G‘arbiy Sohil: Britaniya sanksiya kiritdi, Isroil g‘azabda

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Buyuk Britaniya Isroil-Falastin mojarosiga "yangicha yondashmoqchi".
Yangi sanksiyalar
Isroilga qarshi kayfiyatda ayblanishdan cho‘chib, harakat qilishda uzoq vaqt ikkilandik. Bugun biz puxta o‘ylangan va aniq maqsadga yo‘naltirilgan choralarni e’lon qilmoqdamiz.
Buyuk Britaniya Isroilning ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohildagi noqonuniy maskanlariga sanksiya kiritdi.
Isroil hukumatini kelgindilar tomonidan falastinliklarga qarshi amalga oshirilayotgan "etnik tozalash"ga ko‘z yumishda aybladi.
Britaniya Tashqi ishlar vazirining bildirishicha, mazkur qadam Isroil-Falastin mojarosiga nisbatan "yangicha yondashuvning ibtidosidir".
Ed Milibandga ko‘ra, bu kabi yondashuv "birgina adolatsizlik va azob-uqubatlar haqida ochiqcha gapirish"ni anglatmaydi.
U "amaliy choralar ko‘rishni ham nazarda tutadi".
Isroil Buyuk Britaniyaning sanksiyalar qaroriga g‘azabnok munosabat bildirdi.
Isroil Tashqi ishlar vaziri uni "aql bovar qilmas yolg‘on" tarqatishda aybladi.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Buyuk Britaniyaning Sharqiy Quddusdagi konsulligini yopishni o‘z ichiga olgan javob choralarini e’lon qildi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Buyuk Britaniyaning 11 nafar parlament a’zosi, jumladan, Jeremi Korbin, Dayan Ebbott va "Yashillar" partiyasining amaldagi barcha besh nafar deputati Isroilga kirish huquqidan mahrum qilinadi; ular "antisemitik va Isroilga qarshi faoliyat"da ayblanmoqda.
Britaniya Tashqi ishlar vaziri Isroil hukumatining munosabati "juda afsuslanarli" ekanini aytdi.
Ularni, "zarar yetkazuvchi", dedi.
Isroil 1967 yilgi urushdan keyin G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusni egallagan.
O‘shandan buyon ishg‘oli ostidagi bu hududda jami 700000 yahudiy istiqomat qiluvchi 160 ga yaqin maskan barpo etgan.
Ularga yonma-yon taxminan 3,3 million falastinlik yashaydi.
Miliband Buyuk Britaniya sanksiyalarni joriy eta olishiga ishonch bildirmoqda va ushbu choralar "ishg‘olning kengayishiga ko‘maklashuvchi xizmatlarga ta’sir o‘tkazish"ni maqsad qilishini ta’kidlayotir.
Bu nima degani?

Surat manbasi, Paul Faith / AFP via Getty Images
Britan tomonining sanksiyalari bu kabi maskanlarning mahsulotlarini taqiqlaydi.
Ushbu maskanlar kengaytirilishiga xizmat qilayotgan shirkatlar va jismoniy shaxslarga nisbatan ham choralar ko‘radi.
Sanksiyalarga Frantsiya va Kanada bilan birgalikda qo‘l urilgan.
Uchovlon bu xususda qo‘shma bayonot bilan ham chiqishgan.
Britaniya tomoniga ko‘ra, "ushbu qadam ikki davlat tamoyiliga asoslangan yechimni himoya qilishga bo‘lgan yondashuvlaridagi navbatdagi burilish nuqtasidir".
Ed Milibandga ko‘ra, "ikki davlat" tamoyiliga asoslangan yechimni saqlab qolishga "juda kech" bo‘lmasligi uchun Buyuk Britaniyaning Isroil aholi maskanlariga qarshi o‘zining munosabatini bildirishiga to‘g‘ri kelgan.
Uning BBCga aytishicha, Isroil yonida Falastin davlatini barpo etish istiqboli "joylardagi voqelik tufayli barbod bo‘lmoqda".
Britaniya Tashqi ishlar vaziri hukumat "Isroilning munosabatidan cho‘chib, shunchaki chetda qarab tura olmasdi", deya ta’kidlagan.
Xalqaro huquqqa muvofiq bu kabi maskanlar noqonuniy hisoblanadi.
So‘nggi oylarda G‘arbiy Sohilda kelgindilar tomonidan falastinliklarga qarshi zo‘ravonlik hollari ortgan.
Ed Miliband parlament a’zolari qarshisida chiqish qilgan.
Uning bayon qilishicha, "Britaniya hukumati G‘arbiy Sohildagi hududlarda kelgindi terrorchilar tomonidan falastinliklarga nisbatan etnik tozalash amalga oshirilayotganini tan oladi".
"Ko‘p hollarda Isroil hukumati bunga ko‘z yumib kelgan;"
"Bundan tashqari, uning a’zolari bayonotlar berishgan va falastinliklarning majburan ko‘chirilishini qo‘llab-quvvatlovchi choralarga ham qo‘l urganlar".
Britaniya Tashqi ishlar vazirining aytishicha, BMT etnik tozalashni "biror etnik yoki diniy guruh tomonidan boshqa bir etnik yoki diniy guruhni muayyan hududlardan zo‘ravonlik yo‘li bilan siqib chiqarishga qaratilgan maqsadli siyosat" sifatida ta’riflagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumatining rasmiy mavqeiga muvofiq, Isroilning G‘arbiy Sohildagi ishg‘oli noqonuniydir;
Bunga "o‘z nazoratini mustahkamlash, doimiy suverenitetni kengaytirish niyati hamda noqonuniy aholi maskanlari orqali amalga oshirilayotgan ekspansionistik siyosat" sabab.
Shuningdek, Britaniya Tashqi ishlar vaziri Bosh ravvinning joriy etiladigan sanksiyalar Britaniyadagi yahudiylarga nisbatan antisemitizmning kuchayishiga olib kelishi mumkinligi haqidagi da’vosini ham rad etgan.
Sanksiyalar rejimi Isroilga emas, balki noqonuniy aholi maskanlari va ularning kengaytirilishiga qaratiladi.
Ed Miliband Xalqaro Adolat Mahkamasining 2024 yildagi maslahat xulosasiga mos keluvchi ushbu mavqe’ Buyuk Britaniyaning ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohil bilan bo‘lgan "iqtisodiy munosabatlari"da o‘z aksini topishi kerakligini ham ta’kidlagan.
Uning ma’lum qilishicha, shu bois Buyuk Britaniya kelasi olti-to‘qqiz oy ichida "yangi keng qamrovli sanksiyalar rejimi"ni joriy etadi.
Shuningdek, Buyuk Britaniyada G‘arbiy Sohildagi noqonuniy aholi maskanlarini reklama qilish ham taqiqlanadi.
"Sanksiyalar rejimi Isroilga emas, balki noqonuniy aholi maskanlari va ularning kengaytirilishiga qaratiladi", — deya qo‘shimcha qilgan Miliband.
Seshanba kuni keyinroq Britaniya Bosh vaziri ham ushbu maqsadli choralar "Isroil xalqiga qarshi emas, balki ikki davlat tamoyiliga asoslangan yechimni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan"ini aytib chiqqan.
"Biz yillar davomida Yaqin Sharqda ikki davlat tamoyiliga asoslangan yechimga chaqirib keldik, lekin shuni ham tan olishimiz kerakki, agar bu so‘zlar amaliy harakatlar bilan mustahkamlanmasa, ularning hech qanday qiymati qolmaydi. Isroilga qarshi kayfiyatda ayblanishdan cho‘chib, harakat qilishda uzoq vaqt davomida ikkilanib keldik. Bugun biz puxta o‘ylangan va aniq maqsadga yo‘naltirilgan choralarni e’lon qilmoqdamiz; mazkur choralar Isroil xalqiga emas, balki Isroilning amaldagi hukumatining qabul qilib bo‘lmaydigan siyosatiga qaratilgan", - deb yozgan Endi Byornhem o‘zining Facebook akauntida.
Buyuk Britaniya shuningdek, boshqa 11 davlat - Frantsiya, Kanada, Daniya, Ispaniya, Finlyandiya, Irlandiya, Islandiya, Norvegiya, Polsha, Portugaliya va Shvetsiya bilan birgalikda qo‘shma bayonot e’lon qilgan.
Bayonotda aytilishicha, guruh "ikki davlat" tamoyiliga asoslangan yechimga qat’iy sodiq bo‘lib, G‘arbiy Sohildagi aholi maskanlari bilan mahsulotlar oldi-sotdisiga nisbatan milliy choralar joriy etadi yoki Yevropa cheklovlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
AQSh Davlat kotibi Marko Rubio jurnalistlarga Oq uy ushbu qo‘shma amal yuzasidan hech qanday izoh bermasligini aytib, "shubhasiz, biz Buyuk Britaniya qilgan ishni qilmaymiz", deya qo‘shimcha qilgan.

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Tarixcha o‘rnida
Buyuk Britaniyaning ushbu bayonoti Isroil tomonidan Quddusning sharqida joylashgan va strategik ahamiyatga ega bo‘lgan E1 hududida taxminan 1200 ta turar-joy qurish bo‘yicha tenderlar e’lon qilinganidan so‘ng yangradi.
Ushbu rejalar xalqaro miqyosda keng qoralovlarga sabab bo‘ldi. Isroil xalqaro bosim ostida o‘nlab yillar davomida mazkur hududda qurilish ishlarini amalga oshirish rejalarini to‘xtatib turgan edi.
Falastin rahbariyati Buyuk Britaniyaning qarorini olqishladi.
Uni "Isroilning mustamlakachilik tizimiga hamda Falastin xalqiga qarshi sodir etayotgan zo‘ravonliklarga qarshi turish yo‘lidagi muhim qadam", deb atadi.
Isroil ikki davlat tamoyiliga asoslangan yechimni rad etadi.
Uning ta’kidlashicha, har qanday yakuniy kelishuv falastinliklar bilan olib boriladigan muzokaralar natijasi bo‘lishi kerak, davlat maqomiga ega bo‘lish esa dastlabki shart bo‘lmasligi lozim.
Falastin ma’muriyati ikki davlat tamoyiliga asoslangan yechimni qo‘llab-quvvatlaydi.
Biroq Falastinning qurolli guruhi — Hamas bunga qarshi, chunki u Isroilning davlat sifatida mavjud bo‘lish huquqini tan olmaydi.
So‘nggi G‘azo urushidan beri G‘arbiy Sohilda kelgindilar tomonidan falastinliklar va ularning mol-mulkiga qilingan hujumlar keskin ortgan.
Urushga 2023 yilning 7 oktyabrida Hamas boshchiligida Isroilga qarshi uyushtirilgan hujumlar sabab bo‘lgan.
Britaniya Bosh vaziri o‘zining Facebook' dagi postida yana "Falastin xalqining azob-uqubatlari — dunyo vijdonidagi bitmas jarohatdir", - deb yozgan.
Unga ko‘ra, "G‘azoda begunoh falastinliklar, jumladan, bolalar hamon qurbon bo‘layotir. Shu bilan birga, hududda gumanitar inqiroz ham davom etyapti va yetkazib berilayotgan yordam miqdori o‘ta kam".
Endi Byornhem, "vayronagarchilik ko‘lamini tasavvur qilishning o‘zi qiyin"ligini ham tilga olgan.
"70 000 dan ortiq odam hayotdan ko‘z yumdi; ularning kamida 20 000 nafari bolalardir", - degan raqamlarni ham keltirgan.
"Oilalar va jamoalar parokanda bo‘ldi, millionlab insonlar o‘z uy-joylarini tashlab ketishga majbur bo‘ldi. Hozirda G‘azo aholisi hududning atigi uchdan bir qismiga siqib chiqarilgan", - deya, o‘z postiga yakun yasagan.






























