"Yevronigoh": Bolgariya ilk bor g‘alaba qozondi, tanlov Osiyoga yo‘l olmoqda

Published
O'qilish vaqti: 3 daq

21 yillik urinishlar, mag‘lubiyatlar va hatto bir necha bor tanlovni tark etishdan keyin Bolgariya nihoyat "Yevrovidenie" yoki "Eurovision" tarixida ilk bor g‘alaba qozondi.

Tahlilchilar bu yilgi tadbir ziddiyatlar va boykotlar manzarasida o‘tganini, natija esa kutilmagan bo‘lganini ta’kidlashmoqda.

Ayni damda Markaziy Osiyoda o‘tgan yillardagi kabi tanlov borasida qizg‘in muhokamalar kuzatilmadi.

Biroq "Evronigoh" kengayish yo‘lida.

Noyabr oyida ilk bor Tailandda "Eurovision Asia" tanlovi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Dara va Bangaranga

16 may kuni Venada bo‘lib o‘tgan finalda bolgar pop yulduzi Dara ijro etgan Bangaranga qo‘shig‘i eng ko‘p ovoz to‘plab, kubokni Sofiyaga olib ketdi.

Yakshanba kuni xonanda Bolgariya poytaxtida qahramonlarcha kutib olindi.

Yuzlab muxlislar mamlakat tarixidagi ilk "Yevronigoh" g‘alabasini nishonladilar. Ular orasida yoshlar va o‘smirlar ko‘p edi.

Reuters axborot agentligi yozishicha, san’atkor muxlislariga murojaat qilib, yoshlarni orzu qilishga va mehnatdan qochmaslikka chorladi:

"Bu g‘alaba men uchun juda katta ahamiyatga ega, chunki men ko‘plab bolalarga hammasi mumkinligini ko‘rsata olaman. Kichik mamlakatdan bo‘lishingiz hech narsani anglatmaydi, chunki biz mehnatimiz, orzularimiz va kundalik sa’y-harakatlarimiz bilan butun dunyoni ag‘darib yuborishimiz mumkin".

Bolgariyaning uzoq yo‘li

Bolgariya Eurovision'da ilk bor 2005 yilda ishtirok etgan.

Biroq moliyaviy va tashkiliy qiyinchiliklar sabab to‘rt marta qatnashmagan.

2023 yildan keyingi uch yillik tanaffusdan so‘ng mamlakat yana tanlovga qaytdi va bu safar tarixiy natijaga erishdi.

Musiqiy tahlilchilar bu qaytish Bolgariya uchun nafaqat yangi sahifa, balki xalqaro musiqa maydonida yangi imkoniyatlar eshigini ochganini ta’kidlashmoqda.

"Dunyoda K-pop janri hozir musiqaning cho‘qqisida turibdi. Shu sababli Eurovision ham K-pop to‘lqinida qoldi. Bolgariyalik xonandaning qo‘shig‘i ham shu uslubga yaqin. Uning ijrosi odamni uyg‘otadi, harakatga keltiradi. Yunon xonandaning asari ham shunday taassurot berdi" - deydi qirg‘izistonlik prodyuser Sabir Abdumo‘minov.

Dara aslida bukmekerlar taxminida favorit hisoblanmagan, ammo sahnadagi murakkab raqs harakatlari va quloqqa darrov o‘rnashadigan qo‘shig‘i raqobatchilarni ortda qoldirdi.

Bir qator axborot vositalariga ko‘ra, Daraga Rossiyada ijod qiladigan, asli bolgariyalik artist Filipp Kirkorov va uning Dream Team prodyuserlik jamoasi yordam bergan.

Kirkorov o‘zi buni "Yana Churikova" YouTube kanaliga tasdiqlab, Bolgariya telekanali iltimos qilgani uchun chin dildan yordam ko‘rsatganini aytdi.

Ziddiyatlar va boykotlar

1956 yildan beri o‘tkazib kelinayotgan Yevropadagi eng yirik musiqa tanlovi bu yil ham ziddiyatlardan xoli bo‘lmadi.

Unda 31 davlat ishtirok etdi.

Ispaniya, Irlandiya, Niderland, Sloveniya va Islandiya "Yevronigoh"ni boykot qildi.

Bu davlatlar va ayrim muxlislar G‘azodagi urush fonida Isroil tanlovdan chetlatilishi kerak, deb hisobladilar.

Yevropa teleradio uyushmasi tadbir siyosatdan yiroqligini ta’kidlab, Isroilni chetlatmadi, ammo ovoz berish qoidalarini qat’iylashtirdi.

Venadagi "Yevronigoh" havfsizlik choralari kuchaytirilgan sharoitda tashkil etildi.

Rossiya esa Ukrainaga qarshi urushi tufayli 2022 yildan beri tanlovdan chetlatilgan.

"Isroilga boykot kayfiyati o‘tgan yili ham, undan oldingi yili ham bor edi. Shunga qaramay, Isroil ikkinchi o‘rinni oldi, chunki ular taklif qilgan qo‘shiq ham ommabop edi" – deydi ekspert Sabir Abdumo‘munov.

Qoidaga ko‘ra, kim g‘olib bo‘lsa, keyingi yilgi tanlov o‘sha qo‘shiqchining mamlakatida o‘tadi.

Demak, 2027 yilda "Yevronigoh" qo‘shiq tanloviga Bolgariya mezbonlik qiladi.

Markaziy Osiyodagi munosabat va "Eurovision Asia"

Ekspert Sabir Abdimo‘minov O‘zbekiston bilan chegaradosh hududdagi Botken shahrida yashaydi.

Uning ta’kidlashicha, bu yil Markaziy Osiyoda "Yevronigoh" tanlovi o‘tgan yillardagi kabi qizg‘in muhokama qilinmadi.

"Aslida bu mintaqada tanlovni muntazam kuzatganlar kam edi. Shuning uchun bu holatni muammo deb hisoblamayman. O‘zim esa doim kuzataman va tahlil qilaman", – deydi u.

Joriy yilda "Eurovision" mintaqaviy kengayishi kutilmoqda.

Yevropa teleradio uyushmasi va amerikalik Voxovation kompaniyasi ilk bor "Eurovision Asia" tanlovini tashkil etmoqda.

Birinchi tadbir 2026 yil 14 noyabrda Bangkokda o‘tkaziladi.

Unga Osiyo davlatlaridan qo‘shiqchilar ishtirok etadi.

Markaziy Osiyodan kimlar qatnashishi hali aniq emas, ammo ekspertlar Qozog‘iston ishtirokchi yuborishi mumkinligini taxmin qilmoqdalar.