You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
"Bularning qonunlari tugamadi". Rossiyada qoidalar yana qattiqlashdi
- Author, Sanjar Eraliev
- Role, bbc.com/uzbek
- Reporting from, Bishkek
- Published
- O'qilish vaqti: 3 daq
Katta jarima, deportatsiya va uzoq muddatli qamoq - Rossiyada chet elliklar, xususan mehnat muhojirlari uchun qonun-qoidalar yana qattiqlashdi. Endi bu mamlakatga kirish uchun oldindan maxsus ilova orqali ariza topshirish ham talab etiladi.
27-may kuni qabul qilingan qonunga ko‘ra, uzoq muddatga kelgan xorijliklar Rossiyaga kirganidan keyin 30 kun ichida tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart. Ilgari bu muddat 90 kun edi. Talabni bajarmaganlar 50 ming rublgacha jarima to‘lashi va mamlakatdan chiqarib yuborilishi mumkin. Shuningdek, hujjatlarni soxtalashtirgan shaxslarga 8 yilgacha qamoq va 3 million rublgacha jarima belgilangan.
Ushbu choralar Rossiyada oxirgi ikki yilda kuchaygan muhojirlarga qarshi qonunlarning navbatdagi qismiga aylandi.
Yangi talablar bir necha yildan beri Moskvadagi do‘konda farrosh bo‘lib ishlayotgan o‘zbekistonlik 38 yoshli Nafisaning xavotirlarini yanada oshirgan.
"Bularning qonunlari hech tugamadi" , deya gap boshladi u Bi-bi-si muxbiri bilan suhbatlasharkan.
"10 yildan beri bunaqa bo‘lmagandi. Oxirgi ikki yilda qonunlar kuchayib ketdi, topgan maoshimiz hujjat to‘g‘rilashdan oshmayapti", dedi u.
Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin oxirgi qabul qilingan qonunlar asosan muhojirlarni nazorat qilishga qaratilganini aytgani haqida parlamentning Telegram-kanali xabar berdi.
Shuningdek, 30-iyundan boshlab Rossiyaga uzoq muddatga borishni istagan har bir xorijlik safaridan kamida 72 soat oldin RUID ilovasi orqali ariza topshirishi shart bo‘ladi.
Hukumat bu tizim chet elliklar haqidagi ma’lumotlarni yagona elektron bazaga jamlash uchun joriy etilganini ma’lum qildi. Faqat yaqin qarindoshi og‘ir kasal bo‘lib qolsa yoki vafot etsa, arizani 4 soat oldin topshirishga ruxsat beriladi.
Agar ilova orqali ro‘yxatdan o‘tmasa, shaxs Rossiyaga kiritilmasligi yoki kirgan taqdirda hujjatlar bilan bog‘liq muammolarga duch kelishi mumkinligi ogohlantirilmoqda.
2025-yilda Moskva shahri va viloyatida chet elliklarning yashash joyini raqamli nazorat qilish uchun "Amina" ilovasi ishga tushirilgan.
"DumaBingo" loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yildan beri Rossiyada migrantlarga oid 70 dan ziyod cheklovchi qonun loyihasi ko‘rib chiqilgan. Ularning yarmidan ko‘pi "Krokus" teraktidan keyin muhokama qilingan. Shu bilan birga, Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlarga huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan bosim va tahqirlash holatlari haqidagi xabarlar ham ko‘paygan.
Rus hukumati bu choralarni xavfsizlikni ta’minlash va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash bilan izohlamoqda. Ekspertlar esa buni Rossiyadagi migrantlarga nisbatan salbiy kayfiyat bilan bog‘laydi.
Migrant.uz portali muassisi, huquqshunos Botirjon Shermuhammad shunday deydi, "Rossiya jamiyatida migrantlarga nisbatan salbiy kayfiyat kuchayib, jurnalistlar, jamoatchilik faollari va siyosatchilar ko‘pincha har qanday muammoda muhojirlarni ayblay boshladi. Ukrainadagi urush ortidan kelib chiqqan iqtisodiy krizisdan e’tiborni burish maqsadida muammolarni muhojirlarga yo‘naltirish siyosati qo‘l kelayotgandek ko‘rinadi. Migratsiya qonunlari urushgacha va "Krokus" voqeasigacha ham o‘zgarib, yangi qoidalar kirgizilardi, lekin shu bilan birga yengilliklar ham bo‘lardi. Hozir yengilliklar yo‘q".
Uning fikricha bunday siyosat urush tugab, jamiyatda muhojirlarga nisbatan munosabat yaxshilanganda va ishchi kuchiga talab keskin oshgandagina o‘zgarishi mumkin.
"Hozirgi sharoitda ijobiy o‘zgarishlar sezilmayapti", deydi huquqshunos.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Rossiyada migrantlarga asosiy cheklovlardan biri – nazorat ro‘yxati. Unga migratsiya qonunlarini buzgan chet elliklar kiritiladi. Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodinning ma’lumoticha, 2025-yil -sentyabrga kelib ro‘yxatda 770 mingdan ortiq migrant bor, ularning uchdan biri ayollar va bolalar.
O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘tgan yili Moskvada bosh vazir Mixail Mishustin bilan uchrashib, migrantlarga patent berish jarayonining bir qismini O‘zbekistonda amalga oshirishni taklif qilgan. Bu taklifning natijasi hozircha ma’lum emas.
Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Akmal Burhonov 2025-yilning iyun oyida jurnalistlarga bergan ma’lumotida "Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklar soni bir million atrofida" ekanini bildirgan. U 7–8 yil avval o‘zbek migrantlar soni 5–6 million bo‘lganini ta’kidlagan.