
Haydovchilarga ham qiyin bo‘ldi

BBC Uzbek bilan gaplashgan haydovchilardan biri onlayn xarita to‘g‘ri ko‘rsatmayotgani, mijoz taksi buyurtma qilsa, uni haydovchiga yetkazish vaqti oshib ketganini, shuning uchun ham safarlar ko‘proq vaqt olayotgani aytishgan.
Haydovchilar taksi chaqirishni istaganlar muqobil taksi xizmatlariga murojaat qilishga majbur bo‘layotganliklarini aytishgan.
Bir haydovchining aytishicha, yakshanba kuni mijozining yoniga borish uchun bir soatga yaqin vaqti ketgan, ammo mijoz bu paytda belgilangan manzildan ketib bo‘lgan. Haydovchi buyurtmani bekor qilish, mijoz bilan bog‘lanish imkoniyatlari ham normal ishlamayotganini aytdi.
"Yandeks" ga hujumlarning O‘zbekiston va mintaqaga ta’siri haqida BBC UZBEK videolavhasi:
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
"Yandeks"ga bir haftada 3 hujum

Surat manbasi, Reuters
Kecha, 11 oktyabr kuni "Yandeks" Moskva yaqinidagi ma’lumotlar markazlaridan biri Ukraina tomonidan dron hujumiga uchraganidan so‘ng ushbu ob’ektdagi faoliyatini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lganligini ma’lum qilgandi.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Bu hafta davomida Rossiya texnologik giganti ko‘rilgan "Yandeks" ob’ektlariga qilingan uchinchi hujum bo‘ldi.
"Rossiyaning Google"i, deya ta’riflanadigan "Yandeks" Moskva sharqida joylashgan Vladimir shahridagi markaziga bu galgi hujumda hech kim jabrlanmaganini bildirdi. Biroq ayrim xizmatlar foydalanuvchilar uchun ishlamay qolgan.
O‘tgan hafta boshida "Yandeks" Ukraina zarbalari tufayli o‘zining beshta ma’lumotlar markazidan ikkitasiga zarar yetganidan so‘ng xizmatlarini davom ettirishda qiynalayotganini ma’lum qilgan edi.
Rossiya ham, Ukraina ham so‘nggi oylarda o‘zaro infratuzilma ob’ektlariga hujumlarni kuchaytishgan.
Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinidan keyin ikki davlat o‘rtasidagi urush beshinchi yildirki davom etmoqda.
Kievning bildirishicha, nishonga olinayotgan ob’ektlar Moskvaning harbiy harakatlari uchun daromad manbai bo‘lib xizmat qilmoqda. Ukrainaga ko‘ra, bu hujumlar Rossiyani "Yandeks"ga yetkazilgan zararni bartaraf etish uchun qo‘shimcha resurs ajratishga majbur qilishi mumkin.
Yakshanba kungi hujum AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujum qilishni "butunlay to‘xtatishi kerak", deb aytganidan bir necha soat o‘tib sodir bo‘ldi. Avvalroq Tramp Moskvaga bilan jahon bozori uchun ko‘proq dizel yoqilg‘isi yetkazib berish imkonini beruvchi kelishuvga erishilganini aytgandi. Bu kelishuv Yevropa davlatlari tomonidan tanqidlarga sabab bo‘lgan va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan diplomatik kelishmovchilikni keltirib chiqargan.
"Yandeks" o‘zining Telegram kanali orqali Vladimir shahridagi ma’lumotlar markaziga zarar yetganini va u yerdagi faoliyat "to‘liq to‘xtatilganini" tasdiqlagan. Shu bilan birga, shirkat aloqani tiklash ustida ishlayotganini bildirgan.
"Yandeks" ob’ektlariga qilingan boshqa hujumlar payshanba, 8- oktyabr kuni Sasovo shahrida va juma, 9- oktyabr kuni Moskva janubi-g‘arbida joylashgan Kalugadagi markazlariga qilingandi. Bu hujumlar shirkatning ayrim xizmatlari, jumladan sun’iy intellekt asosidagi chat-boti va "aqlli uy" qurilmalari ishida muammolarga sabab bo‘lgan.
O‘n millionlab odam foydalanadigan oziq-ovqat buyurtma qilish va taksi xizmatlarini ham boshqaruvchi kompaniya o‘sha paytda ma’lumotlar markazlari xizmatlarning me’yoriy ishlashi hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagan. Shuningdek, ular qachon to‘liq ishga qaytishini "oldindan aytish juda qiyin" ekanini bildirgandi.
Rossiya ham avval Ukrainadagi ma’lumotlar markazlarini nishonga olgan. Bu internetda uzilishlarga sabab bo‘lgan va ayrim kompaniyalar serverlarini xorijga ko‘chirishga undagan.
Qirg‘iziston va Qozog‘istonda ham "Yandeks"da uzilishlar. Tojikiston nega holi?

Qirg‘izistonda yakshanba kuni ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ilova orqali taksi chaqirish imkoni bo‘lmayotganini yozishgan.
BBC UZBEKning Bishkekdagi muxbirining xabar berishicha, 12 oktyabrь kuni xizmatlar qayta ishlay boshlagan, biroq ayrim hollarda taksi narxini aniq ko‘rsatishda mushkulliklar hanuz davom etmoqda.
"Yandeks" ilovasi orqali ovqat buyurtma qilish xizmati ham yakshanba kuni deyarli ishlamagan. Ayrim hollarda ilovada "Texnik nosozlik yuz berdi, uni bartaraf etish uchun bor kuchimiz bilan harakat qilyapmiz", degan xabar paydo bo‘lgan. Ilovaning qo‘llab-quvvatlash xizmatiga aloqaga chiqish imkonsiz bo‘lgan.
"Yandeks"ning Qirg‘izistondagi vakolatxonasi hozircha bu holat yuzasidan izoh bermagan.
Qozog‘istondagi nashrlarning xabar berishlaricha, Yandeks bilan bog‘liq muammolar sababli mahalliy muqobil "inDrive" taksilarining narxi 11-oktyabr kuni ertalab keskin oshib ketgandi. Olmaotadagi foydalanuvchilar narxlar uch barobargacha oshganini yozishgan. Masalan, odatdagi 900 tanga o‘rniga 2600 tangagacha, ba’zi hollarda 4000 ming tangagacha to‘lashga majbur bo‘lganlarini aytishgan.
"Biz texnologik qaramlik tuzog‘iga tushib qoldik"
Bu vaziyat davlatlar o‘z raqamli xavfsizligi haqida jiddiyroq o‘ylashi kerakligini ham ko‘rsatmoqda. Muhim xizmatlarning bitta kompaniyaga bog‘liq bo‘lib qolishi xavfli.
"Biz mustaqillik, suverenitet va buyuk kelajak haqida gapirishni yaxshi ko‘ramiz. Ammo 21-asrda haqiqiy suverenitet shunchaki xaritadagi chegaralar va o‘z valyutamiz haqida emas. Bu bizning o‘z serverlarimiz haqida", deya xulosa qilgan Facebook foydalanuvchisi.
"Biz texnologik qaramlik tuzog‘iga tushib qoldik".
Bishkeklik siyosiy tahlilchi, Mirjan Balibaev bashoratiga ko‘ra, bunday hujumlar davom etishini kutish mumkin.
"Yakshanba kuni Yandeks xizmatlarida yuz bergan uzilishlar Markaziy Osiyodagi yirik shaharlarda taksi va yetkazib berish bozori qanchalik darajada bitta platformaga bog‘lanib qolganini ko‘rsatdi", deydi Mirjan Balibaev.
Unga ko‘ra, agar hujumlar davom etsa, minglab haydovchilar va yuzlab yetkazib beruvchilarning ishi va daromadiga ta’sir qilishi mumkin. Ayniqsa, mashinani ijaraga olib ishlayotgan haydovchilar uchun bu jiddiy moliyaviy zarba bo‘ladi, deydi u.
"Bu vaziyat davlatlar o‘z raqamli xavfsizligi haqida jiddiyroq o‘ylashi kerakligini ham ko‘rsatmoqda. Muhim xizmatlarning bitta kompaniyaga bog‘liq bo‘lib qolishi xavfli", deya ta’kidlaydi tahlilchi.
Shu bilan birga, "Yandeks" xizmatlaridagi uzilishlar mahalliy kompaniyalar va boshqa xorijiy platformalar uchun bozorga kirish va o‘z mavqeini mustahkamlash imkoniyatini yaratishi mumkinligi ham aytilmoqda. "Ammo bundan ham ehtiyot bo‘lish kerak, bir monopolistdan qutulib, boshqasiga qaram bo‘lib qolmasligimiz lozim", deya ogohlantirgan Mirjan Balibaev.
"Mustaqil raqamli xizmatlar kerak"
Facebook foydalanuvchisining ogohi esa anchayin kuchliroq.
"Bu uzilish baxtsiz texnik tasodif emas. Bu baland va xavotirli qo‘ng‘iroq. Voyaga yetish, boshqa odamlarning oson yechimlariga maftun bo‘lishni bas qilish va ijaraga olingan uyda emas, balki o‘z poydevorimizda o‘z uyimizni qurishni boshlash vaqti keldi. Aks holda, bir kun kelib uyimiz kaliti mutlaqo boshqa qo‘lga o‘tib, biz zulmatda qolamiz", deya qimmat bo‘lsa ham mustaqil raqamli xizmatlarni yaratishga da’vat qilgan.































