Rossiya armiyasi safida Ukrainada jang qilib qaytgan yana bir o‘zbekistonlik sudlandi

Surat manbasi, EPA
Rossiya armiyasi safida Ukrainaga qarshi jang qilib, O‘zbekistonga qaytgan fuqarolarga nisbatan sud hukmlari chiqmoqda.
Bu safar Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumani sudi 23 yoshli yigitni yollanma sifatida urushda qatnashganlikda aybdor deb topib, to‘rt yil muddatga ozodligini chekladi.
Bu bunday ayblov bilan javobgarlikka tortilgan birinchi o‘zbekistonlik emas. Avval ham Rossiya armiyasi safida Ukrainada jang qilib, keyin O‘zbekistonga qaytgan bir necha fuqaroga nisbatan hukmlar chiqqan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, farg‘onalik yigit 2021 yilda otasi va ukasi bilan ishlash maqsadida Rossiyaga ketgan. Keyinchalik u giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyat uchun ozodlikdan mahrum etilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jazoni o‘tayotgan vaqtida Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma imzolab, Ukrainadagi janglarda qatnashgan.
Biroq sudda bergan ko‘rsatmasiga ko‘ra, harbiy shartnomani ixtiyoriy emas, bosim ostida imzolagan. Uning aytishicha, Rossiya qamoqxonasida unga jazo muddati yana o‘n yilga uzaytirilishi mumkinligi aytilganidan keyin harbiy shartnomaga rozi bo‘lgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki oylik harbiy tayyorgarlikdan so‘ng Zaporoje viloyatida jang qilgan va dron hujumida yaralangan. 2026 yil fevralda O‘zbekistonga qaytgach, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga bergan ko‘rsatmasida urushda qatnashganini tan olgan.
Tergov davomida uning telefonida jangovar harakatlarda ishtirok etganini tasdiqlovchi fotosuratlar aniqlangan. Sud uning aybiga iqror bo‘lgani, qilmishidan pushaymonligi va boshqa yengillashtiruvchi holatlarni inobatga olib, to‘rt yil muddatga ozodligini cheklash jazosini tayinlagani xabar qilindi.
Birinchi marta emas
Bu O‘zbekistonda Rossiya armiyasi safida Ukrainada jang qilib qaytgan fuqaroga nisbatan chiqarilgan birinchi hukm emas.
Joriy yil fevral oyida Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolab, Ukrainada jang qilgan 57 yoshli namanganlik erkak ham O‘zbekistonda sudlangani haqida xabar qilingan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u ham bir necha yil avval ishlash maqsadida Rossiyaga ketgan. Keyin Ukrainadagi janglarda qatnashgan, jarohat olgan, Rossiya fuqaroligini olgan va harbiy xizmati tugagach, O‘zbekistonga qaytgan. U uch yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
Hozirgacha ma’lum bo‘lgan ishlardan ko‘rinishicha, Ukrainadagi urushga qo‘shilish sabablari turlicha bo‘lgan. Ayrimlari iqtisodiy qiyinchiliklar yoki yuqori maosh taklifini sabab qilib ko‘rsatgan bo‘lsa, boshqalari Rossiya qamoqxonalarida bosim o‘tkazilganini iddao qilgan.
Qonun nima deydi?

Surat manbasi, BBC EX NEWSNIGHT LIBRARY
O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasiga ko‘ra, moddiy manfaatdorlik yoki boshqa shaxsiy manfaatni ko‘zlab, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuv yoki harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanish jinoyat hisoblanadi. Bu modda besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutadi.
Rossiya armiyasi safida Ukrainada jang qilib qaytgan bir necha o‘zbekistonlik ham aynan shu modda bo‘yicha javobgarlikka tortilgan. Farg‘onalik yigit ishida esa sud Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, uning aybiga to‘liq iqror bo‘lgani, qilmishidan pushaymonligi, yoshi va boshqa yengillashtiruvchi holatlarni inobatga olgan holda ozodlikdan mahrum qilish o‘rniga to‘rt yil muddatga ozodligini cheklash jazosini tayinlagani bildiriladi.
Muhojirlar qanday yollanadi?

Surat manbasi, Ижтимоий тармоқдан олинган расм
Bu ishlar Rossiyada mehnat qilayotgan Markaziy Osiyo muhojirlari qanday qilib urushga jalb qilinayotgani haqidagi savollarni yana kun tartibiga olib chiqmoqda.
Qirg‘izistonlik jurnalist va tahlilchi Adil Turduqulov so‘nggi bir yil davomida Rossiya armiyasi safida jang qilgan yoki Ukrainada asirga tushgan Markaziy Osiyo fuqarolari haqida hujjatli filmlar tayyorlab kelmoqda.
Uning aytishicha, Rossiya armiyasi safida jang qilayotgan yoki Ukraina asirligiga tushgan Markaziy Osiyo fuqarolarining aniq soni ma’lum emas.
"Taxminiy ma’lumotlarga ko‘ra, ular orasida eng ko‘pi o‘zbekistonliklar bo‘lib, keyingi o‘rinlarda tojiklar, qirg‘izlar va qozoqlar turadi. Turkmanistondan esa, Rossiyada mehnat muhojirlari nisbatan kam bo‘lgani uchun, deyarli uchramaydi", - dedi u BBC bilan suhbatda.
Taxminiy ma’lumotlarga ko‘ra, ular orasida eng ko‘pi o‘zbekistonliklar bo‘lib, keyingi o‘rinlarda tojiklar, qirg‘izlar va qozoqlar turadi...
Turduqulovning fikricha, Rossiyada mehnat muhojirlarining huquqiy himoyasi cheklangani ularni harbiy xizmatga jalb qilishni osonlashtiradi.
"Ayrimlari vatanga qaytishni istaydi. Boshqalari esa o‘z yurtida javobgarlikka tortilishi mumkinligidan xavotirda", - deydi u.
Uning aytishicha, Ukrainada asirga tushgan Markaziy Osiyolik muhojirlarni Rossiyaga qaytarish yoki mahbuslar almashinuvi jarayonlariga kiritish borasida ham yetarlicha harakat qilinmayapti.

Surat manbasi, Ижтимоий тармоқлар
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
BBC va Mediazona tadqiqotiga ko‘ra, Rossiya armiyasi safida halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning yarmidan ko‘pi frontga Rossiya qamoqxonalaridan yollangan mahbuslar bo‘lgan.
Mavzuni o‘rgangan BBC Rossiya bo‘yicha katta muxbiri Olga Ivshina oldinroq, yangi shartnoma imzolaganlarning ko‘pi minimal harbiy tayyorgarlikdan keyin darhol frontning old qatorlariga tashlanishi haqida aytgan. Ayrimlari esa shartnoma imzolaganidan bir oy o‘tar-o‘tmas halok bo‘lgan.

































