You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Navbatdagi cheklov: Migrantlarga Rossiyaga oilasini olib kelishi taqiqlanishi mumkin
Rossiya Davlat Dumasida mehnat migrantlariga oilasini oʻzi bilan Rossiyaga olib kelishni taqiqlovchi qonun loyihasi koʻrib chiqilayotgani xabar qilindi.
Rossiya matbuoti bilan gaplashgan Duma spikeri Vyacheslav Volodin qaysi fraksiyadan boʻlmasin, "deputatlarning katta qismi bu tashabbusni dastaklashi"ga ishonch bildirgan.
Volodin mazkur qonun loyihasi tafsilotlariga hozircha toʻxtalmagan, ammo "migrantlar bilan bogʻliq muammolar"ni hal qilish zarurligi haqida oʻtgan hafta Samara viloyatida tashkillangan Davlat Dumasi yigʻilishida eslab oʻtgan.
"Ishlashga kelayotgan malakasi past mehnat muhojirlari haqida gapiradigan boʻlsak, ular faqat ishlash uchun kelishi va ularning kundalik hayoti ish beruvchi tomonidan tartibga solinishiga bogʻliq qarorlar qabul qilishimiz kerak. Qarindoshlar, oilalarga kelsak, ular migrant kelgan joyda uni kutib turishi kerak. Ularni bu yerga olib kelish shart emas", degan Rossiya Davlat Dumasi spikeri.
Samaradagi yigʻindan bir kun oʻtib, Volodin oʻzining Telegramdagi kanalida nega migrantlarga qarshi chiqqani sababini izohlagan.
"Samara viloyatiga borishga tayyorgarlik koʻrish chogʻida aholining murojaatlarini oʻrganib chiqdim. Yil boshidan beri 3,646 ta murojaat tushgan. Ular orasida turli masalalar mavjud: yoʻllar holati, kommunal xizmat, jamoat transporti, obodonlashtirish va, shuningdek, migratsiya sohasini tartibga solish.
Bunday murojaatlarning koʻpi Tolyatti shahri ahlidan tushgan - odamlar mehnat migrantlari oilalari va qarindoshlarini olib kelayotganiga eʼtibor qaratmoqda. Va bu muammolarni yuzaga keltiryapti", yozgan Volodin.
Biroq u migrantlar aynan qanday muammolarning yuzaga kelishiga sababchi boʻlayotganini izohlab oʻtirmagan.
Eslatib oʻtish, mart oyida yuz bergan "Krokus Siti Holl" teraktidan beri Rossiyada migrantlarga nisbatan bir qancha cheklovchi tartiblar joriy etgan edi.
Davlat Dumasi deputatlari iyul oyida ana shunday yangi qonunlardan birini qabul qilgan.
Ushbu qonunda Rossiyada noqonuniy boʻlib turgan migrantlarga nisbatan maxsus chiqarib yuborish tartibini ishga soluvchi hamda maxsus roʻyxatga tushgan migrantlarning mamlakat boʻylab erkin harakatlanishi, nikohdan oʻtishi, mashina sotib olishi, bankda hisob raqam ochishini taqiqlovchi bandlar mavjud.
Prezident Vladimir Putin avgust oyida mazkur qonunni imzolagan.
24-iyul
Migrantlarni Rossiyadan "haydovchi" qonun
Rossiya Davlat Dumasi mamlakatda noqonuniy boʻlib turgan migrantlarga nisbatan maxsus chiqarib yuborish tartibini ishga soluvchi qonunni qabul qilgan.
Yangi tartib shu vaqtgacha amalda boʻlib kelayotgan deportatsiya va maʼmuriy tarzda mamlakatdan chiqarib yuborish tartiblari bilan birga ishlaydi.
Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin deputatlar 23-iyul kuni maʼqullagan qonun mamlakatda tartib oʻrnatish uchun zarur ekanini taʼkidlagan.
"Migratsiya sohasida qattiq tartib oʻrnatish zarur: Rossiya qonunlariga boʻysunmayotganlar, Rossiyada qonuniy boʻlib turish huquqini yoʻqotganlar yurtimizda qolmasligi shart. Yangi tartib hujjatining muddati oʻtgan yoki oʻz kuchini yoʻqotgan yoda huquqbuzarlik sodir etgan migrantlarga nisbatan qoʻllanadi", degan Volodin.
Maʼlum qilinishicha, endilikda, Volodin tilga olgan mamlakatdan chiqarib yuborishning yangi tartibi qoʻllangan migrantlar, bir vaqtning oʻzida, davlat nazorati ostidagi maxsus reyestrga ham kiritiladi.
Ushbu reyestrdagi maʼlumotlar bilan tanishish huquqi esa davlat tashkilotlari bilan bir qatorda yuridik va jismoniy shaxslarga ham berilishi kutilmoqda.
Volodinning yozishicha, bu roʻyxatga tushgan migrantlarning huquqlari keskin cheklanadi.
Qanday cheklovlar kiritilmoqda?
Vyacheslav Volodin Telegramdagi oʻz kanalida kiritilayotgan cheklovlar roʻyxatini eʼlon qilgan.
Maʼlum qilinishicha, maxsus chiqarib yuborish tartibi qoʻllangan migrantning IIV ruxsatisiz oʻz yashash manzilini oʻzgartirishi, yashash joyi hududidan tashqariga chiqishi, mashina haydashi va haydovchilik guvohnomasi olishi taqiqlanmoqda.
Shuningdek, qora roʻyxatga tushgan migrant endi uy-joy va avtomobil sotib ololmaydi, nikohdan oʻtolmaydi, mavjud bank hisob raqamidagi pulning 30 ming rublidan ortigʻini sarflolmaydi yoki yangi hisob raqam ocholmaydi.
Qonunning izoh qismida bu cheklovlar "pirovardida, migrantlar tomonidan yangi noqonuniy harakatlar sodir etilishining oldini olish va ularning Rossiya Federatsiyasi hududidan soʻzsiz chiqib ketishini taʼminlash" uchun kiritilayotgani tilga olingan.
Bundan tashqari, kuchishlatar tizimlarga qora roʻyxatdagi migrantning yashash joyiga ruxsatsiz kirib borish huquqi ham berilmoqda.
Agar zarur koʻrilsa yoki tilga olingan cheklovlarga amal qilmasa, nazorat ostidagi shaxs maxsus boʻlimga joylashtirilishi mumkin.
Bildirilishicha, sudning tegishli ajrimi eʼlon qilinmasa, maxsus boʻlimlarda saqlash muddati uzogʻi bilan 48 soatni tashkil etadi.
Yangi qonun bilan, shuningdek, Rossiyada vizasiz boʻlish muddati ikki barobarga qisqartirilmoqda - bir yilda 90 kungacha.
Yangi tartib qonun qabul qilingandan 180 kundan soʻng - 2025-yil 1-yanvaridan kuchga kirishi kutilmoqda.
Vyacheslav Volodin migratsiyaga oid qonunchilikni takomillashtirish Davlat Dumasining hozirgi eng ustuvor vazifasi ekanini taʼkidlagan.
"Krokus Siti Holl" terakti ortidan Rossiya Ichki ishlar vazirligi kengaytirilgan yigʻilishida qatnashgan Vladimir Putin migratsiya siyosatiga oid yondashuvni tubdan yangilash zaruriyatini tilga olgan edi.
Ayni chiqishida Putin mamlakatga faqatgina anʼanalar, tarix va rus tilini hurmat qiladiganlar kelishi shartligi haqida ham gapirgandi.
Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbekBBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning.