You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Markaziy Osiyo va siyosat: Human Rights Watch sobiq xodimi Qirg‘izistonga kira olmadi
- Author, Sanjar Eraliev
- Role, bbc.com/uzbek
- Reporting from, Bishkek
- Published
- O'qilish vaqti: 2 daq
Janubiy Kaliforniya universiteti professori va inson huquqlari himoyachisi Stiv Svirdlov Qirg‘izistonga kira olmadi. U buni o‘z faoliyati bilan bog‘ladi.
Sverdlov 19 may kuni tong saharda Istanbul orqali uchib kelganda Bishkekdagi "Manas" xalqaro aeroportidan ortga qaytarilganini BBC muxbiriga aytib berdi.
Vaziyatni izohlarkan, o‘zi ishlagan universitetdan 16 nafar talaba bilan borganini, ularni Qirg‘iziston tarixi va madaniyati bilan tanishtirishni maqsad qilganini bildirdi. Talabalar mamlakatga kiritilgan, ammo o‘ziga ruxsat berilmagan.
"Hozir samolyotdaman, meni Istanbulga qaytarib yuborishmoqda. Talabalarim esa mensiz Bishkekda qolishdi. Hozircha biz qanday yo‘l tutishni bilmaymiz," - dedi u.
Aytishicha, chegara xizmatchilari 2024 yildan buyon unga mamlakatga kirishga cheklov qo‘yilganini bildirishgan, qo‘shimcha ma’lumot berilmagan. Qirg‘izistonning tegishli idoralari yoki rasmiylari hozircha bu borada munosabat bildirmadi.
Huquq himoyachisi vaziyatni "og‘ir holat" deb atadi va buni "amerikalik yosh talabalar oldida Qirg‘izistonning obro‘siga putur yetkazish" deya qo‘shimcha qildi.
Sverdlov oxirgi marta Bishkekka 2024 yili kelib ketgan.
Stiv Sverdlov Human Rights Watch tashkilotining Toshkent, Olmota va Bishkekdagi ofislarini boshqargan.
Keyingi yillarda mustaqil tadqiqotchi sifatida Markaziy Osiyoda inson huquqlari va so‘z erkinligi masalalarini kuzatib, tanqidiy fikrlar bildirib kelgan.
"Men inson huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanaman. Balki shu asos bo‘lgandir" - dedi u.
U musiqaga ham qiziqadi va jaz ijro etadi. Ilgari Bishkekka kelgan safarlarida kichik kontsertlar tashkil etgan, bu safar ham shunday niyatda bo‘lganini aytdi.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
2019 yilda Sverdlov Human Rights Watch vakili sifatida Toshkentga borganda, u joylashgan mehmonxonaga bostirib borgan mahalliy bloger huquqbonni tanqid qilib, uni siyosatga aralashishda ayblab, tasvirga olib, tarqatgan edi.
Uning Qirg‘izistonga kiritilmay, ortga qaytarilishi Markaziy Osiyodagi inson huquqlari tashkilotlari mintaqada faollarga nisbatan bosim kuchaygani haqida tashvishli qo‘shma bayonot e’lon qilingan vaqtga to‘g‘ri keldi.
"Bir Dunyo Qirg‘iziston" inson haqlarini himoya qilish tashkiloti Stiv Sverdlovning mamlakatga kirishiga ruxsat berilmaganidan jiddiy tashvish bildirdi.
Xalqaro darajada tanilgan professorga to‘siq qo‘yilishi va sabablari ochiqlanmagani Qirg‘izistonning nufuzi hamda huquqiy tamoyillariga zarar yetkazishi mumkinligi tashkilot tarqatgan bayonotda ta’kidlandi. Shuningdek, davlat organlaridan bunday qarorning sabablarini aniq va qonuniy asosda tushuntirish talab qilindi.
2025 yil dekabr oyida "Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro federatsiya" (FIDH) tashkilotidan Rafail Lopuxin boshchiligidagi uch nafar eksperti ham"Manas" xalqaro aeroportidan Qirg‘izistonga kiritilmay, ortga qaytarilgan.