Rossiyaga hijrat qilayotganlar kim? G‘arblik muhojirlar izlaganlarini topishdimi?

    • Author, Dan Hardun
    • Role, BBC World Service
  • Published
  • O'qilish vaqti: 7 daq

Leo Her 2023 yil oxirida boshpana olib, Texasdan Rossiyaga ko‘chib kelganida, u oilasi uchun yaxshiroq kelajak qurayotganiga ishongan edi.

Uch farzandning otasi bo‘lgan Leo yangi hayotga sho‘ng‘ib ketdi: chuchvara tatib ko‘rdi, fermada echki sog‘di va Rossiyadagi hayot haqida ijtimoiy tarmoqlardagi kuzatuvchilari uchun videolar tayyorladi.

Leo dindor nasroniy bo‘lib, AQShdagi siyosiy bo‘linish, genetik o‘zgartirilgan oziq-ovqat mahsulotlari va uning fikricha LGBTQ harakatining kengayib borayotgani kabi masalalardan tobora ko‘proq ko‘ngli sovib borayotgandi.

O‘shanda u Rossiyani jozibali muqobil deb bilardi: nasroniylik va oilaviy qadriyatlarga asoslangan jamiyat. Bu qarash Rossiya davlati tomonidan ham faol targ‘ib qilinadi.

Biroq vaqt o‘tishi bilan u axborot olish imkoniyatlariga qo‘yilgan cheklovlar kabi jihatlardan ham tobora xavotirlana boshladi.

G‘ayrioddiy muhojirlik

Leo g‘ayrioddiy migratsiya to‘lqinining bir qismi hisoblanadi.

Rossiya xalqaro maydonda yakkalanib borayotgan bir paytda, Kanada, Britaniya, AQSh va Yevropaning ayrim mamlakatlaridan bo‘lgan bir necha ming kishi bu yerga ko‘chib kelishni tanlamoqda.

Ularning Rossiya haqidagi tasavvuri G‘arbdagilar yaxshi tanigan manzaradan keskin farq qiladi.

G‘arbda Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan, uning hududlarining katta qismini egallab turgan, siyosiy raqiblarini yo‘q qiladigan, fuqarolik erkinliklarini cheklaydigan va ko‘plab xalqaro sanksiyalar ostidagi mamlakat sifatida ko‘riladi.

Rossiyaga ko‘chishni istaganlarning ko‘pchiligini mamlakatning "Umumiy qadriyatlar vizasi" jalb qilib kelmoqda. U ba’zan "anti-vouk viza" deb ham ataladi. Bu viza Leoga boshpana berilganidan bir oy o‘tib joriy etilgan.

Prezident Vladimir Putin tomonidan 2024 yilda yo‘lga qo‘yilgan mazkur viza Rossiya "do‘st bo‘lmagan davlatlar" deb hisoblaydigan 47 mamlakat fuqarolariga uch yilgacha vaqtinchalik yashash huquqini beradi.

Ariza topshiruvchilar soniga cheklov yo‘q. Shuningdek, ulardan odatda talab qilinadigan rus tili, tarix yoki huquq bo‘yicha imtihonlarni topshirish ham so‘ralmaydi.

Buning o‘rniga, arizachilar Rossiyaning an’anaviy ma’naviy va axloqiy qadriyatlarini qo‘llab-quvvatlashlari hamda o‘z mamlakatlaridagi Rossiya hukumati "vayronkor neoliberal mafkura" deb ataydigan g‘oyalarni rad etishlarini bayon qilishlari kerak.

Uch yildan keyin mazkur viza egalari yo doimiy yashash guvohnomasini olishlari, yoki mamlakatni tark etishlari lozim. Doimiy yashash uchun til va tarix imtihonlari hamda kengroq hujjatlar to‘plami talab qilinadi.

"Umumiy qadriyatlar vizasi"

Ayrim migratsiya dasturlaridan farqli ravishda, "Umumiy qadriyatlar vizasi" davlat tomonidan uy-joy yoki moliyaviy yordamni nazarda tutmaydi.

Ariza beruvchilar 1600 rubl (22 dollar atrofida) miqdorida ma’muriy yig‘im to‘lashlari hamda tibbiy va jinoiy tekshiruvlardan o‘tishlari kerak.

Rossiya ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil bahoriga kelib dastur bo‘yicha qariyb 3400 kishi ariza topshirgan. Biroq bu raqamlarni mustaqil ravishda tasdiqlash qiyin va arizalarning qanchasi ma’qullangani ma’lum emas.

Bu viza Kremlning Rossiyani G‘arbning ma’naviy inqiroziga qarshi turuvchi an’anaviy qadriyatlar himoyachisi sifatida namoyon etishga qaratilgan kengroq sa’y-harakatlarining bir qismi hisoblanadi.

Putin 2022 yilda imzolagan farmonda G‘arb mafkuraviy ta’siri nikoh va an’anaviy oila kabi rus qadriyatlariga tahdid solayotganini ta’kidlab, Rossiyaning xalqaro maydondagi ijobiy qiyofasini targ‘ib qilishga chaqirgan edi.

Oradan ikki yil o‘tib, "Umumiy qadriyatlar vizasi" ana shu g‘oyaning amaliy ifodasi sifatida paydo bo‘ldi.

Ko‘chib kelish bo‘yicha agentliklar va internetdagi targ‘ibotchilar Rossiyani oilaviy qadriyatlar mustahkam saqlanib qolgan va kundalik hayot xavfsizroq tuyuladigan davlat sifatida targ‘ib qilmoqda.

Xorijliklarga Rossiyaga ko‘chib kelishda yordam beruvchi Move To Russia kompaniyasining boshqaruvchi hamkori Ilja Belobraginning aytishicha, mijozlaridan u tez-tez eshitadigan gaplardan biri: "Men endi atrofimdagi jamiyatni tanimayapman".

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrimlar o‘z mamlakatlaridagi yuqori migratsiya darajasidan yoki turmush sifati pasayib borayotganidan norozi.

2022 yildan beri xalqaro maydonda Rossiya haqidagi tasavvurlarni belgilab kelayotgan Ukrainadagi urush esa ko‘chishga qaror qilganlar uchun hal qiluvchi omil bo‘lib ko‘rinmaydi.

Ularning ayrimlari Rossiyani ochiqdan-ochiq qo‘llab-quvvatlaydi, boshqalari esa qarorlariga geosiyosat emas, madaniy qadriyatlar sabab bo‘lganini aytadi.

Britaniya Konservativ partiyasining sobiq nomzodi bo‘lgan va hozir Moskvada yashab, boshqa g‘arbliklarga Rossiyaga ko‘chishda yordam berayotgan Filip Hatchinson urush haqida gapirishdan qochishini aytadi.

"Bu haqdagi fikrim qanday? Rostini aytsam, men bu masalaga aralashmayman", deydi u. "Men bu yerga siyosatchi bo‘lib kelmaganman. Oilam bilan tinch va yaxshi hayot kechirish uchun kelganman".

Undan "Umumiy qadriyatlar vizasi" orqali g‘arbliklarni Rossiyaga ko‘chirishning o‘zi siyosiy harakat emasmi, deb so‘ralganda, u bunday fikrga qo‘shilmaydi.

"Biz ko‘p odamlarga aynan shu vizani tavsiya qilamiz, chunki hozir Rossiyada to‘laqonli rezident bo‘lishning eng oson yo‘li shu. Odamlarga Rossiyaga ko‘chishda yordam berish siyosiy ish emas", deydi u.

Avvalida Putinga shon-sharaflar va keyin…

Rossiyaga ko‘chib kelganidan keyin Leoning oilasi G‘arbdan ko‘chib kelganlar orasidagi eng ko‘zga ko‘ringan misollardan biriga aylandi.

Rossiya davlat OAVlari ularning boshpana olish marosimini tasvirga oldi, Leo esa Rossiyaga qabul qilingani uchun Putinga omma oldida minnatdorlik bildirdi.

O‘shanda Leo o‘zini, uning ta’biri bilan aytganda, "misli ko‘rilmagan migratsiya qonunchiligi"ning peshqadamlaridan biri deb hisoblagan.

Ammo haqiqat u kutgandan ancha murakkab chiqdi.

Rossiyaga kelganidan bir necha hafta o‘tib, Leoning aytishicha, ishonch bildirgan tanishi ularni 5 million rubl — taxminan 66 ming dollar — miqdoridagi mablag‘dan mahrum qilgan. Natijada oila uysiz qolgan.

Men bu yil boshida Leo bilan gaplashganimda, u Ivanovo shahrida rafiqasidan alohida yashar, katta farzandlari esa AQShga qaytib ketgan edi.

Rossiya uning kutganlariga javob berdimi, degan savolga Leo so‘nggi ikki yilni hayotidagi eng yaxshi va eng og‘ir davr deb atadi.

U Rossiyaning turli jihatlarini ko‘rganini aytadi: pravoslav monastirida ishlagan, ko‘p qavatli uyda yashagan, keyinchalik sovet davridan qolgan kichik kvartiraga ko‘chib o‘tgan. Keyin esa ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lib ish topgan.

U oddiy rossiyaliklar haqida hanuz iliq fikrda. Ularni saxovatli va mehmondo‘st insonlar deb ta’riflaydi.

Leo oila jamg‘armasidan ayrilganidan keyin ularga yordam bergan cherkov a’zolarini alohida eslaydi. Shuningdek, kichik o‘g‘lini uyiga chaqirib, unga bepul rus tili o‘rgatgan ayol haqida ham minnatdorlik bilan gapiradi.

"Yuragim bu insonlarga nisbatan mehrga to‘la", deydi u.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Biroq u Rossiya iqtisodiyoti ahvoli va axborot olish huquqiga qo‘yilgan cheklovlar haqida ham xavotirlari ortayotganini aytadi.

Endi Leo G‘arbdan Rossiyaga ko‘chishni targ‘ib qilishda o‘zi o‘ynagan rolni qayta ko‘rib chiqmoqda.

"Men targ‘ibotga ishonganman", deydi u va oldinlari "aynan shu stsenariyni yozadigan odam" bo‘lganini tan oladi.

U taqdir sabab Rossiyada qolishga qaror qilganini aytsa-da, Amerika jamiyati shakllantirgan erkinliklarni sog‘inishini ham yashirmaydi.

"Rossiyada inson huquqlari qadriyatlari yo‘q", deydi u.

Rossiyaga ko‘chib kelgan boshqa g‘arbliklar esa "Umumiy qadriyatlar vizasi" qanday targ‘ib qilinayotganidan norozi.

Faqat ismi keltirilishini istagan Ben 2023 yilda Britaniyaning Derbi shahridan Rossiyaga ko‘chib kelgan. U til o‘rganish sayti orqali tanishgan rossiyalik ayolga oshiq bo‘lgan. Hozir ular Ukraina chegarasi yaqinidagi Kursk shahrida yashaydi.

Oilasi uning urush hududiga ko‘chib ketish qarorini "biroz aqlsizlik" deb baholagan.

Benning Rossiya haqidagi qarashlari mamlakat tarafdorlari chizadigan manzaradan ko‘ra murakkabroq.

U rossiyaliklarning samimiyligini maqtaydi va o‘zini kundalik hayotda xavfsizroq his qilishini aytadi. Shu bilan birga Rossiyani qandaydir konservativ jannat sifatida ko‘rsatish g‘oyasini rad etadi.

Ben to‘liq bo‘lmagan oilalar ko‘pligi, abortning keng qabul qilingani va ajrimlar darajasi juda yuqoriligini misol keltiradi.

"Rossiya qandaydir utopiya emas", deydi u.

U mamlakatga "Umumiy qadriyatlar vizasi" emas, balki xususiy oilaviy viza orqali kelgan. Biroq o‘zining YouTube kanalida Rossiyani G‘arb uchun mukammal muqobil sifatida tasvirlaydigan ayrim g‘arblik blogerlarning bo‘rttirilgan da’volarini tanqid qilib keladi.

"Ayrim odamlar ma’lum bir g‘oyani ilgari surishga harakat qilmoqda", deydi u.

"Umumiy qadriyatlar vizasi" joriy etilganiga qariyb ikki yil bo‘lgan bo‘lsa-da, Rossiyaning mafkuraviy qarashlari o‘xshash migrantlarni jalb qilish bo‘yicha tajribasi hali ham cheklangan miqyosda qolmoqda.

Dastur "anti-vouk" migrantlarining katta to‘lqinini jalb eta olmadi, u ayrim g‘arbliklarga muhabbat, e’tiqod yoki hayot yo‘lini o‘zgartirish istagi bilan Rossiyada yangi hayot boshlash jarayonini osonlashtirdi,xolos.