Quddus qadamjolari kimniki bo‘ladi yoki Isroil millatchilari nima istashmoqda?

Surat manbasi, Reuters
"Isroilning butun tuproqlari Xudoning farzandlariga va’da qilingan... va biz ayni shu yerda butun insoniyat kelib birgalikda ibodat qiladigan yangi Ma’bad quramiz".
Bu hislarni alangalatuvchi so‘zlarni menga Quddusdagi al-Aqso masjidi majmuasidan tushib kelayotgan o‘ng qanot millatchi yahudiy siyosatchi Moshe Feyglin aytdi. Majmuada u yana 20 chog‘li boshqa dindor yahudiylar bilan ibodat qilib, diniy qo‘shiqlar kuylab kelayotgandi.
Feyglin o‘z fikrini xuddi na bahsli, na e’tirozli bo‘lgan, ochiq-oydin haqiqatdek gapirdi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Biroq uning aytganlari va qilgan ishlari Yer yuzidagi eng muqaddas va hissiy jihatdan eng ta’sirli joylardan birida tinchlikni saqlashga qaratilgan nozik kelishuvga mutlaqo zid edi.
Moshe Feyglin va u kabilar uchun bu masala oddiy. Ular so‘nggi 1400 yil davomida musulmonlarning eng muqaddas maskanlaridan biri bo‘lib kelgan al-Aqso hududida ulkan yangi yahudiy ma’badini qurishni istamoqda.
Musulmonlar Haram ash-Sharif, yahudiylar esa Ma’bad tog‘i deb ataydigan ushbu majmua Yaqin Sharqning eng mashhur va go‘zal obidalaridan biri hisoblanadi.
Oltin qoplamali Qubbat as-Saxro 35 akrlik hududda qo‘r to‘kib turibdi, uni kilometrlab masofadan ham ko‘rish mumkin. Al-Aqso Qur’onda tilga olingan bo‘lib, musulmonlar Muhammad payg‘ambar aynan shu yerdan ko‘kka ko‘tarilganiga ishonadi. Shuningdek, bu joy xossatan musulmonlar ibodati uchun ajratilgan hisoblanadi. Ammo bu holat o‘zgarish arafasidami?

Surat manbasi, Maarten Lernout/BBC
Bu hudud yahudiylikda ham eng muqaddas joy sanaladi. Majmua etagida, uning tayanch qismi bo‘lgan G‘arbiy devor yonida yahudiylar qariyb ikki ming yil muqaddam rimliklar tomonidan vayron etilgan Yahudiy ma’badini yodga olib, ibodat qiladi va motam tutadi.
"Status Quo" deb ataladigan, o‘nlab yillardan buyon amal qilib kelayotgan kelishuvga ko‘ra, al-Aqso majmuasi uchun vasiylik Iordaniya boshqaradigan islomiy muassasa – Vaqf zimmasiga yuklangan.
Musulmon bo‘lmaganlarga al-Aqsoga kirishga ruxsat berilgan, ammo ular u yerda ibodat qilishi yoki diniy marosimlar o‘tkazishi mumkin emas. Isroil Bosh ravvinligi va aksariyat ultraortodoks ravvinlar ham halaxikka (yahudiy diniy huquqi) asoslanib, bu joyda yahudiylar ibodat qilishiga qarshi.
Feyglin va uning maslakdoshlari esa endilikda aynan shu qoidalar va qarorlarni oshkora buzib, ularga amal qilmayapti.
"Ko‘p dinli markaz"
Isroil va AQSh rasmiylari "Status Quo"dan voz kechishni rejalashtirayotgani haqidagi so‘nggi xabarlar va da’volar keng ko‘lamli xavotirlarga sabab bo‘ldi.
Bir nechta manba "Middle East Eye" nashriga ma’lum qilishicha, Isroil hukumati tashkil etgan yangi tuzilma al-Aqso majmuasini "ko‘p dinli markaz" deb e’lon qilishi mumkin.
Yaqinda Kongressda bo‘lib o‘tgan tinglovda ushbu xabarlar haqida so‘ralganda, AQSh davlat kotibi Marko Rubio "bu haqda hech qanday ma’lumotga ega emasligini" aytdi. Biroq AQShning Isroildagi nufuzli elchisi Mayk Hakabi yahudiylarning Quddus va ishg‘ol ostidagi G‘arbiy sohildagi muqaddas joylarga bog‘liqligi haqida ko‘p bor ochiq gapirgan.
Boshqa xabarlarga ko‘ra, bu hududda keng ko‘lamli yahudiy ibodatiga ruxsat beriladi va uni boshqarish bosqichma-bosqich Isroil nazoratiga o‘tishi mumkin. Isroil 1967 yilgi Yaqin Sharq urushida Sharqiy Quddusni, jumladan, Eski shahar va undagi muqaddas joylarni, G‘arbiy sohilning qolgan qismi bilan birga Iordaniyadan tortib olgan va keyinchalik anneksiya qilgan. Bu anneksiyani dunyo davlatlarining aksariyati tan olmaydi.
Isroil Bosh vaziri idorasi esa "Status quo"da hech qanday o‘zgarish bo‘lmaganini bir necha bor ta’kidlagan.

Surat manbasi, Maarten Lernout/BBC
"Bunday bo‘lmaydi", deya ogohlantiradi Islomiy Vaqf kengashi raisi o‘rinbosari doktor Mustafo Abu Suvay.
Eski shahardagi kuzatuv nuqtalaridan birida u al-Aqso ustidan nazorat masalasi juda nozik ekanini va bu borada Isroil tarafdorlari o‘zlarini ancha dadil his qilayotganini tan oladi.
U, shuningdek, tarixiy tajribadan kelib chiqib, "Status Quo"ning rasman o‘zgarishi yahudiylar va musulmonlar o‘rtasidagi keskinlik yana portlashiga olib kelishi mumkinligidan xavotirda.
"Al-Aqso masjidini tinch qo‘ymasdan turib tinchlikka erishish – bu shunchaki Pandora qutisini ochish demakdir. Bu mintaqadagi tinchlikni xavf ostida qoldiradi va hammani hammaga qarshi qo‘yadi", deydi islomshunoslik va mintaqa tarixi bo‘yicha nufuzli falastinlik mutaxassis Abu Suvay.
Xalqaro xavotirlar
Iordaniya, Fors ko‘rfazi mamlakatlari va Misr so‘nggi paytlarda al-Aqsoda islomiy boshqaruv vakolatlari susayib borayotganidan xavotir va tashvish bildirgan. Britaniya hukumati ham "Quddusdagi muqaddas joylarning tarixiy "Status Quo" tartib-qoidalari hurmat qilinishi shart", deya ta’kidlagan.
Biroq Isroildagi ba’zi ashaddiy va dangalchi millatchilar tashabbus o‘z qo‘llarida ekaniga ishonadi.
"Ma’bad tog‘i bizniki. U bizning qo‘limizda!" deya hayqirdi Isroilning o‘ta o‘ngchi Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir o‘tgan oygi Quddus kuni munosabati bilan o‘tkazilgan yurishda tarqalgan videoda. U Isroil bayroqlarini ko‘targan millatchilar guruhini Sharqiy Quddus, jumladan, Eski shaharning musulmonlar mahallasi orqali boshlab o‘tib, al-Aqso majmuasiga olib chiqqan edi.

Surat manbasi, Reuters
Binьyamin Netanьyahu koalitsion hukumatining juda bahsli a’zosi bo‘lgan Ben-Gvir al-Aqsoga muntazam boradi.
Videoda u qo‘shiqlar kuylaydi va "Status Quo" talablarini ochiq buzgan holda Isroil bayrog‘ini yoyadi.
Biroq vazir lavozimidan foydalanib majmuaning ayrim qismlarida yahudiylarning ibodat qilishi va diniy qo‘shiqlar kuylashiga allaqachon ruxsat bergani Ben-Gvir uchun bu ushbu hudud ustidan yahudiylar va Isroil nazoratini kuchaytirishning boshlanishi, xolos.
Bundan 25 yildan ortiq vaqt avval, 2000 yil sentyabrida, o‘ng qanot millatchi isroillik siyosatchi Ariel Sharon o‘sha paytda tasavvur qilib bo‘lmaydigan ishni qilgandi. O‘shanda muxolifatdagi "Likud" partiyasi yetakchisi yuzlab qurollangan isroillik politsiyachilar hamrohligida Eski shahar orqali al-Aqso majmuasiga chiqqandi.
Bu harakat atay qilingan g‘oyat provokativ va vaziyatni keskinlashtiruvchi qadam sifatida baholandi hamda ikkinchi Falastin intifadasi, yoki al-Aqso intifadasi deb ham atalgan qo‘zg‘olonga turtki bo‘lgan omillardan biri bo‘ldi. Keyingi besh yil ichida Isroil, bosib olingan G‘arbiy sohil va G‘azo sektoridagi zo‘ravonliklarda 4 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi.
Bugun dunyodagi siyosiy jihatdan maqomi eng nozik hududlardan biri sanalgan mazkur joyning boshqaruvi va egalik tartibini tubdan o‘zgartirishga qaratilgan bosimlar shu kabi fojiali oqibatlarga olib kelishi mumkinligini taxmin qilish qiyin emas.
































